Putin, Toqaev, Mirziyoyev va Berdimuhamedov – Trampga kim nima dedi?

Surat manbasi, Chip Somodevilla/Getty Images
AQSh prezidenti bilan bog‘liq bu galgi yangilik ham mintaqa va postsovet makonida ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortdi.
Kecha, yakshanba kuni aksariyat yetakchi nashrlarida sarlavhalarga ham chiqdi.
AQSh prezidenti Donald Trampning 80 yoshga kirishi Markaziy Osiyoda ham e’tibordan chetda qolmadi.
Uch mintaqa davlati – Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston prezidentlari Trampni qanday tabriklashgani rasman xabar berildi.
Toqaev nima dedi?

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images
Xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidentini tavallud kuni bilan mintaqadan birinchi bo‘lib Qozog‘iston prezidenti qutlagan, Trampga tabrik telegrammasi yuborgan.
Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, Qosim-Jomart Toqaev o‘zining tabrigida "Qozog‘istonning AQSh bilan kengaytirilgan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash tarafdori ekanini yana bir bor tasdiqlagan".
"Ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy muloqotning yuksak darajada ekani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning jadal rivojlanib borayotganini qayd etgan".
Prezident Toqaev, Qozog‘iston AQSh tomoni bilan, "tinchlik, o‘zaro anglashuv va barqaror rivojlanishni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish yo‘lida hamkorlikni davom ettirishga tayyor"ligini ham ta’kidlagan.
Qozog‘iston yetakchisi Donald Trampga "farovonlik va Amerika xalqi ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli davlat xizmatida muvaffaqiyatlar tilagan".
Qozog‘iston esa, O‘zbekiston bilan birga Donald Tramp qudratga qaytishi ortidan AQSh o‘zaro aloqalarini kuchaytirish harakatida bo‘lgan ikki eng yirik Markaziy Osiyo davlatidan bittasi bo‘ladi.
Mintaqa Rossiya, Xitoy, Eron va Afg‘onistonga bevosita chegaradosh, strategik joylashuvi muhim, tabiiy energiya zaxiralari va noyob minerallarga boy.
Mirziyoyev-chi?

Surat manbasi, Getty Images
Trampga yo‘llagan tabriklari matniga qaralsa, ularning ichidan O‘zbekiston prezidentniki eng uzuni va mufassali bo‘lib chiqqan.
Shavkat Mirziyoyev Trampni, "boy tajribaga ega, o‘z xalqining hurmat va ehtiromiga sazovor bo‘lgan atoqli davlat arbobi sifatida yaxshi bilishlari"ni aytgan.
Trampning "qat’iy siyosiy yetakchiligi va mustahkam irodasi tufayli Amerika Qo‘shma Shtatlarining xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va qudrati tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta’kidlashni istashi"ni bildirgan.
Rasmiy xabarlarga ko‘ra, prezident Mirziyoyevning tabrigida ham O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi sur’atiga alohida e’tibor qaratilgan.
"Bugun O‘zbekiston – AQSh aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir", – deyilgan maktubda.
Mirziyoyev "ochiq va konstruktiv hamkorlikka intilayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston AQSh bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirgan".
"Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini ta’kidlagan".
"Strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Prezidentimiz amerikalik hamkasbini O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etgan".
O‘zbekiston prezidenti o‘z tabrigi yakunida, "Donald Trampga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, do‘st Amerika xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tilagan".
Tramp Amerika Qo‘shma Shtatlarining Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidan O‘zbekiston bilan "strategik sheriklik"ning yangi davrini boshlagan prezidenti bo‘ladi.
Bugun O‘zbekiston – AQSh aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir.
Berdimuhamedov nima dedi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Serdar Berdimuhamedovning Trampga yo‘llagan tabrigi haqida Turkmaniston Davlat axborot agentligi rasman xabar bergan.
Turkmaniston AQSh va Isroil urush ochgan Eronga bevosita chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.
Rasman "neytral" davlat, mintaqa va dunyodagi tabiiy gaz zaxiralariga boy mamlakatlardan biri.
"Turkmenistan segodnya"ning yozishicha, prezident Serdar Berdimuhamedov Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga 80 yoshga to‘lishi munosabati bilan "samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘llagan".
Ma’lum bo‘lishicha, "Biz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yuksak qadrlaymiz va ular Turkmaniston va Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqlari manfaatlari yo‘lida yanada rivojlanishi va mustahkamlanishiga qat’iy ishonamiz", — deyilgan Turkmaniston rahbarining tabrigida.
Turkmaniston prezidenti "fursatdan foydalanib", o‘zining tabrigi yakunida "Trampga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik, Amerika Qo‘shma Shtatlari xalqining taraqqiyoti va farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tilagan".
Putin eng birinchimi?

Surat manbasi, Contributor/Getty Images
Yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, Rossiya prezidenti kecha, 14 iyun kuni Tramp bilan qo‘ng‘iroqlashgan.
Unga ko‘ra, "Donald Tramp aytilgan gaplardan ta’sirlanib, Putinga minnatdorchilik bildirgan" va Rossiya prezidenti "Oq uyda unga qo‘ng‘iroq qilgan birinchi xorijiy davlat rahbari ekanligini ta’kidlagan".
Suhbat 55 daqiqa davom etgan, ikkovlon "ochiqcha va do‘stona kechgan".
Ushakovning ma’lum qilishicha, ikki davlat yetakchilari faqat iltifotlar bilan kifoyalanishmagan.
Bugungi kunning eng muhim xalqaro masalalari – Eron va Ukraina urushi haqida ham gaplashib olishgan.
AQSh va Eron o‘rtasidagi yangi kelishuv atrofidagi vaziyatni muhokama etishgan.
Ushakovga ko‘ra, "Donald Tramp Rossiyaning ham ishtiroki va, xususan, konstruktiv yechimlarni topish bo‘yicha bildirilgan takliflar uchun minnatdorchilik bildirgan".
"Rossiya tomoni ham butun mintaqa va undan tashqarida ham alanga olishi mumkin bo‘lgan mojaro, aftidan, to‘xtatilganidan mamnunlik bildirgan".
Eron Rossiyaning Yaqin Sharqdagi eng yaqin sanoqli ittifoqchilaridan biri bo‘lib kelgan.
Putin yordamchisining aytishicha, Ukraina mojarosi haqida so‘z ketganda, AQSh prezidenti yana bir bor "harbiy harakatlarga chek qo‘yish zarurligi"ni aytgan.
Ushakovga ko‘ra, Tramp, "Yevropadagi hamkorlarga ham, Kievga ham ta’sir o‘tkazishga tayyorligini bildirgan".
Ammo Rossiya tomonining rasmiy xabarida Trampning bu gaplariga Putinning javom qanday bo‘lgani tafsilotlari keltirilmagan.
Xuddi shu manzarada Rossiya Kievga yana yalpi hujum qilganiga oid xabarlar olingan.
Rasmiy xabar yakunida aytilishicha, Putin Trampga biror bir hadya yo‘llamagan, ammo tabrigining o‘zi "iliq" bo‘lgan.
Trampga tabrik yo‘llagan uch Markaziy Osiyo davlati rahbarlarining unga biror bir sovg‘a yuborishgani yoki yo‘qligi tafsilotlari esa hozircha noayon qolgan.
AQSh esa yaqin-yaqingacha Rossiyaga qarshi urushida Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelgan. Eng yirik harbiy donorlaridan biri bo‘lgan.
Kecha, yakshanba kuni 80 yoshga kirgan Donald Tramp Kamerun prezidentidan keyin dunyoning eng keksa ikkinchi prezidentiga aylangan.
Undan keyingi o‘rinlarni esa 73 yoshda bo‘lgan Putin va 72 yashar Xitoy prezidentlari egallashgan.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari bugun o‘zining tavallud ayyomini nishonlayotgan Xitoy prezidentiga ham allaqachon o‘zlarining tabriklarini yo‘llab bo‘lishgan.
AQSh va prezidenti

Surat manbasi, GettyImagesWin McNamee
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘ladi, Rossiya va Xitoy bilan birga mintaqada o‘zaro raqobatda bo‘lgan uchta geosiyosiy qudratdan bittasi.
U yerda qudratga Respublikachi Donald Trampning qaytishi mintaqada yangi xavotirlarni paydo qilgan voqe’likka aylangan.
Tahlilchilar doirasida endi Markaziy Osiyoning "geosiyosiy tuzoq"qa tushib qolishi ehtimoli kuchayishi, endi mintaqaning Rossiya, Xitoy va AQSh o‘rtasidagi manyovr qilish imkoniyati bo‘lmasligi mumkinligiga oid tahlillarga ham zamin yaratgan.
Tramp yutib chiqqan so‘nggi Amerika prezidentligi saylovi dunyoda geosiyosiy tanglik bu yaqin o‘n yilliklarda "misli ko‘rilmagan bir daraja"ga yetgan, hatto, yarim asrdan ko‘proq o‘tib, yadroviy urush xavfi yana kun tartibiga qaytgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini kuchayib borayotgan, xuddi shu urush fonida Rossiya Xitoyga, ikkovlon yana Markaziy Osiyoga tobora yaqinlashayotgan, Global Janubni jipslashtirib, ko‘pqutbli dunyo talabidagi da’vatlariga zo‘r berayotgan, buning ziddiga mintaqaga kollektiv G‘arbning diqqat-e’tibori ham kuchaygan, uni hamkorligining markaziga qo‘ygan, G‘azo misolida bo‘ladimi, Livan yoki Eron – Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashib, dastlab Isroil va Hamas o‘rtasida boshlangan qurolli nizoning endi butun mintaqaga sachrashi, katta urushga aylanishi ehtimoli tobora reallik kasb etib borayotgan bir fazoda bo‘lib o‘tgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari bugungi global geosiyosiy tanglik ortida turgan yirik qurolli mojarolarga befarq emas, Tramp qudratga qaytgunigacha Rossiyaga qarshi urushi va mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi himoyasida Ukrainani har tomonlama qo‘llab kelayotgan eng yirik donor sifatida ko‘rilgan, shu urush bilan kechayotgan uch yildan ortiqroq vaqt ichida Markaziy Osiyo mamlakatlarini ham Rossiya tahdididan rasman va oshkora ogohlantirishga o‘tgan, vakillarining ham tashriflarini faollashtirgan davlat.
Xitoy esa Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan birga dunyoning eng yirik ikkita harbiy va iqtisodiy qudratidan bittasi sanaladi, u ham o‘zining yadroviy arsenaliga ega, ammo, boshqa tomondan, eng yirik savdo hamkori aynan Amerika bo‘lgan mamlakat.
Boshqa tomondan, Xitoy bugun Markaziy Osiyoning eng yirik sarmoyachi va kreditorlaridan biri.
Aksar aholisi nisbatan kambag‘al mintaqada muhim o‘rin tutuvchi iqtisodiy va geoiqtisodiy qudrat.
Xitoy o‘zining umumiy qiymati milliardlab dollarlik yirik iqtisodiy va transport loyihalarini ham Markaziy Osiyoga bog‘lagan, dunyoning mintaqaga bunday tashabbuslar, Ukraina urushi fonida ularning o‘z mustaqilliklari tarixida ko‘rilmagan ulkan hamkorlik rejasi va yirik moliyaviy ko‘mak va’dasi bilan chiqqan yagona davlati.
Ukraina urushi fonida e’lon qilgan xuddi shu olamshumul rejasi endi Rossiyaning ziddiga mintaqada Xitoyning siyosiy ta’siri kuchayadi, degan talqinlarga ham sabab bo‘lishga ulgurgan.
Xuddi shu manzarada dunyoda bo‘y ko‘rsatib turgan mavjud geosiyosiy tanglik bir necha yilning o‘zida Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarida ham allaqachon jiddiy xavotirlarga molik masalalardan biriga aylanib bo‘lgan.
O‘zbekiston bo‘ladimi yoki Qozog‘iston, mintaqaning eng yirik davlatlari liderlari shu qisqa vaqtning o‘zida bunday keng ko‘lamli va o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri o‘z mintaqalarini ham chetlab o‘tmayotganligi, "murakkab sinovlarni boshlaridan kechirayotganliklari"ni rasman va oshkora e’tirof etishgacha borishgan.
Markaziy Osiyo mintaqasi va qudratlar

Aholisi sakson milliondan ortuvchi Markaziy Osiyo shundoq ham kambag‘allik, ishsizlik va korruptsiya anchayin dolzarb muammoligicha qolayotgan, jiddiy ekologik muammolarga yuz tutgan, kuzatuvchilar nazdlarida, diniy radikalizm, ijtimoiy portlash xavfi nisbatan yuqori, orada jangarilik muammosidan ham ziyon chekkan mintaqa.
Aksariyat mintaqa davlatlarining iqtisodi aksaran qishloq xo‘jaligiga asoslangan, millionlab fuqarosi chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band, tirikchiligi asosan shuning orqasidan o‘tadi.
Rossiya ularning eng yirik savdo-iqtisodiy sheriklaridan bittasi, eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori.
Ammo geostrategik jihatdan muhim, Rossiya, Xitoy, Eron, yaqin-yaqingacha urushlar ichida bo‘lgan, O‘zbeklari ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan, jon saqlab kelayotgan va uch yildirki, muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmayotgan, ammo Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash imkoniyatiga ega Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga chegaradosh.
Aholisining aksarisi musulmon, tabiiy energiya zaxiralari, uran bo‘ladimi yoki boshqa, strategik ahamiyatga ega turli noyob ma’danlarga boy, Ukraina urushi fonida uch global qudrat o‘rtasidagi geosiyosiy raqobat yanada kuchaygan, Yevropa Ittifoqining ham qiziqishi kuchaygan, xuddi shu manzarada dunyoning eng yirik turkiy tilli davlati va NATOning yagona musulmon a’zosi bo‘lgan Turkiya ham yangi o‘yinchi sifatida sahnaga kirib kelgan hudud.
Aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari esa qudratlarga nisbatan ko‘pqutbli, ammo o‘zlarining "milliy manfaatlariga asoslangan" tashqi siyosat yuritish mavqeida sobit.
Markaziy Osiyo va Tramp

Surat manbasi, rasmiy
So‘nggi Amerika prezident saylovining ertasigayoq Markaziy Osiyo davlatlari liderlarining barchasi birdek Trampni g‘alabasi bilan rasman qutlashgani ham, ayniqsa, Ukraina urushi manzarasida chetda ham e’tibor tortgan, turli talqin va tahlillarga sabab voqe’likka aylangan.
Ularning hammasi o‘z tabriklarida "o‘zaro hurmatga asoslangan", "manfaatli", "teng", "do‘stona" sifatlarida bo‘ladimi yoki "ko‘pqutbli" "yangi darajaga ko‘tariluvchi" – Donald Tramp boshqaruvi ostidagi Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikka umid bildirib qolishgan.
Tabriklarning ichida eng mufassali va ko‘p qirralisi esa, O‘zbekiston prezidenti ekani ko‘rilgan.
Shavkat Mirziyoyev Trampni tabriklash barobarida Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi saylangan Respublikachi prezidentini O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga ham da’vat qilgan.
U O‘zbekiston AQShning mamlakat mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi doimiy pozitsiyasini ham yuksak qadrlashini ta’kidlagan.
Bu ham Markaziy Osiyo prezidentlarining Trampga yo‘llagan tabriklari manzarasida aynan Shavkat Mirziyoyevnikida ko‘pchilik o‘zining diqqatini qaratgan eng muhim nuqtalardan biri bo‘lgan.
Xuddi shu mazmundagi bayonot buning ortidan O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik sheriklik muloqoti haqidagi qo‘shma bayonotda ham aytilgan.
Tomonlar forum maqomini kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarishga ham kelishib olishgani ma’lum bo‘lgandi.
Orada O‘zbekiston va Qozog‘iston Trampning G‘azo bo‘yicha yangi tashabbusi bo‘lgan Tinchlik Kengashi g‘oyasiga bosh qo‘shishgan.
AQSh prezidenti bu ikki davlat prezidentini yana yirik yigirmalik mamlakatlarining Mayamida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan sammitiga taklif qilib ham katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Donald Tramp ilk bor Shavkat Mirziyoyev bilan bir vaqtda qudratga kelgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari aynan Trampning dastlabki boshqaruvi davrida O‘zbekiston bilan "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlagan.
Va Trampning taklifi bilan O‘zbekiston prezidenti 2018 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘zining ilk rasmiy tashrifini ham amalga oshirgan.
Tomonlar o‘shanda bir tashrifning o‘zidayoq "strategik sheriklikning yangi davri"ni boshlaganliklarini e’lon qilishgan.
Donald Tramp o‘shanda O‘zbekiston prezidentining bu tashrifini "tarixiy", deb atashgacha borgan.





























