Qirg‘iz deputat Ukraina urushiga tashlangan yigitni qutqarib qoldi. O‘zbek parlamenti-chi?

Surat manbasi, kenesh.kg
Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida tug‘ilgan yigit Rossiya Smolenskida olti oyga qamalgan edi. Jazo muddati tugay deb qolganda, rus harbiylari uni majburlab urushga olib ketganlar. Moskvadagi Qirg‘iz elchiligini xabardor qilishning uddasidan chiqqan yigitning ishiga mamlakat parlamenti - Jogorku Kenesh deputati Oysaraxon Abdibaeva aralashdi, yigit ota-onasi bag‘riga qaytdi.
Otasi Berdali Mirzaev o‘g‘li Rossiya qamoqxonasidan majburan Ukraina urushiga olib ketilayotganidan xabar topganidan keyin parlament deputati Oysaraxon Abdibaevaga murojaat qildi.
Jogorku Kenesh majlisida deputat ushbu masalani ko‘tardi, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovdan aralashishni so‘radi.
"Urushda qatnashishga qarshi bo‘lgan fuqaromizni o‘zimizga qaytarib berishsin", dedi deputat Jogorku Keneshdagi chiqishida.
"Meni do‘pposlab urushga majburan olib ketishdi. Kechasi to‘rt nafar xodim kelib, yengil mashinaga solib olib ketdilar. Harbiy politsiya xodimlari uxlab yotgan paytda yonimdagi Tojik yigitdan telefonini so‘rab, Moskvadagi qarindoshlarimga qo‘ng‘iroq qildim. Ularga: "Tezda Qirg‘iziston elchixonasiga xabar beringlar. Meni majburlab urushga olib ketishayotganini bugunning o‘zida yetkazinglar", dedim", deydi qirg‘izistonlik yigit.
Qirg‘iz yigiti o‘z ixtiyoriga qarshi hatto G‘arb matbuoti tobora ko‘p qo‘llayotgan "go‘sht qiymalagich"ga tashlanayotganidan norozi deputat Qirg‘izistonning va Rossiyaning tegishli idoralariga bir necha bor murojaat yo‘llagan.
"Agar men deputat sifatida yordam bera olmasam, elchi yordam bera olmasa, huquq-tartibot organlari va Mudofaa vazirligi yordam bera olmasa, unda bizning nima keragimiz bor?", dedi Oysaraxon Abdibaeva Bi-bi-siga.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1
Rossiyada ishlayotgan qirg‘izistonlik yoshlarni Ukrainadagi urushga majburan jalb qilishayotgani haqidagi masala Qirg‘iziston parlamentida tez-tez ko‘tariladi.
O‘tgan yili sentyabrida Jogorku Kenesh deputati Ernis Aydaraliev Rossiyada rus tilida gaplasha olmaydigan yoki uni yaxshi tushunmaydigan yigitlarni aldov yo‘li bilan kontraktga yo‘l qo‘ydirib, urushga olib ketishayotgani haqida Qirg‘iziston ombudsmaniga ma’lum qilgan edi.
Ombudsman Jamila Jamanbaeva deputatning so‘zlarini tasdiqlab, bunday faktlar mavjudligini bildirgan, ammo bunga qarshi qanday kurash bo‘layotgani haqida rasmiy ma’lumot bergani yo‘q.
O‘zbekiston parlamenti Rossiyadagi o‘zbekistonliklar Ukraina urushiga tashlanishi oldini olish uchun nima qildi?
Bugun O‘zbekiston Senatining 65 nafar senatori, Qonunchilik Palatasining 150 deputati bor.
Bi-bi-si O‘zbek tahririyati O‘zbekiston parlamentariylari o‘zbekistonliklar Ukraina urushiga jo‘natishlari oldini olish uchun nimalar qilayapti, degan savolga javob izladi.
Biz Senat devonining +998 -78-238-2638 telefon raqamiga, fuqarolar murojaatlari uchun deb berilgan (78)238-2804, (78)238-2645 telefonlariga, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasining +998 (78) 238-22-94 telefon raqamiga, shuningdek, murojaat qilish mumkin deb rasmiy veb-saytda ko‘rsatilgan +998 (71) 238-22-63, 998 (71) 239-83-54 raqamlarga bir necha marta qo‘ng‘iroq qildik.
Ammo ushbu qo‘ng‘iroqlarimizdan birortasiga ham loaqal bir marta go‘shakni ko‘tarib javob bermadilar.
inform@parliament.gov.uz elektron pochtasiga yo‘llagan savolimizga javob kutayapmiz.

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
O‘zbekiston parlamenti o‘zbekistonliklarning chet eldagi urushlarda qatnashishi va bu urushlarning targ‘ib qilinishini qonunan taqiqladi va jinoiy javobgarlikni kuchaytirdi.
O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 154-moddasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bu o‘zgarishlarga ko‘ra, xorijiy davlatlarning harbiy harakatlarida yoki armiyasida qatnashish harbiy yollanish (nayomnichestvo) deb baholanadi. Bu qonunni buzgan fuqarolar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Rossiya tomonidan urushga kirgan fuqarolarga beriladigan tezlashtirilgan fuqarolik ham ularni O‘zbekistondagi jinoiy javobgarlikdan qutqara olmaydi.
2026 yilning fevralda Qonunchilik Palatasi xorijdagi harbiy to‘qnashuvlarda qatnashishni targ‘ib qilishga qarshi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.Ushbu qonunga asosan:
- Chet el qurolli kuchlariga ko‘ngilli bo‘lib qo‘shilishga chaqiruvchi har qanday reklama va ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
- Internet va ijtimoiy tarmoqlarda urushni, yollanishni hamda xorijiy davlat armiyasi tarkibida jang qilishni oqlovchi materiallar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari Ukraina urushida ishtirok etgan o‘zbekistonliklarni aniqlash nazoratini kuchaytirdilar.
Rasmiy m’lumotlarga ko‘ra, 2022 yildan buyon 338 O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan Ukraina urushida qatnashgani uchun jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va turli jazo choralari qo‘llanilgan.
O‘zbekistonda alohida deputat yoki senator Rossiyada sudlangan vatandoshlarning ishlariga shaxsan aralashib, ularning urushga yuborilishining oldini olgani xabari ko‘zga ko‘ringani yo‘q.
Siyosiy tizim tarixan ayrim parlament a’zolariga shaxsiy tashabbus ko‘rsatish va mahkumlarni majburiy yollash holatlarini ommaga olib chiqish imkonini bergan Qirg‘izistondan farqli ravishda, O‘zbekiston parlamenti faqat jamoaviy qonunchilik organi sifatida faoliyat yuritadi.
O‘zbekistondan biror deputat yoki senator muayyan mahkumni ChVK "Vagner" yoki Rossiya Mudofaa vazirligi tarkibiga jalb etilishdan qutqarish maqsadida Rossiya jazoni ijro etish muassasalariga manzilli tashrif buyurgani kuzatilmagan.
Asakalik Abdumo‘min Malikov o‘g‘li Shukirillo Malikovni 2025 yil oktyabridan buyon qidiradi.
Abdumo‘min ota Malikov Bi-bi-siga gapirganidan keyin mutasaddilar kelib yordam va’dasini berganlarini aytadi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Migrantlar va mahkumlarning huquqlarini himoya qilish bilan O‘zbekiston deputatlari emas, balki rasmiy idoralar shug‘ullanadi.
O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi va bosh konsulxonalari o‘zbekistonliklarga (jumladan, tergov hibsxonalari va koloniyalarda saqlanayotgan shaxslarga) muntazam ravishda qat’iy ogohlantirish berib, harbiy shartnoma imzolash vatanga qaytganda jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib keladi.
Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston rasmiy nota va davlatlararo muzokaralar yo‘lini tanlagan.
Masalan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga migrantlarga nisbatan qo‘pol munosabat va ularni yashirin tarzda yollashga urinishlar «mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarga mutlaqo mos kelmasligi»ni bevosita bildirgan.
Buning natijasida Toshkent vaziyatni kuzatib borish uchun Rossiyada O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining rasmiy vakillarini joylashtirishni ham o‘z ichiga olgan nazorat choralarini kuchaytirishga erishgan.
Rossiyada sudlangan ko‘plab shaxslarga O‘zbek siyosatchilari yordam ko‘rsata olmasligining asosiy sababi ularning yashirin tarzda Rossiya pasportini olganida deb ko‘riladi.
O‘zbekiston qonunchiligi ikki fuqarolikni tan olmaydi.
Agar O‘zbekiston fuqarosi qamoqxonada ozodlik yoki pul va’dalari evaziga Rossiya fuqaroligini qabul qilsa, Rossiya hokimiyati uni faqat o‘z fuqarosi sifatida ko‘radi.
Bunday sharoitda biror xorijiy deputat yoki diplomat Rossiya qamoqxonasidagi shaxsdan huquqiy ko‘mak ko‘rsata olmaydi.
Rossiya Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlagan 2022 yil fevralidan buyon nechta O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani aniq ma’lumoti yo‘q.
Bu borada O‘zbekiston yoki Rossiya rasmiylari tomonidan rasmiy statistika e’lon qilinmagan.
Biroq mustaqil tadqiqotchilar va xalqaro loyihalar ma’lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining tasdiqlangan soni 229 nafardan 480 nafargacha deb baholanadi.
Tahlilchilarning fikricha, qurbonlarning haqiqiy soni bundan bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘plab halok bo‘lganlar haligacha shaxsi aniqlanmagan yoki bedarak yo‘qolganlar sifatida qayd etilgan.
2026 yil iyul holatiga ko‘ra, BBC Rus xizmati va «Mediazona» nashri qo‘shma surishtiruvi urushda halok bo‘lgan 229 nafar O‘zbekiston fuqarosini tasdiqlagan.
Ushbu ro‘yxatga faqat o‘limi ochiq manbalar orqali to‘liq tasdiqlangan shaxslar kiritilgan.
Bunda rasmiy ta’ziya xabarlari, qarindoshlarining ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlari hamda yangi harbiy qabrlar suratlari asos sifatida olingan.
O‘zbekiston fuqarolari Tojikiston fuqarolari bilan birga Rossiya armiyasi safida halok bo‘lgan xorijlik yollanma jangchilarning eng ko‘p sonli guruhlaridan birini tashkil etadi.
Rossiya harbiylarining ixtiyoriy ravishda taslim bo‘lishiga ko‘maklashadigan Ukrainaning «Xochu jitь» loyihasi ichki ma’lumotlar bazalari, halok bo‘lganlarning hujjatlari va harbiy asirlar haqidagi ma’lumotlarga tayangan holda yanada kengroq ro‘yxatlarni e’lon qilgan.
Ularning hisobotlariga ko‘ra, urushda kamida 481 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan.
Loyiha ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan yoki ishtirok etayotgan 4 800 nafardan ortiq o‘zbekistonlik shaxsi aniqlangan.
































