So‘nggi Ukraina dron hujumlarida o‘zbekistonliklar halok bo‘ldi

Surat manbasi, t.me/sotavisionmedia
10 avgust kuni Tataristonning Nijnekamsk shahriga qilingan Ukraina dron hujumlari oqibatida 13 kishi halok bo‘ldi.
O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulxonasiga ko‘ra, qurbonlarning yetti nafari O‘zbekiston fuqarolari.
"Bosh konsulxona halok bo‘lgan fuqarolarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi", deyiladi xabarda.
Tatariston rasmiylari halok bo‘lganlar orasida O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari bor deb xabar berdilar.
Nijnekamsk shahri hokimi Radmir Belyaev besh yashar qiz ham hayotdan ko‘z yumganini xabar qildi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi hayotdan ko‘z yumgan insonlarning shaxsini to‘liq oshkor qilmagan, faqat bosh harflarini keltirgan: A.D.K., U.S.A., B.O.M., A.R.E., X.D.R., X.F.F. va I.D.F.
Hozircha rasmiy idoralar halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning qaysi korxonada ishlagani, qaysi viloyatdan ekani yoki hujum vaqtida aynan qaerda bo‘lgani haqida batafsil ma’lumot bermagan.
"Hozirda mazkur holat Bosh konsulxona tomonidan nazoratga olingan. Hodisaga aniqlik kiritish maqsadida mahalliy mas’ul vakolatli idoralar va tergov organlari bilan zarur aloqalar o‘rnatilgan.
Vafot etgan fuqarolarning jasadlarini sud-tibbiy ekspertiza va zarur rasmiy jarayonlar yakunlanganidan so‘ng Vatanga qaytarish bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilishini ma’lum qilamiz", deb xabar berdi O‘zbekiston konsulligi.
Ushbu hujum Rossiya Ukrainaga qarshi to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyingi Ukrainaning Rossiya hududiga uyushtirgan eng halokatli hujumlaridan biri bo‘ldi.
Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari "turar-joy sektori, shuningdek, sanoat inshootlariga" dronlar bilan qilgan.
Tergov qo‘mitasi terrorchilik xuruji bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atgan.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Hujumning asosiy nishoni sifatida Tataristonning Nijnekamsk shahridagi sanoat hududidagi neft va neftь-kimyo ob’ektlari tilga olinayapti.
Xususan, Ukraina Bosh shtabi «Taneko» neftni qayta ishlash zavodiga zarba berganini xabar qildi.
Qator xalqaro va mahalliy nashrlarga ko‘ra, zavod hududida yong‘in kelib chiqqan.
Bu Ukraina harbiylarining "Taneko" zavodiga birinchi hujumi emas.
12 iyunda ham "Taneko" va ham TAIF neftni qayta ishlash zavodlari nishonga olingani xabar qilingan edi.
Iyul oyida ham Nijnekamskdagi TAIF ikki marta hujumga tutilgan edi.
Tatariston hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, 75 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan, ulardan 21 nafari shifoxonaga yotqizilgan.
Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov respublika bo‘ylab motam e’lon qilindi, bayram tadbirlari bekor qilindi.
Ko‘p sondagi dronlar hujumi ertalabki soat 8:30 da ro‘y bergan.
Rossiyaning boshqa hududlaridagi singari Tataristonda ham dronlar hujumi oldini olish maqsadida mobil telefon aloqasi va Internet uzilgan, ko‘plab insonlar yaqinlarining qaerdaligini bilolmay qiynalganlar.
Rasmiylar portlashlar ro‘y bergan inshootlar va joylarini e’lon qilmayaptilar.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda dron hujumlari Nijnekamsk shahrining Shkolnыy bulvar deb nomlangan ko‘chasida kuzatilgani haqidagi xabarlar tarqaldi.
Bu ko‘chada "Kovyor" Yoshlar tashabbus markazi, talabalar mehnat otryadlari markazi, yotoqxona, "Kama" mehmonxonasi joylashgani xabar qilinadi.
Rasmiylar Shkolnыy bulvardagi maktab binosi shikastlanganini ma’lum qildilar.
InKazan Telegram kanali Nijnekamsk shahri rasmiylariga tayanib xabar qilishicha, Shkolnыy bulvardagi portlashdan keyin uy-joyi shikastlangan insonlarni 3-litsey binosiga vaqtincha joylashtirishga qaror qilingan.
93 odam vaqtincha boshpana so‘rab murojaat qilgani ushbu ko‘chadagi vayrona miqyosi qanchalar kattaligini ko‘rsatadi.
Tatariston Prezidenti Minnixanov Nijnekamsk sanoat zonasiga bordi

Surat manbasi, t.me/eveningkzn
Tatariston rahbari Rustam Minnixanov dronlar hujumiga uchragan Nijnekamsk sanoat hududiga borgan.
Bu haqda Tatariston prezidenti matbuot kotibi Liliya Galimova ma’lum qildi.
"Vechernyaya Kazanь" Telegram kanali voqea joyidan olingan suratlarni e’lon qildi.
"Ushbu hududda turar joy ob’ekti, ya’ni xostel hujumga uchradi. U yerda to‘qqiz kishi halok bo‘lgan. Hozirda voqea joyida tergov harakatlari olib borilmoqda», dedi Galimova.
































