Ochlik va ochko‘zlik: Qancha ovqat yeyish kerak

AQShda portsiyalar hajmi 1980 yillardan boshlab kattara boshladi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AQShda portsiyalar hajmi 1980 yillardan boshlab kattara boshladi
    • Author, Sara Bell
    • Role, BBC News
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Katta stakandagi gazli ichimliklar, tobora yiriklashib borayotgan gamburgerlar, ovqatga to‘la likopchalar — so‘nggi yarim asrda dunyoning ayrim joylarida taomlar hajmi ortib bordi. Shu bilan birga semirish ham ko‘paydi.

Ammo oziq-ovqat sanoati turli xil shirinliklar bilan tinimsiz vasvasa qilayotganda, qanday qilib sog‘lom yurish va ortiqcha ovqatlanmaslik mumkin?

Bu tendentsiya ayniqsa AQShda sezilarli. 1980-yillardan boshlab ovqat hajmlari restoran madaniyatining ommalashishi va muassasalar o‘rtasida raqobat kuchayishi bilan birga kattalashdi. "Agar bir restoran kichik hajmda makaron sotsa, boshqasi esa kattaroq miqdorda taklif qilsa, odamlar kattasini bergan restoranga borishadi", — deydi Nyu-York universiteti professori doktor Liza Yang BBC'ning The Food Chain dasturida.

"Ovqat juda arzon edi. Taom arzon bo‘lsa, ishlab chiqaruvchi sizga ikki baravar ko‘proq berib, faqat biroz ko‘proq pul olishdan manfaatdor bo‘ladi. Siz o‘zingizni yaxshi ovqat sotib oldim deb o‘ylaysiz, ular esa ko‘proq daromad topadi" — deya tushintiradi u.

Bu tendentsiyalar Braziliya kabi rivojlanayotgan mamlakatlarda ham kuzatilmoqda,-deydi San-Paulu universiteti professori, ovqatlanish odobi bo‘yicha ekspert, doktor Marle Alvarenga.

"Bu asosan qadoqlangan va qayta ishlangan mahsulotlarda namoyon bo‘ladi. Masalan, an’anaviy taomlarimiz — guruch, loviya, baliq yoki maniok unlari katta hajmlarda sotilmaydi", — deydi u.

Doktor Yangning ta’kidlashicha, bu asosan oziq-ovqat tizimining amerikalashayotgani bilan bog‘liq.

"McDonald's kabi amerikalik taomlar yoki turli shokolad batonchalari boshqa mamlakatlarga kirib borgani sayin, ularning hajmi ham kattalashadi. Ultra-qayta ishlangan mahsulotlarni yeganda, odam 500 kaloriyaga ko‘proq iste’mol qiladi", — deydi ekspert.

Katta portsiya ko‘proq iste’mol qilish deganimi?

Oldin kichik likopchani ishlatishga oddiy qaror sifatida qaralgan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Oldin kichik likopchani ishlatishga oddiy qaror sifatida qaralgan

Psixologlarning fikricha, tadqiqotlardan eng ishonchli xulosa — odamlarga kattaroq miqdorda taom berilsa, ular ko‘proq yeydilar. Bir tadqiqotga ko‘ra, ulush ikki baravar kattalashsa, odamlar 35% ko‘proq ovqat yeyishadi.

"Odamlar har doim likopdagi ovqatni oxirigacha yeb tugatmaydi. Lekin portsiya kattalashgani sayin, umumiy iste’mol ham ortishi aniq", — deydi Sidneydagi Yangi Janubiy Uels universiteti professori Lenni Vartanyan.

Uning aytishicha, muammoning katta qismi shundaki, odamlar ovqatning qancha miqdorini to‘g‘ri deb hisoblashni aniq bilishmaydi. Instinktlar hamisha ishonchli emas. Shuning uchun odamlar ko‘pincha portsiya hajmini me’yor sifatida qabul qiladi.

"Biz kamdan-kam holatda juda och yoki juda to‘q bo‘lamiz. Odatda o‘rta holatdamiz. Ana shu paytda turli signallar bizga ta’sir qiladi", —deydi professor Vartanyan.

Kichikroq likopcha ishlatish yordam berishi mumkinmi?

Bir vaqtlar oddiy yechim deb ovqat miqdorini kichraytirish hisoblanardi. Ya’ni likopchaga kamroq ovqat solinadi, shu bilan vizual illyuziya paydo bo‘ladi: ovqatni kichik likopga solsangiz, u to‘laroq ko‘rinadi, odam o‘zini to‘qroq his qilishi va kamroq yeyishi mumkin. Biroq tadqiqotlar bu nazariyani tasdiqlamaydi.

"Likopchaning o‘zi ovqat miqdoriga ta’sir qilmaydi; asosiysi, qo‘shimcha ovqatning qo‘l ostida bor-yo‘qligi", — deydi professor Vartanyan. Ya’ni agar ovqat stolda qo‘l yetadigan joyda tursa, likopchaning hajmiga qaramay, odam xohlasa yana oladi. Aslida, o‘zingizga bir qism solib, qolganini ko‘zdan yiroqqa qo‘yish kerak.

"Ovqatni shunday joyga qo‘yingki, sizda qo‘shimcha olish imkoni bo‘lmasin", — deydi professor.

Portsiya hajmini qanday tartibga solish kerak?

Ekspertlar aytishicha, eng muhim narsa — ochlik hissiga quloq solish va yeyayotgan ovqatga ongliroq munosabatda bo‘lish.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ekspertlar aytishicha, eng muhim narsa — ochlik hissiga quloq solish va yeyayotgan ovqatga ongliroq munosabatda bo‘lish.

Ekspertlar aytishicha, eng muhim narsa — ochlik hissiga quloq solish va yeyayotgan ovqatga ongliroq munosabatda bo‘lish.

"Odamlar likopda nima borligiga e’tibor bermaydi, ochlik hissiga quloq solmaydi. Ular o‘zlarini to‘q yoki ochligini ham sezmaydi", — deydi doktor Liza Yang.

Yana bir muhim jihat — katta portsiyalar mavjudligi odamlarning "me’yor" haqidagi tasavvurini o‘zgartiradi.

"Mening maslahatim — ehtiyotkor bo‘ling. Odobga qarang, hajmga qarang. Sanoat marketing va boshqa usullar bilan nima qilayotganini anglashga harakat qiling", — deydi doktor Marle Alvarenga.

Tamaddi haqida nima deyish mumkin?

Getty Images
Odamlar har doim likopdagi ovqatni oxirigacha yeb tugatmaydi. Muammo shundaki, odamlar ovqatning qancha miqdorini to‘g‘ri deb hisoblashni aniq bilishmaydi.
Lenni Vartanyan
Sidneydagi Yangi Janubiy Uels universiteti professori (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Agar sizda olma, boshqa meva yoki qadoqlanmagan mahsulot bo‘lsa, qancha yeyishingiz katta ahamiyatga ega emas, chunki ular foydali", — deydi doktor Yang. Ammo agar qadoqlangan mahsulot bo‘lsa, qadog‘ida standart hajm ko‘rsatiladi, masalan, bir qadoqda to‘rt kishilik ovqat. Siz mahsulotni qadoqdan chiqarib, uning ko‘rinishiga qarashingiz va haqiqatda qancha yeyayotganingizni solishtirishingiz kerak.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:

"Odamlar "Men nonushtada faqat kichik likopchada bo‘tqa donini yeyman", deyishadi. Lekin ulardan haqiqatda qancha yeyayotganini ko‘rsatishni so‘rasangiz va standart hajm bilan solishtirsangiz, ular uch baravar ko‘proq yeyayotgani ma’lum bo‘ladi", — deydi u.

"Standart hajmni ko‘z bilan baholang. Keyin o‘zingizdan so‘rang: "Mening likopchamda yoki laganimda necha kosalik taom bor?" Bu yordam beradi", — deya xulosa qiladi ekspert.