Tramp butun dunyoga qarshi ikkinchi savdo urushini boshlamoqchi

Tramp

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Aleksey Kalmikov
    • Role, Bi-bi-si
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Donald Tramp yangi urushga — butun dunyoga qarshi ikkinchi savdo urushiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. U birinchi urushda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, to‘xtash niyatida emas. Ittifoqchilar va raqiblarga qaratilgan choralar kutilgan natijani bermagani, barcha moliyaviy og‘irlik esa amerikaliklar zimmasiga tushayotgani yaqqol ko‘rinib tursa-da, Tramp o‘z pozitsiyasidan qaytmayapti.

Tramp Oq uyga ikkinchi prezidentlik muddati uchun qaytishi bilanoq, bir yildan ortiq vaqt oldin butun dunyoga qarshi savdo urushini boshlagan edi. Biroq ko‘p o‘tmay chekinishga majbur bo‘ldi: AQShning asosiy raqibi Xitoy ham, ittifoqchilari — Kanada, Yevropa va Meksika ham munosib javob qaytara oldi.

Fevralda esa Tramp o‘z safdoshlaridan ham qattiq zarba oldi. AQSh Oliy sudi uning "favqulodda holat" bahonasida joriy qilgan bojlarining katta qismini hokimiyatni o‘zlashtirishga qaratilgan noqonuniy urinish deb topdi. Chunki Konstitutsiyaga ko‘ra, amerikaliklarga soliq joriy qilish huquqi faqat Kongressga tegishli, prezidentga emas.

Ammo bu ham Trampni to‘xtatmadi. Sudda mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, u "to‘lov balansi bo‘yicha favqulodda vaziyat"ni bahona qilib barcha import tovarlariga 10 foizlik boj joriy qildi. So‘nggi yillarda AQSh to‘lov balansida jiddiy o‘zgarish kuzatilmagani uchun iqtisodchilar bu bahonani sun’iy deb baholadi, biznes vakillari esa sudga murojaat qildi.

Biroq sud ishining natijasi unchalik ahamiyatli emas. Yangi tariflar 24 iyulda — ya’ni joriy etilganidan 150 kun o‘tgach — avtomatik ravishda bekor bo‘ladi. Chunki Tramp 1974 yilgi savdo qonuniga tayanishga majbur bo‘lgan, bu qonun esa tariflarni faqat cheklangan muddatga joriy qilishga ruxsat beradi.

Shu sababli Tramp o‘z vazirlariga iyul oxirigacha yangi asos topishni topshirdi. Maqsad — import tovarlari va ehtiyot qismlarini sotib oluvchi amerikalik iste’molchilar va biznesga yana soliq yuklash. Birinchi to‘plam allaqachon e’lon qilindi, keyingi choralar ham yo‘lda.

Tramp — "ishchilar himoyachisi" sifatida

Oq uy butun dunyoni ishchilar ekspluatatsiyasiga qarshi yetarli darajada kurashmayotganlikda aybladi. AQSh qonunlariga ko‘ra, bu prezidentga importga qo‘shimcha boj joriy qilish imkonini beradi.

Oq uy amaldorlari majburiy mehnatga qarshi qonunlari umuman mavjud bo‘lmagan davlatlarga nisbatan 12,5 foizlik boj joriy qilishni taklif etishdi. Qolgan davlatlarni, jumladan Yevropa Ittifoqi, Kanada va Meksikani esa, o‘zlaridagi mavjud taqiqlar ijrosini «etarlicha qat’iy» nazorat qilmayotgani uchungina 10 foizlik yangi soliq xavfi kutmoqda.

Kaliforniyada Amazon korporatsiyasi xodimlari mehnat huquqlarini himoya qilish uchun piket o‘tkazmoqda.

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Kaliforniyada Amazon korporatsiyasi xodimlari mehnat huquqlarini himoya qilish uchun piket o‘tkazmoqda.

Mutaxassislar buni keskin tanqid qilmoqda. ECIPE tadqiqot markazi eksperti Devid Xenig buni "diktatorlik uslubidagi yuridik uydirma" deb atadi.

Iyulda bojlar joriy etilishi deyarli aniq. Chunki global iqtisodiyot sharoitida birorta davlat o‘z mahsulotlari to‘liq majburiy mehnatsiz ishlab chiqarilganini isbotlab bera olmaydi.

Bu masalada yagona hakam — Tramp, u esa bojlarni birgina imzo bilan joriy qilishni istaydi. Oliy sud uni bu vakolatdan mahrum qilganidan Tramp qattiq norozi bo‘lgan va bunday vakolatsiz Amerika "uchinchi dunyo mamlakatiga aylanishi va oxir-oqibat vayron bo‘lishi mumkinligini" aytgan edi.

Tramp yana boshqa bahonalarni ham ishga solmoqda. Ulardan biri — "ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari". Buning ma’nosi shunday: masalan, Xitoy butun mamlakat bo‘lib kuch safarbar qiladi va elektromobil yoki quyosh batareyasi ishlab chiqaruvchilariga ko‘maklashadi, toki ular bu mahsulotlar bilan butun dunyoni to‘ldirib yuborsin — natijada raqobatchilarni siqib chiqarib, keyin o‘zlari monopolistga aylansin.

PIIE eksperti Ched Bounning fikricha, bu harakatlar 2025 yildagi tarif tizimini qayta tiklashga qaratilgan.

Tramp — hokimiyatni markazlashtiruvchi lider sifatida

Tariflar — import tovarlari iste’moliga qo‘shimcha soliqdir.

Ular Trampga byudjetga qo‘shimcha daromad yig‘ish, ulkan defitsitni moliyalashtirish, shuningdek sadoqat va siyosiy qo‘llab-quvvatlov evaziga subsidiyalar hamda soliq imtiyozlarini tarqatish orqali hokimiyat vertikalini mustahkamlash imkonini beradi.

AQShning savdo sheriklari bu yangi savdo quroliga qarshi hech qanday chora topa olmayapti. Biroq Trampni yana bir bor to‘xtatib qolishga faqat amerikaliklarning o‘zlari — sud tizimi orqali — qodir.

Chikagoda Trampga qarshi «Hech kim qirol emas» namoyishi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Chikagoda Trampga qarshi «Hech kim qirol emas» namoyishi

"Kongressning boj joriy etish vakolatlarini tortib olishga prezident tomonidan yana bir urinish bo‘layotgani har qanday sudga ayon bo‘ladi. Bu AQSh Konstitutsiyasiga zid", — ta’kidlaydi 2021 yilgacha Jahon savdo tashkiloti (JST) rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlagan PIIE eksperti Alan Volf.

Amerikada ham Trampning bojlariga boshqa mamlakatlardagidek salbiy munosabat bildirilmoqda. Tramp o‘yin qoidalarini muttasil o‘zgartirayotgani sababli kelajakni rejalashtirish imkoniyati yo‘qolayotganidan va soliq yuki oshayotganidan biznes vakillari norozi. Oddiy fuqarolar esa butun hokimiyat faqat prezidentning qo‘lida to‘planib qolayotganidan xavotirda.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, hokimiyat tepasida bo‘lgan atigi bir yil ichida Tramp o‘rtacha import bojini 2-3 foizdan 13-16 foizgacha oshirdi. Oliy sudning tarixiy qaroridan so‘ng ba’zi yangi tariflar kuchda qoldi (masalan, Xitoyga nisbatan maxsus bojlar hamda po‘lat va avtomobillarga umumiy tarmoq bojlari), lekin umumiy o‘rtacha ko‘rsatkich 8-10 foizga tushib ketdi. Aynan shu sababli Tramp yangi bahonalar ostida tarif to‘sig‘ini qaytadan qurmoqchi.

Tramp savdo urushida qanday yutqazmoqda

Tramp tariflar Amerika sanoatini qayta tiklaydi deb hisoblaydi.

Biroq amalda vaziyat butunlay boshqacha ko‘rinish oldi. Tramp hokimiyatga kelgach, sanoat va qurilishda ishlab chiqarishning o‘sishi o‘rnini pasayish egalladi. Nyu-York Federal zaxira bankining tadqiqot natijalari esa bojlarning 90 foizdan ortig‘ini chet elliklar emas, balki amerikaliklarning o‘zlari to‘laganini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, bu siyosat AQShni hatto ittifoqchilari bilan ham ziddiyatga olib keldi.

Tramp yangi bojlar joriy qilish bilan tahdid qilib, ularni AQSh uchun manfaatli bo‘lgan yangi savdo shartnomalarini imzolashga majburlashga urindi. Bu bosim ostida ba’zi davlatlar hatto rozi bo‘lib, yangi bitimlar tuzishdi.

Biroq ko‘p o‘tmay ma’lum bo‘ldiki, bir tomondan, Trampning bu tahdidlari quruq gap edi — chunki sud ularni noqonuniy deb topdi. Ikkinchi tomondan esa, Trampning fikri tez-tez o‘zgarib turadi: u endigina tuzilgan shartnoma shartlarini ham osonlik bilan qayta ko‘rib chiqadi va hatto Norvegiya yoki Lyuksemburgda qul mehnatiga qarshi kurash kabi kutilmagan bahonalar ostida yangi bojlar bilan tahdid qilaveradi.

Chikagoda Trampga qarshi «Hech kim qirol emas» namoyishi
Reuters
Kongressning boj joriy etish vakolatlarini tortib olishga prezident tomonidan yana bir urinish bo‘layotgani har qanday sudga ayon bo‘ladi. Bu AQSH Konstitutsiyasiga zid...
Alan Volf
PIIE eksperti, JST rahbarining sobiq o‘rinbosari

Natijada, Trampning bu yangi savdo urushlari AQShning eng katta sherigi — Yevropa Ittifoqi bilan tuzilgan savdo kelishuvining tasdiqlanishini ham, eng yaqin qo‘shnilari Kanada va Meksika bilan Shimoliy Amerika erkin savdo bitimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishini ham xavf ostiga qo‘yadi.

Shu bilan birga, bu holat Xitoy va AQShning aksariyat boshqa savdo sheriklari tomonidan navbatdagi javob choralari ko‘rilishini ham anglatadi.