You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Saudiya Arabistoni: Boyliklarning tagi ko‘rinib qoldimi yoki hammasiga urush sababchimi?
- Author, Sebastian Usher
- Role, Global masalalar bo'yicha muxbir
- Published
- O'qilish vaqti: 10 daq
Bir zamonlar o‘z qudrati cho‘qqisiga yetgan avtokratik podshoh va qirollar amalga oshirgan megaloyihalar xarobalarida ularning shon-shuhratlari sadosi qolgan.
Bu monumental loyihalarning jismoniy izlarini Yaqin Sharqning unumdor tekisliklari, tog‘ yonbag‘irlari va cho‘llaridan topish mumkin.
Ammo ularning bugungi eng ko‘zga ko‘ringan izdoshlaridan birining olamshumul g‘oyalaridan faqat raqamli iz qolishi mumkin.
Bundan o‘n yil avval Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon o‘z mamlakatini ilmiy fantastika olamidan ham o‘tib tushadigan qiyofasini yaratish haqida farmon berdi.
Bu loyiha "Nigoh-2030" ("Vision 2030") deb nomlandi.
G‘aroyib monolit inshootlar nafaqat podshohlik, balki butun dunyo uchun yangi texnologik mo‘’jizalarni yaratishga yordam berishi kerak edi.
Bu g‘oyalar dabdabali targ‘ibotlarda o‘z aksini topdi.
Unda tasvirlangan aql bovar qilmas manzaralar ham hayrat, ham istehzo bilan keng yoritildi.
Loyiha Saudiya Arabistonining qariyb 1 trillion dollarlik suveren boylik fondi hisobidan amalga oshiriladigan bo‘ldi.
Asosan neftdan keladigan bu boylikdan neftsiz kelajak uchun poydevor yaratish ko‘zda tutilgan edi.
2030 yilga to‘rt yil qolganida, kutilganidek, bir chekinish yuz berdi.
Buning bir sababi moliyaviy vaziyatdir, chunki Yaqin Sharqdagi oxirgi urushdan oldin neft narxlarining keskin tushib ketishi hatto Saudiya Arabistonining ulkan boyligiga ham zarba berdi.
Garchi hozirda urush tufayli narxlar keskin oshgan bo‘lsa-da, mojaro keltirib chiqargan noaniqlik Saudiya daromadlari va xarajatlarini cheklamoqda.
Qolaversa, bu o‘ta qimmatbaho va ulkan loyihalarga xorijiy sarmoya oqimi saudiyaliklar umid qilgan darajada amalga oshmadi.
Xayolotdan voqelikka
Eng ko‘zga ko‘ringan loyihalarning ba’zilari hozirda qisqartirilmoqda, vaqtincha to‘xtatilmoqda yoki hatto ulardan butunlay voz kechilmoqda.
Ularning bir nechtasi bir vaqtlar hamma narsani qamrab olgan 500 milliard dollarlik "Neom" megaloyihasi doirasida edi.
Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbidagi 161 km.dan ortiq o‘zlashtirilmagan yerlar bo‘ylab cho‘zilib, Londonning mashhur "The Shard" binosidan ham balandroq bo‘lishi va shahar haqidagi tasavvurni butunlay o‘zgartirishi kutilgan "The Line" loyihasi ancha oddiyroq narsaga aylanayotgan ko‘rinadi.
Mamlakat shimoli-g‘arbidagi tog‘larda joylashgan "Trojena" qishki dam olish maskani loyihasi ham cheklandi. Saudiya Arabistonini faqat sahrodan iborat degan tasavvurga zid o‘laroq, u yerda qor yog‘adi, lekin uzoq turmaydi. Yil davomida ishlaydigan tog‘ kurorti g‘oyasi hududni sun’iy dunyoga aylantirdi va hozir bu ishlar maqsadga muvofiq deb ko‘rilmayapti.
U yerda kilometrlab chang‘i uchish yo‘laklari, sun’iy ko‘l, hashamatli mehmonxonalar va do‘konlarga ega to‘laqonli chang‘i shaharchasi – Arabiston tog‘laridagi kichik bir Sankt-Morits barpo etilishi kerak edi. Loyiha 2029-yilgi qishki Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun o‘z vaqtida tayyor bo‘lishi rejalashtirilgan edi, ammo bu bekor qilindi va o‘yinlar Qozog‘istonda o‘tkaziladigan bo‘ldi.
Nyu-Yorkdagi "Empire State Building"ning yigirmatasini o‘ziga sig‘dira oladigan, xonadon va ofislardan iborat ulkan inshoot – "The Cube"dan esa butunlay voz kechildi. Uning qurilishiga taxminan 50 milliard dollar sarflanishi kutilayotgan edi.
Yaqinda esa podshohlikning sport olamida jahon yetakchisiga aylanish yo‘lidagi ulkan intilishlarining eng yorqin durdonalaridan biri bo‘lgan "LIV Golf " turniri ham qayta baholandi. Bugungi kunga qadar taxminan 5 milliard dollarga tushgan bu loyiha na moliyaviy, na obro‘-e’tibor jihatidan foyda keltirgan o‘ta qimmat va samarasiz tashabbus deb topildi.
"Saudi, Inc.," kitobi muallifi Ellen R. Uald kabi Saudiya Arabistonini uzoq yillardan beri kuzatib kelayotgan tahlilchilar uchun bu holat yangilik emas.
"Bu o‘sha eski stsenariy, "The Line" bilan bog‘liq vaziyat ham xuddi shunday. Bilasizmi, avval "Biz mana bu ulkan inshootni quramiz", deyishadi. Keyin esa, "Yo‘q, shoshmang, biz uni ancha kichraytiramiz", deyishadi. Bu qayta-qayta takrorlanadi, Muhammad bin Salmondan oldin ham shunday bo‘lgan. Ular shov-shuvli, katta e’lonlar qilishadi, ammo loyiha yo umuman qurilmaydi, yo ancha kichraytirilgan yoki "dastlab rejalashtirilgandan boshqacha" tarzda quriladi".
Uald 2000-yillarda avvalgi podshoh Abdulloh davrida qurilishi kerak bo‘lgan yangi shaharlarni eslaydi.
"Iqtisodiy shaharlar" dasturi ham Saudiya iqtisodiyotini neftga qaramlikdan xalos etishga qaratilgan edi va bu o‘nlab yillardan beri podshohlik uchun doimiy zarurat bo‘lib kelgan. Yagona tabiiy resursga deyarli to‘liq bog‘liqlik ancha keng qamrovli va barqaror iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq sifatida qaralgan.
Milliardlab dollar sarflanganiga qaramay, natijalar qoniqarli bo‘lmadi. Taklif etilgan shaharlarning bir nechtasi qurilishi boshlanmadi, boshqalari esa kamtarona korxonalarga aylantirildi. Eng yirigi – Jidda shimolidagi Qizil dengiz sohilida joylashgan 100 milliard dollarlik Podshoh Abdulloh iqtisodiy shahri qurib bitkazildi, ammo uning biznes va turizm markaziga aylanish maqsadi amalga oshmadi.
Asosiy umid yirik xorijiy sarmoyalarni jalb qilish hamda Saudiya Arabistonining ko‘p sonli va doim o‘sib borayotgan yosh aholisi uchun qotib qolgan davlat sektoridan tashqarida haqiqiy ish o‘rinlarini yaratish edi. Ammo 2016 yilga kelib ham mamlakatda ishsizlik darajasi 12 foiz atrofida bo‘ldi.
Ualdning fikricha, loyihalar ortidagi amaldorlar ularning miqyosiga real baho bera olmayaptilar va bu jiddiy kamchilik. "Ular bozorni qaerda deb o‘ylashdi? Kim ularga buni iloji bor deb aytdi? Bu yerda "bajaramizchilik" kayfiyati kuchli. Odamlar podshohga u eshitishni istagan gaplarni aytadi. Bu maslahatchilarga ham tegishli, chunki ular yirik shartnomalarni qo‘ldan chiqargisi kelmaydi. Shu sababli, ular saudiyalik mijozlari eshitishni xohlaydi deb o‘ylagan gaplarni aytishadi, natijada bu orzular puchga chiqadi".
Bu holat o‘nlab yillardan beri davom etib keladi: xorijiy kompaniyalar ham ortiqcha savollar berib, qo‘lga kiritgan mo‘may daromadli shartnomalarini xavf ostiga qo‘yishni istamaydilar.
Keskin o‘zgarishlar
Ba’zilar fikricha, Muhammad bin Salmon 2017 yilda podshohlikning amaldagi hukmdoriga aylangach, tubdan isloh qilinishi kerak bo‘lgan tizimni meros qilib olgan.
Saudiya Arabistonidagi o‘zgarishlarni yillar davomida kuzatib kelayotgan iqtisodiy tahlilchi G‘anim Nusaybaning aytishicha, Muhammad bin Salmon "zamonaviy dunyodan butunlay uzilib qolgan" va "to‘liq turg‘unlikka yuz tutayotgan ijtimoiy-iqtisodiy tizimni" meros qilib olgan.
"Nigoh-2030" dasturi Saudiya Arabistonini uch yo‘nalishda: iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy jihatdan o‘zgartirishga mo‘ljallangan edi. "Ular uchun eng qiyin jihati shundaki, bu o‘zgarishlarni bir vaqtning o‘zida, uyg‘un shaklda amalga oshirish kerak edi".
Mamlakatning qudratli va o‘ta konservativ islomiy rahbariyati o‘rnatgan ijtimoiy nazorat, Muhammad bin Salmon va uning maslahatchilari nazarida, mamlakatning iqtisodiy salohiyati to‘la ro‘yobga chiqishi yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida ko‘rilgan. Muhammad bin Salmon davridagi siyosiy o‘zgarishlar hokimiyat jilovini ilk bor yanada g‘ayratli, yosh avlodga topshirish sifatida taqdim etildi. Biroq bu siyosiy muhokamalar uchun qandaydir yangi makon yaratilganini anglatmas edi.
Darhaqiqat, Nusayba tan olganidek, o‘zgarishlar ko‘lami va sur’atiga to‘sqinlik qilgan hamda Muhammad bin Salmon hukmronligiga uzoq vaqt soya solib kelgan ba’zi muammolarga uning o‘zi sababchi bo‘lgan.
U 2017 yilda amalda hukmdor bo‘lishi bilanoq, Ar-Riyoddagi "Ritz-Carlton" mehmonxonasida Saudiya Arabistonining yuqori martabali amaldorlari va ishbilarmonlarini ommaviy hibsga olishga buyruq berdi. Saudiya hukumati buni korruptsiyaga qarshi kurash deya ta’riflagan bo‘lsa, boshqalar tovlamachilik sifatida baholadi. 2018 yilda saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining mamlakatning Istanbuldagi konsulligida vahshiylarcha o‘ldirilishi esa valiahd shahzoda obro‘siga dog‘ tushirdi va bu dog‘ vaqt o‘tib biroz xiralashgan bo‘lsa-da, o‘chmas bo‘lib qoldi.
Hozirda AQShda istiqomat qilayotgan akademik va inson huquqlari faoli Abdulloh al-Uda u yerdagi hokimiyatning o‘zgacha fikrlovchilarga qanday munosabatda bo‘lishini o‘z tajribasida ko‘rgan. Uning otasi, taniqli saudiyalik ulamo Salmon al-Uda 2017 yildan beri "tartibsizliklarni qo‘zg‘atish" kabi ayblovlar bilan qamoqda saqlanmoqda.
Abdullohning fikricha, "Ritz-Carlton"dagi "tozalash" kabi voqealar, garchi o‘sha "oltin qafas"da ushlab turilganlar taxminan 100 milliard dollar to‘lagan bo‘lsa-da, "Nigoh-2030"ni moliyalashtirish maqsadiga ziyon yetkazgan.
"Uzoq muddatli istiqbolda bu sarmoyadorlarni cho‘chitib yubordi, – deydi u. – Qolaversa, barcha bu zulmlar sarmoyadorlarning Saudiya Arabistoniga bo‘lgan qarashiga ham ta’sir qildi. Ular mamlakatni nobarqaror hukumat va davlat sifatida ko‘ra boshladilar. Barqarorlik bo‘lmagan joyda, bugun sarmoyador bo‘lsangiz, ertaga o‘zboshimchalik bilan hibsga olinishingiz mumkin. Buni hech kim xohlamaydi".
"Nigoh-2030" dasturi, shuningdek, 2016 yildan boshlab Saudiya Arabistonida o‘tkazila boshlagan yirik sport va ko‘ngilochar tadbirlar mamlakat haqidagi tasavvurlarni o‘zgartirishga yordam berdi hamda uning ichki voqeligi va tashqi qiyofasini sezilarli darajada o‘zgartirdi.
Bu faqat yuzaki o‘zgarish emas edi: nihoyat ayollarga mashina haydash huquqining berilishi kabi shov-shuvli qadamlar Saudiya Arabistoni jamiyatini haqiqatan ham silkitdi. Hattoki, AQShda yashovchi taniqli saudiyalik moda influenseri menga har safar vataniga borganida, saudiyalik dugonalari uning qarashlari zamondan orqada qolganini aytib, ustidan kulishlarini so‘zlab berdi.
Biroq inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar hamon bu o‘zgarishlarga soya solib turardi. Muhammad bin Salmon va Saudiya suveren jamg‘armasi birin-ketin yangi sohalarga kirib borgani sari, "sport orqali yuvish", "san’at orqali yuvish", "yashil iqtisod orqali yuvish" kabi ayblovlar ko‘paydi.
Sport va ko‘ngilochar dunyoning ko‘plab taniqli shaxslari Saudiya Arabistoniga mamnuniyat bilan tashrif buyurgan bo‘lsa, boshqalari mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni sabab qilib, bundan bosh tortdi. Avtopoyga va boks kabi tadbirlarga minglab muxlislar Ar-Riyodga oqib keldi, ammo boshqa ehtimoliy sayyohlar podshohlik haqidagi salbiy fikrlar tufayli bu yerga kelishdan voz kechdilar.
Shunday bo‘lsa-da, bu holat ko‘plab yosh saudiyaliklar uchun Muhammad bin Salmonning intilishlari ilhomlantiruvchi va ommabop bo‘lganini inkor etmaydi.
"Nigoh-2030"ni saqlab qolish
Tashqi dunyoga muvaffaqiyatsizlikni qisman tan olishdek ko‘rinayotgan eng dabdabali loyihalarga sarflanadigan mablag‘lar keskin qisqartirilishi Saudiya hukumati tomonidan imkon qadar ijobiy talqin qilinmoqda.
"Hozirgi yondashuvga ko‘ra, ulkan loyihalar o‘rniga, asosan, u yer-bu yerda kichik g‘alabalar, mayda muvaffaqiyatlarga erishish kerak, – deydi Abdulloh. – Masalan, Qizil dengizdagi Sindala oroli kurorti ular targ‘ib qilishi mumkin bo‘lgan kichik bir yutuq bo‘la oladi. Bu an’anaviy uslubdagi kurort bo‘lib, uni "The Line" va "The Cube" kabi loyihalar o‘rniga, "Nigoh"ning bir qismi sifatida taqdim etish mumkin. Shunday qilib, ular "bular "Neom"ning asosini tashkil qiladi, biz butun loyihani to‘liq amalga oshirishimiz shart emas edi", deyishlari mumkin".
Bu rasmiylar aytayotgan gaplarga mos tushadi. Yaqinda Davlat investitsiya fondi rahbari Yosir ar-Rumayyan yangi besh yillik rejaga ko‘ra, jamg‘arma "muvozanatga erishish va moliyaviy resurslar barqarorligini ta’minlash maqsadida o‘z strategiyasi orqali xarajatlar va to‘lovlar samaradorligini oshirishga hamda bizneslar faoliyatini barqaror baholashga e’tibor qaratishini" aytdi.
Ba’zi tahlilchilar uchun bu yangi yo‘nalish, aslida, Saudiya Arabistoni hukumati uchun eng maqbul yechim va "Nigoh-2030" dasturini saqlab qolish yo‘lidir.
Taniqli saudiyalik tadbirkor va boshqaruv bo‘yicha maslahatchi Samir Shokir buni boshqacha izohlaydi: "Biz guvoh bo‘layotgan narsa – ulkan maqsadlarga asoslangan bosqichdan ijroga yo‘nalgan bosqichga o‘tishdagi tabiiy evolyutsiyadir. Har qanday yirik milliy transformatsiya shunday nuqtaga yetib keladiki, unda ustuvorliklarni belgilash, vazifalarni ketma-ket bajarish va resurslarni taqsimlash e’lonlarning ko‘lamidan ko‘ra muhimroq bo‘lib qoladi".
G‘oyaviy jihatdan unchalik fantastik darajada bo‘lmagan ba’zi asosiy loyihalarni rivojlantirish davom etadi. Bular qatoriga Ar-Riyoddagi eski poytaxt Diriya shahrini qayta loyihalash va tiklash hamda Saudiya poytaxti yaqinidagi ulkan, zamonaviy "Six Flags Qiddiya City" istirohat bog‘i kiradi. Shimoldagi, Petra bilan raqobat qila oladigan Nabatiylar yodgorliklari bilan mashhur Al-Ula qadimiy manzilgohining muvaffaqiyatli rivojlantirilgani bunday loyihalarni qanday amalga oshirish mumkinligiga yaqqol misoldir.
Podshohlikning unutilgan burchagini mamlakatning yangilangan milliy va madaniy o‘zligining asosiy loyihasiga aylantirish uchun allaqachon milliardlab dollar sarflandi va uni global turizm markaziga aylantirish uchun yana milliardlab mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Bu, masalan, "the Line" loyihasiga qaraganda ancha erisharli maqsaddir.
Albatta, sportda saudiyaliklar eng yirik yutuqlardan birini – 2034-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritishdi. Shubhasiz, Muhammad bin Salmon loyihalar dizaynida ilg‘or qarashlar aks etishini ta’minlashga harakat qiladi, biroq xarajatlarni nazoratda ushlab turish uchun ba’zi ulkan g‘oyalardan voz kechilgan ko‘rinadi.
Saudiya rasmiylari "Nigoh-2030" bo‘yicha nisbiy ochiqlikni o‘tmishdagi yashirish va chalg‘itishlardan voz kechish sifatida ko‘rsatishga urinayotgani aniq. Bundan ular xatolarini tan olib, o‘z yo‘nalishlarini to‘g‘riladilar, degan tasavvur uyg‘onmoqda.
Fors ko‘rfazining siyosiy va iqtisodiy dinamikasi bo‘yicha mutaxassis Mate Shalayning aytishicha, bu xorijiy siyosatchilar va diplomatlar uchun ma’lum darajada foydali.
"Ular uchun saudiyaliklarning o‘z xatolarini qisman bo‘lsa-da tan olishi va bu haqda gapirayotgani, shubhasiz, ijobiy belgi. Lekin, menimcha, bu aksariyat investorlar va manfaatdor tomonlar kutgan darajada emas".
Saudiyalik tadbirkor Samir Shokir esa bu borada ancha xotirjam: "Ko‘p hollarda puxta o‘ylangan ustuvorliklar, aksincha, investorlar ishonchini oshirishi mumkin… Xalqaro miqyosda muhokamalar "e’lonlar qanchalik yirik?" degan savoldan "ijro modeli qanchalik ishonchli?" degan savolga tobora ko‘proq o‘tib borayapti".
Moliyalashtirish to‘xtatilishi
"Nigoh-2030" dasturini qayta baholash AQSh, Isroil va Eron o‘rtasidagi urushdan avvalroq boshlangan edi. Mazkur mojaro Fors ko‘rfazi mintaqasidagi mavjud vaziyatni larzaga soldi va BAA boshlab bergan dunyoning savdo va sayyohlik markaziga aylanish strategiyasiga shubha uyg‘otdi. Vaholanki, Saudiya Arabistoni bu strategiyaga nafaqat taqlid qilishni, balki undan o‘zib ketishni ham istagan edi.
Shalayning aytishicha, qayta ko‘rib chiqish boshlanganiga bir necha oy bo‘lgan bir paytda, urush "Nigoh-2030"ning kelajakdagi yo‘nalishi borasida yanada ko‘proq chalkashliklarni keltirib chiqardi.
"Urushdan oldin saudiyaliklar ko‘proq sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan asosiy sohalar sun’iy intellekt va boshqa turli muhim loyihalar – turizm, ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati va ayrim mahalliy sanoat tarmoqlari edi. Ammo tog‘-kon sanoatidan tashqari ularning barchasi urushdan jiddiy zarar ko‘rdi".
"Urushdan oldin asosiy g‘oya "Neom" sun’iy intellektga ixtisoslashgan sanoat markazi sifatida qayta shakllantirilishi edi. Bu, albatta, urush sharoitida mantiqqa to‘g‘ri keladi, biroq asosiy g‘oya har oy o‘zgarib borayotgan ko‘rinadi. Bu esa ma’lum bir strategik chalkashlikdan dalolat beradi. Shu bilan birga, bu ijobiy belgi hamdir, chunki Saudiya rasmiylari yangi reja ishlab chiqishlari kerakligini tushunib turibdi".
"Nigoh-2030" dasturi boshqacha Saudiya Arabistoni yuzaga kelishiga yordam berdi, bu esa ba’zilarda olqishlarga, boshqalarda esa tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.
Biroq, bu transformatsiyaning uchta tayanchi bo‘lgan taqdirda ham, hali oldinda turgan yo‘l ancha olis.
Siyosiy jihatdan, o‘zgacha fikr avvalgidek qattiq jazolanmoqda.
Ijtimoiy sohada katta o‘zgarishlar yuz berdi, natijada Ar-Riyod kabi shaharda yashash hissi butunlay o‘zgardi. Bu esa saudiyaliklarning mamlakat ichida, 20 yil avval umuman mavjud bo‘lmagan turli xil ko‘ngilochar tadbirlarga sarflaydigan mablag‘ini oshirdi.
Iqtisodiy nuqtai nazardan, "Nigoh-2030" megaloyihalarida mamlakatni xususiy va xorijiy investitsiyalar davlatning ulkan neft boyligiga tenglasha oladigan kelajak sari yetaklashi ko‘zda tutilgan edi. Bu qisman amalga oshdi, xolos.
Saudiya rahbariyati uchun esa, garchi dastlab mo‘ljallangan miqyosda bo‘lmasa-da, bu bir muvaffaqiyat qissasi sifatida taqdim etildi. Muhammad bin Salmon o‘zini har qancha uzoqni ko‘ruvchi shaxs sifatida ko‘rsatishga urinmasin, u va uning atrofidagilar zarur paytlarda amaliyotchi va pragmatik ko‘rinishni ham istashlari ayon.
Ular, ehtimol, endi faqat internetda mavjud bo‘lib qoladigan loyihalarga sarflangan milliardlab dollar uchun Saudiya xalqi oldida javobgar emas. Taxmin qilish mumkinki, valiahd shahzodaning yosh saudiyaliklar orasidagi obro‘si hamon yuqori. Bu esa "The Cube" kabi megaloyihalarni go‘yoki keraksiz qog‘ozdek axlatga uloqtirish imkonini beradi.
Sport, ko‘ngilochar soha, san’at va boshqa yo‘nalishlarda Saudiya pullariga bog‘lanib qolgan yirik ishtirokchilar endi jo‘mrakdagi suv tomchilab qolgan yangi voqelikka yuz tutmoqda.
Ellen R. Ualdning aytishicha, "LIV Golf Tour" kabi ba’zi loyihalar boshidanoq o‘zini oqlamaganga o‘xshaydi. "Aslida ularning strategiyasi qanday bo‘lgan o‘zi?... Ya’ni, ular buncha katta mablag‘ni shunchaki piar uchun sarflamagan bo‘lsa kerak. Bu aqlga sig‘maydigan ish bo‘lardi."
Maqoladagi dastlabki foto surat: AFP/Getty