You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
"Benzinsiz ishga qanday boramiz?" - Ukraina zarbalari ortidan Rossiyada yoqilg‘i inqirozi chuqurlashmoqda
Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim va Sevastopolda o‘tgan hafta oxirida yoqilg‘i tanqisligining yangi bosqichi boshlandi — yarim orolda benzinning erkin savdosi to‘xtatildi. Bu Ukraina dronlarining zarbalari va yarim orolning qisman blokadasining bevosita oqibatidir. Ayrim shaharlar va tumanlarda elektr ta’minoti hanuz barqaror emas. Rossiya tomonidan bosib olingan Ukraina hududlarida esa vaziyat yanada og‘irroq — qisman blokada ularga ham taalluqli.
Qrimning qisman blokada qilinishi Ukraina yangi dronlaridan foydalanishni boshlagach mumkin bo‘ldi. Bu dronlar nisbatan uzoq masofalarga zarba bera olishi sababli «midl-strayk» toifasiga kiritiladi. Ular yordamida Ukraina Rossiyaning bosib olingan hududlar ichkarisidagi logistika ob’ektlariga, birinchi navbatda esa M-14 avtomobil trassasiga, zarbalar bera boshladi.
«Benzinsiz ishga qanday boramiz?»
Qrimdagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari yakshanbadan beri bo‘sh turibdi, dedi Bi-bi-siga qrimlik Boris* (xavfsizligi sababli ismi o‘zgartirilgan). Uning kuzatishicha, shu dam olish kunlari davomida Ukrainaning yarim orolni blokada qilishi oqibatlari yanada kuchaygan.
«Zapravkada benzin bor, lekin uni sotishmayapti. Chamasi, uni kechasi olib kelishgan, kunduz esa odatdagidek sotishni boshlashlari kerak edi, biroq [Qrim rahbari Sergey] Aksyonovning farmonidan keyin hammasini yopishdi», — dedi u Bi-bi-si rus xizmatiga.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Aksyonov 21 iyunь, yakshanba kuni hududda yoqilg‘ining naqd pulga sotilishi cheklanishini, yaqin orada esa xarid talonlari berilmasligini e’lon qildi. Qrimdagi yoqilg‘i asosan davlat xizmatlariga yetkazib berilmoqda. Bu bayonot Ukraina Qurolli Kuchlarining Kerch parom kechuviga bergan zarbalaridan keyin yangradi. Bungacha Qrimda yoqilg‘ini Sevastopolda talonlar yoki QR-kodlar orqali sotib olish mumkin edi. Bu shaharda «tejamkorlik maqsadida» 22 va 23 iyunь kunlari yoqilg‘i sotilmaydi.
Boris yaqinda avtomobilining bakini to‘ldirib olgan va endi benzinni tejashga, mashinani faqat zarurat tug‘ilgandagina ishlatishga harakat qilmoqda.
«Hatto velosipedimni ham ta’mirlab, minib ko‘rdim, lekin tog‘li hududimizda velosipedda yurish ba’zan qiyin», — deydi u.
Boris yosh va sportchi inson, piyoda yurishni yaxshi ko‘radi, shu sababli hozircha benzin tanqisligi unga katta ta’sir qilmayapti. Ammo u kelajak haqida xavotirda: hozirning o‘zidayoq Qrimning ayrim hududlarida elektr energiyasi o‘chirib qo‘yilmoqda. Ko‘pchilikda avvalgi uzilishlardan qolgan elektr generatorlari bor, ammo ular benzinda ishlaydi, deydi u.
21 iyunь tongida hokimiyat elektr ta’minoti ob’ektlarini ta’mirlash uchun rejali navbatma-navbat o‘chirishlarni joriy etdi. Mahalliy elektr tarmoqlari, ehtimol, Ukraina Qurolli Kuchlarining zarbalari natijasida shikastlangan. Masalan, Jankoyda elektr energiyasi quyidagi tartibda o‘chiriladi: 3 soat elektr bor, 3 soat cheklov.
Sevastopolda ham oxirgi bir sutka ichida elektr va benzin bilan bog‘liq vaziyat ancha yomonlashdi, deydi mahalliy aholi vakili Yuriy (uning ismi ham o‘zgartirilgan).
«Kecha [elektr] generator buyurtma qildim, bugun borib olib kelaman. Lekin kulgilisi shundaki, hozir savdo umuman to‘xtatilgani uchun uni ishlatishga ham hech narsa yo‘q — ichiga quyishga benzin topilmaydi», — deya shikoyat qiladi u.
Yuriyning aytishicha, yarim orolda yoqilg‘i narxi ham keskin oshgan:
«Benzin, bor paytida, har kuni bir-ikki rublga qimmatlashardi. Oxirgi marta ikki kun oldin, hujumlardan avval, 20 litrni 102 rubldan quydirdim. Endi bu qancha vaqtga yetadi — noma’lum, ishga qanday qatnaymiz — hozircha umuman tushunarsiz», — deya noliydi Yuriy.
Taqqoslash uchun: Rossiyada benzinning o‘rtacha narxi 15 iyunь holatiga ko‘ra 69,11 rublni tashkil etgan.
Ayrim qrimliklar elektrovelosipedlar, samokatlar va skuterlarga o‘tib olgan. Ammo iyunь oyining o‘rtalaridan boshlab Qrimda mototsikl va skuterlarda kechki soat 22:00 dan ertalabki 06:00 gacha harakatlanish taqiqlandi. Sevastopolda ham shunga o‘xshash taqiq 22 iyundan joriy etilgan bo‘lib, u havo hujumi xavfi haqidagi ogohlantirish signallari paytida ham amal qiladi.
Oziq-ovqat do‘konlarida esa uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarni ommaviy ravishda sotib olishmoqda. Yuriy bu holatni «ajiotaj va vahima» bilan izohlaydi.
Shunga o‘xshash kayfiyatlar haqida hozir Sevastopolda yashayotgan moskvalik Yelizaveta ham (ismi o‘zgartirilgan) so‘zlab berdi:
«Do‘konlarda shakar qolmagan, lekin bu shunchaki odamlar vahimaga tushgani uchun. Qolgan mahsulotlarning hammasi bor va yetkazib kelinyapti», — deydi u.
«Benzin haqiqatdan ham yo‘q, kecha kunduzi esa qo‘shni uy tomidan tasodifan o‘sha yerga qo‘ngan dronni olib tushirishdi. Lekin hozircha vaziyat butunlay tang degan his yo‘q. Ammo yaqin orada shunday bo‘lishi mumkin, degan gumon bor», — deydi Yelizaveta.
Yelizavetani eng ko‘p g‘azablantirayotgan narsa — ogohlantirish tizimidagi tartibsizlik va odamlarning bo‘layotgan voqealarga munosabati.
Uning ta’kidlashicha, avvallari havo xavfi signali tun kechgacha yangrab turardi, endi esa hujum kechqurun bo‘lsa, signalni qisqa vaqtga va past ovozda yoqishmoqda. Ehtimol, bu odamlarning uyqusini buzmaslik uchun qilinmoqda.
«Tashvish signali paytida transport yurmasdi — u 15 daqiqa davom etadimi yoki 3 soat, farqi yo‘q edi. Lekin bugundan boshlab transport yana qatnaydi, deb aytishyapti», — deydi u.
21 iyunь kuni Sevastopolda jamoat transporti qisqartirilgan jadvalga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Endi u soat 05:30 dan 21:00 gacha ishlaydi. Shuningdek, savdo markazlari, kafe va restoranlarning ish vaqti ham kechki soat 20:00 gacha cheklangan.
Hozir Qrim ko‘prigiga kirish va chiqish yo‘nalishlarida tirbandliklar kuzatilmoqda. Qrim ko‘prigidagi vaziyatni kuzatib boruvchi telegram-kanal ma’lumotiga ko‘ra, 22 iyunь kuni Moskva vaqti bilan soat 10:00 da har ikki tomonda qo‘lda tekshiruvdan o‘tishni kutayotgan qariyb 800 ta avtomobil to‘plangan.
Soat 15:00 ga kelib, ko‘prik kunduzi vaqtincha ochilganiga qaramay, navbatdagi avtomobillar soni qariyb mingtaga yetgan. Eng katta tirbandliklardan biri o‘tgan yil avgust oyida qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda bir vaqtning o‘zida qariyb 4 mingta avtomobil tekshiruvni kutayotgan edi.
22 iyunь ertalab Aksyonov o‘z farmoni bilan yarim oroldagi bolalar yozgi lagerlaridagi dam olish dasturlarini bekor qildi. U 1 sentyabrga qadar bron qilish va guruhlarni qabul qilish to‘xtatilishini e’lon qildi.
Sevastopol rahbari Mixail Razvojaev esa shahardagi uchta mahalliy lagerga 24–25 iyunь kunlari rejalashtirilgan bolalar qabul qilinishi amalga oshishini bildirdi.
Jurnalist Andrey Gusiy ma’lumotiga ko‘ra, «Artek» oromgohidagi bolalarni dam olish uchun Krasnodar o‘lkasiga yuborishlari mumkin.
Rossiya hududlarida vaziyat qanday?
O‘tgan hafta oxirida Moskva, Moskva viloyati va qo‘shni hududlar ham ayrim yoqilg‘i quyish shoxobchalarida benzin yetishmasligiga duch keldi. Bu holat yirik yoqilg‘i kompaniyalari — Rosneftь va Lukoyl shoxobchalarida ham kuzatilgan.
Moskva viloyati hokimiyati gubernator Andrey Vorobьevning chatlarida navbatlar va yopiq zapravkalardan shikoyat qilayotgan aholini tinchlantirishga urinmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, «ayrim AZS (yoqilg‘i quyish shoxobchalari)larda yoqilg‘ining vaqtincha yo‘qligi muayyan hududlarda talabning oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mahalliy uzilishlarga qaramay, yetkazib berish jadvali o‘zgarmagan va Moskva viloyatida benzin hamda dizel yoqilg‘isi zaxirasi yetarli».
Lipetsk viloyati gubernatori Igorь Artamonov 20 iyunь kuni shaxsan viloyat bo‘ylab safar qilganini va Lipetsk, Yelets hamda boshqa joylardagi qator zapravkalarda «ayrim turdagi yoqilg‘ilar bo‘yicha uzilishlar»ni aniqlaganini ma’lum qildi.
«Bu yoqilg‘i mavjud bo‘lgan AZSlarga qo‘shimcha yuklama tushirmoqda. Natijada navbatlar paydo bo‘lyapti», — dedi u.
Tver viloyatida esa Surgutneftegaz va Tatneftь AZSlarida jismoniy shaxslar uchun vaqtinchalik cheklovlar joriy etilgan. Mahalliy aholining ijtimoiy tarmoqlarda yozishicha, Tverь viloyatidagi ayrim zapravkalar bir kishiga 30 litrdan ortiq yoqilg‘i sotmayapti.
Muammo Tula viloyatida ham tan olinmoqda. Mahalliy hokimiyat uzilishlarni «logistika tizimining qayta tashkil etilishi» va talabning oshishi bilan izohladi. Shu bilan birga, aksariyat tarmoqli AZSlarda benzin mavjudligi va uning o‘rtacha narxi litri uchun taxminan 72 rubl ekani ta’kidlandi.
Xususiy zapravkalarda esa yoqilg‘i narxi litri uchun taxminan 100 rublni tashkil etmoqda. U yerlarda navbatlar kuzatilmayapti, ammo bunday shoxobchalarning bir qismi yopilgan.
Muammo ayniqsa Dog‘istonda keskin tus olgan. OAV va mahalliy amaldorlar ma’lumotlariga ko‘ra, bu hududda yirik tarmoqli AZSlar deyarli yo‘q. Bozorda asosan kichik hajmlarda yoqilg‘i sotib oluvchi ko‘plab xususiy kompaniyalar faoliyat yuritadi.