You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Nega yoshlar orasida 11 xil saraton ko‘paymoqda? Angliyada sabablardan biri aniqlandi
- Author, Jeyms Gallaxer
- Role, Sog‘liqni saqlash va ilm‑fan bo‘yicha muxbir
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
Keng miqyosli tahlil ko‘rsatishicha, Angliyada o‘n bir turdagi saraton yoshlar orasida tobora ko‘proq uchramoqda.
Saraton kasalligi darajasi nima uchun o‘sib borayotgani sabablari hozircha mavhum qolmoqda.
Biroq tadqiqot ko‘rsatishicha, garchi bu yagona sabab bo‘lmasa-da, odamlarning o‘nlab yillar davomida borgan sari ko‘proq semizlikka moyil bo‘lib borayotgani bunda ma’lum rol o‘ynashi mumkin.
Saraton tadqiqotlari instituti va London Imperial kolleji olimlari ta’kidlashicha, yoshlarda saraton hali ham kam uchraydi va har bir kishi sog‘lom turmush tarziga amal qilib, kasallik xavfini kamaytirishi mumkin.
Nima uchun saraton o‘smirlar, 20, 30 va 40 yoshlilar orasida ko‘payib borayotgani olimlarni yillarcha o‘ylantirib keladi.
Portsmutlik Bredli Kumbs ichak saratonidan vafot etganida atigi 23 yoshda edi. Uning onasi Kerolayn Mausdeylning aytishicha, o‘g‘lida ichak saratonining ko‘plab xavfli belgilari bo‘lganiga qaramay, shifokorlar uni bu kasallikka chalinish uchun juda yosh deb hisoblagan.
Onasining aytishicha, u "chinakam sog‘lom va baquvvat yigit" bo‘lib, yarim professional futbol shartnomasini imzolash arafasida va hayotdan zavq olib yashayotgan edi. Uni xavf ostiga qo‘yadigan hech qanday aniq sabab yo‘q edi, deydi u.
Ammo universitetning birinchi kursidan so‘ng u keskin oza boshlagan va qornida og‘riq paydo bo‘lgan. Keyin esa ich ketishi va axlatda qon ko‘ringan.
Kasallikka tashxis qo‘yish uchun 18 oy vaqt ketdi. U kolonoskopiya, ya’ni ichaklarni video-tekshiruvdan o‘tkazganida, o‘simta shunchalik kattalashib ketgan ediki, u kameraning ichkariga kirishiga to‘sqinlik qilgan.
Jarrohlik amaliyoti va kimyoterapiya o‘simtaning o‘sishini to‘xtata olmadi va Bredli vafot etdi.
"Har bir ota-ona singari men ham futbol uning orzularini ro‘yobga chiqaradi, ajoyib hayot kechiradi, deb o‘ylagandim. Ammo bu imkoniyat undan tortib olindi, chunki ichak saratoni o‘z vaqtida aniqlanmadi", deydi Kerolayn.
Biror odamda nima uchun saraton rivojlanganini kamdan-kam hollarda aniq bilish mumkin. Biroq bir guruh olimlar biror qonuniyat topish maqsadida saraton va turmush tarzimizdagi tendentsiyalarni o‘rganib chiqishdi.
Ular ichak saratonidan tashqari, qalqonsimon bez, ko‘p sonli mieloma, jigar, buyrak, o‘t pufagi, oshqozon osti bezi, bachadon shilliq qavati (yoki endometriy), og‘iz bo‘shlig‘i, ko‘krak va tuxumdon saratoni ham ko‘payib borayotganini ko‘rsatdi.
• Ichak va ko‘krak saratoni yoshlar orasida eng ko‘p tarqalgan bo‘lib, yiliga jami 11500 ta holat qayd etiladi, oshqozon osti bezi va o‘t pufagi saratoni esa ancha kam uchraydi.
• Faqat ichak va tuxumdon saratoni aynan yoshlar orasida ko‘paygan, qolgan to‘qqiz turdagi saraton esa keksa yoshdagilar orasida ham ortgan.
Saraton tadqiqotlari instituti va London Imperial kolleji o‘tkazgan tadqiqotda saraton xavfini oshirishi allaqachon ma’lum bo‘lgan xulq-atvor shakllari ham tahlil qilindi.
Ammo tahlil chekish, spirtli ichimliklar iste’moli, jismoniy faollik darajasi, qizil va qayta ishlangan go‘sht iste’moli hamda tolali ovqatlar kam taomlar soni kabi ko‘rsatkichlar yaxshilanayotgani yoki o‘zgarishsiz qolayotganini ko‘rsatdi.
Bu xulq-atvorlarning barchasi saratonda rol o‘ynasa-da, kasallik nima uchun ko‘payganini izohlab bera olmaydi.
Hisobotda aytilishicha, saratonning ko‘payishiga mos keladigan yagona ma’lumot 1990-yillardan beri o‘sib kelayotgan ortiqcha vazn va semizlik darajasidir.
Ortiqcha yog‘ to‘qimasi organizmdagi insulin kabi gormonlarni o‘zgartiradi va bu saraton xavfiga ta’sir qilishi mumkin, deb taxmin qilinadi.
Biroq, bu ham to‘liq javob emas.
Masalan, tadqiqotchilar hisob-kitoblariga ko‘ra, ichak saratonida har 100 ta yangi holatning 20 tasi ortiqcha vazn tufayli kelib chiqishi mumkin, 80 tasining sababi esa hanuz noma’lum.
Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, faqat "qo‘shimcha" holatlarning emas, balki barcha saraton turlarining oldini olish muhim. Hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyo bo‘ylab chekmaslik kabi zararli turmush tarzini o‘zgartirish orqali saraton kasalliklarining qariyb 40 foizi oldini olish mumkin.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
"Yoshlar orasida saraton ko‘payayotgani haqidagi xabarni eshitish juda tashvishli", deydi Saraton tadqiqotlari instituti professori Montserrat Garsiya-Klosas Bi-bi-siga.
"Shunday bo‘lsa-da, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish orqali saraton xavfini kamaytirish mumkin – masalan, jismoniy faol bo‘lish va sog‘lom vaznni saqlash".
Tadqiqotchilar, shuningdek, yoshlar orasida saraton ko‘payayotgan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich keksa yoshdagi bemorlar sonidan ancha past ekanligini unutmaslik muhimligini aytishdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, har yili 1000 nafar yosh odamdan (20, 30 va 40 yoshdagilar) biriga saraton tashxisi qo‘yilsa, keksa yosh guruhlarida (50, 60 va 70 yoshdagilar) bu ko‘rsatkich har 100 kishidan biriga to‘g‘ri keladi.
Boshqa xavf omillarini izlash davom etmoqda. London Imperial kolleji professori Mark Ganterning aytishicha, o‘ta qayta ishlangan oziq-ovqatlar, "abadiy kimyoviy moddalar" va antibiotiklardan foydalanish haqida bahslar bor, biroq u "biz bilmaydigan narsalar ko‘pligini" qo‘shimcha qildi.
Shuningdek, shirin ichimliklar, yallig‘lanish, havo ifloslanishi, ichak bakteriyalari va begona o‘tlarga qarshi vositalar ham ehtimoliy sabablar sifatida tilga olingan.
Saratonni aniqlash usullari takomillashuvi uning yoshroq davrda ko‘proq aniqlanishiga olib kelayotgani ham o‘rganilmoqda.
Tadqiqot natijalari BMJ Oncology jurnalida e’lon qilingan.