Sichqondan fil yasashmoqchimi yoki mamontlarni tiriltirish mumkinmi? Video

Surat manbasi, Colossal Biosciences
Genetik muhandislik yordamida yaratilgan junli sichqonlar kelajakda Arktikani junli, genetik o‘zgartirilgan fillar bilan to‘ldirishga va sayyora isishini to‘xtatishga yordam berishi mumkin.
4 mart kuni AQSh kompaniyasi "mamontga o‘xshash" sichqonlar yaratganini e’lon qildi. Colossal Biosciences kompaniyasining pirovard maqsadi Arktikadagi abadiy muzliklar erishini to‘xtatishga yordam beradigan mamontsimon jonzotlarni yaratishdir.
Bu loyihaga ko‘plab tanqidlar yog‘ildi. Xususan, mamontsimon mavjudotlarni yaratish sichqonlarni junli qilishdan ancha murakkab jarayon ekanligi, bunday tajribalar axloqqa zidligi va butun loyiha shunchaki piar uchun qilinayotgani ta’kidlandi.
Biroq kompaniya bu tanqidlar asossizligi, sichqonlar Yerning qashshoqlashgan tabiatini tiklash yo‘lidagi muhim vosita ekanligini aytmoqda.
Colossal Biosciences'ning ta’kidlashicha, junli sichqonlar bilan o‘tkazilgan tajribalar fillarni junli va sovuqqa chidamli qilish uchun genetik o‘zgartirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan.
Ularning maqsadi Arktika tundrasida yashaydigan mamontsimon mavjudotlar podalarini yaratish. Kompaniyaning fikricha, bu jonzotlarning o‘tloqda o‘tlashi yaylovlarning ko‘payishiga olib keladi va erib borayotgan abadiy muzliklardan ajralib chiqadigan karbonat angidrid miqdorini kamaytiradi.
Karbonat angidrid issiqxona gazi bo‘lib, global isishning asosiy sababchilaridan biridir.
Ammo tanqidchilar sichqonlardagi bu o‘zgarishlarni fillarda qo‘llashdan oldin hal qilinishi lozim bo‘lgan jiddiy ilmiy muammolar mavjudligini ta’kidlashmoqda
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Colossal'ning hammuassisi va bosh direktori Ben Lam BBC News'ga bergan intervyusida junli sichqonlar katta yutuq ekanligini aytdi.
"Biz 2028 yilgacha sovuqqa moslashgan filni yaratish yo‘lidan boramiz va bu 2026 yil oxirigacha birinchi embrionlarni hosil qilishni anglatadi," dedi u.
"Vaqt o‘tishi bilan bizda sovuqqa moslashgan fillarning butun avlodi paydo bo‘ladi. Ularni yovvoyi tabiatga qaytarib, o‘zaro ko‘payishiga imkon yaratamiz."

Surat manbasi, SPL
Junli sichqonlarning sakkizta geni o‘zgartirildi: yettitasi jun o‘sishi bilan bog‘liq sichqon genlari va sakkizinchisi tana yog‘ini ko‘paytirish bilan bog‘liq mamont geni edi.
Tadqiqotchilar hayvonlarning junlari uzunroq va jingalakroq bo‘lganini aniqladi, ammo mamontning yog‘ni ko‘paytiruvchi geni ta’sir qilganiga hech qanday dalil topilmadi.

Surat manbasi, Colossal Biosciences
Colossal Biosciences'ning ishini kompaniyaga aloqasi bo‘lmagan olimlar shubha bilan qabul qildi. Ularning xavotirlari quyidagilardan iborat:
- Colossal jamoasi uzoq vaqtdan beri jun o‘sishi bilan bog‘liq sichqon genlarini o‘zgartirib, junli sichqonlar yaratdi. Besh yil ichida junli sichqonlardan sovuqqa moslashgan, junli fillarga o‘tish juda katta sakrash.
- Bitta junli filni yetishtirish yetarlicha murakkab bo‘lsa, Arktika tundrasini tiklash uchun zarur bo‘lgan yuzlab yoki minglab fillarni yetishtirish yanada murakkabroq bo‘ladi.
- Sichqonlarda ishlagan genetik o‘zgarishlar fillarda turli xil anomaliyalarga olib kelishi va hayvonlarning azob chekishiga sabab bo‘lishi mumkin.
- Bu o‘zgartirilgan jonzotlarni boshqa fillar g‘alati deb qabul qilmasligi va o‘z to‘dasidan chetlatilishi mumkin.
"Bu ishning amaliy foyda yoki haqiqiy ilmiy qiymati yo‘qqa o‘xshaydi," dedi GeneWatch tashkiloti vakili doktor Helen Uolles.
"Bu shunchaki piar uchun qilingan," deya qo‘shimcha qildi u.
Bunga javoban, Colossal tadqiqotchilari haqsiz tanqid qilinganliklarini aytishmoqda. Ularning fikricha, sichqonlar mazkur genetik o‘zgarishlarni fillarda sinab ko‘rishdan oldin samarali va xavfsiz ekanligini tekshirish uchun vositadir.
"Bu loyihaning muvaffaqiyati haqiqatan ham juda quvonarli bo‘ladi," deydi kompaniyaning bosh ilmiy xodimi, professor Bet Shapiro.

Surat manbasi, Colossal Biosciences
U yana qo‘shimcha qilishicha, shirkatda embrion rivojlanishini o‘rganish va genetik o‘zgartirilgan fillarni o‘stirish uchun sun’iy bachadon yaratish kabi boshqa tadqiqot dasturlari ham parallel olib borilmoqda. Kompaniya bu loyihalar yordamida bir necha yil ichida sovuqqa chidamli fillarni yaratishini ta’kidlamoqda.
Professor Shapiro bu ishning foydasiz ekanligi haqidagi fikrlarni qat’iy rad etadi. Uning ta’kidlashicha, kompaniyaning dodo va Tasmaniya yo‘lbarsi, shuningdek, mamont kabi yo‘qolib ketgan turlarni qayta tiklash rejasi yo‘qolgan ekologik bo‘shliqlarni to‘ldiradi hamda biologik xilma-xillikni tiklaydi va atrof-muhitga foyda keltiradi.
U yana qo‘shimcha qilishicha, hozirda ishlab chiqilayotgan genetik vositalar yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarga yordam bermoqda. Bular orasida fillar uchun xavfli virusga qarshi vaktsina ishlab chiqish; Avstraliyada qamish qurbaqasi ishlab chiqaradigan neyrotoksinlarga chidamli "qurol" deb ataluvchi genetik o‘zgartirilgan xaltali sut emizuvchilarni yaratish; va Mavrikiyda pushti kaptarning genetik xilma-xilligini qayta tiklash kabi loyihalar bor.
Professor Shapiro fillar zarar ko‘rmasligini ta’kidlaydi. Jamoa faqat yashovchan embrionlarni saralash usullarini ishlab chiqmoqda va uning ishonishicha, bu fillarga boshqalar odatiy qaraydi.
"Biz ularning DNK kodidagi faqat bir nechta harflarni o‘zgartirmoqchimiz, xolos. Fillar onalaridan tug‘ilganda ularga g‘alati deb qaralmaydi, chunki ular onalariga juda o‘xshash bo‘ladi, faqat junlari ko‘proq va sovuqroq iqlimda yashay oladi."































