"So‘zimdan qaytmayman". Tashiev prezidentlik saylovida ishtirok etmasligini bildirdi

Qamchibek Tashiev va Prezident Sadir Japarov

Surat manbasi, Social media

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi, tuman sudi tomonidan to‘rt yillik jazoga hukm qilingan Qamchibek Tashiev shaxsi atrofida eng ko‘p muhokama qilinayotgan va turli taxminlarga sabab bo‘layotgan masalaga, ya’ni yaqinlashib kelayotgan prezidentlik saylovida qatnashishi yoki qatnashmasligi haqidagi gap-so‘zlarga nuqta qo‘ydi.

16 iyulda u o‘zining yaqin tarafdorlaridan biri O‘tkurbek Rahmonov orqali bayonot tarqatdi. Mazkur murojaat Rahmonovning Facebook sahifasida e’lon qilindi.

Tashiev bayonotida shunday degan:

"Men 2027 yilgi prezidentlik saylovida ishtirok etmayman. Bu haqda avval ham bir necha marta aniq aytganman. Bugun ham o‘sha qat’iy qarorimdan qaytmayman. Mening pozitsiyam o‘zgarmagan va o‘zgarmaydi. Ikkinchidan, 2027 yilgi prezidentlik saylovida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti va Oliy Bosh qo‘mondon Sadir Nurg‘ojoevich Japarovni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman".

Qamchibek Tashiev bundan avval ham bir necha bor shunday mazmundagi bayonotlar bilan chiqqan edi.

Sud qarori va saylovda qatnashish masalasi

Birinchi may tuman sudi 2 iyul kuni Qamchibek Tashiev boshchiligidagi sakkiz nafar shaxsni "hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish" moddasi bo‘yicha to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi. Biroq ularga nisbatan uch yillik probatsiya nazorati qo‘llanib, ozodlikda qoldirildi.

Sobiq deputat Isxaq Masaliev Tashievning so‘nggi bayonotiga munosabat bildirib, uning sudlanganini hisobga olganda saylovda qatnashish huquqi baribir cheklanganini ta’kidladi:

"Xohlasa ham saylovda qatnasholmaydi, chunki u sudlangan. Bu ma’lum ma’noda majburiy qaror. Agar Qamchibek Qidirshaevich saylovda qatnashmasa va Sadir Nurg‘ojoevichni qo‘llab-quvvatlasa, demak saylovgacha oqlanishi ehtimoli bor".

Tashiev o‘z murojaatida uning nomidan foydalanib, yolg‘on ma’lumotlar tarqatayotganlarga ham ishonmaslikka chaqirdi:

"Mening nomimdan foydalanib, soxta ma’lumotlar tarqatayotgan, mish-mish va bo‘htonlar orqali odamlarni adashtirishga uringan buzg‘unchi shaxslarga ishonmanglar".

 Isxaq Masaliyev 
Sobiq deputat
Google
Xohlasa ham saylovda qatnasholmaydi, chunki u sudlangan...
Isxaq Masaliyev
Sobiq deputat

Tashievning ta’siri va lavozimdan olinishi

57 yoshli Qamchibek Tashiev Qirg‘izistonda prezident Sadir Japarovdan keyingi eng ta’sirli siyosatchilardan biri hisoblanar edi.

Joriy yilning 10 fevralida Sadir Japarov uni kutilmaganda lavozimidan ozod qildi. Bu qarordan oldin 75 nafar shaxs prezidentlik saylovini muddatidan avval o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ayrim kuzatuvchilar bu voqealarni sharhlar ekan, prezident Japarov ehtimoliy "davlat to‘ntarishi"ning oldini olganini ta’kidlashgan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Jinoyat ishi tarixi

"75 kishining murojaati" deb atalgan ish bo‘yicha jinoyat ishi joriy yilning fevralida qo‘zg‘atilgan. Bunga 75 kishi imzo chekkan murojaat asos bo‘lgan.

10 fevralda prezident Sadir Japarov Qamchibek Tashievni Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan bo‘shatdi. Undan bir kun avval, 9 fevral kuni, jamoat va davlat arboblari bo‘lgan 75 nafar shaxs prezident Sadir Japarov va Jogorku Kenesh raisi Nurlanbek Turg‘unbek uulu nomiga murojaat yo‘llagan. Unda muddatidan avval prezidentlik saylovini o‘tkazish taklif qilingan edi.

Murojaat mualliflari prezident Japarov 2021 yilda avvalgi Konstitutsiya asosida saylanganini, mamlakat esa hozir yangi Konstitutsiya asosida faoliyat yuritayotganini va bu holat turli huquqiy bahslarga sabab bo‘layotganini qayd etishgan. Shu bois ular tez orada yangi prezidentlik saylovini o‘tkazish tashabbusini ilgari surishgan.

9 fevralda Ichki ishlar vazirligi internetda tarqalgan ma’lumotlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, besh nafar shaxsni hibsga olgan. Militsiya ularning harakatlari mamlakatda siyosiy taranglik va ijtimoiy bo‘linishni keltirib chiqarishi mumkinligini, shuningdek davlatdagi barqarorlik va rahbariyatning ichki birligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishga qaratilganini bildirgan. Hibsga olinganlarning yaqinlari va advokatlari esa bu ayblovlarni rad etgan.

Japarov–Tashiev tandemi

Kuzatuvchilar fikricha, aynan shu 75 kishining murojaati so‘nggi besh yil davomida mustahkam deb hisoblangan Japarov–Tashiev tandemining parchalanishiga sabab bo‘lgan.

Qamchibek Tashiev Sadir Japarovning yaqin do‘sti va siyosiy hamkori sifatida davlat boshqaruvi hamda muhim qarorlar qabul qilinishida bevosita ishtirok etib kelgan. Tashiev lavozimidan olinganidan keyin unga yaqin deb hisoblangan bir qator deputatlar mandatlaridan voz kechdi, ayrim vazirliklarning rahbarlari esa o‘z lavozimlarini tark etdi yoki ishdan bo‘shatildi.