Markaziy Osiyoni Xitoy tarkibiga qo‘shmoqchi bo‘lganlar kim?

COLLAGE

Surat manbasi, COLLAGE

    • Author, Eleonora Sag‘indiq qizi
    • Role, BBC muxbiri
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 7 daq

Qirg‘iziston Adliya vazirligining Chuy–Bishkek boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan "Markaziy Osiyo va Xitoyning tinch yo‘l bilan qayta birlashishiga ko‘maklashish uyushmasi" nomli jamoat birlashmasining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi bekor qilinganini ma’lum qildi.

Idoraning 14 iyuldagi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jamoat birlashmasi 2025 yil 30 dekabrь kuni tezkor, uch soatlik ro‘yxatdan o‘tkazish xizmati orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Ammo keyinchalik o‘tkazilgan ma’muriy jarayonlar natijasida uni ro‘yxatga olish haqidagi qaror bekor qilingan.

"Ijtimoiy tarmoqlarda OsOO.kg internet-resursida e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib, "Markaziy Osiyo va Xitoyning tinch yo‘l bilan birlashishiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi" jamoat birlashmasi faoliyati haqida turli ma’lumotlar tarqalmoqda.

Chuy-Bishkek adliya boshqarmasi ushbu yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi qaror ma’muriy tartib-taomillar doirasida avvalroq bekor qilinganini ma’lum qiladi" deb aytiladi ma’lumotda.

Boshqarma shuningdek, OsOO.kg sayti davlatning rasmiy axborot manbai emasligini ham qo‘shimcha qilgan.

Unga ko‘ra, yuridik shaxslar haqidagi ishonchli ma’lumotlarni Adliya vazirligining rasmiy saytida joylashtirilgan davlat reestridan olish lozim.

Ma’lumotda keltirilishicha, mazkur yuridik tomon 2025 yilning 30 dekabrida Chuy–Bishkek adliya boshqarmasining ro‘yxatga olish mutaxassisi tomonidan uch soatlik shoshilinch davlat xizmati doirasida texnik tarzda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Keyin esa "Ma’muriy faoliyat asoslari va ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida"gi qonunga muvofiq qabul qilingan qaror bekor qilingan.

Ayrimlar esa ushbu Xitoy tashkiloti haqidagi ma’lumotlar 14 iyul kunigina internetdan o‘chirilganini yozmoqda.

OsOO.KG Kompaniyalarni izlash, hamkor tashkilotlarni tekshirish va Qirg‘izistonda qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish uchun mo‘ljallangan ochiq onlayn tahliliy platforma.

U moliyaviy xatarlarni baholash, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlarning ishonchliligini tahlil qilish imkonini beradi.

Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

So‘nggi kunlarda Qirg‘izistonning turli saytlarida "Markaziy Osiyo va Xitoyning tinch yo‘l bilan qayta birlashishiga ko‘maklashish assotsiatsiyasi" nomli jamoat birlashmasi davlat ro‘yxatidan o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Bu esa Xitoy mavzusi bilan bog‘liq navbatdagi bahs-munozaralarga turtki bo‘ldi.

Tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tashkilot 2025 yilning 30 dekabrida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. OsOO.kg saytidan olingani aytilgan skrinshotlarda assotsiatsiya rahbari sifatida Shao Kuynin, ta’sischilari sifatida esa Sun Ubo, Shao Kuynin va Li Jenjun ko‘rsatilgan.

Ro‘yxatdan o‘tkazish hujjatlari deb taqdim etilgan suratlarda tashkilot xorijiy fuqarolar ishtirokida tashkil etilgani ham qayd etilgan.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari mazkur tashkilot Qirg‘izistonda qanday maqsadlarni amalga oshirishni ko‘zlayotgani haqida savollar qo‘yishdi.

Qirg‘iziston prezidenti administratsiyasining sobiq rahbari Emilbek Kaptagaev bu borada shunday degan:

"Bu masala bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi shug‘ullanishi kerak. Bunday g‘oya paydo bo‘lib, bir qancha odamlar yig‘ilib tashkilot tuzib, uni ro‘yxatdan o‘tkazishga harakat qilayotgani, ma’lum bir harakat shakllanayotganidan darak beradi. Buning ortida kimlar turganini xavfsizlik idoralari zudlik bilan aniqlab, har biri bilan ish olib borishi lozim. Ro‘yxatdan o‘tkazish uchun murojaat qilganlarga ham Qirg‘izistonning konstitutsiyaviy tuzumi va suverenitetiga qarshi harakat qilishga uringanlik uchun huquqiy baho berilishi kerak".

Xavotirlar asoslimi?

Xitoy mavzusi bilan bog‘liq masalalar so‘nggi oylarda Qirg‘iziston jamoatchiligida keng muhokama qilinmoqda.

O‘tgan hafta oxirida ham Xitoy fuqarolari ishtirokidagi kamida uchta holat videolari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Issiqko‘lda chet ellik shaxs avtomashinasi bilan ko‘lning muhofaza hududigacha kirib borgan voqea qayd etildi. Norin viloyatida esa bir kishi yovvoyi qushlarni to‘r bilan tutgan bo‘lsa, boshkasi taqiqlangan elektr qarmog‘i bilan baliq ovlagan.

Baliq ovlovchilarning har biriga 10 ming somdan (taqriban 115 dollar) jarima solingan, shuningdek, yaylov hududida avtomobildan noqonuniy foydalangani uchun 5,5 ming somdan (taqriban 62 dollar) qo‘shimcha jarima belgilangan. 14 iyulda ular mamlakatdan chiqarib yuborilgani ma’lum qilindi.

Qush tutgan shaxs 20 ming som (taqriban 230 dollar) , suvni muhofaza qilish hududiga mashinasi bilan kirgan haydovchi esa 15 ming som (taqriban 170 dollar) jarimaga tortildi.

Shuningdek, Manas shahrida jamoat tartibini buzgan bir necha Xitoy fuqarosi qo‘lga olingan.

Iyun oyida esa Issiqko‘l viloyatining Tamchi qishlog‘ida qurilish ob’ektida ishlagan Xitoy fuqarosi mahalliy tarjimon qizga qo‘l ko‘tarib, yuziga tupurgani haqida xabar tarqalgan edi.

Voqea videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan. Keyinroq gumonlanuvchi ushlangan va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

13 iyul kuni prezidentning yaqin tarafdori sifatida tanilgan Atay Beyshenbek Facebook sahifasida bu mavzuda fikr bildirib shunday yozgan:

"Jamiyatda xorijiy ishchi kuchlari haqida aytilyotgan tanqidlarni inkor etib bo‘lmaydi. Odamlarning xavotiri asossiz emas. Shu bilan birga davlatning pozitsiyasi aniq.

Qonunga rioya qilgan odam ishlaydi, qonunni buzgan esa javobgarlikka tortiladi. So‘nggi voqealar bo‘yicha tegishli organlarning tezkor harakatlari buning ochiq isbotidir".

Screenshot

Surat manbasi, Screenshot

Tashqi kuchlar ta’sirimi?

Atay Beyshenbek ayni paytda mamlakat ichki mehnat bozori tashqi ishchilarga muayyan darajada bog‘liqligini ham ta’kidlagan.

"Biroq voqelikni ham to‘g‘ri tushunishimiz kerak. Bugun Qirg‘iziston o‘z tarixidagi eng yirik loyihalarni amalga oshirmoqda. Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li, yangi GESlar, energetika ob’ektlari, avtomobil yo‘llari va yirik investitsiyaviy loyihalar mamlakat iqtisodiyotini yaqin yillarda sezilarli darajada o‘zgartiradi. Bunday ko‘lamdagi ishlar minglab mutaxassislar va ishchi kuchini talab qiladi. Biroq mahalliy mehnat bozori hozircha bu ehtiyojni to‘liq qoplay olmayapti. Shuningdek, bunday nozik masalalardan turli manfaatdor kuchlar o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishga urinishi mumkinligini ham unutmasligimiz kerak. Chunki mamlakat uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li yoki Qambarota-1 kabi yirik loyihalar boshlanishi bilan tashqi tomondan boshqariladigan axborot manipulyatsiyalari va jamoatchilik kayfiyatini qo‘zg‘atishga qaratilgan urinishlar ilgari ham kuzatilmaganmidi".

Prezident Sadir Japarov kapsula solmoqda

Surat manbasi, Official

Shunga o‘xshash fikrni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ham 14 iyunь kuni Baliqchi shahrida bildirgan. Uning aytishicha, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga qarshi ba’zi tashqi manfaatdor tomonlar turli axborot kampaniyalarini olib bormoqda.

"Mana, Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li qurilmoqda. Bu yerdan ham siyosat izlaydiganlar ko‘p. Bu temir yo‘lning qurilmasligidan manfaatdor bo‘lgan boshqa yirik davlatlar ham bor. Shuning uchun blogerlarmi, oppozitsiya vakillarimi yoki turli populist siyosatchilarmi, "hamma yoqni bosib ketishdi", "ko‘payib ketishdi" degan gaplarni tarqatib, to‘siqlar yaratishga urinmoqda. Bunday urinishlarga qat’iy chek qo‘yib, ularni keskin to‘xtatishimiz kerak".

Prezident yirik loyihalarni amalga oshirish uchun mamlakatda muhandislar va malakali mutaxassislar yetishmasligini aytgan hamda shu sababli xorijdan kadr jalb qilishga ehtiyoj borligini ta’kidlagan.

"Kuchimiz yetadigan joylarda qurilish ishlarini o‘zimiz amalga oshiryapmiz. Ammo muhandislarimiz yetarli emas, tajriba ham kam. Shuning uchun o‘z kuchimiz bilan bajara olmaydigan ishlarni qo‘shni davlatlar mutaxassislarini jalb qilib amalga oshirmoqdamiz. Shu bilan birga, o‘zimiz ham qo‘l qovushtirib o‘tirganimiz yo‘q, muhandislarimiz va quruvchilarimizni o‘qishga yuborib, malakasini oshiryapmiz. Agar "hammasini o‘zimiz quramiz" deb kutaversak, loyihalarimizni muhandislarimiz 15–20 yil degandagina bitkazishi mumkin. Shuning uchun blogerlarimizni bunday ig‘vogarlik va fitnaga yo‘g‘rilgan harakatlarga qo‘shilmaslikka chaqirib qolaman", — degan Japarov.

So‘nggi yillarda Qirg‘izistonga kelayotgan Xitoy fuqarolari soni oshib borayotgani aytilmoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yilda Qirg‘iziston 61 mingta mehnat vizasi bergan bo‘lib, ularning qariyb 60 foizini Xitoy fuqarolari olgan.

"Mehnat vizalarining qariyb 60 foizi Xitoy fuqarolariga berilgan. Ular asosan yirik infratuzilma va davlat loyihalarida ishlash uchun jalb qilingan", - deb bildirgan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik departamenti direktori Seytek Jumaqadir o‘g‘li.

Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘lidan tashqari, hozirgi paytda mamlakatda Barskoon–Bedel avtomobil yo‘li qurilishi, aeroportlarni rekonstruktsiya qilish va Tekelik ko‘mir konini o‘zlashtirish kabi strategik ahamiyatga ega loyihalar ham amalga oshirilmoqda.

O‘tgan oyda mahalliy siyosatchi va fuqarolik faoli Mavlyan Askarbekov qo‘lga olindi. Keyin unga Jinoyat kodeksining 330-moddasi ("Irqiy, etnik, milliy, diniy yoki hududlararo adovatni qo‘zg‘atish") bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. Qo‘lga olinishidan avval u Facebook'dagi murojaatida bosh vazirga yuzlanib, Qirg‘izistondagi Xitoy fuqarolarining kichik va o‘rta biznesdagi ishtiroki masalasini ko‘targanini yozgan edi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Xitoyning "yumshoq kuch" siyosati

FACEBOOK/Venera Saypidin
Ayrimlarda Xitoy o‘z ta’sirini ochiq namoyon qilmasdan, asta-sekin va sezilmaydigan tarzda kuchaytirib boradi, degan xavotirlar bor.
Venera Saypidin
Siyosatshunos (batafsil: bbc.com/uzbek)

So‘nggi yillarda Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Ikki davlat iqtisodiy, siyosiy va infratuzilmaviy hamkorlikni kengaytirmoqda.

Biroq jamiyatda Xitoyga bo‘lgan munosabatlar hamon turlicha bo‘lib qolmoqda. Ayrim voqealardan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda Xitoy fuqarolariga nisbatan salbiy fikrlar bildirilishi esa turli savollarni ham keltirib chiqarmoqda.

Bunday holat faqat Qirg‘izistonga xosmi yoki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham uchraydimi? Buning tarixiy sabablari bormi?

Ayrim ekspertlarning fikricha, sovet davrida SSSR va Xitoy o‘rtasidagi mafkuraviy qarama-qarshilik jamoatchilik ongiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Shu bilan birga, so‘nggi yillarda Xitoy mintaqada nafaqat iqtisodiy ishtirokini kengaytirayotgani, balki ta’lim, madaniyat va media loyihalar orqali ham «yumshoq kuch» siyosatini faol targ‘ib qilayotgani mahalliy aholida muayyan xavotirlarni uyg‘otmoqda, deydi ekspert Venera Saypidin:

"Dastlab SSSR va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar juda yaxshi bo‘lgan. O‘sha paytlarda Xitoy haqida ijobiy ma’lumotlar ko‘p tarqatilar edi. Keyin Stalin vafotidan so‘ng, 1950-yillarning ikkinchi yarmidan boshlab, Xrushchyovning siyosati bilan Mao Szedun o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Shundan keyin Xitoy va SSSR o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi, hatto Uzoq Sharqda ikki tomon o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar ham bo‘lgan. Shu tariqa, munosabatlar 1980-yillarga qadar ancha tarang holatda saqlanib qoldi. O‘sha davrda Xitoy haqida bir tomonlama, asosan salbiy mazmundagi ma’lumotlar ko‘p tarqatilar edi. Ana shu salbiy axborotlar ham Xitoy haqida muayyan stereotiplarning shakllanishiga sabab bo‘lgan".

Siyosatshunos Venera Saypidin

Surat manbasi, Social Media

Surat tagso‘zi, Siyosatshunos Venera Saypidin

"Yana bir jihati shundaki, bugungi kunda Xitoy iqtisodiyotining jadal sur’atlarda rivojlanayotgani va aholisi sonining o‘sib borayotgani nafaqat bizni, balki okean ortidagi Amerika va G‘arb mamlakatlarini ham xavotirga solayotgan yirik geosiyosiy masala hisoblanadi. Albatta, Xitoyning o‘ziga xos siyosiy yondashuvlari va tashqi aloqalarini o‘z ichiga olgan strategik ta’sir kuchi ham mavjud. Buni "yumshoq kuch" deb atashadi. Ayrimlarda Xitoy o‘z ta’sirini ochiq namoyon qilmasdan, asta-sekin va sezilmaydigan tarzda kuchaytirib boradi, degan xavotirlar bor. Bu haqda Genri Kissinjer ham o‘zining "Jahon tartibi" kitobida yozgan. Xitoy G‘arb va Amerika yetakchiligida shakllangan dunyo tartibidan har doim ham qoniqavermaydi, o‘zining siyosiy tizimi va yondashuvlarini kengroq tarqatishni istaydi, degan qarashlar mavjud. Shuningdek, Afrika, Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq, Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropaga yo‘naltirilayotgan yirik sarmoyalari orqali uning ta’siri tobora kuchayib borayotgani haqida ham asosli xavotirlar bildiriladi" - deya qo‘shimcha qiladi tahlilchi.

Qirg‘iziston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik siyosiy, iqtisodiy hamda infratuzilma sohalarida tobora kengayib borayotgan bo‘lsa-da, jamiyatda bu masala yuzasidan qarashlar bir xil emas.

Ayrimlar bu holatni iqtisodiy qaramlik xavfining ortishi sifatida baholasa, boshqalar uni tarixiy omillar va axborot ta’siri bilan izohlaydi.

So‘nggi voqealar mazkur masala jamoatchilik uchun hamon dolzarb va bahsli mavzulardan biri ekanini namoyon qildi.