AQSh va Eron kelishuvi Netanyahu uchun nega dahshatga aylanishi mumkin?

    • Author, Lyusi Villyamson
    • Role, BBC muxbiri, Quddus
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

AQSh va Eron o‘rtasidagi otashesim kelishuvi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu uchun haqiqiy siyosiy dahshatga aylandi. U uning ko‘p yillik siyosiy faoliyatining bir vaqtning o‘zida uchta asosiy tayanchini xavf ostiga qo‘ydi va Isroil rahbarini yangi strategik tuzoqqa tushirdi.

Qanday qilib yillar davomida o‘zini Vashingtonga o‘ziga xos ta’sirga ega va Amerika prezidentlari bilan til topisha oladigan siyosatchi sifatida namoyon qilib kelgan shaxs asosiy ittifoqchisi tomonidan qaror qabul qilish jarayonidan shunchalik namoyishkorona chetlatilgan holatga tushib qoldi?

Qanday qilib Eronga qarshi kurashni Isroil xavfsizlik strategiyasining markaziy elementiga aylantirgan rahbar bu mojaroni aynan Eron rejimi, ehtimol, o‘z mavqeini yanada mustahkamlagan bir paytda yakunlashi mumkin?

Vashington va Tehron amalda Isroildan u yerdagi umumxalq saylovlariga bir necha oy qolganida Livandagi «Hizbulloh»ga qarshi zarbalarni to‘xtatishni talab qilayotgan bir sharoitda, uning azaliy, ammo ancha xiralashgan «Janob Isroil xavfsizligi» siyosiy imiji saqlanib qoladimi?

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Hozirda Netanyahuning keyingi harakatlar uchun maqbul birorta ham varianti yo‘q. Muxolifat rahbari Yair Lapid dushanba kuni Knessetda bosh vazir tushib qolgan vaziyatni shunday tasvirladi: «Yo asosiy ittifoqchimiz bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va halokatli to‘qnashuvga kiramiz, yoki Isroil manfaatlarini itoatkorona topshiramiz».

AQSh Prezidenti Donald Trampning Netanyahu yakshanba kuni Bayrutga zarba bera turib, aqlini yo‘qotdi, degan keskin bayonotlari uning siyosiy raqiblari va saylovlarga allaqachon diqqatini qaratgan isroillik sharhlovchilar tomonidan darhol ilib olindi.

Biroq bosh vazirga bosim faqat muxolifatdan kelmayapti. Uning o‘zining «Likud» partiyasi va hukmron koalitsiyadagi o‘ta o‘ngchi vazirlar bayonotlari uning o‘z jamoasi ichida ham norozilik kuchayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Eng katta norozilik Tehronning otashkesim «barcha frontlardagi harbiy amaliyotlar, jumladan Livandagi harakatlar»ga ham tatbiq etilishi kerakligi haqidagi talabi bilan bog‘liq.

«Tramp kelishuvi bizni majburlamaydi, — deb yozdi dushanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir. — Biz xavfsizligimizni kafolatlamaydigan bu kelishuvda qatnashmaganmiz».

«Isroil o‘zini himoya qilishda davom etadi», — dedi menga «Likud» partiyasi deputati Ariel Kallner, ammo bu zarbalar davom ettirilishini anglatadimi-yo‘qmi, aniqlashtirishdan bosh tortdi.

«Biz zarur deb hisoblagan ishni qilamiz. Va do‘stlarimiz bizlarni tushunishlarini kutamiz, — dedi u. — Ba’zan ittifoqchilar o‘rtasida kelishmovchiliklar bo‘ladi va xavfsizlik tahdidi haqida gap ketganda ittifoqchilar bir-birini tushunishi kerak».

Sobiq «Mossad» xodimi va Eron bo‘yicha mutaxassis Sima Shayn shunday dedi: «Amerikaliklar nima uchun bu shartga rozi bo‘lganini tushunish qiyin. Eronga Livanda nima bo‘lishini belgilash imkonini berish orqali AQSh Tehronga "Hizbulloh"ni qo‘llab-quvvatlashni va uni Livandagi asosiy siyosiy o‘yinchilardan biri sifatida saqlab qolish imkoniyatini bermoqda. Isroil bundan norozi —kuch ishlatuvchi tuzilmalar ham, siyosiy rahbariyat ham».

Turli siyosiy lagerlardan yangrayotgan tanqidlar to‘lqini manzarasida Netanyahu jurnalistlarning o‘zining muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqidagi fikrlariga keskin javob qaytardi.

«Voyaga yetgan hayotimning katta qismini bir maqsadga — Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka bag‘ishladim, — dedi u Quddusdagi matbuot anjumanida. — Biz zarur bo‘lgan barcha ishni qilamiz. Bu masalada men uchun cheklovlar yo‘q: Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi».

Shu bilan birga, bosh vazir ayrim masalalarda uning qarashlari Trampning mavqeidan farq qilishini tan oldi.

«Men muhokamalar davomida o‘z nuqtai nazarimni bildirdim, ammo bizning o‘z manfaatlarimiz bor: birinchidan, yadroviy tahdidning yo‘qligi; ikkinchidan, Livan — biz u yerda bufer hudud yaratdik va zarur bo‘lganicha u yerda qolamiz», — dedi Netanyahu.

«Eron biz chiqib ketishimizni istagan edi, ammo bu sodir bo‘lmadi. Nima uchunligini bilasizmi? Chunki men qat’iy pozitsiyani egalladim. Amerikadagi ittifoqchilarimiz bunday qat’iyatni hurmat qilishadi. Biz harakat erkinligini saqlab qolishda ham qat’iymiz: agar bizga hujum qilinsa yoki tahdid qilinsa, javob qaytaramiz», — deya davom etdi bosh vazir.

Odatda o‘z g‘alabasini e’lon qilish imkoniyatini qo‘ldan chiqarmaydigan Isroil bosh vaziri endi keyingi qadamlar bo‘yicha murakkab tanlov qarshisida turibdi.

Xavfsizlik o‘n yillar davomida Netanyahu saylovchilarga taklif etadigan siyosiy dasturining asosiy qismi bo‘lib kelgan. Ammo bugun bu da’vosini himoya qilish tobora qiyinlashmoqda.

2023 yil 7 oktyabrdagi HAMASning qonli hujumidan so‘ng u xavfsizlikning yanada agressiv strategiyasiga — tahdidlarni jilovlash emas, balki ularni oldindan bartaraf etishga tayandi.

Uning inqirozga javobi Isroil duch kelayotgan tahdidlarni yo‘q qilish orqali Yaqin Sharqni o‘zgartirish g‘oyasi bo‘ldi.

Biroq Isroil qo‘shinlari G‘azo sektorining katta qismini vayron qilganiga va HAMAS nazoratidagi sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urush davomida 73 mingdan ortiq kishi halok bo‘lganiga qaramay, HAMAS hanuz anklav hududining taxminan yarmini nazorat qilmoqda va yana o‘z mavqelarini mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, AQSh taklif qilgan tinchlik rejasi va G‘azoni urushdan keyin boshqarish uchun Amerika ma’muriyati tomonidan yaratilgan tizim Isroil va HAMAS o‘rtasidagi sulh tuzilganidan sakkiz oy o‘tgan bo‘lsa-da, hali ham mavhum qolmoqda.

Netanyahuning yangi xavfsizlik strategiyasi natijasida Isroil qo‘shinlari bugun G‘azo, Livan va Suriyadagi katta hududlarni nazorat qilmoqda. Ko‘plab isroilliklar uchun bu ommabop qadam hisoblanadi va saylovlargacha bu holat o‘zgarishi ehtimoli kam. Biroq bunday strategiya armiya va zaxiradagi harbiylarning resurslarini tobora ko‘proq sarflamoqda, va ayni paytda vaziyatdan chiqishning aniq diplomatik yechimini taklif qilmayapti.

«Hizbulloh» va Eron rejimi bilan to‘qnashuvlar Isroilning asosiy raqiblarini yo‘q qilmadi. Buning o‘rniga, Tehron yanada qattiqqo‘l rahbarlar nazoratiga o‘tdi, ular Amerika-Isroil bosimiga kamroq moyil va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qo‘shimcha ta’sir vositalariga ega.

Endi paradoksal vaziyat yuzaga kelmoqda: Isroilning asosiy dushmani bo‘lmish Eron, ehtimol, yahudiy davlati uchun asosiy ittifoqchi bo‘lgan AQShga ta’sir ko‘rsatish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

«Isroilning muvaffaqiyatsizligi Tehronga nisbatan strategiyani qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. U yanada realistik va vazmin ustuvor yo‘nalishlarni shakllantirishi kerak», — deb hisoblaydi Isroil Milliy xavfsizlik tadqiqotlari instituti (INSS)ning Eron bo‘yicha katta tadqiqotchisi Danni Sitrinovich.

«Vashingtonda kelishuvni izdan chiqarishga urinish deb baholanadigan har qanday Isroil harbiy harakati AQSh tomonidan qattiq reaktsiyaga sabab bo‘lishi mumkin», — deb yozgan u Israel Hayom gazetasidagi maqolasida.

«Obama ma’muriyati davridan farqli o‘laroq, o‘shanda Benyamin Netanyahu Kongress va Amerika jamoatchiligi qo‘llab-quvvatlovini safarbar etish orqali Oq uyni chetlab o‘tishga urinishi mumkin edi, hozir esa bunday imkoniyatlar deyarli mavjud emas», — deb hisoblaydi ekspert.

Ko‘p yillar davomida Netanyahu isroillik saylovchilarni aynan uning siyosati va siyosiy mahorati mintaqaviy tahdidlardan eng yaxshi himoya ekaniga ishontirib kelgan. Bugun esa bu va’da tobora ko‘proq voqelikdan uzoqlashmoqda.

Eronda rejim almashishi uning siyosiy imijini saqlab qolishi va saylovoldi kampaniyasining markaziy elementiga aylanishi mumkin edi. Ammo buning o‘rniga yangi xavfsizlik strategiyasi uni dushman bilan emas, balki ittifoqchi bilan munosabatlarda murosasizlik va yon berish o‘rtasidagi tanlov qarshisida qoldirdi.