You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Rossiyaning yangi yadro quroli – Putinning quruq po‘pisasimi yoki haqiqiy xavf?
- Author, Laura Gotstsi
- Role, BBC News
- Published
- O'qilish vaqti: 4 daq
29 oktyabr kuni Ukrainadagi urush qatnashchilari bilan uchrashuv vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi turdagi yadro quroli sinovdan o‘tkazilganligini e’lon qildi.
Yadro yoqilg‘isida yuruvchi, yadroviy kallaklarga ega va torpedaga o‘xshab foydalanish mumkin bo‘lgan "Poseydon" suv osti dronlari haqida gapirar ekan, janob Putin "Bunaqasi hali hech qaerda yo‘q", deb da’vo qildi.
Rossiya parlamenti a’zolaridan biri esa, bu qurol "butun boshli davlatlar faoliyatini falaj qilishi" mumkinligini aytdi.
"Poseydon" haqida ilk bor Rossiya matbuoti 20218 yili xabar bergan vaqti tezligi soatiga 200km gacha yetishi va "muttasil o‘z yo‘nalishini o‘zgartirib harakat qilishi" haqida aytilgandi.
Bu o‘z navbatida go‘yoki ushbu qurolni urib tushirish imkonini yo‘qqa chiqaradi.
Putin izhorotidan bir necha kun avval Moskva yana bir "cheksiz imkoniyatlarga ega "Burevestnik" yadro raketasini sinovdan o‘tkazganligini ma’lum qilgandi.
"Burevestnik" haqida Putin "jahonda qiyosi yo‘q, unikal qurol" ekanligini aytgandi. Unga ko‘ra, bu turdagi raketa yangilik bo‘lib, "uning imkoniyatlarini aniqlab, qaysi turdagi qurollarga kiritilishi hali hal qilinmagan"
Rossiyada yangi turdagi qurollarni tez-tez sinovdan o‘tkazib, ko‘z-ko‘z qilish odat tusiga kirgan.
Ammo bu haqdagi Rossiya e’lonlarining balandparvoz ohangiga qaramay, bu qurollarning harbiy salohiyati ko‘pda mavhum.
"Qisqa qilib aytsak, bu oxir zamon qurollari. Butun jahonni yo‘q qilish maqsadi bo‘lmasa ishlatilmaydi", dedi VVS bilan suhbatda Rossiya masalalari bo‘yicha sharhlovchi Mark Galeotti.
"Poseydon" ham, "Burevestnik" ham javobiy hujum uchun ishlatiladigan qurollar", deya ilova qildi Mark Galeotti. "Hozircha esa biron davlat Rossiyani nishonga olmoqchi ekanligini hatto eng mutaassib Kreml tashviqotchilari ham aytishmayapti".
Bu qurollar ne qadar foydalanishga yaroqli ekanligi ham hozircha noma’lum.
2019 yili raketa dvigatelining portlashi oqibatida 5 nafar rossiyalik yadro muhandisi halok bo‘lishgandi. Rossiya va G‘arb mutaxassislari bu hodisani "Burevestnik" sinovi bilan bog‘liq, deya taxmin qilishgandi.
Ikki yil o‘tib Londondagi Strategik Tadqiqotlar Xalqaro instituti Rossiya bu turdagi raketaning "yadroviy harakatlantiruvchi qismining ishonchli yo‘lda ishlashi"ni ta’minlashda "jiddiy texnik muammolarga" yuz tutayotganini urg‘ulagandi.
"Poseydon" ham "Burevestnik" ham to‘liq yangi turdagi qurol emas. Ikkalasi ham 2018 yili Putin tomonidan "ko‘z ilg‘amas", deya ta’rif berilib, jahonga taqdim etilgandi.
Shuning uchun bu oxirgi e’lonlarning mazmuni emas, ko‘proq aytilayotgan vaqti e’tiborga loyiqdir.
Rossiya bilan Ukrainani muzokaralar stoliga olib kelish yo‘lidagi bir necha oylik diplomatik harakatlardan so‘ng, ko‘rinishicha AQSh prezidenti Donald Trampning urushga chek qo‘yish urinishi bir oz susaygan.
Oktyabr oyida Moskva bilan Vashington mavqelari o‘rtasida ulkan farq borligi va yuqori darajadagi uchrashuvdan samara kam bo‘lishi aniq bo‘lganidan so‘ng Oq uy Tramp va Putin o‘rtasidagi muloqotni bekor qildi.
Hozirda kelgusi muzokaralar haqida gap-so‘z yo‘q, ammo muloqot bekor qilinishi bilan janob Tramp Rossiyaning ikki yirik neftь shirkatiga nisbatan jazo choralarini e’lon qildi.
Janob Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan ham munosabati u qadar yaxshi bo‘lmasa ham, ko‘rinishicha, AQSh prezidentining Moskvaga nisbatan sabr kosasi to‘lib bormoqda.
Shuning uchun balki Putin Tramp e’tiborini o‘ziga tortmoqchidir.
"Trampning Ukrainaga qo‘llovi va Rossiyaga nisbatan xayrixohligi bir jo‘shib, bir tushib turgani manzarasida Moskva Ukraina urushida qo‘li balandligini ko‘rsatmoqchidir», deydi Mark Galeotti.
"Bu kontekstda qurollar sinovi Trampga Rossiya hanuz qudratli ekani haqida mujda berishdir".
Yana bir jihat – bu Ukrainadagi jabhadan kelayotgan xabarlar.
Rossiya to‘la qonli urush boshlaganidan 3 yarim yil o‘tib qo‘shinlari ulkan talafotlar bilan hanuz zo‘r-bazo‘r mavqelarini ushlab turishibdi. Yaqin orada yirik ilgari siljish bo‘lishi mumkinligi belgilari yo‘q.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
"Ukraindagi urushda qizg‘in janglar davri bo‘lmish yoz tugab bormoqda va bu davr Rossiya uchun yaxshi o‘tmadi", deydi Makkenzi Tadqiqotlar markazidan Devid Xetkot.
Uning VVSga aytishicha, "Poseydon" va "Burevestnik" haqidagi e’lonlar Rossiya oddiy kuchlarining zaifligidan dalolat beradi.
Moskvaning "Poseydon" va "Burevestnik" sinovlari haqidagi e’loniga ana shu omillar turki bergan bo‘lishi mumkin, ammo shunday bo‘lsa ham janob Trampning AQSh yadroviy qurollar sinovini qayta boshlashi haqidagi qaroriga turtki bergan ko‘rinadi.
Janob Tramp o‘z qarorini Xitoy va Rossiya kabi davlatlar bilan qadamma-qadam bo‘lish kerakligi bilan oqlagan.
"Boshqalar sinovlar o‘tkazayotgan vaqtda biz ham shunday qilishimiz joizdir", degan AQSh prezidenti.
Lekin taxmin qilinishicha 33 yillik tanaffusdan so‘ng AQSh yadro sinovlarini boshlashi uchun bir necha oy muddat kerak bo‘ladi.
Kremlning janob Tramp qaroriga munosabati tezda ro‘y berdi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov «AQSh prezidentiga to‘g‘ri ma’lumot berildimikan», deya savol tashladi. «Rossiyadagi sinovlar yadro quroli sinovlari, deya talqin qilinishi mumkin emas", dedi janob Peskov.
AQSh prezidenti esa mamlakat aynan qanday sinovlar o‘tkazmoqchi ekanligi tafsilotlarini ochiqlamagan.
Strategik Tadqiqotlar Institutidan Kristofer Egerton so‘zlariga ko‘ra, Trampning qarori "Burevestnik" sinoviga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javobiy munosabat va balkida AQSh qit’alararo ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazishni rejalayotgan bo‘lishi mumkin.
Maqola ba’zi qisqartirishlar bilan berildi. Batafsil bu yerda o‘qishingiz mumkin: Russia's new nuclear weapons - real threat or Putin bluster?