Jahon chempionati-2026: O‘zbekiston bilan o‘yin tugadi, guruhdan keyingi bosqichga Kolumbiya, Portugaliya va Kongo chiqdi. Video

Surat manbasi, Getty Images
O‘zbekiston 1-3 Kongo. Kolumbiya 0-0 Portugaliya. "K" guruhida yakuniy tur uchrashuvlari tugadi.
Hozirgina Atlantada poyoniga yetgan har ikki parallel o‘yin natijasiga muvofiq, guruhdan keyingi bosqichga Kolumbiya, Portugaliya va Kongo chiqdi.
Kolumbiya va Portugaliya o‘yinida hisob ochilmadi.
O‘zbekistonga qarshi o‘yinda Kongo bir jahon chempionatida o‘zining ilk g‘alabasiga erishdi.
Birinchilikdagi ikkinchi ishtirokidayoq keyingi bosqichga chiqdi.
O‘yinda hisobni birinchi bo‘lib ochgan O‘zbekiston, ayniqsa, birinchi bo‘limda Kongoga qarshi murosasiz va o‘ta hujumkor o‘yin namoyish etdi, hisobni o‘zining foydasiga hal qilishning yaxshi imkoniyatlariga ham ega bo‘ldi.
O‘yinning ilk daqiqalaridayoq hisobni ochdi, ammo o‘yindan tashqari holat qayd etgan hakam golni inobatga olmadi.
O‘zbekiston bugun faqat g‘alaba uchun maydonga tushgan va shunga munosib, ya’ni birinchilikdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish eta olgandi.
Ammo yakunida hisob Kongo foydasiga hal bo‘ldi, jamoaga 11 metrlik jarima to‘pi ham pand berdi.
Uch tur uchrashuvlari ortidan, O‘zbekiston o‘zining jahon chempionatidagi ilk ishtirokini guruh bosqichida yakunladi.
Kongo esa guruhda 2026 yilgi Yevropa chempioni Portugaliya bilan durang o‘ynagan jamoa bo‘ladi.
Xuddi shu daqiqalarda matbuot anjumanida gapirgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi "bu musobaqa o‘zi uchun ham, futbolchilar uchun ham katta tajriba bo‘lgani"ni aytdi.
"Bu kelajakda o‘zlariga katta motivatsiya beradi", - degan o‘ydaligini ham bildirdi.
Bosh murabbiy o‘tkazib yuborilgan gollar sababini "ikkinchi bo‘limdagi xatolar" bilan izohladi.
"Ha, biz xatolar qildik. Biroq men futbolchilardan umuman shikoyat qilmoqchi emasman. Ular qo‘lidan kelgan hammasini qildi va men ulardan faxrlanaman", - dedi Fabio Kannavaro.
Rasmiy xabarlardan O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatidagi o‘yinlarini shaxsan mamlakat prezidentining o‘zi kuzatib borayotgani ma’lum bo‘lgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham jamoaga qanday ishqibozlik qilayotgani haqida ochiqcha gapirgan.
Ammo O‘zbekiston rahbarining Kongaga qarshi yakuniy uchrashuvni qaerda va qanday tomosha qilgani hozircha noayon qolgan.
Guruhdagi so‘nggi ikki muhim uchrashuvi oldidan ham shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi milliy terma jamoaga omad tilagan, Namangan viloyatida safar ekaniga qaramay, Portugaliyaga qarshisi misolida ularning o‘yinini o‘ylab, nima bo‘larkin, deya, hattoki, ko‘ziga uyqu kelmayotganini e’tirof etishgacha borgan.

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Yakuniy o‘yin boshlandi
O‘zbekiston 1-0 Kongo, Kolumbiya 0-0 Portugaliya.
"K" guruhidagi to‘rt milliy terma jamoa o‘zining yakuniy – uchinchi tur uchrashuvlari uchun maydonga tushdi.
Har ikki o‘yin bir vaqtning o‘zida, Toshkent vaqti bilan tongi soat 04:30, London vaqti bilan esa tungi soat 12:30 da boshlandi.
O‘zbekistonda ilk daqiqalardayoq hisobni ochishning imkoniyati bo‘ldi, ammo hakam o‘yindan tashqari holatni qayd etdi. Eldor Shoumrodov kiritgan to‘pni inobatga olmadi.
O‘zbekiston birinchi bo‘limni ustma-ust hujum bilan boshladi.
Xuddi shu daqiqalarda O‘zbekiston o‘yinda hisobni ochdi.
Birinchi bo‘limning 10-daqiqasida kiritilgan to‘pni jamoa sardori Eldor Shomurodov o‘zining hisobiga yozdi.
Bu O‘zbekiston joriy jahon chempionatida kiritgan ikkinchi to‘p bo‘ldi.
Milliy terma jamoaning hujumlari davom etayotir.
Uchrashuv birinchi bo‘limining 17-daqiqasida Kongo hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ammo VAR tekshiruvidan so‘ng, hakam Natanael Mbuku o‘yinda qoidabuzarlik qilindi, deb topdi, Kongo kiritgan to‘pni bekor qildi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasida birinchi bo‘limning so‘nggi o‘n daqiqasida hisobda yanada oldinga chiqib olishning imkoniyati bo‘ldi, ammo raqib darvozaboni to‘pni qaytarishga muvaffaq bo‘ldi.
Murosasiz kechgan birinchi bo‘lim o‘zining nihoyasiga yetdi.
O‘yinda tanaffus, O‘zbekiston 1-0 Kongo.
Kolumbiya va Portugaliya o‘yinida halicha hisob ochilgani yo‘q.
Raqib jamoalar o‘rtasidagi 3-tur uchrashuvlariga ham Amerika Qo‘shma Shtatlari mezbonlik qilmoqda.
O‘zbekistonning Kongoga qarshi guruhdagi yakuniy uchrashuvini birgina Farg‘ona viloyatidagi "Al-Farg‘oniy" parkining o‘zida yuzlab odam katta ekranlar orqali tomosha qilgan.
Uchrashuvning mahalliy vaqt bilan tonggi soatlarga to‘g‘ri kelgani ham bunga to‘sqinlik qila olmagan.
Muxbirlarimiz mana bu suratlarni o‘yin chog‘ida xuddi o‘sha joydan olib, yuborishgan:





2-bo‘lim boshlandi
Jamoalar 2-bo‘limni anchayin ehtiyotkorlik bilan boshlashdi.
Kongo ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida o‘yinda hisobni tenglashtirishga urinib ko‘rdi, hujumga zo‘r berdi.
Xuddi shu daqiqalarda qarshi hujumga o‘tgan O‘zbekistonda hisobni 2:0 ga yetkazish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Ammo jamoa sardori Eldor Shomurodov tepgan to‘p sal balandlik qildi, darvoz to‘sini tepasidan o‘tib ketdi.
Kongo qarshi hujum uyushtirish harakatida, ammo O‘zbekiston malakali himoyalanmoqda.
Uchrashuvning 2-bo‘limining 55-daqiqasi o‘tib borayotir.
Hozircha hisobda O‘zbekiston oldinda: 1-0.
Kongo ustma-ust hujum uyushtirish harakatida.
Ikkinchi bo‘lim o‘zining 60-daqiqasiga yaqinlashib borarkan, Kongo O‘zbekiston darvozasi qarshisida ustma-ust qaltis vaziyatlar paydo qilishning uddasidan chiqdi.
Darvozabon yaxshi o‘ynadi, ammo xuddi shu daqiqalarda Kongo hujumlarini susaytiradigan ko‘rinmaydi.
O‘zbekiston-Kongo uchrashuvi murosasiz hujumlar ostida kecharkan, so‘nggi daqiqalarda Abbosbek Fayzullaevning raqib darvozasini ketma-ket hujumga olish urinishi samara bermadi.
Kolumbiya-Portugaliya uchrashuvida esa hali ham hisob ochilganicha yo‘q: 0-0.
Bu o‘yinda ham hakam o‘yindan tashqari holat qayd etib, Kolumbiya kiritgan to‘pni inobatga olmadi.
Xuddi shu daqiqalarda Husanovning jarima maydonchasida yo‘l qo‘ygan xatosi O‘zbekistonga qimmatga tushdi.
Kongo 11 metrlik jarima to‘pi hisobiga o‘yinda hisobni tenglashtirdi: 1-1.
Kongo bu yilgi jahon chempionatida kiritgan ikkinchi to‘piga Yoan Vissa mualliflik qildi.
Uchrashuv tugashiga 20 daqiqadan sal ko‘proq vaqt qolmoqda.
Murosasiz hujumlar ostida kechayotgan o‘yinda hisob yana o‘zgardi.
Ikkinchi bo‘limning 78-daqiqasida Kongo yana hisobda oldinga chiqishning uddasidan chiqdi.
O‘yinni so‘nggi daqiqalarida esa yana o‘sha Yoan Vissa qo‘shaloq to‘p muallifiga aylandi, hisobni 1-3 ga yetkazdi.
Hakam 2-bo‘limga 8 daqiqa qo‘shib berdi.
O‘zbekiston ustidan g‘alaba Kongoni keyingi bosqichga olib chiqa oladi.
O‘yinni Farg‘onadagi parkda tomosha qilgan muxlislar bu boradagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi - videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
"K" guruhi
Ikkinchi tur uchrashuvlari ortidan bu guruhdan faqat Kolumbiya muddatidan ilgari keyingi bosqichga chiqish vazifasini uddalagan, xolos.
Ammo so‘nggi tur uchrashuvlari natijasi qanday bo‘lishidan qat’inazar, avvalboshda guruh favoriti sifatida ko‘rilgan Portugaliya jahon chempionligi uchun kurashini davom ettirish imkoniyatini saqlab turibdi.
O‘zi Kolumbiyaga yengilgan, Kongo O‘zbekistonni yirik hisobda mag‘lub etib, to‘plar nisbatidagi farqni o‘zining hisobiga hal qilgan taqdirda ham, Portugaliya eng yaxshi natija bilan guruhda uchinchi o‘rinni egallagan sakkizta milliy terma jamoadan bittasi o‘laroq keyingi bosqichga chiqa oladi.
Jamoa dastlabki ikki o‘yinidan 4 ochko jamg‘arish, raqiblari darvozasiga esa guruhdan eng ko‘p – jami 6 to‘p kiritishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zining Kongo bilan shov-shuvli dastlabki o‘yinida durang qayd etgan bo‘lsa-da, O‘zbekistonni yirik – 5:0 hisobida yengishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alaba Kongoga ham keyingi bosqichga chiqish imkonini bera oladi.
Ammo O‘zbekiston buning uchun Kongoni o‘ta yirik hisobda mag‘lub etishi, to‘plar nisbatini yaxshilashi va qolgan guruhlardagi yakuniy tur uchrashuvlari natijalari bilan ham hisoblashishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, halicha nazariy jihatdan bunday imkoniyatga ega.
Kongoga qarshi durang yoki mag‘lubiyat jamoaning jahon chempionati bilan butkul xayrlashishini anglatadi.
Shu bois ham, O‘zbekistonda hatto Kongoga qarshi o‘yin – "finaldan ham muhim", deya ko‘rilmoqda.
Shu paytgacha jami 12 ta guruhdan to‘qqiztasida guruh bosqich saralash bellashuvlari o‘zining poyoniga yetgan.
O‘z guruhida 3-o‘rinni egallagan to‘rtta milliy terma jamoa esa to‘rttadan ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.
To‘plar nisbatida turli farqlarga ega yana shuncha sondagisining hisobida esa uchtadan ochko bor.
Chexiya, Qatar, Turkiya, Kyurasao, Yangi Zelandiya, Urugvay, Saudiya Arabistoni, Iordaniya, Gaiti va Tunis esa allaqachon jahon chempionati bilan xayrlashib bo‘lgan.
Yana uchta guruhda esa hali yakuniy tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tishi kerak.
O‘zbekistonlik ishqibozlar Kongoga qarshi o‘yinga tayyor - videoni ko‘rish uchun ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
O‘zbekiston va Kongo

Surat manbasi, Getty Images
Bu O‘zbekistonning jahon chempionatidagi birinchi, Kongoning esa ikkinchi ishtiroki.
Kongo 52 yil deganda yana birinchilikda o‘ynash huquqini qo‘lga kiritgan.
Guruhdagi ilk o‘yinida Portugaliya bilan durang o‘ynab, katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.
Kolumbiya esa Kongoga qarshi o‘yinida kichik – 1:0 hisobi bilangina kifoyalanishga majbur bo‘lgan, shunda ham uchrashuvda hisob faqat 76-daqiqaga kelib ochilgan.
Bu ham Kongoning bu galgi jahon chempionatida nimalarga qodir bo‘lishi, ya’ni kuchiga dalolat o‘laroq baho topgan.
2016 yilgi Yevropa chempionlari Portugaliyaga qarshi o‘yinidan keyin Kongo FIFA reytingida 43-pog‘onaga ko‘tarilgan.
Bu esa O‘zbekiston so‘nggi oylarda egallab kelgan o‘rindan bir necha barobar yuqori, degani.
Kongo jahon chempionatiga chiqqan birinchi Qora Afrika davlati jamoasi bo‘ladi. Hali Zair ekanida bunga muvaffaq bo‘lgan.
Ammo o‘zi debyut qilgan 1974 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichidagi barcha uch uchrashuvini boy bergan. O‘shanda Yugoslaviyaga hatto 0:9 hisobida mag‘lubiyatga uchragan.
1992 yilgi Osiyo O‘yinlari g‘olibi O‘zbekiston esa 34 yil deganda ilk bor jahon chempionatiga chiqqan, bu yilgi jahon chempionatida debyut qilayotgan to‘rtta milliy terma jamoadan bittasi.
Ammo Kongoning bu yilgi jahon chempionatidagi ishtiroki Ebola virusining qayta avj olishi bilan bog‘liq cheklovlar va qiyinchiliklar manzarasida ham kechgan.
Shu yil may oyida, ya’ni Meksika, Kanada va AQSh hammezbonlik qiluvchi futbol bo‘yicha jahon chempionati arafasida Kongo Demokratik Respublikasida xastalik yana avj olgan.
20 mayga kelib Kongoda Eboladan vafot etganlar soni 160 kishidan ortgan.
Virusga chalinganlar sonining esa yuzlab ekani aytilgan.
Hammezbon AQSh va Kanada esa virus tarqalgan barcha davlatlar, xususan, Kongo uchun qat’iy karantin choralarini qo‘llagan.
Terma jamoaning Kinshasada yig‘ilib, so‘ng Belgiyada yig‘inni davom ettirib, u yerdan AQShga yo‘l olish rejasi chippakka chiqqan.
Chempionatdan uch hafta oldin, AQSh 21 kun ichida Kongogada bo‘lib qaytgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlagan.
Afrika terma jamoasi vakillari tashkilotchilarni so‘nggi oylarda o‘yinchilardan hech biri mamlakatga qaytmaganiga ishontirishgan.
Shunga qaramay, AQSh tomoni o‘yinchilarni 21 kunga karantin qilishni tavsiya qilgan.
Bularning barchasi hatto Kongoning jahon chempionatidagi ishtirokini jiddiy savol ostiga qo‘yishgacha borgan.
Oxir-oqibat Kongo Demokratik Respublikasi Futbol Federatsiyasi Kinshasadagi yig‘inni butunlay bekor qilgan.
Ammo FIFAni barcha zarur choralar ko‘rilganiga ishontirishga muvaffaq bo‘lgan.
Aytilishicha, milliy terma jamoa a’zolarini chetdan, mamlakat tashqarisidagi kongoliklar orastdan saralab olishi Bosh murabbiysining ulkan yutug‘i bo‘lgan.
G‘alaba uchun

Ertaga oʻyin boshqacha boʻladi, chunki biz ikkita eng yuqori darajadagi raqiblar bilan oʻynab boʻldik. Oxirgi oʻyin ham oson kechmadi, uni tahlil qildik.
26 iyun kuni, yakuniy o‘yin oldidan berilgan rasmiy matbuot anjumanida O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi va sardori ham maydonga g‘alaba uchun tushishlarini aytdi.
"Kongo ham juda ajoyib jamoa, tajribaga ega, jismoniy yaxshi shakllangan jamoa", - deya bo‘lajak raqiblariga o‘z bahosini berarkan, Fabio Kannavaro, "biroq biz ularni yutish uchun harakat qilamiz", - dedi.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysiga ko‘ra, ertangi "o‘yin boshqacha bo‘ladi".
Kannavaroning aytishicha, chunki "ikkita eng yuqori darajadagi raqiblar bilan o‘ynab bo‘lishgan. Oxirgi o‘yin ham oson kechmagan va uni tahlil qilishgan".
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori esa, "asosiy maqsadlari o‘zlarini qo‘llab turgan xalqni xursand qilish", ekanini aytgan.
Eldor Shomurodov, "birinchi golimizni urdik, endi vazifamiz birinchi g‘alabaga erishish", - degan.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘zining ilk jahon chempionatidagi birinchi golini Kolumbiyaga qarshi dastlabki uchrashuvidayoq kiritgan, matonatli o‘yin ko‘rsatgan.
Ammo Portugaliyaga qarshi hal qiluvchi ikki o‘yinidan birida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan.
Jamoaning Kongoga qarshi so‘nggi uchrashuvi esa, jahon chempionatidagi dastlabki ikki o‘yinda qayd etilgan mag‘lubiyati mamlakat ichkarisida allaqachon terma jamoaning chet ellik Bosh murabbiysiga qarshi tanqidlar kuchayib borayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik O‘zbekistonning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarini chamalashga tushgani ham ko‘rilgan.
Ayni o‘rinda shuni ham ta’kidlash joizki, hattoki, Osiyoning eng kuchli jamoasi sanaluvchi Yaponiya ham o‘zining jahon chempionatidagi ilk ishtirokida bunga muvaffaq bo‘lmagan.
Bu omil ham Kongoga qarshi o‘yin arafasida O‘zbekistondagi yetakchi internet nashrlari o‘zining diqqatini qaratgan nuqtalardan biriga aylangan.
O‘zbekistondan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston-Kongo o‘yinini Toshkentning barcha tumanlaridagi katta ekranlarda jonli tomosha qilish mumkin bo‘ladi.
Bundan avval xuddi shu maqsadda poytaxt Toshkentdan o‘ndan ortiq rasmiy fan-zonalari tashkil qilingan, ulardan yirigi sig‘imi qariyb 10 ming kishilik "Bunyodkor" stadioni ekani aytilgan.
O‘zbekistonning jahon chempionatidagi ilk tarixiy ishtiroki mintaqa qolib, jahon bo‘ylab ham aks-sado bergan, ayrim Markaziy Osiyo davlatlari misolida esa ishqibozlik misli ko‘rilmagan bir darajaga ham yetgan, sport diplomatiyasi, degan yangicha talqinlarga ham turtki bergan.
Mintaqada butun dunyo O‘zbeklari O‘zbekistondan "faxrda" ekaniga oid e’tiroflar ham yangragan.
Osiyo bo‘ladimi, Yevropa yoki ummonortining o‘zi - milliy terma jamoaga ishqibozlik qilayotganlar sonining ham oz emasligi ko‘rilgan.
O‘zbekistonning o‘zida esa kattayu kichik, erkagu ayol, yigitu qiz, hattoki, yosh bolalargacha milliy terma jamoaga ishqibozlik qilayotgani, ularning jamoaning mag‘lubiyatidan ko‘z yosh to‘kishgacha borayotgan videolari tarqalgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan Bosh murabbiyga tavsiya berayotgan onaxonlarning borligigacha ko‘rilgan.
O‘zbekiston bu kabi tarixiy yutuqqa erishgan yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.
Bundan tashqari, bu galgi jahon chempioantida postsovet makonidan ham yakka o‘zi ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston prezidenti milliy terma jamoaning Kongoga qarshi yakuniy o‘yiniga qayerdan va qanday qilib ishqibozlik qilish rejasida ekani hozircha ma’lum emas.
Kecha, 26 iyun kungi rasmiy ish kun tartibidan Shavkat Mirziyoyevning poytaxt Toshkentda ekani ko‘riladi.
Guruhdagi so‘nggi ikki muhim uchrashuvi oldidan ham shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi milliy terma jamoaga omad tilagan, Namangan viloyatida safar ekaniga qaramay, Portugaliyaga qarshisi misolida ularning o‘yinini o‘ylab, nima bo‘larkin, deya, hattoki, ko‘ziga uyqu kelmayotganini e’tirof etishgacha borgandi.































