O‘zbekiston va mintaqa: Tolibon bilan hisoblashmasa bo‘lmaydimi?

Tolibon harakati hay’ati Samarqandda. Surat 2019 yilda olingan.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, O‘zbekiston hali Afg‘onistonda qudratga qaytmay turib, Tolibon bilan faol muloqotga kirishgan mintaqa davlati bo‘ladi.
Published
O'qilish vaqti: 9 daq

Afg‘oniston O‘zbekistonga ham chegaradosh.

Yana ikki Markaziy Osiyo davlati - Tojikiston va Turkmanistonga ham.

Tolibonning besh yildan buyon Afg‘onistonda qudratda qolayotgani bugun hatto G‘arbda yangi savollarni paydo qildi.

Tolibon tuzumi o‘z o‘rnida qoladimi, hech qayerga yo‘qolmaydimi?

Ular bilan endi hatto dunyoning "demokratik davlatlari ham muloqot qilishiga to‘g‘ri keladi"mi?

Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatni egallashining besh yilligi sanasi arafasida G‘arbning eng nufuzli nashrlarida xuddi ana shunday baholar sarlavhalarga chiqdi.

Afg‘oniston Tolibon harakati mintaqadagi eng yirik jangari guruh bo‘lgan.

A’zolari va tarafdorlarining soni bir necha yuz mingga nisbat berilgan.

Harakatni yaqin-yaqingacha Rossiya ham, aksariyat mintaqa davlatlari ham "terrorchi tashkilot", deb ko‘rgan.

O‘z mamlakatlarida faoliyatini ham rasman taqiqlab kelgan.

Tolibon bilan muloqot zarurmi?

Tolibon yetakchilaridan biri Mulla Abdulg‘ani Barodar.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tolibon, besh yildirki, Afg‘onistonni yakka o‘zi, o‘z talqinidagi Shar’iy qadriyatlar asosida boshqarib keladi.
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Afg‘oniston hozir Tolibonning Islomiy Amirligi.

Harakat amaldagi afg‘on hukumati bilan muzokaralarni chippakka chiqarib, 2021 yilning 15 avgustida poytaxt Kobulni qayta egallagan.

Tolibonning qudratga qaytishiga 2020 yilda rasmiy Vashington bilan imzolagan Doha bitimi yo‘l ochgan.

Xuddi shu bitim shartlari asosida G‘arb boshchiligidagi xorijiy ittifoq kuchlari Afg‘onistonni to‘lig‘icha tark etgan.

Bu AQSh tarixidagi eng uzoq urush bo‘lgan.

Tolibon va ittifoqchilari AQSh va NATO boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari bilan 20 yilcha urushgan.

Ammo, alal-oqibat, ularning Afg‘onistondan butkul chiqib ketishlariga erishgan.

Amerikaliklarning ortga qaytish urinishlariga qat’iyan "yo‘q", degan. Shu kungacha o‘zining mavqeida qat’iy.

Afg‘onistonda biror bir xorij askarining bo‘lishiga izn bermasliklarini bayon qilgan.

Hokimiyatni egallashidan qisqa vaqt o‘tmay, mintaqadagi eng yirik Qurolli kuchlarga ega bo‘lish istagini oshkora bayon qilgan.

AQSh va NATO kuchlari Afg‘onistonda qoldirgan milliardlab dollarlik harbiy texnika va qurol-aslahaning aksariyatiga ham ega chiqqan.

Infografika

Surat manbasi, .

Tolibon Afg‘onistonda avvaliga o‘zining muvaqqat hukumatiga asos solgan, keyin uni doimiysi, deb e’lon qilgan.

Inklyuziv hukumatga oid va’dasida turmagan.

Besh yildirki, Afg‘onistonni yakka o‘zi, o‘z talqinidagi Shar’iy qadriyatlar asosida boshqarib keladi.

Xalqaro hamjamiyatning inklyuziv hukumat tuzish kabi eng muhim va asosiy talablariga quloq tutmaydi.

Buning oqibatida Afg‘onistonga xalqaro yordamlar deyarli to‘xtagan, mamlakatning chetdagi milliardlab dollarlik aktivlarining aksariyati muzlatilgan.

Afg‘onistondagi bu galgi boshqaruvi ham inson, ayniqsa, xotin-qizlar huquqlari va erkinliklari bilan bog‘liq jiddiy xavotirlarni paydo qilib bo‘lgan.

Qudratga qaytishining besh yilligi sanasi arafasida dunyoning yirik xalqaro tashkilotlari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti ham mavjud vaziyatga o‘zining e’tiborini qaratgan, yana xavotirlarini izhor etgan.

Afg‘oniston aholisining soni 40 milliondan ortadi, yarmiga yaqini xotin-qiz.

O‘tgan besh yil ichida Afg‘onistonda ishsizlik va qashshoqlik yanada chuqur ildiz otgan.

Bu aynan Afg‘oniston misolida uzoq yillar davomida ijtimoiy norozilik va isyonchilikka turtki berib kelayotgan ikki asosiy omil sifatida ham ko‘riladi.

Global iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq halokatli tabiiy ofatlar esa Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.

Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan ijtimoiy, iqtisodiy holat millionlab odamning ochlikka yuz tutishiga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qo‘ymagan.

Aksariyat mintaqa davlatlari Afg‘onistondagi ijtimoiy, iqtisodiy vaziyatning izdan chiqishi va buning natijasida yuzaga kelajak katta miqdordagi qochqinlar oqimi o‘z barqarorliklariga tahdidga aylanishidan ham xavotirda.

Hozir Tolibon hukumati bilan muloqotda bo‘lganlar safiga Yevropa davlatlari ham qo‘shila boshlashgan, ammo bu chetda bir xilda qarshi olinmagan, tanqidlarga ham tutilgan.

Yaqin-yaqingacha turli jangari guruhlar faol bo‘lgan Afg‘oniston uzoq yillik urushlardan endi-endi chiqmoqda.

Pragmatik siyosatmi?

Tolibon hay’ati Moskvada.

Surat manbasi, Anadolu via Getty Images

Surat tagso‘zi, O‘tgan besh yil ichida Tolibon hukumatini faqat Rossiya rasman tan olgan, xolos.

Ammo, oradan besh yil o‘tib ham, Afg‘onistondagi hukumatini faqat Rossiya rasman tan olgan.

Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lsa-da, O‘zbekiston ilova qolgan biror bir Markaziy Osiyo davlati ham halicha bu kabi qadamga bormagan.

Ammo aksariyat mintaqa davlatlari Tolibon hukumati bilan faol diplomatik munosabatda.

Hay’atlarining o‘zaro tashriflari ham muntazam, elchixonalari ham ochiq, elchilari ham ishlab turibdi, tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish, turli bitim va shartnomalar imzolash harakatida.

2024 yilda Qozog‘iston va Qirg‘iziston kutilmagan qadamlarga ham borishgan.

Afg‘onistonga chegaradosh bo‘lmagan bu ikki mintaqa davlati ketma-ket Tolibonni o‘zlarida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarishgan, dunyoning e’tiborini o‘zlariga qaratishgan.

Tolibon hukumatining O‘zbekistonga o‘z elchisini yuborishi ham orada ozmuncha e’tiborga sabab bo‘lmay qolmagan voqe’likka aylangan.

O‘zbekiston Tolibon hokimiyatni egallagan so‘nggi besh yil ichida rasmiy tashrif bilan Afg‘onistonga o‘zining eng yuqori martabali hay’atini yuborgan birinchi davlat ham bo‘lgan.

Hay’atga O‘zbekiston Bosh vazirining shaxsan o‘zi boshchilik qilgan.

2024 yilgi xuddi shu tashrif chog‘ida tomonlar o‘zaro savdo aylanmasini 3 milliard dollarga yetkazish istagini izhor etishgan.

Bir rasmiy tashrifning o‘zida umumiy qiymati qariyb 2.5 milliard dollarlik o‘nlab iqtisodiy va sarmoyaviy bitimlar imzolashgan.

Mazkur raqamlar ham nafaqat kattaligi, balki-da, amaldagi Tolibon hukumatining faqatgina Rossiya tomonidan rasman tan olingani manzarasida yangrayotgani bilan ham chetda ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan.

Tomonlar xuddi shu tashrif chog‘ida Termiz xalqaro Savdo markazini ham ishga tushirishgan.

Bundan avval Afg‘onistonda o‘zlarining Savdo uylarini ham ochishgan, ko‘rgazmalargacha o‘tkazib kelishadi.

O‘zbekiston kattayu kichik minbarlardan Tolibon hukumatini yakkalab qo‘ymaslikka, muzlatilgan aktivlarini ochishga chaqirib kelayotgan sanoqli davlatlardan ham biri.

Ya’ni, aksar mintaqaviy tahlilchilar e’tiroficha, Tojikiston istisno aksariyat mintaqa davlatlari Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga nisbatan pragmatik siyosat yuritish yo‘lini tanlashgan.

Ammo Qo‘shtepa kanalining qurilishi bo‘ladimi, mintaqada qolayotgan AQSh harbiy aviatexnikasining taqdiri – tomonlar o‘rtasida hali to‘liq yechimini topmagan ziddiyatli masalalar ham yo‘q emas.

Tolibon tarafi esa shu orada yana o‘zaro chegaralar mavzusini ham tilga olgan.

Ammo nega?

Tolibon siyosiy qanoti hay’atining O‘zbekistonga 2029 yilshi tashrifi.

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Hali Afg‘onistonda qudratga qaytmasidan burun Tolibon bilan nega muloqotga kirishishgani sababiga to‘xtatlarkan, O‘zbekiston prezidenti buni eng avvalo o‘ziga "xalqining tinchiligi va osoyishtaligi kerak"ligi bilan izohlagan.

Tolibon o‘zining hay’atini O‘zbekistonga hali 2019 yilda, qudratga qaytmasidan burun yuborgan.

Hay’atga Tolibonning Dohadagi o‘sha paytdagi siyosiy qanoti rahbari Mulla Abdul G‘ani Barodar boshchilik qilgan.

Tolibon hay’ati Samarqand yaqinidagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilgan va o‘sha yerda Juma namozini o‘qigan.

Shundan so‘ng mehmonlarni Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi hokimi Erkinjon Turdimov kutib olgan.

U Tolibon rahbarining o‘rinbosari Mulla Abdul G‘aniga zarbof to‘n kiydirgan.

Mehmonlarga ziyofat berilgan. Taomlanish vaqtida milliy musiqa asboblari ishtirokida shoshmaqom kuylari yangrab turgan.

Ularning O‘zbekistonda qanchalik iliq qarshi olingani o‘shanda hatto amaldagi afg‘on hukumatining e’tiroziga sabab bo‘lganiga oid xabarlar ham olingan.

Hali Afg‘onistonda qudratga qaytmasidan burun Tolibon bilan nega muloqotga kirishishgani sababiga to‘xtatlarkan, O‘zbekiston prezidenti buni eng avvalo o‘ziga "xalqining tinchiligi va osoyishtaligi kerak"ligi bilan izohlagan.

Shavkat Mirziyoyev, "faqat va faqat O‘zbek xalqimning, jonajon O‘zbekistonning tinchligiga ta’sir ko‘rsatadigan omil bo‘lsa, kim bo‘lishidan qat’inazar, gaplashaman", deb aytgan.

Prezident Mirziyoyev bu haqda Tolibon qudratga qaytishidan bir necha kun o‘tib to‘xtalgan.

"O‘zbekiston tomonga birorta o‘q otilmasligi uchun har qanday muloqotga tayyor" ekanini bildirgan.

Qozog‘iston prezidenti esa, Tolibonni nega terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish qaroriga kelganliklari sababini, "bugungi Afg‘oniston bilan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishning muhimligi va bu rejimning uzoq muddatli omil ekanligini anglab yetganliklari" bilan izohlagan.

Qozog‘iston va O‘zbekiston mintaqaning ikki yirik davlati bo‘lishadi.

O‘zbekiston yana postsovet makonidagi eng yirik musulmon davlati ham sanaladi.

Qirg‘iziston tomoni esa, mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash va muloqotni ushlab turish maqsadida Tolibon harakatini "faoliyati taqiqlangan tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqarganliklarini aytgan.

Hukumatini rasman tan olishlaridan bir yil avval davlat tashrifi bilan poytaxt Toshkentda ekan, Rossiya prezidenti "Tolibon harakati hozir Afg‘onistonda kuch" ekanini aytgan.

Vladimir Putin, "ular bilan munosabatlar bugungi voqe’lik asosida qurilishi kerak"ligini ta’kidlagan.

Rossiya 2025 yilning iyulida dunyoda birinchi bo‘lib Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olgan.

Oradan yil o‘tmay, ya’ni shu yil may oyida ular bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikka oid bitimni ham imzolagan.

Bu yangilik yana mintaqadagi urushlar fonida o‘rtaga chiqqani bilan ham xos e’tibor topgan, turli talqin va tahlillarga ham yo‘l ochmay qolmagan.

Rossiya endi Tolibonni kuchaytiradi, unga qurol-yarog‘ beradi, degan xavotirlarga ham sabab bo‘lgan.

Rossiya Ukraina bilan, Pokiston Tolibon hukumati bilan, AQSh va Isroil esa Eron bilan urush ichida.

Pokiston Tolibon hukumatini "yakson etmoqchi", ularga "ochiq urush" e’lon qilgan.

Afg‘oniston tahdidi, boshqa tomondan, mintaqa davlatlariga o‘zining siyosiy va geosiyosiy bosimini o‘tkazishda, yillarki, Rossiya qo‘lidagi eng muhim, samarali ta’sir vositalaridan biri sifatida ham ko‘rib kelingan.

Aksariyat mintaqa davlatlari esa Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan o‘zaro munosabatlarida asosiy urg‘uni iqtisodiy va gumanitar sohalarga qaratishgan.

Tolibon hukumati esa, O‘zbekistonni ham Afg‘oniston hududidan ularga biror bir xavf yo‘qligi, Afg‘onistondagi biznesi rivojiga qo‘lidan keladigan barcha yordamini berishi va loyihalarini qo‘llaridan kelganicha qo‘llab-quvvatlashga ishontirib keladi.

Afg‘onistonda hukumatini tutib qolish uchun qanday qilib bo‘lmasin, mamlakat iqtisodining tanazzulga uchrashining oldini olish ilinjida.

Keskin mavqe’dagilar ham bor

Dushanbedagi uchrashuv

Surat manbasi, rasmiy

Tolibon hukumatiga nisbatan keskin mavqe’ni mintaqa davlatlari orasidani faqat Tojikiston egallagan.

Prezident Emomali Rahmon avvalboshdan Afg‘onistonda inklyuziv bo‘lmagan hukumatni tan olmasliklarini aytgan.

Uning ayni mazmundagi bayonoti Tolibon Afg‘onistondagi qudratga qaytgan yili, Pokiston Tashqi ishlar vaziri bilan poytaxt Dushanbeda kechgan muzokaralari manzarasida yangragan.

2021 yilning 25 avgustida prezidentning rasmiy veb-saytida chop qilingan xabarda, "Tojikiston tomoni afg‘on xalqiga, jumladan, tojiklar, o‘zbeklar va boshqa milliy ozchiliklarga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi qonunbuzarlik, qotillik, talonchilik va ta’qiblarni qat’iy qoralagani" aytilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, xuddi shu muloqot chog‘ida Tojikiston tomoni Afg‘onistondagi siyosiy muammolarga zudlik bilan barham berilishi uchun mamlakatdagi barcha milliy ozchiliklar vakillarini o‘z ichiga oluvchi inklyuziv hukumat tuzilishi shart ekanini ta’kidlagan.

Buning ortidan esa, Tojikiston Afg‘onistonda butun afg‘on xalqi, ayniqsa, barcha milliy ozchiliklarning mavqeini inobatga olmay, zulm va ta’qiblar asosida qurilgan boshqa har qanday hukumatni tan olmasligi rasman va oshkora bayon qilgani bildirilgan.

O‘z o‘rnida, Tojikiston prezidenti matbuot xizmatining rasmiy xabarida etnik tojiklar Afg‘oniston aholisining 46 foizini tashkil etishi ham tilga olingan.

Tolibon qudratga kelgan o‘tgan 10 kun ichida esa qolgan biror bir Markaziy Osiyo davlatining Afg‘onistondagi vaziyat munosabati bilan qilgan rasmiy bayonotlarida bu kabi ohang ko‘zga tashlanmagandi.

Tojikiston hozir ham Afg‘onistonga elektr energiyasi berib keladi, iqtisodiy aloqalarini ham butkul uzmagan.

Ammo Tojikiston so‘nggi yillarda Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasi ko‘p buzilayotgan, tez-tez hujumga uchragan mintaqa davlatiga ham aylangan.

Xuddi shu kabi vaziyat manzarasida tomonlar o‘rtasida diplomatik aloqalar jonlana boshlayotganiga oid xabarlar ham olingan.

Tolibon omili

Infografika

Surat manbasi, .

Tolibon 1990-yillar boshlarida Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketgach, Pokiston shimolida paydo bo‘lgan, pashtun guruhi.

Guruhning Saudiya Arabistoni tomonidan moliyalanuvchi, sunniy Islomning murosasiz shakli targ‘ib qilinadigan diniy madrasalarda shakllangani aytiladi.

Tolibon qudratga qaytgan zahoti o‘z talqinidagi Shariatni qat’iy joriy etishga va’da berib kelgan.

Harakat, bundan tashqari, Pokiston va Afg‘oniston hududlariga uzangan pashtun hududlarida tinchlik va xavfsizlikni qaror toptirish niyatida bo‘lgan.

Harakat o‘z vaqtida mintaqadagi eng yirik jangari guruh sanalgan.

Harbiy doiralarda a’zolari va safdoshlarining jami soni 200 000 dan oshishi taxmin etilgan.

Afg‘oniston yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan.

U yerdan turli jangari guruhlar va global tarmoqlar ham boshpana topib kelgan.

O‘zbekiston Islomiy harakati misolida ayrim yirik O‘zbek jangari guruhlari o‘z vaqtida Tolibon bilan yaqin ittifoqchilik ham qilgan.

Tolibon Doha bitimi shartlari muvofiq, biror bir jangari guruhning afg‘on tuprog‘idan turib, uchinchi bir davlatga tahdid solishiga imkon bermasligini ta’kidlab kelgan.

Ammo o‘tgan yili Tolibon ushbu kelishuv tugaganini e’lon qilganiga oid xabarlar ham olingan.

Bu xabarlarga rasmiy Vashington va O‘zbekiston ilova Afg‘onistonga chegaradosh boshqa mintaqa davlatlarining rasmiy munosabatlari esa noayon qolgan.

So‘nggi yillarda Rossiya va Rossiya shamsiyasi ostidagi xavfsizlik bloklari Afg‘oniston tahdidiga oid ogohlantirishlarini kuchaytirishgan.

Afg‘onistonni bugun ham "terrorchilik manbasi" sifatida tilga olishgan.

Tolibon a’zolari

Surat manbasi, AFP via Getty Images

Surat tagso‘zi, Tolibon qudratga qaytgan zahoti o‘z talqinidagi Shariatni qat’iy joriy etishga va’da berib kelgan.

Afg‘oniston omili

Mintaqa xaritasi.
Surat tagso‘zi, Afg‘onistonning geostrategik joylashuvi muhim. Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lay oladi.

Xitoy, Eron va Pokistondan tashqari bugun Tolibon boshqaruvi ostida bo‘lgan Afg‘onistonga uch Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston ham chegaradosh.

Pokiston va Xitoy dunyoning sanoqli global yadroviy qudratlari sirasiga ham kirishadi.

Tojikiston va Turkmanistonning Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasi eng uzunlaridan.

Turkmanistonniki ming chaqirimga yaqin, Tojikistonniki esa bundan ham oshadi.

Afg‘onistonda yana etnik O‘zbek, Tojik, Turkman, Qirg‘iz va Qozoqlar ham yashab kelishadi.

Afg‘onistonning geostrategik joylashuvi muhim.

Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lay oladi.

Dengizga yo‘li ikki karra yopiq O‘zbekistonni ham jahon suv yo‘llari va noan’anaviy bozorlarga olib chiqish potentsialiga ega.

Afg‘onistonni ham o‘z ichiga oluvchi yirik mintaqaviy iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutishi mumkin bo‘lgan mamlakat.

Ular mintaqa davlatlarining Rossiya ta’siridan uzoqlashishlariga ham imkon bera oladi.

Afg‘onistonda so‘nggi o‘n yilliklarda yakuniy G‘arb aytib kelgan.

Ammo Afg‘oniston, ayniqsa, hozir mintaqadagi eng yirik geosiyosiy o‘yinchilar sanaluvchi Rossiya va Xitoyning ham, ta’bir joiz, nigohi ostidagi davlat.

Bu ikkovlon ham G‘arbni mintaqaga qayta yaqinlashtirmaslik, uning harbiy hozirligiga imkon bermaslik mavqeida qat’iy.

Xitoyning ko‘p milliardlik mintaqaviy loyihalari Afg‘onistonni ham chetlab o‘tmaydi.

Afg‘oniston yadroviy va Rossiyaning mintaqadagi yana bir an’anaviy ittifoqchisi Hindistonga ham yaqin joylashgan.

Mintaqaning aksariyati o‘zaro adovatda, ammo rasmiy Moskvaning ittifoqchisi bo‘lgan o‘yinchi davlatlari ham, yillarki, o‘z ta’sirlari ostiga olish, o‘z manfaatlarini parvarishlash ilinjida bo‘lgan mamlakat.

Rossiya Ukraina urushi fonida yana bugun Global Janub yordamida G‘arbning sanksiyalarini ham chetlab o‘tmoqchi, Hindistonu Xitoyning yirik bozorlariga ko‘z tikkan, ko‘proq kirib bormoqchi.

Ammo aynan Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida mintaqa davlatlari aynan Afg‘oniston orqali ham o‘zlarining transport-logistika yo‘llarini va tashqi bozorlarini turfalashtirish harakatida.

Rossiyaning Tolibonga yanada yaqinlashish siyosati esa, ayrim mintaqaviy tahlilchilar orasida Kreml bu bilan "Markaziy Osiyoni amalda o‘z burchagiga qamab qo‘yish — jahon bozorlari yoki dengizga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslik — va shu tariqa uni o‘zlariga qaram holda saqlab qolish niyatida ekaniga oid talqinlarga ham sabab bo‘lmay qolmagan."