Putin Ukraina masalasida hamon murosasiz, ammo Rossiyada urush borasida jamoatchilik muhokamalari o‘zgarayotgan bo‘lishi mumkinmi?

Surat manbasi, Reuters
- Author, Stiv Rozenberg
- Role, BBC Rossiya muharriri
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Agar Vladimir Putin boshqarayotgan Rossiyaning rasmiy shiori bo‘lganida, u qanday bo‘lardi?
"Rossiya qanday bo‘lsa, shunday va biz buni boricha ko‘rsatishdan uyalmaymiz", degan edi menga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov intervyularidan birida.
Bu gap shiorga juda mos tushadi.
Ammo yaqinda men faxriy estrada va folklor qo‘shiqchisi Nadejda Babkinadan buning yangilangan talqinini eshitdim.
Prezident Putindan mukofot olgach, Babkina Kremldagi tinglovchilarga murojaat qildi: "Barchamizni birlashtirib turgan ajoyib, ko‘p millatli genetik kodimiz tufayli Rossiya hech qachon taslim bo‘lmaydi".
"Bu kimga yoqmasa, borib o‘zini zaharlashi mumkin", deya qo‘shimcha qildi u.
Ko‘p jihatdan "borib o‘zini zaharlashi mumkin" degan ibora 2026 yildagi Rossiyaning mohiyatini ifodalaydi – o‘zini oqlamaydigan, tavba qilmaydigan va murosaga kelmaydigan.
Xuddi Vladimir Putinning o‘zidek.
Kreml rahbari Ukrainaga ommaviy bostirib kirishga buyruq berganidan buyon na qo‘shni davlatga hujum qilish qaroridan afsuslandi, na pushaymon bo‘ldi va na harbiy harakatlarni to‘xtatish niyati bor.
Bu hafta Rossiya Ukraina bo‘ylab yana bir yirik raketa va dron hujumini uyushtirdi.
Hujum Rossiyani dunyoga namoyish etishga mo‘ljallangan yillik Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi arafasida sodir bo‘ldi.
G‘arbning yuqori martabali investorlari va siyosatchilari bunday tadbirlarga kelmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Ammo tashkilotchilar 130 dan ortiq mamlakat va hududlardan delegatsiyalar tashrif buyurishini aytmoqda.
Xorijiy sarmoya jalb qilishga urinayotgan mamlakat uchun qo‘shnisi bilan to‘rt yildan oshiq davom etayotgan urush yaxshi targ‘ibot emasdek tuyuladi.
Ammo, biz bilganimizdek, "Rossiyaning bori shu". Forum bo‘ladimi-yo‘qmi, Ukrainaga hujumlar davom etmoqda.
Prezident Putinning urush borasidagi pozitsiyasi qat’iy. U Ukrainadan butun Donbass hududi ustidan nazoratni Rossiyaga topshirishni talab qilmoqda.
Vladimir Putin o‘zgargani yo‘q. Ammo Kremlda bir narsa o‘zgardi.
Bu Donald Tramp bilan bog‘liq.
O‘tgan yili Rossiya rasmiylari AQSh prezidenti Moskvaning shartlari asosida Ukraina bilan tinchlik bitimini tuzishga yordam berishiga ishonchi komil edi. Boshqacha aytganda, Prezident Tramp Moskvaning maksimal talablarini qabul qilishga Kievni majburlaydi, deb o‘ylashgan.
O‘tgan yozda Alyaskaning Ankorij shahrida bo‘lib o‘tgan AQSh-Rossiya sammitidan so‘ng bir necha oy davomida Rossiyaning yuqori martabali mulozimlari "Ankorij ruhi" haqida jo‘shib gapirishdi – go‘yo Donald Tramp va Vladimir Putin Moskva manfaati uchun Ukraina bo‘yicha o‘zaro anglashgandek.
Biroq hech qanday tinchlik bitimi tuzilmadi.
"Ankorij ruhini bilmadim, – dedi yaqinda Rossiya davlat televideniesiga bergan intervyusida prezident Putinning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov. – Men bu iborani hech qachon ishlatmaganman".
Bu "Ankorij ruhi" yo‘qolmagan bo‘lsa-da, hech bo‘lmaganda so‘na boshlaganidan darak edi.

Surat manbasi, EPA
Vladimir Putinning yaqqol hafsalasi pir bo‘lishiga aynan shu omil sabab bo‘layotgandir, ehtimol.
Boshqa sabablar ham ko‘p.
Kreml rahbari qisqa muddatli "maxsus harbiy operatsiya" bo‘ladi deb o‘ylagani mana beshinchi yildirki davom etayotgan qonli va holdan toydiruvchi urushga aylanib ketdi. 2022 yil fevralidan buyon Rossiya jang maydonlarida ulkan talafotlar ko‘rdi, iqtisodiyoti jiddiy zararlandi, texnologik jihatdan tanazzulga yuz tutdi.
Qolaversa, urushning o‘zi Rossiya hududiga kirib keldi. Bugun Ukraina dronlari Rossiyaning ichkarisigacha yetib bormoqda. Neftni qayta ishlash zavodlari va boshqa energetika infratuzilmalari muntazam nishonga olinyapti. O‘tgan oyda Ukrainaning Moskva viloyatiga uyushtirgan keng ko‘lamli dron hujumi Rossiya poytaxti atrofidagi havo mudofaasini yorib o‘tish mumkinligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Hujum xavfi tufayli 9 may kuni Qizil maydonda o‘tkaziladigan G‘alaba kuniga bag‘ishlangan yillik parad ko‘lami qisqartirildi.
To‘rt yildan oshiq davom etgan urush va minglab xalqaro sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotiga g‘oyat katta yuk bo‘ldi. Byudjet taqchilligi oshib, iqtisodiyot turg‘unlikka yuz tutmoqda.
Xo‘sh, Kreml bu qiyinchiliklarga qanday munosabat bildirdi?
"Maxsus harbiy operatsiya" ko‘lamini qisqartirish orqali emas.
Aksincha.
Rossiyaning yaqinda Ukraina shaharlariga uyushtirgan keng ko‘lamli havo hujumlaridan kelib chiqilsa, javobiy chora vaziyatni yanada keskinlashtirish bo‘lmoqda.
Lekin Kreml buning uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olayotgani yo‘q. U Kievni ayblab, Rossiya go‘yoki Ukraina sharqidagi ishg‘ol qilingan Starobilsk shahridagi kollej yotoqxonasiga berilgan so‘nggi zarbaga javob qaytarayotganini da’vo qilmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘shanda u yerda 21 nafar talaba halok bo‘lgan.
Ukraina harbiylari Starobilskda Rossiyaning "Rubikon" nomli elita dron bo‘linmasi shtabiga zarba berganini ma’lum qildi. Biroq bu Rossiya tilga olgan bino bilan aynan bir bino ekani aytilmagan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Janglarning tugashi har qachongidan ham yiroqdek tuyulmoqda.
O‘tgan yillarda Prezident Putin Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumidagi chiqishlaridan o‘zining ayni damdagi qarashlarini yetkazish va G‘arbni tanqid qilish uchun foydalangan. Uning Sankt-Peterburgda xalqaro axborot agentliklari bosh muharrirlari bilan uchrashishi va ma’ruza qilishi kutilmoqda.
U bu yilgi forumdan Ukraina borasidagi pozitsiyasini o‘zgartirishga ishora qilish uchun foydalanadimi? Hozircha bundan dalolat beruvchi hech qanday alomat yo‘q.
Shunga qaramay, Rossiyaning o‘zida urushni tugatish vaqti kelmadimi, deya jamoatchilik muhokamalari kuchayib borayotgani alomatlari ko‘zga tashlanmoqda.
Men buning tasdig‘ini hatto mamlakatning qattiq nazorat ostidagi mediasida ham ko‘ryapman.
Mamlakat tashqi siyosat doiralari bilan yaqin aloqaga ega "Rossiya global masalalarda" (Russia In Global Affairs) jurnalida siyosatshunos Vasiliy Kashin shunday xulosa qildi: "Hozirgi bosqichda Ukrainadagi Rossiyaga qarshi rejimni yo‘q qilishdek maqsadga butun mamlakatni, jumladan, uning g‘arbiy qismini ham uzoq muddat to‘liq harbiy bosib olmasdan turib erishish aslo mumkin emas. Rossiya uchun bu texnik jihatdan imkonsizdir".
Oradan bir necha kun o‘tib, kremlparast "Moskovskiy komsomolets" nashri siyosiy sharhlovchi Aleksandr Nosovichdan iqtibos keltirdi: "Ekspertlar hamjamiyatida maxsus harbiy amaliyotni ko‘zlangan maqsadlarga erishilgunga qadar davom ettirish tarafdorlari hamda uni tugatish vaqti keldi, deb hisoblaydiganlar o‘rtasida bo‘linish bor, chunki eng yomon stsenariy mag‘lubiyat ham emas, balki amaliyotning cheksiz davom etishidir".
Shu nashrda huquqshunos Dmitriy Krasnov Rossiya tarixi davomida "aynan mag‘lub bo‘lingan urushlar va kamsituvchi sulhlar muntazam ravishda yangi yutuqlar, islohotlar va ajablanarlisi, yangi g‘alabalarga olib kelganini... yirik geosiyosiy yo‘qotishlar esa ba’zan yorqin g‘alabalardan ham foydaliroq bo‘lganini" ta’kidlaydi.
Rossiya g‘oliblar va g‘alabalar yurti degan ishonch milliy g‘oyasi bo‘lgan mamlakatda bunday maqolaning chiqqanini ko‘rish hayratlanarli edi.
Bu Rossiya o‘z maqsadlariga erishmay turib, Ukrainadagi urushni tugatishi kerakligiga ishora edimi?
Bir necha kundan so‘ng maqolani internetda qayta o‘qishga harakat qildim.
Ekranda "Error 404. Page not found" degan yozuv paydo bo‘ldi. Kirish rad etildi.
Balki qandaydir muhokama bordir. Lekin uning aniq chegaralari borligi tayin.





























