"Unutmang, ortingizda Prezident turibdi" – mintaqa yetakchilari o‘z xalqlarini Navro‘z bilan qanday tabrikladi?

Surat manbasi, President.uz
Markaziy Osiyo liderlari sezilarli siyosiy va iqtisodiy sinovlar manzarasida o‘z xalqlarini Navro‘z bilan tabrik yo‘llagan. BBC ularning an’anaviy tabriklarida bu safar tilga olingan asosiy nuqtalarni o‘rganib chiqdi.
Umuman olganda, mintaqa davlatlari prezidentlari an’anaga sodiq qolgan holda, qadimiy urf-odatlar ahamiyati, milliy o‘zlik, Navro‘z ayyomining mintaqa madaniyatlarida tutgan o‘rnini yana esga olgan.
Nutq va tabriklarda islohotlar, mintaqaviy hamkorlik, ijtimoiy-siyosiy hayotdagi evrilishlar kabi kun tartibida turgan masalalar ham tilga olingan.
Shunga qaramay, prezidentlarning tabriklarida e’tibor berishga arzirli nuqtalar ham ko‘zga tashlangan.
O‘zbekiston
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Navro‘zga bag‘ishlangan tantanali marosimda so‘zlagan nutqida mamlakatda davom etayotgan islohotlar, inson qadri, ijtimoiy adolat, aholi turmush darajasini yaxshilash kabi mavzularni tilga olgan.
Prezident jamiyatning deyarli barcha asosiy qatlamlarini sanab o‘tib, yoshlarga murojaat qilgan.
"Qayerda bo‘lmang, qaysi sohada ishlamang, milliy qadriyatlarimizga, o‘zligimizga, Vatanimizga munosib va sodiq bo‘ling! Hech qachon unutmangki, ortingizda salkam 38 millionlik buyuk xalq, Prezident turibdi", degan u.

Surat manbasi, President.uz
Mirziyoyev mahalla instituti ahamiyatiga alohida to‘xtalgan va bu yilda mahalla raislari saylovlari bo‘lib o‘tishini eslatgan hamda fuqarolar bu jarayonda "fidoyi va vatanparvar yurtdoshlar uchun ovoz berishiga ishonishi" haqida gapirgan.
O‘zbekiston yetakchisi o‘z nutqida mintaqaviy hamjihatlik va qardosh xalqlar birligi muhimligiga yana bir bor urg‘u bergan
"Shu oy oxirida qadimiy Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston yetakchilarining uch tomonlama uchrashuvi mana shu yo‘lda yana bir amaliy qadam bo‘ladi, deb ishonaman", degan u.
Qirg‘iziston

Surat manbasi, President.kg
Prezident Sadir Japarov qirg‘iz xalqini Osh shahrida tashkil etilgan tantanada qilgan chiqishida tabriklagan.
Qirg‘iziston prezidenti nutqidagi asosiy nuqtalardan bir – bu chegaralar masalasi.
Japarov O‘zbekiston va Tojikiston bilan uzoq yillardan beri sovuq munosabatlarga sabab bo‘lib kelgan chegaralar muammosiga nihoyat barham berilgani muhim yutuq bo‘lganini ta’kidlagan.
"Qirg‘izistonning rivoji va farovonligi mamlakatdagi barqaror vaziyat ham osoyishtalikka bog‘liq. Qirg‘izistonning yorqin kelajagi millatimizdagi osudalik va chegaralarimizga taalluqli muammolar yechimiga bog‘liq ekanini aytishni istar edim", degan prezident Japarov.
Japarov mintaqada vizasiz rejim o‘rnatish taklifini ham o‘rtaga tashlagan.
"Endilikda, hamkorligimizni yangi darajaga ko‘tarish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida vizasiz rejim tashkil etish hamda boshqa mamlakatlardan mintaqaga kelayotgan mehmonlar uchun yagona viza joriy tashabbusini ilgari suramiz", ma’lum qilgan u.
U, shuningdek, maorif tizimidagi islohotlarga to‘xtalib, 12 yillik maktab ta’limi tizimiga o‘tish rejasini e’lon qilgan.
Tojikiston

Surat manbasi, President.tj
Tojikistonni "Navro‘zning asl vatani" deb atagan Emomali Rahmon o‘z xalqini bu kunda qadimiy milliy bayramlarni asrash va daraxt ekishga chaqirgan.
Tojik prezidenti, umuman olganda, oxirgi yillarda odat qilganidek, o‘zining Navro‘z tabrigida ham iqlim o‘zgarishi oqibatlari va oziq-ovqat xavfsizligi masalasini eslab o‘tgan.
"Mamlakat dehqonlari va tasarrufida yer uchastkasi bo‘lgan barcha insonlar bahorning har bir qulay kunidan to‘liq foydalanib, yiliga uch-to‘rt hosil olishga intilishi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni oshirishi lozim. Prezident yeri yoki tomorqaga ega har bir xonadon o‘zining oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va zaxira to‘plash maqsadida yerning har bir qarichidan unumli foydalanishi zarur", ta’kidlagan Rahmon.
Tojikiston prezidenti tabrigida boshqa hamkasblari kabi geosiyosiy masalalarni bevosita tilga olmagan.
Qozog‘iston
Prezident Qosim-Jomart Toqaevning tabrigi ham boshqa yetakchilarnikidan u qadar farq qilmaydi.
Toqaev ham o‘z yurtida keng qamrovli islohotlar olib borilayotganini tilga olgan.
Biroq u Qozog‘istonning ba’zi geosiyosiy ambitsiyalariga ishora qilgan.
"Izchil va har tomonlama o‘ylangan tashqi siyosat sharofati bilan Qozog‘iston butun dunyoda obro‘li davlat o‘laroq tan olindi", ishonch bildirgan mamlakat rahbari.
U joriy yilda Qozog‘iston ilg‘or, farovon va kuchli davlatga aylanishi zarurligini ta’kidlagan.

Surat manbasi, Akorda.kz
Toqaev bu maqsadga erishish uchun mamlakatni yangi geosiyosiy voqeliklarga moslashtirish lozimligini aytgan.
"Mamlakatimiz maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari aniq. Raqamlashtirish va sun’iy idrok, yirik infratuzilma loyihalari, transport aloqasi va energetika, agrosanoat kompleksi, inson kapitali – bu mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlari", degan Toqaev va Qozog‘iston o‘zi tilga olgan yo‘nalishlarda raqobatbardosh bo‘lish uchun yetarli imkoniyatga egaligini bildirgan.
"Birgalikda "Qonun va Tartib" tamoyili mustahkam o‘rnashgan adolatli, xavfsiz, toza, ma’rifatli va rivojlangan Qozog‘istonni barpo etamiz", ma’lum qilgan u.
Turkmaniston

Surat manbasi, turkmenistan.gov.tm
Serdar Berdimuhammedovning "Turkmanistonning mustaqil betaraf xalqiga" deya boshlanuvchi tabrigida ushbu mamlakatning yaqin tarixida siyosiy an’ana tusiga kirganidek, asosiy urg‘u milliy o‘zlik, qadriyatlar va mafkuraga qaratilgan.
Kichik Berdimuhammedov Turkmanistonning betaraf maqomiga bu yilda 30 yil to‘layotganini eslatgan.
"Davlatimizning doimiy betaraflik maqomi butun dunyo xalqlari o‘rtasidagi birdamlik, do‘stlik va birodarlikni mustahkamlash, umumjahon tinchligini ta’minlash, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini kengaytirish borasida ulkan ahamiyatga ega. Hozirgi paytda dunyo davlatlari bilan o‘zaro manfaatli do‘stona munosabatlarni doimiy ravishda rivojlantirish yurtimizning xalqaro nufuzini yanada oshirmoqda", ma’lum qilgan u.





























