Birinchi masjid nega bahslarga sabab bo‘ldi? Yapon shaharchasi o‘zligini izlamoqda

- Author, Kurumi Mori
- Role, Tokiodagi muxbir, Fujisava
- Published
- O'qilish vaqti: 5 daq
Bugun bu yer shunchaki maysazor. Ammo yaqin orada u Yaponiyaning ushbu shaharchasidagi birinchi masjid quriladigan joyga aylanadi.
"Bu jamiyatimiz qanday o‘zgarishi mumkinligi haqida xavotirga soladi", deydi bu yerda uzoq yillardan beri yashab kelayotgan Noriko Izumizava.
Tokiodan janubda, avtomobilda taxminan bir soatlik masofada joylashgan sokin sohilbo‘yi shaharchasi Fujisavada masjid qurish rejalari turli munosabatlarni uyg‘otdi.
Bu holat g‘azab va qo‘rquvni, shuningdek umid va qabul qilish kayfiyatini ham yuzaga chiqardi. Bu Yaponiyada aholi sonining qisqarishi va qarishi natijasida yuzaga kelgan ishchi kuchiga ehtiyoj sharoitida immigratsiya va ijtimoiy o‘zgarishlar haqidagi xavotirlar ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.
Immigratsiya hali ham siyosiy jihatdan nozik va cheklangan masala bo‘lib qolsa-da, Yaponiya bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish uchun tobora ko‘proq chet ellik ishchilarga tayanmoqda. Bu esa turli madaniyatlar, tillar, dinlar va hayot tarziga ega muhojirlarning kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu bois bugun Fujisava kabi shaharchalarda kechayotgan bahs Yaponiyaning o‘zini qanday ko‘rishi haqidagi muhim savolga borib taqaladi.
Izumizava bu kabi xavotirlarni bildirgan yagona kishi emas. U tobora ko‘zga ko‘rinayotgan musulmon jamoasidan xavotirda bo‘lgan Fujisava aholisi guruhiga kiradi. Uning aytishicha, AQSh va Yevropada immigratsiya atrofidagi keskin bahslar ham uning xavotirlarini kuchaytirgan.

Joriy yil boshida mahalliy temiryo‘l bekati yonida masjidga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. Yangi masjid qurilishiga qarshi chiqish uchun minglab odamlar ko‘chalarga chiqdi. Ayrimlarning fikricha, yaqin atrofdagi yapon sinto ibodatgohidan ancha katta bo‘lgan masjid qurilishi hurmatsizlik hisoblanadi.
Shuningdek, Yaponiya ijtimoiy tarmoqlarida nafratli chiqishlar va yolg‘on ma’lumotlar tarqalayotgani haqida xabarlar ham bo‘lgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, masjidlarga haqoratomuz qo‘ng‘iroqlar va elektron xatlar yuborilmoqda. Ularning ba’zilari nafratga qarshi guruhlarni «Nafratga o‘rin yo‘q» degan chaqiriq bilan qarshi namoyishlar tashkil etishga undagan.
Fujisava masjidi qurilishi rejalashtirilgan ko‘chaning ro‘parasidagi qahvaxonani boshqaruvchi Hiroki Suzuka o‘zaro tushunish va muloqotni kuchaytirishga chaqirmoqda.
"Men bunga qat’iy qarshi emasman, ammo kuchli qo‘llab-quvvatlayman ham deya olmayman", dedi Suzuka.
"Menimcha, birinchi qadam - ular haqida, islom nima ekani, ular qanday odamlar ekani, qanday qadriyatlar va qarashlarga ega ekanini o‘rganishdir. Hammasi ochiq fikrlash va bir-birimizni tushunish istagidan boshlanadi".
Yaponiyada musulmonlar qanday yashaydi?
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Ishbilarmon Muhammad Mohidin so‘nggi 39 yildan buyon Osakada yashab kelmoqda. U iqtisodiy yuksalish davrida yaxshiroq ish imkoniyatlarini izlab, 1987 yilda vatani Shri-Lankadan Yaponiyaga ko‘chib kelgan.
U avval qimmatbaho toshlar savdosi bilan shug‘ullangan, keyinchalik esa savdo sohasida ishlab, ishlatilgan avtomobillarni Shri-Lanka va Pokiston kabi mamlakatlarga eksport qilgan.
Uning aytishicha, o‘sha paytlarda Yaponiyada chet ellik aholi ancha kam edi.
Biroq Mohidinning fikricha, o‘sha davr bilan taqqoslaganda, mahalliy aholi chet elliklarga nisbatan ancha salbiyroq munosabatda bo‘la boshlagan va musulmonlarga nisbatan, ham internetda, ham shaxsan muloqotlarda haqoratli gaplarni aytmoqda.
"Ijtimoiy tarmoqlarda "Yaponiyani tark eting" yoki "O‘z mamlakataringizga qayting" kabi sanoqsiz izohlar bor", dedi Mohidin. "Odamlar hatto masjidga kelib, haqoratli gaplarni ham ayta boshladi".
Mohidin mahalliy islom jamoasi a’zosi sifatida har kuni namoz va boshqa vazifalar uchun Osaka masjidiga boradi. Uning aytishicha, hech qachon hayoti xavf ostida deb his qilmagan.
Qo‘shnilari bilan uzoq yillar davomida yaxshi munosabatda bo‘lib kelganiga qaramay, Mohidin so‘nggi vaqtlarda musulmonlarga nisbatan munosabat o‘zgarganini sezgan.
Rostini aytsam, ehtimol men faqat o‘zimga notanish bo‘lgan narsadan qo‘rqayotgandirman.
«Endi men odamlar bizdan qo‘rqayotgandek his qilaman».
Og‘zaki haqoratlar keyingi yillarda kuchaygan. Uning eslashicha, musulmon jamoasi a’zolarini terrorist deb atashgan, ularni bomba yasashda ayblashgan va Yaponiyadan chiqib ketishni aytishgan.
"Shunday bo‘lganda, bizning qo‘limizdan keladigan yagona narsa - sabr qilish. Ular janjal chiqarishga yoki to‘qnashuv keltirib chiqarishga urinmoqda. Ular bizning qancha vaqt chiday olishimizni ko‘rmoqchi", dedi Mohidin.
"Shuning uchun biz xotirjam qolamiz, muloyim gapiramiz va ularga yaxshi munosabatda bo‘lamiz. Chunki yaponlar, umuman olganda, islom haqida ko‘p narsa bilmaydi".
Shunga qaramay, u yuzaga kelgan uzilish uchun ma’lum ma’noda o‘zaro mas’uliyat ham bor, deb hisoblaydi.
"Biz faqat ishimizga e’tibor qaratdik va uzoq vaqt davomida odamlarga kimligimizni tushuntirish uchun yetarlicha harakat qilmadik. Shuningdek, jamiyatning bir qismiga aylanish uchun ham yetarlicha harakat qilmadik", dedi u.
"Bundan buyon muloqotni ko‘paytirish va o‘zaro tushunishni mustahkamlash uchun yanada ko‘proq harakat qilishni istayman".

Shakil Muhammad, 61 yoshda, so‘nggi o‘n yildan buyon Saytama prefekturasidagi Yashio masjidi nomidan faoliyat yuritib kelmoqda. U Pokistondan Yaponiyaga ko‘chib kelgach, 26 yil davomida qurilish maydonida nazoratchi bo‘lib ishlagan va yapon tilida ravon so‘zlashadi.
Muhammadning aytishicha, eng muhimi Yaponiya qoidalariga amal qilishdir. Bunga chiqindilarni to‘g‘ri saralash, avtoturargoh qoidalariga rioya qilish va velosiped haydaganda dubulg‘a kiyish kabilar kiradi.
"Biz Yaponiyada qabul qilingan tartib-qoidalarni hurmat qilish va ularga amal qilish uchun bor kuchimiz bilan harakat qilamiz", dedi u. "Muomala madaniyati ham muhim. Hatto odamlar bilan salomlashishdek oddiy narsaning o‘zi ham ahamiyatga ega".
Uning aytishicha, Yashiodagi yapon aholisi hududdagi pokistonliklar jamoasini "Yashio-ston" deb ataydi.
"Albatta, o‘zini yomon tutadigan ayrim pokistonliklar ham bor. Ammo ular juda kichik ozchilikni tashkil etadi. Xuddi shunday holat yaponlarda ham uchraydi", dedi u.
Immigratsiya va o‘zlik masalasi
Yaponiya ulkan demografik o‘zgarishlar sharoitida o‘zligini anglash masalasi bilan yuzlashmoqda.
Yaponiyadagi musulmonlar soni, jumladan chet ellik aholi va yapon musulmonlari 2024 yil oxiriga kelib taxminan 420 ming kishini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda 230 ming nafar edi. Bu haqda Yaponiyada islom dinini o‘rganuvchi Vaseda universiteti faxriy professori Xirofumi Tanada ma’lumot bergan.
Mamlakatda musulmonlar sonining o‘sishi yanada kengroq milliy tendentsiyani ham aks ettiradi. Asosan Xitoy, Vetnam, Janubiy Koreya va Filippindan kelgan chet ellik aholi soni 2025 yilda 4 milliondan oshdi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, ularning rekord darajadagi 2,57 millioni Yaponiyada ishlaydi. Xuddi shu yilning o‘zida Yaponiya aholisi qariyb 1 million kishiga kamaygan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Hukumat vakillari uzoq yillar davomida mamlakatni immigratsiya mamlakati deb atashdan qochib kelgan, ammo ko‘proq doimiy emas, vaqtinchalik deb hisoblanadigan vizalarni ilgari surib kelmoqda. Tanqidchilar buni "yashirin" immigratsiya tizimi deb ataydi.
Shu bilan birga, bosh vazir Sanae Takaichi keng ko‘lamli immigratsiyaga qarshi o‘ta konservativ pozitsiyani egallagan. 2026 yil iyun oyida Yaponiya hukumati qariyb 50 yil davomida oshirilmagan chet elliklar uchun viza to‘lovlarini besh baravarga oshirishga qaror qildi.
Ayni paytda hukumat mamlakatda noqonuniy qolib ketayotgan chet elliklarga qarshi nazoratni kuchaytirish maqsadida Immigratsiya xizmatlari agentligi xodimlari sonini taxminan 230 nafarga ko‘paytirishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, rasmiylar mamlakatdagi chet ellik aholi sonini boshqarish uchun muayyan cheklovlar joriy etishi ham mumkin.
Muhojirlar jamoalari tobora ko‘zga ko‘rina boshlar ekan, mamlakat uzoq vaqt davomida chetlab o‘tishga uringan savol bilan yuzlashishga majbur bo‘lmoqda: Yaponiya o‘zi qadrlaydigan milliy o‘ziga xoslik va jamiyat birdamligini saqlab qolgan holda, yanada turli millat va madaniyatlar yashaydigan mamlakatga aylana oladimi?
Fujisavaga qaytadigan bo‘lsak, Izumizava musulmon qo‘shnilari bilan hech qachon salbiy tajribaga duch kelmaganini tan oladi.
"Rostini aytsam, ehtimol men faqat o‘zimga notanish bo‘lgan narsadan qo‘rqayotgandirman", deydi u yelka qisib.
Maqolani tayyorlashda Chie Kobayashi ham ishtirok etdi.





























