"Juda, juda zaharli": G‘azo vayronalaridagi asbest xavfi

rasmlar
    • Author, Tom Bennet
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Isroilning G‘azodagi vayronkor harbiy kampaniyasi ko‘zga ko‘rinmas qotilni ozod qildi: asbest.

Bir paytlar qurilish materiallarida keng qo‘llangan bu mineral buzilganda o‘pkaga yopishib qoladigan va o‘nlab yillar davomida saraton kasalligini keltirib chiqaradigan zaharli tolalarni havoga chiqaradi.

Hozirgi kunda dunyoning ko‘p davlatlarida undan foydalanish taqiqlangan, ammo u hali ham ko‘plab eski binolarda bor.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Atrof-muhit dasturi (UNEP) ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda asbest asosan 1948-49 yillardagi arab-isroil urushi paytida qochgan yoki o‘z uylaridan haydalgan falastinliklar uchun qurilgan sakkizta qochqinlar lagerlaridagi tomlarda uchraydi.

2024 yil oktyabrь oyida UNEP G‘azo bo‘ylab 2,3 million tonnagacha vayronalar asbest bilan ifloslanishi mumkinligini taxmin qilgan edi.

"G‘azo vayronalari juda zaharli muhit," deydi Londondagi Mesotelioma tadqiqotlari milliy markazi direktori, professor Bill Kukson. "Odamlar nafaqat o‘tkir, balki uzoq muddatli azob-uqubatlarni ham boshdan kechirishadi, bu bolalarning butun kelajagiga ta’sir qilishi mumkin."

"Hozir yo‘qotilgan umrlar bu bilan tugamaydi. Asoratlar davom etadi," deydi Buyuk Britaniyaning "Mesotelioma" tashkiloti bosh direktori Liz Darlison.

Asbest havo zarbasiga o‘xshash narsa bilan buzilganda, uning ko‘zga ko‘rinmas tolalari yaqin atrofdagi odamlar o‘pkasiga tushadi va uning shilliq qavatiga o‘tishi mumkin.

Ko‘p yillar davomida – odatda o‘nlab yillar o‘tib – ular chandiqlar hosil qilishi mumkin, bu esa asbestoz deb ataladigan jiddiy o‘pka kasalligiga yoki ba’zi hollarda mesotelioma deb ataladigan o‘pka saratonining tajovuzkor shakliga sabab bo‘ladi.

Getty Images
G‘azo vayronalari juda zaharli muhit. Odamlar nafaqat o‘tkir, balki uzoq muddatli azob-uqubatlarni ham boshdan kechirishadi, bu bolalarning butun kelajagiga ta’sir qilishi mumkin.
Professor Bill Kukson
London Mesotelioma tadqiqotlari milliy markazi direktori (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Mesotelioma – bu dahshatli, davolab bo‘lmaydigan kasallik," deydi professor Kukson.

"Eng tashvishli tomoni shundaki, – deb qo‘shimcha qiladi u, – bu dozaga bog‘liq emas. Hatto asbest tolasini oz miqdorda nafas olinishi ham keyinchalik mesoteliomaga olib kelishi mumkin.

U plevra bo‘shlig‘ida o‘sadi. Bu juda og‘riqli. Har doim kech aniqlanadi va deyarli barcha davolash usullari kor qilmaydi."

Odatda, mesotelioma bilan kasallanganlar buni ta’sirdan 20-60 yil o‘tgach boshdan kechirishadi, ya’ni butun hudud bo‘ylab mumkin bo‘lgan ta’sir sezilgunga qadar o‘nlab yillar o‘tadi. Yuqori darajadagi ta’sir yoki uzoq muddatli ta’sir kasallik rivojlanishini tezlashtiradi deb hisoblanadi.

UNEP tomonidan changdan nafas olish bo‘yicha tadqiqotlari keltirilgan doktor Rayan Xoyning aytishicha, asbest tolalaridan nafas olmaslik juda qiyin, chunki ular "havoda suzib yuradigan juda mayda zarrachalar bo‘lib, o‘pkaga juda chuqur kirib borishi mumkin."

Uning aytishicha, ulardan saqlanish yanada qiyinroq, chunki G‘azoda "aholi zich joylashgan." Hududda taxminan 2,1 million kishi istiqomat qiladi va maydoni 365 kv km – Londonning to‘rtdan bir qismiga teng.

U yerdagi mutaxassislar aytishicha, odamlar Isroilning harbiy hujumi bevosita xavf tug‘dirayotgani sababli asbest yoki changdan nafas olish xavfini boshqara olmayapti.

"Hozirgi vaqtda [changdan nafas olishni] aholi xavotirli narsa sifatida qabul qilmayapti. Ularda hatto yeyishga hech vaqo yo‘q va ular bombalardan halok bo‘lishdan ko‘proq qo‘rqishmoqda," deydi "Chegara bilmas shifokorlar" nodavlat tashkilotining G‘azodagi tibbiy koordinatori Chiara Lodi.

"Asbestning xavfi haqida xabardorlikning yo‘qligi, [G‘azodagi odamlar] o‘z hayotlarini tiklashga urinishda duch kelayotgan qiyinchiliklar ular o‘zlarini himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘ra olmasligini anglatadi," deydi G‘azodagi Médecins Sans Frontières nohukumat tashkiloti vakili.

Ko‘pchilik "chang va chiqindilarning zararli ta’siridan to‘liq xabardor emas," deya qo‘shimcha qildi u.

G‘azodagi oldingi mojaradan so‘ng, 2009 yilda BMT tomonidan hududni o‘rganish natijasida eski binolar, omborlar, vaqtinchalik binolar, tomlar va chorva mollari qamalgan joylar devorlari qoldiqlarida asbest topilgan.

Asbestning bir nechta turlari mavjud bo‘lib, ular eng kam xavfli bo‘lgan "oq asbest"dan tortib, eng ko‘p xavfli "ko‘k" yoki krokidolitgacha. Yuqori kantserogen krokidolit asbestni BMT avvalroq G‘azoda topgan edi.

Dunyo bo‘yicha 68 ga yaqin mamlakatda asbestdan foydalanish taqiqlangan, ammo ba’zilari maxsus foydalanish uchun istisnolarni saqlab qolmoqda. U 1999 yilda Buyuk Britaniyada, 2011 yilda esa Isroil binolarida qo‘llanilishi taqiqlangan.

Mesotelioma bilan bir qatorda, asbest o‘pka, hiqildoq va tuxumdon saratonining boshqa shakllarini keltirib chiqarishi mumkin.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bundan tashqari, kamroq ma’lum bo‘lgan xavf silikoz bo‘lib, bu odatda ko‘p yillar davomida silikat changidan nafas olish natijasida kelib chiqadigan o‘pka kasalligidir. Beton tarkibida odatda 20-60% kremnezem bo‘ladi.

Doktor Xoyning aytishicha, G‘azodagi haddan tashqari ko‘p chang "nafas yo‘llari infektsiyalari, yuqori va pastki nafas yo‘llari infektsiyalari, pnevmoniya, astma kabi oldindan mavjud o‘pka kasalligini kuchaytirishi," shuningdek, "changning o‘tkir ta’sirida kuchayishi mumkin bo‘lgan emfizema va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligiga" olib kelishi mumkin.

Yillar davomida Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markaziga qilingan 11 sentyabrь hujumlarida ko‘tarilgan katta zaharli chang bulutining tinch aholiga ta’sirini o‘rganish sog‘liqni saqlash mutaxassislari uchun amaliy tadqiqotga aylangan.

"Egizak minoralar urush zonasida joylashmagan edi, – deydi Darlison xonim, – shuning uchun bu hodisani o‘lchash va miqdoriy baholash bizga nisbatan osonroq bo‘lgandi."

2023 yil dekabrь holatiga ko‘ra, AQSh hukumatining Jahon savdo markazi sog‘liqni saqlash dasturida ro‘yxatga olinganlarning 5249 nafari aerodigestiv kasalliklar yoki saraton oqibatida vafot etgan – bu hujumning o‘zida halok bo‘lgan 2296 kishidan ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Shu davrda jami 34 113 kishida saraton kasalligi aniqlangan.

Shu kabi asbest toshlari qazib olinib, keyin tom yopish uchun tarkibida asbest bor  qurilish materiallariga aylantiriladi.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Shu kabi asbest toshlari qazib olinib, keyin tom yopish uchun tarkibida asbest bor qurilish materiallariga aylantiriladi.
BMTga ko‘ra, G‘azodagi qochqinlar jamloqlarining ko‘pida asbestli shiferlar mavjud.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, BMTga ko‘ra, G‘azodagi qochqinlar jamloqlarining ko‘pida asbestli shiferlar mavjud.

AQSh va bir guruh arab davlatlari G‘azoni qayta tiklash bo‘yicha o‘zaro raqobatdosh rejalarni taklif qildi. BMT asbest bilan ifloslangan vayronalarning ulkan miqdorini qo‘zg‘amaslik uchun jarayonni ehtiyotkorlik bilan boshqarish kerakligi haqida ogohlantirdi.

"Afsuski, – deydi Darlison xonim, – asbestdan ko‘p foydalanishimizga sabab bo‘lgan xususiyatlar undan xalos bo‘lishni ham qiyinlashtiradi."

UNEP vakilining Bi-bi-siga aytishicha, chiqindilarni olib tashlash jarayoni "asbestning buzilishi va havoga xavfli tolalar chiqishi ehtimolini oshiradi."

UNEP baholashiga ko‘ra, barcha chiqindilarni tozalash 21 yil davom etishi va 1,2 milliard dollargacha mablag‘ talab qilishi mumkin.

Isroil harbiylari 2023 yil oktyabrь oyida HAMASning Isroilga qilgan hujumiga javoban G‘azoga hujum boshladi. O‘sha hujum natijasida 1200 ga yaqin odam, asosan tinch aholi halok bo‘lgan va 251 kishi garovga olingandi.

G‘azoning HAMAS tomonidan boshqariladigan Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berishicha, Isroilning hujumi G‘azoda 53 mingdan ortiq falastinlikni, asosan ayollar va bolalarni o‘ldirgan.

Isroil mudofaa kuchlari Bi-bi-sining izoh so‘roviga javob bermadi.