Qozog‘istonda saylov: Yettita partiya va bitta ham mustaqil nomzod yo‘q

Surat manbasi, Reuters
Qozog‘istonda yangi bir palatali parlament — Qurultoyga ilk saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Bunaqasi mamlakatning so‘nggi 30 yillik tarixida bo‘lmagan. Qozog‘iston Majlis va Senatdan voz kechdi. Prezident Toqaev bugungi saylovni "tarixiy hodisa", deb atadi.
Qurultoy
Qurultoy — Toqaev tomonidan 2025 yil kuzida boshlangan konstitutsiyaviy islohotning natijasidir.
Dastlab amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish haqida so‘z borgan.
Ammo bir necha oy o‘tib, 1995 yilgi Konstitutsiyadan butkul voz kechilgan.
Yangi Konstitutsiya 2026 yilning mart oyida referendumda qabul qilingan va 1 iyulida kuchga kirgan.
Yangi Konstitutsiya Qozog‘istonda ikki palatali parlament vakolatlarini tugatgan.
Ikki palatali parlament mamlakatda 30 yil faoliyat qilgan.
Yangi islohotlar davlat boshqaruvi tuzilmasini o‘zgartirish bilan birga, prezident Toqaevga yana bir bor yetti yilga saylanish imkoniyatini ham bergan.
Qurultoy kelgusi besh yil davomida, jumladan, bo‘lajak prezidentlik saylovi paytida ham faoliyat yuritadi.
Yangi Konstitutsiya Qasim-Jomart Toqaevga kamida 2036 yilgacha prezident bo‘lib qolish imkoniyatini beradi.
Parlament saylovi

Surat manbasi, Meiramgul Kussainova/Anadolu via Getty Images
BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da
A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing
End of podcast promotion
Qozog‘iston bo‘ylab aksariyat saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 07:00 da ochilgan.
Ovoz berish jarayoni soat 20:00 gacha davom etadi;
Qurultoyga saylovda ishtirok etish uchun 12,5 milliondan ortiq saylovchi ro‘yxatga olingan.
Ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 18 va undan katta yoshdagi Qozog‘iston fuqarolari ovoz berishda ishtirok eta oladilar.
Biroq dastlabki natijalar yarim tundan keyingina ma’lum bo‘ladi.
Chunki Qozog‘istonda ushbu vaqtdan oldin ekzit-poll natijalarini e’lon qilish taqiqlangan.
Saylov kampaniyasi chog‘ida esa asosan iqtisodiy va ijtimoiy masalalar ustunlik qilgan.
Bandlik, oila daromadlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, tadbirkorlik va hududiy rivojlanish masalalari muntazam ravishda kun tartibidan o‘rin olgan.
Bir palatali yangi parlament 145 nafar o‘rindan iborat bo‘ladi.
Ushbu saylovda butun mamlakat yagona saylov okrugi hisoblanadi.
Parlamentdagi 145 ta o‘rin uchun yettita siyosiy partiyadan jami 545 nafar nomzod kurash olib boradi.
Saylovchilar alohida nomzodlarga emas, balki ishtirokchi partiyalardan biriga ovoz beradilar.
Deputatlarning vakolat muddati besh yilni tashkil etadi.
Ushbu tizim tarafdorlari uning partiyalar rolini kuchaytirishi va barqaror fraktsiyalar tuzish imkonini berishini ta’kidlaydilar.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (ODIHR) ga ko‘ra, xalqaro andazalar siyosiy partiyalardan mustaqil ravishda ham deputatlikka o‘z nomzodini qo‘yish imkoniyatini nazarda tutadi.
Siyosiy birlashmalar vakillari bo‘lmagan missiya suhbatdoshlarining aksariyati esa o‘z nomzodini mustaqil ravishda ko‘rsatish imkoniyatining bekor qilinishini siyosiy jarayonlarda ishtirok etishga qo‘yilgan cheklov sifatida baholashgan.
Bu Qozog‘iston uchun ayniqsa hassos masala;
U yerda muxolifat harakatlari yillar davomida siyosiy partiya sifatida ro‘yxatdan o‘tishga urinib kelishadi.
Ammo birortasi hali ham rasmiy maqomga ega bo‘lish yoki saylovlarda ishtirok etishga muvaffaq bo‘lmagan.
Nega Qozog‘iston muddatidan oldin saylov o‘tkazyapti - videoni ko‘rish uchun quyida ilova qilingan linkni bosing:
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Shu yakshanba kuni chinakam tarixiy voqea — Qozog‘iston tarixida yangi sahifa ochiladigan kun keladi.
Saylovda ishtirok etishga qo‘yilgan yettita partiyaning barchasi amaldagi prezident siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Saylovchilarga byulletenda faqat bitta variantni belgilashga ruxsat beriladi.
Ammo saylov varaqalarida "hech biri"ga tanlovi ham mavjud.
Parlamentga kirish uchun partiya kamida 5 foiz ovoz to‘plashi kerak.
Saylovdan so‘ng, Qurultoyda o‘rinlarni qo‘lga kiritgan har bir partiya rahbariyati o‘z ro‘yxatidagi qaysi nomzod deputat mandatiga ega bo‘lishini belgilaydi.
Qonunchilikka muvofiq, ayollar, 35 yoshgacha bo‘lgan nomzodlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar har bir partiyadan saylangan deputatlar tarkibining jami kamida 30 foizini tashkil etishi kerak.
Yangi tashkil etilgan "Adilet" partiyasi eng katta nomzodlar ro‘yxatini — jami 186 nafar nomzodni — ilgari surgan.
Partiya shu yil may oyida ta’sis etilgan, iyun oyi boshida ro‘yxatdan o‘tkazilgan va 12 iyunga kelib, o‘sha paytda mamlakatning eng nufuzli partiyasi bo‘lgan "Amanat" u bilan birlashishga qaror qilgan.
"Amanat" so‘nggi o‘ttiz yil davomida parlamentdagi o‘rinlarning aksariyatini egallab kelgan.
Nursulton Nazarboev tomonidan asos solingan (keyinchalik "Nur Otan" deb qayta nomlangan) "Otan" partiyasining vorisi.
"Amanat" xuddi shu vaqt oralig‘ida Qozog‘istonda hukmron partiya vazifasini bajargan.
Nomi qayta o‘zgartirilganidan keyin ham, u Qozog‘istonning birinchi prezidenti bilan chambarchas bog‘liqlikda ko‘rilgan.
Ovoz berishlar jami 10423 ta saylov uchastkasida bo‘lib o‘tmoqda.
Saylov shoxobchalarining 79 tasi Qozog‘istonning 60 dan ortiq xorijiy davlatdagi vakolatxonalarida ochilgan.
Avvalroq "Qazinform" axborot agentligi saylovlarni 42 mamlakat va 13 xalqaro tashkilot vakili bo‘lgan 777 nafar xorijiy kuzatuvchi, jumladan, 41 mamlakatdan kelgan 138 nafar parlament a’zosi kuzatib borishi haqida xabar bergan edi.
YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (ODIHR)ning oraliq hisobotiga ko‘ra, joriy saylovlar so‘z erkinligiga nisbatan cheklovlar sharoitida o‘tkazilmoqda: Qozog‘iston media bozori davlatning kuchli ta’siri ostida.
14 avgust kuni Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi hamda sakkizta boshqa mahalliy va xalqaro huquqni himoya qiluvchi tashkilot saylovlar arafasida matbuotga nisbatan bosim sezilarli darajada kuchayib, misli ko‘rilmagan darajaga yetganini ma’lum qildi.
Qozog‘iston prezidenti esa Qurultoyga ilk saylovlarni "chinakam tarixiy voqea", deb atagan.
Qasim-Jomart Toqaev saylov arafasida, 21 avgust kuni xalqqa murojaat bilan chiqqan.
"Bu saylovlar Qozog‘iston tarixidagi balki eng qiziqarli saylovlar sifatida esda qolishi"ni ham aytgan.
Prezident Toqaev fikricha, "Qurultoy Qozog‘istonni zamonaviylashtirish sur’atlarini yanada tezlashtiradi".































