Qozog‘iston Afrika kabi bo‘lishga intilmoqdami, O‘zbekiston-chi?

Otlar

Surat manbasi, Marwell Wildlife

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Qozog‘iston Afrika darajasiga yetmoqchimi, degan savol biroz g‘alati tuyulishi mumkin. Ammo bir jabhada qozoqlarning harakati xuddi shuni ko‘rsatadi.

Afrika va Janubiy Amerika yovvoyi tabiat eng yaxshi saqlangan, xususan, hayvonot dunyosi o‘ta boy qit’alar sanaladi.

Qozoqlar esa keyingi yillari nafaqat sayg‘oqlar yo lochinlarni ko‘paytirishmoqda, balki o‘z hududlarida ilgari yashab, o‘tgan asrda yo‘qolib ketgan yovvoyi otlar hamda hatto yo‘lbarslarni ham tabiatga qaytarishmoqchi.

Bu yo‘lda allaqachon amaliy choralar ham ko‘rilayotir.

Qadimiy otlar

Otlar

Surat manbasi, Marwell Wildlife

Marwell Wildlife
Bu ajoyib otlarni yovvoyi tabiatga qaytarishga hissa qo‘shganimizdan juda ham faxrlanamiz.
Ian Gudvin
Tadqiqotchi mutaxassis

Yaqinda yovvoyi tabiatda yo‘qolib ketgani aytiladigan ikkita ot 5000 kilometr uzoqdagi hayvonot bog‘idan Qozog‘istonga keltirildi.

Shara va Togs ismli bu ikki Prjevalskiy oti Buyuk Britaniyadagi Marvel hayvonot bog‘ida o‘sib ulg‘aygan.

Ularning endilikda Qozog‘iston yovvoyi tabiatida o‘z naslini davom ettirishiga umid qilinmoqda.

Yevropa hayvonot bog‘lari hozir yovvoyi tabiatda yo‘qolgan jonzodlarni qayta urchishini istab, bu yo‘lda sa’y-harakatlar olib borishmoqda.

Bir paytlar Osiyo dashtlari hamda kengliklarida yashagan bu otlar, yovvoyi tabiatda oxirgi marta 1960 yillari kuzatilgan.

O‘shandan beri faqat bir necha o‘n nafari tutqunlikda, ya’ni hayvonot bog‘larida qolgandi, xolos.

Prjevalskiy otlari yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lib, 2014 yili ularning jami soni atigi 178 ta edi.

Otlar uzoq yillar Marvel hayvonot bog‘ida o‘rganilgan.

"Bu ajoyib otlarni yovvoyi tabiatga qaytarishga hissa qo‘shganimizdan juda ham faxrlanamiz" - deydi Britaniyadagi Marvel hayvonot bog‘i mutaxassisi Ian Gudvin.

"Hayvonot bog‘i 1972 yili ochilganda keltirilgan ilk jonivorlardan biri bu otlar edi va biz ularni yarim asrdan ko‘proq o‘rgandik".

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Qozog‘iston oxirgi yillari sayg‘oqlar sonini ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi. Va bu sayg‘oqlar bugun O‘zbekiston hududlariga ham o‘tishadi.

Lochinlarni ko‘paytirish yo‘lida ham samarali ishlar olib borilgan.

Hatto mintaqa yovvoyi tabiatida yo‘qolib ketgan va yaqin-yaqinda ham O‘zbek yoki Qozoq xalq og‘zaki ijodida o‘rin tutgan yo‘lbarslarni yovvoyi tabiatga qaytarish uchun qadamlar qo‘yilmoqda.

Mintaqada qor qoploni, oq tirnoqli ayiq, tog‘ arxari hamda tog‘ va sahro hududlarida yashovchi ohular kabi noyob hayvonlar saqlanib qolgan.

Yo‘qotilgan dunyo

Qurigan dengiz tubidagi kema
Surat tagso‘zi, Orol dengizining qurishi ham mintaqadagi yovvoyi tabiatga salbiy ta’sir etgan.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Ammo 20-asrda bu hayvonlar yoki yo‘qolib, yoki o‘ta kamayib ketdi.

Nafaqat aholi maskanlari kengayishi, balki Orol dengizi qurishi, jonivorlar yashaydigan va ov qiladigan hududlarning paxtazorlarga aylantirilishi hamda tabiat sharoitlarining o‘zgarishi ham bunga sabab bo‘lgani ehtimoli katta.

Iqlim isishi esa yovvoyi tabiatga, xususan, jonzodlarga yanada kuchliroq tarzda salbiy ta’sir qilishi xavotirlarini uyg‘otmay qolmaydi..

Chunki ob-havo jadal o‘zgarib borsa, hayvonlar ham, ular iste’mol qiladigan o‘simliklar ham yangi iqlim sharoitlariga moslashishga ulgurmay qolishi ehtimoli yo‘q emas.

Masalan, Shimoliy-Sharqiy Afrika hamda Yaqin Sharqda ob-havo isishi ortidan hatto jaziramaga chidamli jonivor sanalmish tuyalar ham issiqqa dosh berolmay qolmoqda.

Afrikaning ayrim davlatlarida esa qoramol, qo‘y-echki yangicha issiq sharoitga moslasha olmayotgani bois, chorvadorlar ko‘proq tuya boqishga o‘tayotgandi.

Yovvoyi hayvonlar yashab qolishi, asosan, tabiatdagi shart-sharoitga bog‘liq bo‘ladi.

Kimsasiz keng cho‘llari yoki baland tog‘lari bois Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Tojikistonda yovvoyi hayvonlar hano‘z tez-tez uchraydi.

Deylik, Bishkek shahrida haligacha yovvoyi qizil olmaxonni uchratish mumkin.

Ammo aholisi zich, ulkan yovvoyi hududlari paxtazorlarga aylantirilgan va Orol dengizi qurishidan hududining (foiz hisobida) salmoqli qismlari aziyat chekkan O‘zbekistonda ahvol boshqacha.

O‘tgan asr o‘rtalarida ham O‘zbekistonning kichik shaharlarida chiyabo‘ri, bo‘ri, tulki, toshbaqa yoki yovvoyi o‘rdaklarni uchratish mumkin bo‘lgan.

Bugun ayni hayvonlarni nafaqat shaharlar, hatto qishloqlarda ham ko‘rishingiz dargumon.

Muhofaza qilinadigan jonivorlar, asosan, qo‘riqxonalarda qolgan.

Qayta "tirilayotgan" jonzodlar

Ohular

Surat manbasi, Rasmiy/screenshot

Ayiq

Surat manbasi, Rasmiy/screenshot

Xuddi shunday vaziyatda, Qozog‘iston tabiatni qayta tiklashga intilmoqda.

O‘tgan yillari Qozog‘istonda yuz minglab sayg‘oqlar o‘lgandi, biroq ularning sonini ko‘paytirish imkoni bo‘ldi.

Bular orasida eng yirik loyihalardan biri - yovvoyi yo‘lbarslarni Qozog‘istonda qayta "tiriltirish" sa’y-harakatlari.

Markaziy Osiyoda qadimdan Kaspiy yo‘lbarslari yashagan.

Qozog‘iston ularga eng yaqin bo‘lgan Amur yo‘lbarslarini tabiatga qaytarmoqchi.

Xususan, sayg‘oqlarni asrash va ko‘paytirish yo‘lida o‘zbeklar ham qozoq qo‘shnilari bilan birga ish olib borishmoqda. Bu ohular tarixan O‘zbekiston hududlarida ham yashagan.

Qozog‘iston keng dalalarini Afrika savannalari kabi turli yovvoyi jonivorlarga boy tabiatga aylantira oladimi? O‘zbekistonning bu boradagi harakatlari qanchalik samara bera oladi?

Bu savollarning javoblari birgina bu davlatlar boshlagan loyihalarga bog‘liq bo‘lmasligi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi allaqachon sezilayotgan, Orol dengizi qurishi asoratlari bilan kurashishga mahkum bo‘lgan mintaqa uchun qadimiy yovvoyi tabiatni tiklash oson kechmasligi ham aniq.

Bu uchun rejali maqsad, ko‘p mablag‘, kuchli istak-iroda, uzoq vaqt va jamiyatda qo‘llov ham zarur.