O‘zbekistonda 77 yashar blogerni qamadilar

Surat manbasi, YouTube/Ismoiljon Mallaboyev Kanali
Ismoil Mallaboev hali 2000 yillari prezidentlik saylovida Islom Karimovga ovoz bermaslikka chaqirib velosipedda yurishlar tashkil qilgani bilan tanilgan faol. Bu gal mahalla rahbarlarini davlat pullarini o‘maruvchilar va o‘g‘rilar deb atagani uchun 15 oylik qamoqqa hukm qildilar.
Ismoil Mallaboev ustidan sud hukmi 2025 yil dekabrida chiqarilgani shu kunlarda jamoatchilikka ayon bo‘ldi.
Bu haqda O‘zbekistondagi mustaqil Asiaterra.info va Qozog‘istondagi Ulsymedia.kz veb-nashrlari xabar tarqatdilar.
O‘zbekistonda sud hukmlarini e’lon qilguncha ayblanuvchi deb ko‘rilayotgan shaxsning yoshi inobatga olinadi, qamoq bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanadi, bayramlar, asosan, 8 dekabr - O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan e’lon etiladigan Prezident amnistiyasiga ko‘ra aksar keksalar ozodlikka chiqariladilar.
Inson haqlari faollari fikricha, 77 yoshdagi Ismoil Mallaboevga chiqarilgan hukmni o‘zining tanqidiy chiqishlari bilan mahalliy davlat amaldorlariga muammolar paydo qilgan bloger "ovozini o‘chirish" amali deb talqin qilish mumkin.
"Taniqli "inson huquqlarining velosipeddagi kurashchisi" bir necha kundan buyon O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatidagi 40-sonli jazoni ijro etish koloniyasida saqlanmoqda", deb yozdi "AziyaTerra" veb sayti.
"U Farg‘onadagi mahalla raisi Umida Turg‘unovaning arizasi asosida bir yil uch oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Shikoyat arizasi Ismoil Mallaboev o‘zining videolarida u davlat mablag‘larini talon-toroj qiluvchilar, "o‘g‘ri" va "tekinxo‘r" deb bilgan insonlarni ana shunday atagani ortidan yozilgan", deyiladi xabarda.
AsiaTerra yozishicha, Ismoil Mallaboev Sirdaryodagi qamoqxonadan o‘zbekistonlik taniqli inson huquqlari himoyachisi Yelena Urlaevaga qo‘ng‘iroq qilgan.

Surat manbasi, AsiaTerra.info
"Ismoil Mallaboev — ijtimoiy faol, huquq himoyachisi va bloger. U so‘nggi yillarda YouTube'dagi 22,6 ming obunachiga ega Ismoiljon Mallaboyev Kanalida faol ijod qilib, unda deyarli har kuni ijtimoiy-iqtisodiy mavzularda o‘zbek tilida, ba’zan esa rus tilida yangi videolar joylab borgan. Uning kanalida jami mingdan ortiq videolavha e’lon qilingan", deb yozadi AsiaTerra.
Ismoil Mallaboev o‘zining YouTube kanalida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga rus tilida murojaat e’lon qilgan.
Ismoil Mallaboev aytishicha, o‘zining blogerlik faoliyati tufayli militsiya xodimlari va prokurorlar unga qarshi "o‘zlarining arsenalida mavjud bo‘lgan barcha pastkashliklarni" ishga solganlar.
Yoshi keksa va salomatligi yaxshi emasligiga qaramasdan, yozning jaziramasida Sirdaryo koloniyasi dalasida ishlashga majbur etayotganlarini aytdi.
Ismoil Mallaboev aytishicha, uning ustidan sud 2025 yil 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan.
Ulsymedia.kz nashri huquq faoli bilan telefon orqali bog‘lanishga muvaffaq bo‘lganini xabar qilgan, bu xabarda Ismoil Mallaboev uni Farg‘onadagi sud O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 139-bandi (tuhmat) hamda 140-moddasi (haqorat qilish) bo‘yicha aybdor deb topganini aytgan.
"Go‘yo men mahalla raisining ishlariga aralashibman va uni haqorat qilib, unga tuhmat qilibman", deya Mallaboev so‘zlaridan iqtibos keltiradi nashr.

Ismoil Mallaboev ko‘p yillar Farg‘ona Neftni qayta ishlash zavodida ishlagan.
U zavodda yoqilg‘i mahsulotlari talon-taroj etilayotganiga norozilik bildirgani ortidan pensiyaga chiqishiga ikki yil qolganda ishdan haydaganlaridan shikoyat qilgan.
Ko‘plab davlat organlari va mahalliy ommaviy axborot vositalariga murojaatlar qilgan.
Mahalliy matbuot muammolarni yoritmayotganiga norozilik sifatida Farg‘onadan Toshkentga qarab velosipedda norozilik yurishi tashkil qilgan.
2003 yili fevralida Toshkentdagi "Gazeta uyi" nomi bilan tanilgan gazeta tahririyatlari joylashgan bino qarshisida bir necha kun ochlik piketi uyushtirgan.
Faqat uchinchi kuni Ismoil Mallaboev oldiga o‘sha vaqtdagi "Xalq so‘zi - Narodnoe slovo" tahririyatlarining bosh muharriri Abbosxon Usmonov va uning o‘rinbosari Shuhrat Jabborov tushib kelganlar va murojaati sababini so‘raganlar.
Ammo faol ko‘targan muammolar gazetalarda yoritilmaganicha qolib ketgan.
2007 yili Ismoil Mallaboev prezidentlik saylovi kampaniyasi payti "Islom Karimovga muqobil nomzodlarga ovoz berishga chaqirgan", taniqli inson huquqlari himoyachisi Abdullo Tojiboy o‘g‘li uchun ovoz berishni targ‘ib etib Farg‘ona viloyatlari bo‘ylab veloyurish tashkil qilgan.
2010 yili Ismoil Mallaboevga qarshi bezorilik bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ismoil Mallaboevga bir necha marta hujum qilganlar, oxirgi hujum 2025 yil dekabrida ro‘y bergan, uning boshiga tosh bilan urganlar.
































