Venesuelada qurbonlar soni 164 nafarga yetdi, qutqaruv ishlari davom etmoqda

Surat manbasi, Reuters
Venesuela muvaqqat prezidenti Delsi Rodriges ma’lum qilishicha, zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar soni 164 nafarga yetgan. Yuzlab odamlar tan jarohati olgan.
AQSh Geologiya xizmati (USGS) dastlabki hisob kitoblariga ko‘ra, zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 10 mingdan 100 minggacha bo‘lishi mumkin. Tashkilot bu aniq hisob-kitob emasligi, qurbonlar soni bundan kam yoki ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.
Magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan zilzilalar mahalliy vaqt bilan soat 18:04 da poytaxtning g‘arbidagi hududda sodir bo‘lgan.
Yer silkinishlari Kolumbiya poytaxti Bogotagacha sezilgan. Zilzilalar Venesuelada milliy bayram nishonlanayotgan paytda yuz bergani uchun ko‘pchilik odamlar uylarida bo‘lishgan.
Poytaxt Karakasda qutqaruvchilar vayronalar ostida tirik qolganlarni qidirishda davom etmoqda. Ayrim joylarda odamlarning yordam so‘rab chaqiriqlari eshitilgan.
BBC muxbiri Vanessa Silvaning xabar berishicha, bir qator binolarda elektr ta’minoti uzilgan, metro tizimi esa to‘liq yopilgan.
BBC jurnalistlaridan biri Karakasda yashovchi singlisidan kelgan ovozli xabarni keltirgan: "Uy juda qattiq silkindi. Hali ham silkinmoqda".
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Surat manbasi, AFP via Getty Images
AQSh Geologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi va kuchliroq zilzila yer qobig‘idagi tektonik yoriq bo‘ylab yuz bergan harakat natijasida sodir bo‘lgan. Tashkilot mutaxassislari kuchli zilzila qaytalanishi mumkinligidan ogohlantirishmoqda.
Eng katta zarar mamlakatning shimoliy sohillarida kuzatilgan. Karakasda ham ko‘plab binolarga shikast yetgan. Qutqaruv ishlari davom etmoqda.
Rasmiylar qurbonlar soni yana ortishi mumkinligini bildirishmoqda.
Voqeadan so‘ng AQSh Venesuelaga qidiruv-qutqaruv guruhlari, tibbiy va gumanitar yordam yuborishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Lotin Amerikasining bir qator davlatlari ham Venesuelaga yordam taklif qilgan.
Shu orada, muvaqqat prezident Delsi Rodriges millatga murojaat qilib, favqulodda holat e’lon qildi.
Rodriges venesuelaliklarni birdamlikka chaqirdi hamda zilzilada yaqinlarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildirdi

































