You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Yaqin Sharq: Hizbulloh ortidan Hamas ham Isroil bilan sulhga tayyor ekanini bildirdi. G‘azoda ham tinchlik bo‘ladimi?
Seshanba kuni Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi otashkesimni e’lon qilgan AQSh prezidenti Jo Bayden o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga doimiy amal qilinishidan umid bildirgan.
Otashkesim bilan ikki o‘rtada 13 oydan beri faol davom etib kelayotgan janglarga chek qo‘yilgan.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, kelasi 60 kun ichida Isroil o‘z qo‘shinlari va qurollarini Livandan bosqichma-bosqich olib chiqmog‘i lozim.
O‘z navbatida, Hizbulloh kuchlari ham Livan janubidagi chegara hududlarni tark etadi – ular o‘rnini Livan armiyasining 5,000 nafar harbiy xizmatchisi egallaydi.
Livan rasmiylari harbiy xizmatchilar soni asta-sekin oshirib borilishini tilga olgan.
Livan armiyasi mamlakat janubida otashkesim rejimiga amal qilinishini ham kuzatib boradi.
Otashkesim shartlariga amal qilinishi ustidan, shuningdek, AQSh yetakchiligidagi besh davlatdan iborat qo‘mita ham nazorat olib boradi.
Otashkesim kuchga kirishi bilan harbiy harakatlar tufayli Livan janubidagi o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur bo‘lgan ko‘plab odamlar ortga qayta boshlagan.
Isroil mudofaa kuchlari janubiy livanliklarni hozircha qishloqlarga qaytmay turishga chaqirgan va hududlarda xavfsizlik ta’minlanishi bilan bu haqda xabar berishga va’da qilgan.
Shunday manzarada, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu otashkesim davomiyligi Hizbullohning kelgusi harakatlariga bog‘liq ekanini ta’kidlagan.
Uning ogohlantirishicha, agar guruh yana qurollanishga harakat qilgudek bo‘lsa, bu kelishuvning buzilishi, deya hisoblanadi.
AQSh boshchiligidagi nazorat qo‘mitasi e’lon qilgan hujjatda ham agar Isroil Hizbulloh kelishuvni buzdi, deya hisoblagan taqdirda, Livan bo‘ylab zarba berish huquqiga ega ekani tilga olinadi.
Hizbulloh g‘alabasi?
Ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar va top diplomatlar mislsiz insoniy talafotga sabab bo‘lgan urushga chek qo‘yilganini olqishlab chiqqan.
Livanning Iordaniyadagi sobiq elchisi Treysi Chamun kelishuv “barchaning yengil tin olishi”ga imkon bergani haqida gapirgan.
BBC bilan gaplashgan AQShning Maltadagi sobiq elchisi Jina Aberkrombi-Uinstenli kelishuv buzilmasligidan umidvor ekanini tilga olgan.
Shunday manzarada Eron o‘zi ham qurol-yaroq, ham moliyaviy jihatdan ta’minlab keladigan Hizbulloh “g‘alaba qozongan”ini iddao qilib chiqqan.
Masalan, Eron parlamenti deputati Alireza Salimi “sionistlar G‘arbdan barcha yordam olib turib ham Hizbullohga yutqazgan”ini da’vo qilgan.
G‘azoda ham tinchlik bo‘ladimi?
Hamas rasmiylari Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini iliqlik bilan kutib olganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, ular G‘azoda ham o‘xshash kelishuvga erishilishidan umidvor ekanini bildirgan.
“Biz Misr, Qatar va Turkiyadagi vositachilarga Hamas otashkesim va mahbuslarni ayirboshlash bo‘yicha jiddiy kelishuvga tayyor ekanini ma’lum qildik”, deya gapirgan guruh rasmiysi 27 noyabrь kuni AFP bilan suhbatda.
Avvalroq, Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu G‘azodagi harbiy harakatlar “to‘liq g‘alaba”ga qadar davom etishini ta’kidlagan edi.
Shundan beri o‘tgan bir necha oylar davomida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va mahbuslarni ayirboshlash bo‘yicha muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgancha qolmoqda.
Hizbulloh bilan kelishuv ortidan Britaniya va Iordaniya kabi davlatlar G‘azoda ham tinchlik o‘rnatilishi tomon qadam tashlashga chaqirgan.
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardnerning fikricha, G‘azoda tinchlikka erishish qiyinroq kechishi mumkin.
“Farqi shundaki, Livanda kelishuvga hukumat aralashdi. G‘azoda esa Hamas G‘arbdagi ko‘plab davlatlar tomonidan terrorchi guruh deya tan olingan va Isroil o‘tgan yil 7 oktyabridagi hujumlar ortidan guruhni butkul yo‘q qilishga ont ichgan. Shu sabab jarayon anchayin mushkul kechishi mumkin”, deya yozgan Gardner.
Otashkesim endi buzilmaydimi?
Hyugo Bachega
BBC’ning Yaqin Sharq bo‘yicha muxbiri
Bu urush Livan uchun juda qaqshatqich kechdi.
3,500 dan ziyod inson halok bo‘ldi, milliondan ortiq inson uyidan qochdi, mamlakatning katta qismi vayronaga aylandi.
Hizbullohning tarafdorlaridan tashqari ko‘plab livanliklar guruhni mamlakatni keraksiz urush domiga tashlashda ayblaydi.
Shubhasiz, Hizbulloh otashkesimni o‘z g‘alabasi o‘laroq ko‘rsatishga, uning qat’iyati Isroilni kelishishga majburlaganini ta’kidlashga urinadi.
Ammo guruhga jiddiy zarba berildi. U yo‘q qilinmadi, lekin bu zarbadan o‘zini qayta tiklay olmasligi ham mumkin.
Hizbullohning Livandagi siyosiy raqiblari bu holatni “davlat ichidagi davlat” tuzumidan xalos bo‘lish imkoniyati o‘laroq ko‘rishi ham mumkin.
Otashkesim bilan o‘t ochish to‘xtatadi, biroq Livan uchun inqiroz hali tugamadi.