Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
Qo‘sh Tepa kanalining Termiz yaqinidan o‘tadigan qismida suv to‘plangan. Qirg‘oq yorildimi yo rejali suv chiqarish?
Afghanistan International veb-nashri sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini e’lon qildi, nashrga ko‘ra, Afg‘oniston shimolida barpo etilayotgan Qo‘sh Tepa kanalining birinchi bosqichi suvga to‘ldirilishi bilan Mozori Sharif yaqinida kanal devorida yorilish ro‘y bergan, o‘nlab kvadrat kilometr maydonni suv bosgan.
Afghanistan International sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga asoslangan tahlilini shu kunlarda e’lon qildi.
Afghanistan International yozishicha, kanalning birinchi bosqichi suv bilan to‘ldirilganidan ikki hafta o‘tar-o‘tmas, Mozori Sharif shahridan shimoldagi Gorgijak deb nomlangan joyda kanal devorlaridan suv sizib chiqqan. Oqibatda avvaliga taxminan olti kvadrat kilometr maydonni suv bosgan.
Keyinchalik suv bosgan hudud qariyb 38 kvadrat kilometrgacha kengaygan.
Eng so‘nggi sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qilib hanuz 24 kvadrat kilometr maydon suv ostida qolayapti, deb yozadi Afghanistan International.
Bugun Google Map da Termiz shahri qidirilsa, Afg‘oniston hududining Amudaryo sohilidan 20 kilometrcha janubi-g‘arbida sahro o‘rtasida katta hududni suv bosganini ko‘rish mumkin.
Ammo Afghanistan International nashri maqolasi va ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga izoh bergan Qo‘sh Tepa kanali qurilishiga mas’ul Afg‘oniston Milliy Taraqqiyot korportsiyasi, suv sizib chiqishi yoki devor shikastlanishi hodisasi ro‘y bergani yo‘q, deydi.
Loyiha rahbari Abdul Rahmon Attashga ko‘ra, Qo‘sh Tepa kanalining 75-kilometrida hosil bo‘lgan ulkan ko‘l qurilishga xalaqit berayotgan yer osti suvlarini haydash oqibatida yuzaga kelgan suv havzasidir.
Quruvchilar kanal boshlanishidan ko‘plab mushkulliklarga duch kelayotganlarini aytadilar, bular orasida eng qiyini kanal o‘tishi mo‘ljallangan joyda yer osti suvlarining yuzaga chiqayotganidir.
Kanalning 43-kilometrigacha bu suvlar faolligi kuzatilgan.
Yer osti suvlarini kanal bo‘ylab oqizishga, 75-kilometriga borganda esa rejalangan ravishda dalaga oqizishga qaror qilingan.
Toki yon-atrofni suv bosmasin, chunki "95-kilometrda Davlatobod tumanini shimol bilan bog‘laydigan yirik ko‘prik bor", deyiladi Milliy Taraqqiyot korporatsiyasi tarqatgan bayonotda.
Milliy Taraqqiyot korporatsiyasiga ko‘ra, kanal qurilishi "texnik aniqlik va injenerlik standartlari" asosida amalga oshirilayapti, hozirga kelib uzunligi 177 kilometrni tashkil etadigan ikkinchi bosqichda rejalangan ishlarning 98 foizi nihoyasiga yetkazilgan.
BBC O‘zbek xizmatiga gapirgan kanal qurilishida band muhandisning aytishicha, hozir kanalning asosiy o‘zanini qazish ishlaridan tashqari undan suv oladigan kichik kanallarni tortish, ular atrofini betonlashtirish ishlari kechasiyu-kunduzi tinmayapti.
Afghanistan International o‘z tahliliy maqolasida yozishicha, irrigatsiya, melioratsiya mutaxassislari Qo‘sh Tepdan sizib chiqqan suvning oqibatlari faqat suv yo‘qotilishi bilan cheklanmasligini ta’kidlaganlar.
Soha mutaxassislari yer osti suvlari sathining ko‘tarilishi, tuproq sho‘rlanishi va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan suv miqdorining kamayishi xavfidan ogohlantiradilar.
Ekspertlarga ko‘ra, Qo‘sh Tepaning eng katta xavflaridan biri tuproq sho‘rlanishidir.
Kanaldan suv sizishi va drenaj tizimlarining yetarli emasligi yer osti suvlarini yuqoriga ko‘tarishi mumkin.
Bu esa ayrim hududlarda tuproq unumdorligini pasaytirishi mumkin.
Yana bir muammo Amudaryoning loyqasi ko‘p daryo ekanidir.
Qum, shag‘al va loyqalar kanal tubiga to‘planib, uning suv o‘tkazish qobiliyatini kamaytirishi mumkin.
Mutaxassislar kanalni doimiy tozalash katta mablag‘ talab qilishini, shuning uchun loyqalarni kiritmaslik choralari muhimligini ta’kidlaydilar.
Tolibon qo‘shnilari xavotirini aritoldimi?
Dunyoda hali 1990 yillarda Tolibon haqida shakllangan, zamonaviy taraqqiyot yutuqlarini inkor etadigan guruh degan qarash bugunga kelib ham o‘zgargani yo‘q.
Chunki ilk bor Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan Tolibonning televizor va magnitofonlarni buzib namoyishkorona yoqib yuborganlari tasvirlari ko‘pchilikning yodida, 2021 yil avgustida yana poytaxt Kobulni bosib olganlaridan keyin o‘zlarining oldingi "qoloq Tolibon emasliklarini" aytgan bo‘lsalar ham keyingi besh yil ichida kuzatilgan hodisalar "Tolibon hamon o‘sha eski Tolibon ekan" degan fikrni shakllantirdi.
Shu bois, murakkab irrigatsiya kanalini barpo etish uchun talab qilinadigan oliy ma’lumotli mutaxassis yo ekspertlar Tolibon qo‘li ostida Afg‘onistonda qolishga ko‘nganmikanlar, degan savol ham o‘rtaga chiqqan.
Qo‘sh Tepaning umumiy uzunligi 285 km bo‘lib, u Afg‘oniston shimolidagi Balx, Juzjon va Faryob viloyatlari orqali o‘tishi rejalashtirilgan.
Maqsad - Amudaryo suvini burish orqali Afg‘oniston shimolidagi 550 ming gektar cho‘l hududlarini sug‘oriladigan ekin maydoniga aylantirish.
Tolibon loyiha to‘liq amalga oshirilsa, qariyb 200 ming ish o‘rni yaratilishi mumkin, deydi.
Biroq iqtisodchilar fikricha, suvning o‘zi kifoya emas.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish uchun urug‘chilik, o‘g‘itlar, texnika, moliyaviy xizmatlar, qayta ishlash sanoati va sotuv bozorlari ham rivojlanishi lozim. Aks holda, loyihadan asosiy foydani kichik dehqonlar emas, yirik sarmoyadorlar ko‘rishi mumkin.
Qo‘sh Tepaning miroblik sohasi talablariga qanchalar javob beradigan sifat bilan barpo etilayotganidan tashqari Amudaryodan olinadigan suv kamayishi xavotiri ham qo‘shni mamlakatlarni jiddiy o‘ylantiradi.
Shu bois Qo‘sh Tepa kanali bugunga kelib nafaqat muhandislik, balki mintaqaviy siyosat masalasiga ham aylangan.
Afg‘oniston uzoq yillar davomida urushlar va suv infratuzilmasining yetishmasligi sabab Amudaryo suvidan to‘liq foydalana olmaganini ta’kidlaydi.
Biroq Amudaryo havzasi mamlakatlari o‘rtasida suvdan foydalanish bo‘yicha yagona va keng qamrovli mexanizm mavjud emas.
O‘zbekiston, Turkmaniston va Tojikiston loyihani diqqat bilan kuzatmoqdalar.
Mutaxassislar Afg‘oniston suv resurslaridan foydalanish huquqiga ega ekanini tan olar ekan, loyiha muvaffaqiyati qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik va "suv diplomatiyasi"ga ham bog‘liqligini ta’kidlaydilar.
Tolibon Qo‘sh Tepa loyihasi qiymatini 680 million dollar deb baholaydi.
Biroq tadqiqotchilar to‘liq sug‘orish tarmoqlari va qo‘shimcha infratuzilmalar bilan birga umumiy xarajat 1,5 milliard dollargacha yetishi mumkin deb taxmin qiladilar.
Shu yil mart oyi oxirida Toshkent shahrida suv forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda soha ekspertlari, xalqaro tadqiqotchilar, shuningdek, Tolibonning yuqori mansabdagi rasmiylari ham ishtirok etdilar.
U yerda O‘zbekistonning katta maydonlarni paxtazorga aylantirish siyosati Orol dengizi qurishiga yetaklagani eslatilib, Tolibonga Qo‘sh Tepa qurilishida O‘zbekiston xatolarini takrorlamasliklari uchun yordam berishlari mumkinligi aytildi.
"Qo‘sh Tepa kanali qurilishi masalasidagi hamkorligimiz tizimli ekspertlar muloqoti formatiga o‘tdi. Doimiy faoliyat yurituvchi qo‘shma ishchi guruhi tuzildi, bu esa muhokamalarni siyosiy tekislikdan sof professional darajaga o‘tkazish imkonini berdi", deb aytdi ushbu forumda O‘zbekiston Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti huzuridagi Mintaqaviy tadqiqotlar markazi rahbari Murod Uzoqov.
Toshkent suv forumida qatnashgan Afg‘oniston Tolibon hukumatining suv masalalari bo‘yicha o‘rinbosar vaziri Mujibur Rahmon Umar Oxundzoda o‘zining hukumati qo‘shni davlatlarning suv huquqlariga rioya qilishga sodiq ekanini ta’kidladi.
U adolatli suv taqsimoti, suv diplomatiyasini kuchaytirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.