Qirg‘iziston: Prezidentning do‘sti sudlandi, lekin ozodlikda qoldi

    • Author, Sanjar Eraliev
    • Role, bbc.com/uzbek
    • Reporting from, Bishkek
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qirg‘izistonda muddatidan oldin prezident saylovi o‘tkazish tashabbusi ortidan ochilgan va so‘nggi besh oy davomida jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi chiqdi.

Ish doirasida Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq raisi, general Qamchibek Tashiev hamda yana yetti nafar yuqori lavozimlarda ishlagan sobiq amaldor sudlandi.

Bishkekning Birinchi may tuman sudida hukm 2 iyulning oqshomida o‘qib eshittirildi. Sud barcha ayblanuvchilarni to‘rt yilga ozodlikdan mahrum qildi. Biroq ularga uch yillik probatsiya tayinlangani sababli jazo ozodlikda o‘taladi. O‘n kundan keyin kuchga kiradigan hukmga muvofiq, sudlanganlarning mol-mulki ham musodara qilinadi. Bu jarayonni yoritish uchun tashqarida o‘nlab jurnalistlar kun bo‘yi kutib turishdi.

Hukm e’lon qilinishidan avval sud binosida keskin muhit hukm surdi. "Zalga sig‘maysizlar", degan vaj bilan sudlanuvchilarning ayrim qarindoshlari va bir guruh jurnalistlar kiritilmagani norozilik keltirib chiqardi. Lekin zalga kirishga muvaffaq bo‘lgan ayrim jurnalistlar jarayonni jonli efirda yoritdi va minglab foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlar orqali hukmni real vaqtda kuzatib bordilar.

Sudlanganlar orasida kamida uchta general, sobiq bosh prokuror, sobiq ichki ishlar vaziri va sobiq parlament raisi ham bor.

Sud ularni Jinoyat va jazo kodeksining 326 moddasi — "Konstitutsiyani buzgan holda hokimiyatni kuch ishlatib egallab olish yoki kuch bilan saqlab turish, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni kuch ishlatish orqali o‘zgartirishga qaratilgan harakatlar" bo‘yicha aybdor deb topdi. Ayni paytda, tergov davomida qo‘yilgan "Mansab vakolatini suiiste’mol qilish" (337 modda) ayblovi bo‘yicha oqlandilar. Davlat ayblovchilari ulara to‘qqiz yillik qamoq jazosi so‘ragan bo‘lsa, himoya tomoni to‘liq oqlashni talab qilgan edi.

Ayblov moddalari og‘ir bo‘lgani uchun tahlilchilar doirasida sobiq amaldorlar sud zalidan qamoqqa olinishi mumkinligini taxmin qilingandi.

Jarayonni joyidan kuzatgan BBC muxbirining aytishicha, sudya probatsiya haqidagi qarorni e’lon qilgan paytda tashqarida kutib turgan qarindoshlar qarsak chalib, bir-birini quchoqlab, tabrikladilar.

Probatsiya — mahkumning qamoq jazosini ozodlikda, sud belgilagan shartlarga rioya qilgan holda o‘tash tartibi hisoblanadi. Agar u ushbu shartlarni buzsa yoki yangi jinoyat sodir etsa, probatsiya bekor qilinib, qamoq jazosi ijro etiladi.

Sudlangan sakkiz nafar sobiq amaldordan besh nafari so‘nggi besh oy davomida hibsda saqlangan. Qamchibek Tashiev, sobiq parlament raisi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li va sobiq bosh prokuror Qurmanqul Zulushev esa tilxat asosida ozodlikda yurib, tergov hamda sud jarayonlarida ishtirok etdi. Ular qo‘yilgan aybga maqul emasliklarini takrorlab keldilar.

"Qilim shami" inson huquqlari himoyasi tashkiloti rahbari Gulshayir Sadibaqasova sud hukmi tushunarsiz bo‘lganini bildirdi.

"Men Jinoyat kodeksining 326-moddasi bo‘yicha qanday qilib probatsiya nazorati qo‘llanganini tushunmayapman. Axir Jinoyat kodeksida "konstitutsiyaviy tuzumga qarshi jinoyatlar" bo‘yicha probatsiya qo‘llanilmasligi aniq belgilangan-ku" – degan Sadibaqasova shu toifadagi jinoyatlar bilan ayblanib, qamoqda o‘tirgan faollarni ham ozodlikka chiqarishga undadi.

Advokatlar hukm ustidan shahar sudiga apellyatsiya shikoyati berishlarini ma’lum qilishgan. Shu bois ishning mahkamadagi muhokamasi davom etishi kutilmoqda.

Sobiq mulozimlar nega sudlandi?

Qamchibek Tashiev prezident Sadir Japarovning do‘sti va yaqin siyosiy hamkori sanalgan. U 2020 yili Japarov kelgach, 2026 yil boshigacha Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

10 fevral kuni Tashiev kutilmaganda lavozimidan ozod etildi. Undan bir kun avval 75 nafar sobiq amaldor va siyosatchilar prezidentga va davlat parlamenti - Jogorku Keneshga muddatidan avval prezident saylovini o‘tkazish taklifi bilan murojaat yo‘llagan edi. Ularning aksari Tashievga yaqin shaxslar sifatida tilga olingan.

Militsiya buning ortida qonunga zid harakatlar bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Murojaatga 75 nafar sobiq amaldor va siyosatchi imzo chekkani sababli, jamoatchilik orasida ushbu ish "75chilar maktubi" nomi bilan tanildi.

Bu orada Tashiev bir muddat xorijga chiqib, keyin mamlakatga qaytdi. Unga yaqin deb hisoblangan bir qator amaldorlar ishdan ketdi, parlamentdagi o‘nga yaqin deputat esa mandatidan voz kechdi.

Prezident Sadir Japarov Tashievni ishdan bo‘shatish qarorini "davlat va xalq tinchligi uchun" qabul qilinganini aytgan. Ammo ikki siyosatchi hozirgacha bir-birini ochiq tanqid qilmagan.

Jamoatchilikda Tashievning prezidentlikka da’vogar bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar tarqalgandi. Jinoyat ishi ochilganidan keyin jurnalistlarga bergan izohlarda u bir necha bor prezident Japarov siyosatini qo‘llab-quvvatlashini bildirib, sudda oqlanishiga ishonishini aytgan.

Boshqa sudlanuvchilar ham saylovni ertaroq o‘tkazish taklifini Konstitutsiya doirasida ilgari surganini, amaldagi hokimiyatga qarshi emasligini ta’kidlashgan.

Bu voqealar ortidan Konstitutsiyaviy sud navbatdagi prezidentlik saylovini 2027 yil yanvariga belgilagan.

Prezident Japarov Qamchibek Tashievga oid ushbu jinoyat ishi yuzasidan bir necha bor munosabat bildirib, unga huquqiy baho berish sud vakolatiga kirishini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u Tashievni o‘zining yaqin do‘sti ekanini ham bir necha marta aytgan. So‘nggi yillarda jamoatchilikda ularga nisbatan "ikki do‘st" iborasi keng qo‘llanila boshlagan.

Skip Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz: and continue readingIjtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

End of Ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz:

Tashiev faoliyati nega tanqid qilinadi?

Qamchibek Tashiev so‘nggi besh yilda Qirg‘izistonda prezidentdan keyingi eng ta’sirli shaxs sifatida tanildi. U milliy xavfsizlikdan tashqari, tibbiyotdan tortib qurilishgacha bo‘lgan turli sohalarni shaxsan nazorat qilishini bir necha bor ta’kidlagan. Shuningdek, mahalliy hokimiyatda ishlaganlarni ketirgan kamchiliklari uchun majlis vaqtida hibsga olish bo‘yicha topshiriqlar bergan holatlari bo‘lgan.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar Tashiev rahbarlik qilgan davrda siyosiy tanqidchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga nisbatan ta’qiblar ko‘paygani haqida bir necha bor bayonot bergan.

Ayni paytda, uni qo‘llab-quvvatlovchilar qat’iy siyosati korruptsiyani kamaytirishda natija berganini, uyushgan jinoiy guruhlarga qarshi kurash va O‘zbekiston hamda Tojikiston bilan chegaralarni belgilash jarayonida muhim rol o‘ynaganini ta’kidlaydi.

Tashiev lavozimdan ketgach, ayrim tadbirkorlar u ishlagan davrda biznesga bosim o‘tkazilgani va ayrim mulklar tortib olinganini da’vo qila boshladi.

Mart oyida Davlat soliq xizmati "Qirg‘izneftegaz" davlat tashkilotida ehtimoliy korruptsiya sxemalari bo‘yicha surishtiruv boshlanganini ma’lum qildi. Iddaoga ko‘ra, Tashiev va uning qarindoshlari bilan bog‘liq holatlar oqibatida davlatga 3 milliard somdan ortiq zarar yetkazilgan. Bu ish doirasida uning ukasi Shairbek Tashiev qamoqqa olingan.