AQSh va Eron: o‘n kechadan beri ketma-ket zarbalar. Mojaro kengayadimi? Video

Surat manbasi, US Central Command / X
Yaroslav Lukiv: AQSh harbiylari Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalarga hujum qilish imkoniyatlarini yanada cheklash maqsadida Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirganini ma’lum qildi.
Bu ketma-ket o‘ninchi kechadagi zarbalar bo‘lib, AQSh prezidenti Donald Tramp amerikalik harbiylar o‘limi uchun Eronni jazolashga va’da berganidan keyin sodir bo‘ldi.
Javob tariqasida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi ikki neft tankeriga, shuningdek Bahrayn, Quvayt va Iordaniyadagi AQSh harbiy ob’ektlariga zarba berganini bildirgan. Bu haqda davlat axborot agentligi IRNA xabar qildi.
Prezident Mas’ud Pezeshkiyon Eron hozir AQSh bilan "keng ko‘lamli urush" olib borayotganini aytdi.
Tramp esa buning oldidan Eron o‘tgan kecha "juda qattiq zarba" olganini bildirgan edi. Uning aytishicha, bu yaqinda halok bo‘lgan uch nafar amerikalik harbiy xizmatchi xotirasi uchun amalga oshirilgan. Ularning ikki nafari Iordaniyada, biri esa Iroqda halok bo‘lgan.
Yoland Knell: "AQShning so‘nggi bayonoti avvalgilardan deyarli farq qilmaydi".

AQSh harbiylari Eronning qo‘mondonlik markazlari, raketa uchirish nuqtalari va havo mudofaa tizimlariga zarba berganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, bu hujumlar Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kema qatnoviga aralashish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.
Tehron ikki neft tankeriga zarba bergani, oqibatda ularda yong‘in chiqqanini va Bahrayn hamda Quvaytdagi AQSh harbiy ob’ektlarini nishonga olganini aytmoqda.
Quvayt esa uning elektr va suv inshootlarining ayrimlari nishonga olinganini aytyapti.

Surat manbasi, Iran State TV
Eronga bir kechada berilgan so‘nggi zarbalar haqida Quddusdagi muxbirimiz Yoland Knell xabar beradi:
"AQSh Markaziy qo‘mondonligining so‘nggi bayonoti avval tarqatilgan bayonotlardan deyarli farq qilmaydi. Unda Erondagi harbiy qo‘mondonlik markazlari va boshqa ob’ektlarga zarbalar berilgani aytilgan. Asosiy maqsad esa Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali fuqaroviy dengiz qatnoviga hujum qilish imkoniyatini cheklash ekani ta’kidlangan.
Shu bilan birga, Eron ommaviy axborot vositalari Isfahon, Chobahor va Eron janubida joylashgan Bushehr fuqaroviy atom elektr stantsiyasi yaqinida portlashlar sodir bo‘lganini xabar qilyapti.
Hozircha yetkazilgan zarar haqida ma’lumot kam.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Javob tariqasida eronliklar Bahrayn va Quvaytdagi AQSh harbiy nishonlariga o‘z hujumlarini amalga oshirganini aytmoqda. Ularning ta’kidlashicha, asosiy nishon u yerdagi havo mudofaa tizimlari bo‘lgan.
Biroq Inqilob qo‘riqchilari bayonotlaridan birida Bahrayndagi Amazon ma’lumotlarni qayta ishlash markaziga ham hujum qilingani aytilgan.
Ularga ko‘ra, bu AQShning Erondagi fuqaroviy infratuzilma ob’ektlariga bergan avvalgi zarbalariga javob bo‘lgan".
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ayni paytda Yamandagi Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya Qizil dengizdagi kema qatnoviga har qanday to‘sqinlikka keskin javob qaytarishga va’da berdi.
Bu bayonot Eron qo‘llovidagi Husiylar harakatining so‘nggi chiqishi ortidan yangradi. Husiylar Saudiya Arabistoniga qarshi dengiz qamalini joriy etishlarini aytmoqda va bu holat Yamanga nisbatan joriy etilgan qamal bekor qilinmaguncha saqlanib qolishini bildirmoqda.
Qizil dengizning janubiy kirish qismidagi bo‘g‘ozning yopilishi jahon bozorida neft ta’minotini yanada qisqartirishi mumkin.
Yaroslav Lukiv: Buyuk Britaniya Dengiz savdosi operatsiyalari agentligi (UKMTO) Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi bir tanker noma’lum snaryad zarbasiga uchraganini ma’lum qildi. Oqibatda ekipaj kemani tark etishga va qutqaruv qayig‘iga o‘tishga majbur bo‘lgan.
UKMTO xabar qilgan tanker Eron tilga olgan tankerlardan biri ekan-emasligi hozircha aniq emas.
Dengiz sohasidagi tahliliy kompaniya Kplerning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, dushanba kuni oltita yoqilg‘i tankeri va yuk kemasi Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tgan.
Ulardan ikkitasi avval Eron bilan aloqalari tufayli AQSh sanksiyalariga uchragan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu 19 iyul kuni bo‘g‘ozdan o‘tgan sakkizta kemaga nisbatan kam.
20 iyul kuni amalga oshirilgan o‘tishlarning bittasidan tashqari barchasi Eron yaqinidagi shimoliy yo‘nalish orqali amalga oshirilgan.
Javob tariqasida eronliklar Bahrayn va Quvaytdagi AQSH harbiy nishonlariga o‘z hujumlarini amalga oshirganini aytmoqda.
Iordaniya seshanba kuni beshta dronni urib tushirganini ma’lum qildi. Bundan oldin u dushanba kechqurun uchta raketani yo‘q qilganini bildirgan edi.
Bahrayn Eron uchirgan dronlar uning havo harakati navigatsiya tizimlarini nishonga olganini ma’lum qildi. Biroq bu havo qatnoviga ta’sir ko‘rsatmagan.
Quvayt qurolli kuchlari ham Eron dronlarini urib tushirganini bildirdi.
Shu bilan bir vaqtda, Tehron otashkesim kelishuvi buzilganiga qaramay, har ikki tomon vositachilar orqali diplomatik xabarlar almashishda davom etayotganini ma’lum qildi.

Surat manbasi, Reuters
Dushanba kechasi AQSh Mudofaa vazirligi hafta oxirida Iordaniyadagi Muvaffaq Salti harbiy bazasiga qilingan Eron hujumida halok bo‘lgan ikki amerikalik harbiy xizmatchining shaxsini tasdiqladi. Ular Texaslik 19 yoshli askar Izabella Gonsales va Havayilik 25 yoshli leytenant Tayler Jeyms Fihan edi.
CENTCOM avvalroq hujumdan keyin yana bir harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolganini, keyinchalik esa hodisa hududidan hozircha shaxsi aniqlanmagan odam qoldiqlari topilganini ma’lum qilgan edi.





























