Eron mushaklarini ko‘rsatib qo‘ydimi?
- Author, Farzad Seyfikaran
- Role, BBC Fors xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Eron yaqinda Isroil va AQSh kabi davlatlar tajovuziga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan yangi maxfiy yer osti bunkerlari to‘plamini oshkor qildi.

Surat manbasi, Tasnim
"Agar bugundan boshlab har hafta bitta raketa shahrini ochsak ham, ikki yilda tugata olmaymiz. Ular shunchalik ko‘pki..."
Eron yaqinda Isroil va AQSh kabi davlatlar tajovuziga qarshi ishlatilishi mumkin bo‘lgan yangi maxfiy yer osti bunkerlari to‘plamini oshkor qildi.
Reuters axborot agentligiga anonimlik sharti bilan ma’lum qilinishicha, AQSh so‘nggi hafta ichida Eron va Yamanga yaqin joylashgan harbiy bazaga AQShning eng og‘ir bombalarini tashiy oladigan oltitagacha qo‘shimcha harbiy samolyot jo‘natgan.
Eron bunga javoban, Amerika "shisha uyda o‘tirgani"ni "boshqalarga tosh otmasligi" kerakligini aytdi.
Eron, shuningdek, Hind okeanidagi Britaniya hududi bo‘lgan va Mavrikiyga qaytarilish arafasidagi Diego Gartsiya orolida joylashgan bazani bombalash bilan tahdid qildi. Eron ilgari buncha masofadagi ob’ektni bombalay olishini aytmagan edi.
Xo‘sh, "raketa shaharlari" deb atalayotgan joylar aslida nima? Nima uchun Eron hozir yangi imkoniyatlarini oshkor qilmoqda va bu Yaqin Sharqdagi ehtimoliy mojaro uchun nimani anglatadi?
Eronning "raketa shaharlari" nimalardan iborat?

Surat manbasi, IMA Media
"Raketa shaharlari" – Eron harbiy kuchlari, ya’ni Islomiy Inqilob Qo‘riqchilari Korpusi (IIQK) yirik yer osti raketa bazalarini shunday ataydi. Bu bazalar ko‘pincha tog‘li, strategik hududlarda joylashgan bo‘lib, mamlakat bo‘ylab keng tarmoqlangan, chuqur va o‘zaro bog‘langan tunnellar tizimidan iborat.
Ular ballistik va qanotli raketalarni hamda dronlar va havo hujumidan mudofaa tizimlari kabi boshqa strategik qurollarni saqlash, tayyorlash va uchirish uchun ishlatiladi.
IIQK qo‘mondonlari aytishicha, bu raketa shaharlari nafaqat raketalarni saqlash joylari, balki ularning ba’zilari "raketalarni ishlab chiqarish va tayyorlash uchun" zavodlar hamdir.
Ushbu raketa bazalarining aniq joylashuvi noma’lum va hech qachon rasman e’lon qilinmagan.
Eron inqilobi gvardiyasi havo-kosmik kuchlari qo‘mondoni general Amir Ali Hojizoda davlat teleradiokompaniyasi IRIBga bergan intervyusida so‘nggi "raketa shahri"ni ko‘rsatuvchi, ballistik raketalar va chuqur yer ostidagi dronlar aks etgan videoni namoyish etdi. Bi-bi-si bu videoda ko‘rsatilganlarni mustaqil tekshira olmaydi.
Davlat ommaviy axborot vositalari Tehron bu qurollardan "Eron xalqiga qarshi har qanday dushmanlik harakatiga" javoban foydalanajagini ma’lum qildi.
"Agar Eronga mintaqadagi istalgan bazadan yoki Eron raketalari diapazonidan hujum qilinsa, Britaniya yoki Amerika kuchlarini nishonga olishda farq bo‘lmaydi," deb ta’kidladi Eron.
So‘nggi o‘n yil ichida IIQK vaqti-vaqti bilan ko‘plab raketalar, dronlar va mudofaa tizimlari saqlanadigan yer osti tunnellari suratlarini e’lon qilgan va ularni "maxfiy raketa shaharlari" deb ataydi.
Bu AQSh va Isroil uchun qanchalik ahamiyatli?
Eron o‘z imkoniyatlarini ko‘rsatib, Isroil va AQShni keyingi hujumlardan qaytarmoqchi.
So‘nggi kadrlarda «Xaybar Shekan», «Haj Qasam», «Emad», «Sejjil», «Qadar-H» va «Paveh» qanotli raketalarini ko‘rish mumkin.
Eron 2000 kilometr uzoqlikdagi nishonni ura olishi bilan maqtandi.
«Emad» ballistik raketalari Eronning 2024 yil aprel oyida Isroilga qilgan hujumida qo‘llangan bo‘lib, Isroil markazidagi Navatim havo bazasiga zarar yetkazgan.
Erondan Isroilgacha bo‘lgan eng qisqa masofa Iroq, Suriya va Iordaniya orqali taxminan 1000 kilometrni tashkil etadi. Isroil 2024 yil aprel oyida snaryadlarning 99 foizi urib tushirilganini aytdi. Oktyabrь oyidagi ikkinchi hujum esa jiddiy zarar yetkaza olmadi.
Biroq, Eron raketalarining masofasi va halokatliligi haqida shubhalar mavjud, bu esa ularning Diego Gartsiyadagi harbiy bazasiga yetib bora olishi haqidagi so‘nggi da’volarni muhim yangilikka aylantiradi.

U yerda 1970-yillar boshidan beri Buyuk Britaniya va AQSh qo‘shma harbiy bazasi joylashgan. Ammo orol bazasi yaxshi himoyalangan va Eronning eng yaqin nuqtasidan 3800 kilometrga yaqin masofada joylashgan.
Bu hafta Eron o‘zining "Shahid 136B" dronlari 4000 kilometr masofagacha ucha olishi haqidagi da’vosini takrorladi, ammo bu hali isbotlanmagan.
Eron hozirda 2000 kilometrdan ortiq masofaga uchadigan raketaga ega emasdek ko‘rinsa-da, nazariy jihatdan orolga yetib borishning boshqa yo‘llari ham bor, masalan, dengiz kuchlaridan foydalanish yoki mavjud raketa tizimlarini o‘zgartirish.
Yaqin Sharqda allaqachon AQShning katta miqdordagi harbiy kuchlari mavjud va yaqin kelajakda ularga yana ikkita aviatashuvchi kema qo‘shiladi.
Quyidagi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida Diego Gartsiyada B-2 bombardimonchi samolyotlari ko‘rinadi; ular yaqinda Yamandagi husiylarga qarshi bombalash kampaniyasida ishlatildi.
Agar Eronga mintaqadagi istalgan bazadan yoki Eron raketalari diapazonidan hujum qilinsa, Britaniya yoki Amerika kuchlarini nishonga olishda farq bo‘lmaydi...
"Agar Eron yoki uning ittifoqchilari amerikalik harbiylar va mintaqadagi manfaatlarga tahdid solsa, Qo‘shma Shtatlar o‘z xalqini himoya qilish uchun qat’iy choralar ko‘radi," dedi Pentagon vakili Shon Parnell shu hafta bergan bayonotida.
AQSh harbiy kuchlarining Strategik qo‘mondonligi Diego Gartsiyaga nechta B-2 yetib borganini aytmadi va ular ishtirokidagi mashqlar yoki operatsiyalar haqida izoh bermasligini ta’kidladi.
AQSh Harbiy-havo kuchlarida atigi 20 ta B-2 bombardimonchi samolyoti mavjud, shu sababli ular odatda kamdan-kam hollarda ishlatiladi.
Eron nima uchun aynan hozir bu "raketa shaharlari" haqida gapirmoqda?
So‘nggi kadrlar Eron, AQSh va Isroil o‘rtasida uchta masala bo‘yicha keskinlik kuchaygan pallada paydo bo‘ldi: Eron qo‘llab-quvvatlayotgan husiylar tahdidi; Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar; va Livandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan "Hizbulloh" guruhini zaiflashtirishga qaratilgan Isroilning keyingi hujumlari.
AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan yakshanba kuni Tehron Vashington bilan yadro dasturi bo‘yicha kelishmasa, Eronni bombalash va qo‘shimcha sanksiyalar bilan tahdid qildi.
Bu kadrlar, shuningdek, o‘tgan yilgi Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuv ortidan chiqdi – IIQKning yangi raketa poligoni ochilishi Eron kuch bilan javob qaytarishi mumkinligi haqidagi xabarni mustahkamlash uchun mo‘ljallangan ko‘rinadi.
Eron Isroilga qarshi uchinchi operatsiyani o‘tkazishga va’da bermoqda. Biroq, u doimiy ravishda jamoatchilik bosimi ostida qolmoqda. Ko‘pchilik Isroil hujumi Eronning raketa salohiyatini zaiflashtirgani sababli uning bu va’dani bajara olishini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Eron hukumati fuqarolarni o‘zining hamon kuchli ekanligi va AQShning har qanday tahdidiga qarshi tura olishiga ishontirmoqchi.
Yer ostida raketa shaharlarini qurishdan maqsad ularning omon qolish imkoniyatini oshirish, havo hujumlariga chidamlilikni ta’minlash va tiyib turuvchi kuchni saqlab qolishdir. Eron ushbu raketa shaharlarini rivojlantirish orqali yerdagi bazalariga hujum qilinganda ham, AQSh va Isroilga qarshi zarba bera olishini namoyish etdi.
Bu bazalar noma’lum joylardan raketalarni uchirishga imkon beradi va Eronning harbiy imkoniyatlarini baholashda dushmanni chalg‘itadi.





























