You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Xususiy mulk buzilaveradi, bozor qayta qurilaveradi...
Toshkentdagi "Ippodrom" nomi ostida tanilgan Chilonzor buyum savdo kompleksiga kiraverishda joylashgan "SUIL" xususiy korxonasi vakillarining aytishlaricha, shu kunlarda ularga tegishli binoni bozor maʼmuriyati buzishga kirishgan.
"SUIL" vakili BBC bilan suhbatda ushbu bino qurilgan yer shirkatga 90-yillar oxirlarida rasmiylashtirib berilganini aytdi.
Lekin keyinchalik ushbu hujjatlar, shirkatning soliq toʻlash yoʻrigʻi yuzasidan bozor maʼmuriyati, shahar va tuman hokimiyati bilan koʻp yillardan beri davom etayotgan kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.
"SUIL" vakilining aytishicha, bino qurilgan yer va uning xususiy mulk ekanligi tasdiqlovchi hujjatlarning hammasi ularning qoʻlida bor. Lekin shunga qaramay rasmiylar bu hujjatlarni baʼzida qalbakilashtirib, baʼzida esa umuman nazardan qochirib xususiy mulkka daxl qilmoqdalar.
Kuni-kecha Toshkentning "Chorsu" bozoriga kiraverishdagi 50 ga yaqin xususiy doʻkon va oshxonalar ham buzilayotgani haqida xabar berilgandi.
Rasmiylarning BBCga aytishlaricha, bu yerda buzilayotgan hududdagi xususiy doʻkon va oshxonalar egalari rekonstruktsiya rejasidan oʻtgan yili ogohlantirilgan va ularga tovon taklif etilgan.
Yaqinda BBC bilan bogʻlangan yana bir xususiy sarmoyador Chelak shahridagi bozorning qayta qurish ishlariga sarmoya yotqizib, endilikda joriy hokim tomonidan sarmoyadorga tegishli kompleksining buzib tashlangani haqida shikoyat qilgandi.
Nima uchun Oʻzbekistonda aynan bozorlar yillar davomida qayta-qayta buzib, tiklanaveradi?
Bu bozorlar hududlarida sarmoya yotqizib, ish oʻrinlari yaratib faolyait yuritib kelayotgan xususiy mulk egalarining manfaatlari nima uchun himoyalanmagan?
BBC bilan suhbatda iqtisodchi Sapaboy Jubayevning aytishicha, Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan butun sobiq Ittifoq davlatlarida bozorlar hanuz moʻmaygina daromad keltiradigan yerlar boʻlgani uchun ularni qayta qurish bahonasi bilan taʼbir joiz "mulkni qayta boʻlish" jarayoni koʻp kuzatiladi.
Xususiy mulk daxlsizligi haqidagi qonunlar esa aksar hollarda faqatgina qogʻozda qoladi. Amalda ijro etilmaydi.
"Bizda xususiy mulk daxlsizligi haqidagi qonunlar boshliq va hokimlar uchun yozilgan. Biron shaxs bu qonun asosida oʻz mulkini himoya qilmoqchi boʻlsa, evaziga bu yer davlatga tegishliligi, rekonstruktsiya loyihasi hududida ekanligi haqida 10 ta qonun olib kelinib, mulkdor koʻchaga haydaladi", dedi iqtisodchi.
Bu kabi vaziyatda chiqish yoʻli sifatida esa Saparboy Jubayev Malayziya, Singapur va Janubiy Koreya singari tez orada oʻzini oʻnglab, qonun ustuvorligini oʻrnata olgan davlatlar tajribasi oʻrganilib, hayotga tadbiq etilishi lozim ekanini taʼkidlaydi.
BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber da: +44 78-58-86-00-02
TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio
bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring