O‘zbekiston: Bolalar bilan ishlaydigan xodimlar tekshiruvi kuchaytirilishi kerakmi?

Nukus bog‘chasi tarbiyachilarining bolalarga nisbatan shafqatsizligi kuzatuv kamerasi videolarida  saqlangan

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoq

Surat tagso‘zi, Nukus bog‘chasi tarbiyachilarining bolalarga nisbatan shafqatsizligi kuzatuv kamerasi videolarida saqlangan
Published
O'qilish vaqti: 4 daq

O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari bilan bog‘liq kuzatilayotgan so‘nggi hodisalar bu borada jahon tajribasini yanada yaxshiroq o‘rganish va ilg‘or, hayotda o‘z samarasini ko‘rsatganlarini tatbiq etishni taqozo etayotgandek.

Bo‘ka tumanidagi sud Toshkent viloyatida 2025 yil sentyabrida 1900 bolaning ommaviy zaharlanishi yuzasidan o‘z hukmini e’lon qildi.

11 shaxs aybdor topildi, ular orasida bolalar bog‘chasi rahbari ham bor.

Ayblanuvchilar sifatsiz, sanitariya talabiga javob bermaydigan sut mahsulotlarini bolalar bog‘chlariga tarqatib kelishda ayblandilar.

Fevral oyida Farg‘ona viloyatida ham 62 bola ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgan edi.

U yerda ham bolalar bog‘chalariga yegulik yetkazadigan shirkat qonun talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Mamlakatda bog‘cha tarbiyalanuvchilariga nisbatan shafqatsiz muomala holatlari ortib borayapti.

2026 yil fevralida Qoraqalpog‘iston sudi Nukusdagi bog‘cha tarbiyachilari bolalarga muntazam zo‘ravonlik qo‘llagani ustidan hukm chiqardi.

O‘tgan yil fevralida Senator Baxtiyor Abdullaev bolakaylarni ovqat yemagani uchun stulchaga bog‘lab qo‘ygan tarbiyachilarga qanday chora ko‘rilganini Maktabagacha ta’lim vazirligidan talab qildi.

Bugun O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bolalarga shafqatsiz muomala qilingan Toshkent shahridagi Rayyan Kids Group xususiy bolalar bog‘chasining litsenziyasini olib qo‘ygani xabar qilindi.

Navoiyning Nurota tumanida bog‘chalarda bolalarga yaroqsiz go‘sht berilganini aniqladi O‘zbekiston Iste’molchilar federatsiyasi.

Buxoroda 25 bolani Spark avtomobilida o‘tirg‘izib uylariga olib ketayotgan bog‘cha xodimasi to‘xtatildi.

Bular keng jamoatchilikka oshkor bo‘lganlari, xolos.

Niyat va real hayot

Toshkentdagi hodisa videosini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’lon qildi

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Toshkentdagi hodisa videosini Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi e’lon qildi
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin bolalar bog‘chalari soni kamayib ketdi, buning asosiy sababi, byudjetdan mablag‘ ajratilishi kamayib ketgani edi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan bolalarning bog‘cha qamrovini kengaytirishga qaror qildi.

O‘zbekistonda bolalar bog‘chalari sonini oshirish uchun bir nechta yo‘nalishda islohotlar amalga oshirildi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etildi va soha alohida davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirildi.

Davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida bog‘chalar ochishga keng yo‘l berildi. Tadbirkorlar davlat ko‘magi bilan nodavlat va oilaviy bog‘chalar tashkil qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Xususiy bog‘chalar uchun subsidiyalar, imtiyozli kreditlar va turli kompensatsiyalar joriy etildi. Davlat ba’zi hollarda tarbiyalanuvchilar uchun xarajatlarning bir qismini qoplashni ham yo‘lga qo‘ydi.

Qamrov past bo‘lgan hududlarda yangi bog‘chalar qurish uchun yer ajratish, davlat va xususiy sektor ishtirokida yangi muassasalar tashkil etish dasturlari qabul qilindi.

Yangi davlat bog‘chalarini qurish va mavjudlarini rekonstruktsiya qilishga kirishildi.

Natijada maktabgacha ta’lim bilan qamrov sezilarli oshdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga yetgan.

Bog‘chalar soni 30 mingdan ortgan, ularga 3-7 yoshlardagi 2 million bola qatnayapti.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bolalar bog‘chalaridan biriga tashrifi payti

Surat manbasi, O'zbekiston prezidenti matbuot xizmati

Surat tagso‘zi, Prezident Mirziyoyev 2025 yili O‘zbekiston bog‘chalarida qo‘shimcha 182 ming bola o‘rni yaratishga farmon berdi

Ammo bog‘cha ochish degan maqsad bilan davlat byudjeti mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ham yuzaga keldi.

Matbuot xabarlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, mahalliy hokimlik vakillari bilan til biriktirgan "uddaburon"lar bog‘cha uchun deb rasmiylashtirib arzon yer olish, imtiyozli kredit, subsidiya va kompensatsiyalarni o‘zlari yoki qarindoshlari nomiga rasmiylashtirish holatlari oz emasligini ko‘rish mumkin.

Bolalar bog‘chalariga sut, go‘sht, boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini qog‘ozda bir narxda, amalda esa arzon-garoviga sifatsiz, sanitariya talablariga zid "sotish bizneslari" yo‘lga qo‘yilgani uchramoqda.

Jinoiy, korruptsiya holatlaridan tashqari, bog‘chalarga ishga jalb etilayotgan insonlarning bilimi va ruhiy holatlari nazorati ham dolzarb masala ekani ayon bo‘ldi.

Tarbiyachi o‘tmishini tekshiring!

Iqtibos

Kuzatuvchilarga ko‘ra, bog‘chalar soni ko‘payishi ishsizlik muammosini hal etishda muhim qadamlardan bo‘ldi.

Ham ishsizlar bog‘chalarga ishga joylashdilar, ham bolasi bog‘chaga chiqqan onaning o‘zi ishlashi imkoniyati yuzaga keldi.

Bir yil oldin Jahon Banki O‘zbekiston ayollarining bandligi 12 foiz ortganini qayd etdi.

Lekin bolaga shafqatsiz muomala qilayotgan tarbiyachilarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketgan videolari "bu tarbiyachalar biror joyda bolalar bilan ishlash bo‘yicha ta’lim olganmi?" degan savolni paydo qiladi.

Dunyoning ko‘plab ilg‘or mamlakatlarida ayniqsa bola, nogiron yoki keksalar bilan ishlaydigan mutaxassislarning shaxsiyati qattiq tekshiriladi.

Bu insonning ruhiy salomatligi mana shunday bosim ostida ishlash sharoiti talablariga javob beradimi, o‘tmishda kriminal jinoyat sodir etmaganmi, bola yoki keksa insonga zo‘ravonlik qilmaydimi, degan savollarga javob izlanadi.

Misol uchun, Buyuk Britaniyada xususiy shirkatlar ish beruvchi talabiga ko‘ra ishga olinayotgan shaxsning kriminal o‘tmishini tekshirib beradi.

Bunday tekshiruv bolalar, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va boshqa yuqori ishonch talab qilinadigan sohalarda ishlash uchun kengroq o‘tkaziladi.

Xodim yoki xodimaning kriminal o‘tmishi toza va shu sohada ishlab turganiga qaramasdan, bu tekshiruv har ikki-uch yilda yangilanib turadi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: