Markaziy Osiyodan birinchi, postsovet makonidan yagona – O‘zbekiston yana nimalarga qodir? Video

Published
O'qilish vaqti: 8 daq

Diqqat-e’tibordagi O‘zbekiston yoki poytaxt Toshkentdagi so‘nggi vaziyat, mintaqadagi jonbozlik va G‘arbdagi hayrat...

"DIQQAT BBC" dasturining maxsus sonida.

Bunaqasi bo‘lmagan...

Shu kunlarda deyarli barchaning nigohi Meksika, Kanada va Amerika Qo‘shma Shtatlariga qaratilgan.

Uzoq kutilgan tarixiy onlar ham yetib keldi.

O‘zbekiston ishtirokida futbol bo‘yicha jahon chempionati start oldi - bunaqasi bo‘lmagan.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, bungacha ustma-ust tarixiy natija qayd etgan.

Mamlakat mustaqilligi tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqqan.

So‘z aynan futbolsevarlik haqida ketganda, Markaziy Osiyoning "Braziliya"siga qiyos beriluvchi O‘zbekistonning oz emas, ko‘p emas, naq 34 yillik orzusi amalga oshgan.

O‘zbekiston, bundan tashqari, butun Markaziy Osiyoda ham birinchi bo‘lib bu kabi yutuqqa erishgan.

Yana bu galgi jahon chempionatida bellashish huquqini qo‘lga kiritgan yagona postsovet davlati sifatida ham o‘rtaga chiqqan.

Bungacha sobiq Ittifoqdan bunday sharafga faqat hozir urush ichida bo‘lgan Rossiya va Ukraina muvaffaq bo‘lgan, xolos.

O‘zbekistonning bu yo‘ldagi uzoq yillik kurashi esa, ko‘plab dramatik lahzalarsiz kechmagan, qator Bosh murabbiylar almashgan, mahalliysining o‘rniga xorijiysi, xorijiysi o‘rniga mahalliysi kelgan.

Jamoa bir necha bor eng so‘nggida jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini boy bergan.

O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari esa, jamoaning saralash bosqich o‘yinlaridagi natijalariga hatto hukumatning e’tiborini qaratishga urinishgan.

Orada ularning bu xususda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziriga savol yo‘llashgani ham rasman xabar berilgan.

Bu holat ham o‘shanda ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan, shov-shuvga sabab bo‘lgan va o‘zbekistonlik futbol muxlislari nazdida jahon chempionatiga chiqishning qanchalik muhim ekani dalolati bo‘lib xizmat qilgan.

Milliy terma jamoa 2026 yilgi jahon chempionatiga Osiyo qit’asidan muddatidan ilgari chiqqan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan safarda kechgan o‘yinida lozim natijani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

"O‘zbekiston iftixori"ga aylangan jamoa

Jamoaning "tarixiy yutug‘i" esa mamlakat prezidentining e’tiboridan ham chetda qolmagan.

Shavkat Mirziyoyev o‘sha kunning o‘zidayoq jamoani shaxsan o‘zi tabriklagan, ularga sim qoqqan, o‘yinni butun xalq tik oyoda turib ko‘rganini aytgan.

Bu yutuqqa erishgan barchani "O‘zbekiston iftixori" unvoni bilan taqdirlagan.

O‘zbekiston prezidenti milliy terma jamoani "Markaziy Osiyoning yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni xis qilib o‘ynash"ga ham chaqirgan.

"Sizlar futbol maydonlaridagi mana shunday shonli yutuqdan yangi kuch va ruh olib, kelgusi yili AQSh, Meksika va Kanada davlatlarida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatida nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasining birinchi va yagona vakili bo‘lishdek yuksak sharafni chuqur his etgan holda, yanada katta jonbozlik ko‘rsatasizlar, deb ishonaman", degan Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidenti ularni bu gal birvarakayiga dunyoning uch davlati – Meksika, Kanada va AQSh mezbonlik qilayotgan jahon chempionatiga ham shaxsan o‘zi kuzatgan.

Shavkat Mirziyoyev poytaxt Toshkentda tashkillashtirilgan tantanali kuzatuv marosimida bevosita ishtirok etgan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti xuddi shu marosim chog‘ida futbol muxlislarining milliy terma jamoaga bo‘lgan mehri va sadoqatini alohida e’tirof etgan.

Shavkat Mirziyoyev g‘alaba onlarida ham, qiyin damlarda ham futbolchilar bilan birga bo‘lib, ularni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan barchaga rahmat aytgan.

O‘zbekiston prezidenti milliy terma jamoa a’zolariga murojaat qilib, O‘zbek xalqi ularga oq fotiha berib, katta mundialga kuzatayotganini ta’kidlagan.

Mirziyoyev oldinda Kolumbiya, Portugaliya va Kongo terma jamoalari bilan muhim o‘yinlar kutib turgani, futbolchilar katta kuch-g‘ayrat va ishonch bilan maydonga chiqishi zarurligini qayd etgan.

"Shuni bilingki, biz doim sizlar bilanmiz. Haqiqiy o‘zbekona jasorat, matonat va irodangiz bilan chiroyli va ishonchli o‘yin ko‘rsatib, barchamizni xursand qilasiz deb ishonamiz", - deb aytgan prezident.

11 iyun kuni rasman start olgan jahon chempionati arafasida O‘zbekiston prezidenti bu mavzuga bir emas, bir necha bor to‘xtalgan.

Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatidagi Futbol assotsiatsiyasi markazi va "Neftchi" bolalar futbol akademiyasiga 28 aprel kungi tashrifi chog‘ida O‘zbekistonning bungacha hech qachon jahon chempionatiga chiqa olmagani sababini bu kabi orzuga "asos" bo‘lmagani bilan izohlagan.

O‘zbekiston prezidenti, "Avvalambor, men birinchi kelganimdan adolat o‘rnatamiz, dedim. Adolat degani, Abduqodir [Husanov] ga o‘xshagan bolalar ko‘p o‘zi dunyoda. Lekin ularni bilib-bilmasdan chekkaga surib qo‘yish, tanish-bilishchilik va hokazo bizga manfaat bermadi", — deb aytgan "O‘zbekiston 24" telekanalining "Menimcha" dasturida.

Davlat rahbari, shuningdek, O‘zbekistonda futbolni ko‘pchilik sevishini, biroq bu sport turiga faqat muhabbatning o‘zi yetarli emasligini qayd etgan.

"Yoshligimizda oyog‘imizdan tirnog‘imiz chiqib, qon chiqib, chiroqlarsiz, sharoitlarsiz o‘ynardik. U boshqa zamon edi. Lekin shu zamonlarni ko‘rgan odam sifatida sizlarga hamma sharoit yaratib beryapman. Sizlar esa zamonga munosib bo‘lib, harakat qilib, ilm asosida tarbiyalanishingiz kerak. Ana shunda chora-tadbirlar zo‘r bo‘ladi", — deb aytgan Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston prezidentining jahon chempionligi uchun bellashuvlarida milliy terma jamoaga qayerdan turib ishqibozlik qilish rejasida ekani haqida hozircha rasman xabar berilmagan.

Xuddi shu manzarada bu galgi jahon chempionati keng formatli bo‘lgani uchun ham O‘zbekiston unga chiqa oldi, degan fikrlar ham yo‘q emas.

Ammo o‘zbekistonlik yetakchi sport mutaxassislari fikricha, jamoaning "tarixiy yutug‘i"ni birgina shu omilning o‘ziga bog‘lash xatodir.

O‘yinlar va umidlar

Milliy terma jamoa o‘zining jahon chempionatidagi tarixiy ishtiroki - ilk uchrashuvini 18 iyun kuni boshlaydi, hammezbon Meksikada Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.

Portugaliya va Kongoga qarshi "K" guruhidagi qolgan ikki uchrashuvini esa hammezbon Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkazadi.

Guruh favoriti va bu yilgi jahon chempionligiga asosiy da’vogarlardan biri sifatida ko‘rilayotgan Portugaliya milliy terma jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu o‘zbekistonliklarga bevosita tanish.

Yulduz futbolchi 2000 yilda Toshkentga kelgan, uning o‘shanda O‘zbekiston poytaxtida bergan mahorat darslari o‘ziga minglab odamni jalb qilgani, 8 ming kishilik "JAR" stadioni odamlar bilan "to‘lib-toshib" ketgani ham xabar berilgan.

Orada dunyoning boshqa qator nomdor futbolchilari ham O‘zbekistonga kelib, o‘z mahoratlarini namoyish etib ketishgan, jumladan, jahon futboli va Argentina milliy terma jamoasi yulduzi Lionel Messi ham 2008 yilda poytaxt Toshkentda bo‘lgan.

O‘shanda Messini o‘zbekistonlik yosh futbolchilarga mahorat darslarini o‘tab berishi uchun O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining o‘zi taklif qilgani xabar berilgan.

Argentina hozir futbol bo‘yicha amaldagi jahon chempioni bo‘ladi.

Yana Rivaldo bo‘ladimi yoki Skolariga o‘xshash braziliyalik taniqli futbolchi va kuchli murabbiylar ham Toshkentning "Bunyodkor"ida to‘p surib, ishlab ketganlar.

Ammo, boshqa tomondan, mustaqil O‘zbekistonning hozirda marhum birinchi prezidenti Islom Karimovning joriy paytda uzoq yillik qamoq jazosini o‘tayotgan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan aloqadorlikda ko‘rilgan ayrim bu ziddiyatli tashrif va takliflarning mamlakat futboli rivoji uchun qanchalik foydali bo‘lgani haqidagi baholar bir xil emas.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining keyingi bosqichga chiqish, bu yilgi jahon chempionatida yana bir sensatsiya yaratish imkoniyatlari haqidagi prognozlar esa turfa.

Ayrim bashoratlarga tayanilsa, jamoaning bunday imkoniyatlari yo‘q emas, buning uchun guruh bosqich bellashuvlaridagi bir g‘alaba, bir durang va to‘plar hisobidagi katta farq jamoani kamida eng yaxshi natija to‘plagan uchinchi milliy terma jamoa o‘laroq keyingi bosqichga olib chiqa oladi.

O‘zbekiston milliy terma jamoa sardori shu kunlarda o‘zlari, "uzoq kutgan vaqt kelgani, barchalari bunga tayyor" ekanliklarini bildirdi.

Futbolchi ekanida jahon chempioni bo‘lgan italiyalik Bosh murabbiysi esa, "birinchi o‘yinga tayyor bo‘lish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilayotganliklari, maydonda bor kuchlarini berishlari, oxirgi soniyagacha kurashishlari"ni aytdi.

Fabio Kannavaro, "dunyoning qaerida bo‘lishidan qat’inazar, barcha o‘zbekistonliklar bizdan faxrlanishini istaymiz", - dedi.

O‘zbekiston Osiyo qit’asidagi eng kuchli terma jamoalardan biri bo‘ladi.

Jamoa 1992 yilda Osiyo O‘yinlari g‘olibligini qo‘lga kiritgan.

Orada Osiyo Kubogining chorak va yarim finallarigacha chiqishga muvaffaq bo‘lgan.

Shu kunlarda O‘zbekistondagi ayrim Telegram kanallarida milliy terma jamoa uchun hatto qamoq jazosini o‘tayotgan mahkumlarning ham ishqibozlik qilish niyatida ekanliklariga oid videolar ham tarqalgan.

Aks-sadolar

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatiga chiqishi mintaqada ham katta aks-sado bergan.

Bu, hatto, futbol, sport mintaqani yanada birlashtiruvchi kuchga aylanishi mumkin, degan fikrlarga ham zamin yaratgan.

Mintaqaning O‘zbekistonga qanday ishqibozlik qilayotgani va qilmoqchi ekani esa, jahon chempionati arafasida alohida e’tibor va e’tirofga molik voqe’lik, mavzuga aylangan.

Bunaqasi shu paytgacha ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘rilmagani bilan gap bo‘lgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk bor jahon chempionatiga chiqishi G‘arbda ham e’tiborga tushgan.

Jamoaning bunga qanday qilib muvaffaq bo‘lgani so‘nggi oylarda G‘arbning yetakchi nashrlarida izchil yoritilayotgan, xos tahlillarga sabab mavzulardan biriga aylangan.

Sara o‘yinchilaridan biri bo‘lgan Abduqodir Husanovning jahonning top klublaridan biri - "Manchester City"da o‘ynashi esa, dunyo bo‘ylab O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirgan.

Jamoaning butun Yevropayu ummon ortidagi muxlislarini ham birlashtirgan.

Poytaxt Toshkentdagi muxbirimiz Alibek Beyjanov "O‘zbekistonda bugungi kunda o‘zgacha bir kayfiyat hukm surmoqda", deydi.

Muxbirimizga ko‘ra, "milliy terma jamoaning jahon chempionatidagi ishtiroki kundalik mavzuga aylangan, shahar ko‘chalariga ham birinchilik ruhi ko‘chgan, reklama bannerlaridan tortib, ulkan ekranlargacha poytaxt qiyofasini allaqachon o‘zgartirib bo‘lgan".

Turli kasb va soha egalari bo‘lgan o‘zbekistonliklarning milliy terma jamoaga ko‘rsatayotgan qo‘llovlari esa ijtimoiy tarmoqlarga ham ko‘chgan, allaqachon trendga ham aylangan.

Ijtimoiy tarmoqlarga o‘zlari joylayotgan videolar O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘yinlarini bevosita hammezbon davlatlar stadionlaridan turib tomosha qilish istagidagi o‘zbekistonliklarning ham oz emasliklarini ko‘rsatgan.

Ammo, ayniqsa, jahon chempionatiga hammezbon AQShga borish ilinjida bo‘lganu, ammo viza so‘rovi rad etilgan o‘zbekistonliklarning soniga oid raqamlar shu kunlarda mahalliy nashrlarda ham sarlavhalarga chiqqan.

Hozir chipta narxlarining qanchalik qimmatligiyu viza bilan bog‘liq muammolar bu yilgi jahon chempionati bilan bog‘liq eng ko‘p shikoyatga molik mavzulardan biri bo‘ladi.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda bir o‘zbekistonlik futbol ishqibozining Amerika Qo‘shma Shtatlariga borib, Portugaliya bilan o‘yinga muxlislik qilib kelishi $7000 AQSh dollaridan ko‘proqqa tushishiga oid qisqa videolar ham bo‘y ko‘rsatgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarida jahon chempionati sabab ko‘rilgan g‘ayriodatiy xavfsizlik choralari ham shu kunlarda aynan O‘zbekiston milliy terma jamoasi misolida ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan, taajjub va tushunmovchiliklariga sabab bo‘lgan.

"Rekordsmen" jahon birinchiligi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining ilk va tarixiy ishtiroki to‘g‘ri kelayotgan bu yilgi jahon chempionati nega o‘ziga xos? Ushbu birinchilik nimasi bilan boshqalariga o‘xshamaydi?

"Millionlar o‘yini" yanada kattarmoqda.

2026 yilgi Jahon chempionati bir qator tarixiy yangiliklar bilan o‘tadi.

Quyida ularning eng muhim uchtasini ko‘rib chiqamiz:

Avvalo, musobaqa ko‘lami.

Bu yil jahon chempionatidagi jamoalar soni 32 tadan 48 taga ko‘payadi.

O‘yinlar soni esa 64 tadan 104 tagacha ortadi.

To‘rtta jamoa jahon chempionatida debyut qilmoqda — Kabo-Verde, Kyurasao, Iordaniya va O‘zbekiston.

Endi chempionlikni qo‘lga kiritish uchun jamoalar yetti emas, sakkizta o‘yindan iborat musobaqa yo‘lini bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Bu esa futbolchilarning charchashi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

O‘yin geografiyasiga nazar tashlaymiz.

Jahon chempionati tarixida birinchi marta musobaqaga bir vaqtning o‘zida uch mamlakat mezbonlik qiladi: AQSh, Kanada va Meksika.

Bir nechta vaqt mintaqalarida futbolchilarning charchog‘ini kamaytirish maqsadida FIFA guruh bosqichida uchta mintaqaviy klasterni joriy qilmoqda: G‘arbiy, Markaziy va Sharqiy.

Biroq keyingi bosqichlarda bir jamoa Los-Anjelesda o‘ynab, keyin Xyuston, so‘ng esa Bostonga uchishi mumkin. Bu qariyb 5 000 kilometrni tashkil etadi.

Qit’alararo pley-off taqvimi muxlislar uchun katta moliyaviy xarajatlar va murakkab viza talablari haqidagi xavotirlarni keltirib chiqarmoqda.

Uchinchi o‘zgarish esa futbol bilan bog‘liq emas.

Final bahsida tarixda ilk bor tanaffus shousi tashkil etiladi.

Amerikacha Super kubok an’anasiga o‘xshash tarzda, bu mashhur yulduzlar ishtirokidagi yirik tomosha bo‘ladi.

Madonna, Shakira va BTS guruhi shouni bezaydi.

Biroq ayrimlarga ko‘ra, bu jahon chempionati ruhiga mos emas.

Ko‘proq jamoa, ko‘proq o‘yin, ko‘proq safarlar va tanaffusdagi dabdabali shou 2026 yilgi Jahon chempionatini nafaqat boshqacha qiladi, balki muxlis va futbolchilar uchun musobaqa taassurotini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, 2026 yilgi jahon chempionatining eng qimmati va daromadlisi bo‘lishi, shunisi bilan ham rekord o‘rnatishi aytilayotir.