Bu saytning kamroq internet sarflaydigan, faqat matndan iborat versiyasini ko‘rmoqdasiz. Barcha suratlar va videolarni o‘z ichiga olgan saytning asosiy versiyasini ko‘ring.
"Orol dengizini avvalgi holiga qaytarish amalda imkonsiz": Orolbo‘yining kelajagi qanday? Yangilandi - Video
"Orol dengizini avvalgi holiga qaytarish amalda imkonsiz", deydi Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi (ICID) vitse-prezidenti hamda O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (IFAS) agentligining xalqaro hamkorlar bilan aloqalar bo‘yicha menejeri doktor Vadim Sokolov. BBC O‘zbek u bilan Orolbo‘yidagi bugungi vaziyat, amalga oshirilayotgan loyihalar va mintaqa kelajagi haqida suhbatlashdi.
Orolni qutqarish mumkinmi? Mutaxassis fikri
BBC.COM/UZBEK: Ayni paytda Orolbo‘yi hududida qanday loyihalar amalga oshirilmoqda va ulardan qaysilarini ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash nuqtai nazaridan eng muhim deb hisoblaysiz?
Doktor Vadim Sokolov: Shuni aytish joizki, 2016 yilgacha O‘zbekiston Qoraqalpog‘istonga, Orolbo‘yi fojiasi hududiga yiliga ko‘pi bilan 300 million dollar mablag‘ jalb qilgan. Ya’ni bu ekologik falokat ko‘lami uchun ancha kam mablag‘ edi. Aslida, Qoraqalpog‘iston byudjet siyosatida ustuvorligi past bo‘lgan hudud edi.
2016 yil oxirida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti bo‘lgach, vaziyat tubdan o‘zgardi. 2017 yildan boshlab O‘zbekistonda Orolbo‘yi hududidagi barcha faoliyat to‘rtta parallel yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirila boshladi.
Birinchisi - O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan davlat dasturlari.
Ikkinchisi - men vakillik qilayotgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyati.
Uchinchisi - 2018 yilda BMT qoshida Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha tashkil etilgan ko‘p sherikli trast jamg‘armasi.
To‘rtinchi yo‘nalish esa turli xalqaro donorlar ko‘magida olib borilayotgan faoliyatdir.
Davlat dasturlari haqida gapiradigan bo‘lsak, so‘nggi to‘qqiz yil ichida O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati tashabbusi bilan 30 dan ortiq davlat dasturi amalga oshirildi. Agar avval bu hududga yiliga ko‘pi bilan 300 million dollar mablag‘ kiritilgan bo‘lsa, bugungi kunda har yili 2 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmushini yaxshilash, sanoatni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi va melioratsiya sohalaridagi turli dasturlar, turizmni rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlarga qaratilgan ushbu davlat dasturlari tufayli bugun Qoraqalpog‘iston ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekistondagi o‘rtacha darajadan yuqori natijalarga erishdi. Ayrim ko‘rsatkichlar bo‘yicha esa hatto ulardan ham o‘zib ketgan.
Prezidentning o‘zi ham so‘nggi to‘qqiz yil mobaynida bu hududga 13 marta tashrif buyurdi. U Orol dengizining qurib qolgan tubida ham bo‘lgan, vaziyatni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan. Shuning uchun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan qaraganda, bu yerda bugun ancha ijobiy jarayonlar kechmoqda.
Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatiga kelsak, bizning ham bir nechta ish yo‘nalishlarimiz mavjud. Ha, biz katta nomga egamiz - Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi.
1993 yildayoq jamg‘armaning Orol masalasidagi faoliyati qanday bo‘lishi kerakligi haqida kontseptsiya qabul qilingan edi. Unda 1960 yilgacha bo‘lgan holatida Orol dengizini qayta tiklash amalda imkonsiz ekani aniq qayd etilgan. Bu suv va suv resurslari yetishmasligi bilan bog‘liq.
BBC.COM/UZBEK: Ko‘plab mutaxassislar Orol dengizini avvalgi chegaralarida qayta tiklash endi imkonsiz, deb hisoblaydi. Siz bu fikrga qo‘shilasizmi va Orolbo‘yining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?
Doktor Vadim Sokolov: Orolni avvalgi hajmida tiklash masalasi bo‘yicha men allaqachon aytdim: Orolni tiklashning imkonsizligiga asosiy sabab - bu hududga kelib tushayotgan suv miqdorining yetarli emasligidir.
Aynan shu yo‘nalishda biz Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida asosiy ishlarni olib bormoqdamiz. Afsuski, garchi biz xalqaro jamg‘arma deb atalsak ham, xalqaro mablag‘lar juda kam. Orol muammolarini hal qilish uchun mablag‘ ajratishga tayyor xalqaro donorlar unchalik ko‘p emas.
Biz O‘zbekistonda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasida amalga oshirayotgan faoliyatning 95 foizi O‘zbekiston davlat byudjeti mablag‘laridan iborat bo‘lib, bu respublikamizning jamg‘arma faoliyatiga qo‘shgan hissasidir.
Biz Amudaryo orqali bu yerga kelib tushayotgan so‘nggi suvni qandaydir tarzda saqlab qolish va undan mintaqa manfaatlari, ichimlik suvi ta’minoti, ekologiya va boshqa maqsadlar uchun imkon qadar samarali foydalanish maqsadida suv xo‘jaligi infratuzilmasini qurish bilan shug‘ullanamiz.
Ikkinchi yo‘nalish — biz vaziyat monitoringini muntazam olib boramiz. Va shu yerda aytishim kerakki, ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar o‘sib borayotgan bo‘lsa-da, ekologiya va bioxilma-xillik nuqtai nazaridan bu yerda hali ham tanazzul davom etmoqda. Yana qaytarib aytaman, bu suv miqdorining yetarli emasligi bilan bog‘liq.
2019 yildan 2021 yilgacha bo‘lgan davrda barcha yerosti suvlari bo‘yicha qidiruv ishlari o‘tkazildi. Afsuski, yerosti suvlari bor, ammo ularning minerallashuv darajasi juda yuqori va ulardan foydalanish deyarli mumkin emas.
Ma’lumki, 2019 yildan boshlab o‘rmon ekish ishlari keng ko‘lamda yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda ham, aslida, juda ko‘p ishlar qilindi. Prezidentning o‘zi ham bu ishlarga jalb qilingan, u hududga tashrif buyurgan va bo‘layotgan barcha jarayonlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.
Yana qaytarib aytaman, biz qurib qolgan dengiz tubining deyarli barcha mumkin bo‘lgan hududlarini daraxtzorlar bilan qopladik, ammo ularning o‘sib ketish darajasi hali ham ancha past. Garchi ushbu ishlar rahbari, akademik Novitskiy 2022 yilda daraxt ekishning mutlaqo yangi texnologiyasini ishlab chiqqan va bu ko‘chatlarning tutish darajasini oshirgan bo‘lsa ham. Biroq yana qaytarib aytaman, bu ko‘chatlar sug‘orishga muhtoj, suv yetarli emas, shuning uchun muammo hali ham saqlanib qolmoqda va biz bu masala ustida ishlashda davom etmoqdamiz.
Bundan tashqari, biz monitoring ishlarida, daraxt ekish ishlarida ishtirok etamiz. Faoliyatimizning yana bir yo‘nalishi - donorlarni jalb qilishdir.
Prezident 2019 yilda Qoraqalpog‘istonga navbatdagi tashrifi chog‘ida bizning ob’ektlarimizda bo‘lgan, nima ishlar bilan shug‘ullanishimizni ko‘rgan. Va biz unga IFAS bo‘yicha moliyalashtirish unchalik katta emasligini ma’lum qilganimizda, u Ko‘p sherikli trast jamg‘armasini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Barchaga malumki, u 2018 yilda tashkil etilgan. Afsuski, o‘tgan yillar davomida jamg‘arma atigi 18 million dollar atrofida mablag‘ jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi. 18 million dollar nima degani? Bunday hudud uchun bu juda kichik mablag‘. Ammo shunga qaramay, jamg‘arma juda katta ishlarni amalga oshirmoqda.
Besh yo‘nalish bo‘yicha jamg‘arma mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash, kichik biznesni rivojlantirish bilan shug‘ullanadi, Qoraqalpog‘istonda tibbiy xizmatni rivojlantirishga yordam beradi. Bugun tibbiyot muassasalari eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Ya’ni Qoraqalpog‘istonda tibbiyot sohasi sezilarli darajada rivojlandi.
Bundan tashqari, men aytib o‘tganimdek, bu yerda xalqaro loyihalar ham ishlamoqda. Bular Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Janubiy Koreya, Yevropa Ittifoqi va Rossiya ayrim loyihalarda bizga yordam beradi, shuningdek boshqa donorlar ham bor.
Juda yaxshi bir loyiha bir necha yil avval USAID ko‘magida boshlangan va amalga oshirilgan edi. Ammo USAID, barchaga ma’lumki, faoliyatini tugatdi. USAID tufayli biz Qoraqalpog‘iston hududida qurib qolgan Orol tubida bugungi kunda ham bizning ishtirokimiz bilan rivojlanayotgan vohani yaratdik.
Shuningdek, Orol hududida yana davlatimiz ko‘magi va Qozog‘istonning faol ishtiroki bilan ko‘plab tabiatni muhofaza qilish hududlari tashkil etildi. Bu biz tanazzulga uchrayotgan bioxilma-xillikni, hayvonlar va ushbu hududga xos bo‘lgan faunani saqlab qolishga harakat qilayotgan joylardir.
Ammo yana qaytarib aytaman, hammasi suv resurslariga borib taqaladi, chunki suvsiz bu yerda hayot deyarli bo‘lmaydi.
Shuning uchun kelajak uchun asosiy vazifamiz, vaziyatni barqarorlashtirish uchun nima qilish kerakligi haqidagi savolingizga javoban aytsam, bizga suv kerak.
Aynan shuning uchun 2018 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida Xalqaro innovatsion markaz tashkil etildi.
Bugun ushbu markaz bizga dunyo bo‘ylab sho‘rlangan tuproqlar va suv tanqisligi sharoitida yashay oladigan yangi o‘simlik navlarini jalb qilishga yordam bermoqda.
Shuningdek, u ko‘plab innovatsion texnologiyalarni jalb qilib, ularni mahalliy sharoitlarga moslashtiradi va biz bilan birgalikda amaliyotga joriy qiladi.
Shuning uchun kelajak innovatsion texnologiyalar bilan bog‘liq.
Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2021 yilda BMT maxsus rezolyutsiya qabul qildi, unga ko‘ra Orolbo‘yi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilindi.
Innovatsion markaz faoliyati, bizning ishlarimiz, davlat dasturlari, O‘zbekiston Hukumati va Prezident qo‘llab-quvvatlovi tufayli biz bu yerga yangi innovatsiyalarni jalb qilishga harakat qilmoqdamiz. Ammo asosiy muammo hanuz suv masalasini hal qilish bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Agar biz mintaqa uchun qo‘shimcha suv manbalarini topa olsak, vaziyat sezilarli darajada yaxshilanadi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
BBC.COM/UZBEK: Yaqin yillarda Orolbo‘yidagi ekologik vaziyatni yaxshilash va mahalliy aholi turmush sifatini oshirish uchun qanday chora-tadbirlar amalga oshirilishi kerak?
Doktor Vadim Sokolov: Bugun O‘zbekiston suvni tejash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni amalga oshirmoqda. So‘nggi olti yil ichida mamlakat suvni tejash texnologiyalarini joriy etish va qishloq xo‘jaligida suvdan yanada samarali foydalanish hisobiga o‘z ehtiyojlari uchun 10 kub kilometrga kamroq suv oladigan bo‘ldi. Biroq mintaqa ekologik ehtiyojlari uchun suv hanuzgacha yetarli emas. Shuning uchun aynan shu yo‘nalishda yaqin yillarda faol ish olib borishimizga to‘g‘ri keladi. Rahmat!
Prezident Orol dengizining qurigan tubida
Doktor Vadim Sokolov ta’kidlaganidek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2022 yil fevral oyida Orol dengizining qurigan tubiga borib, vaziyatni ko‘rgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, davlat rahbari bugungi sharoitda asosiy vazifa saqlanib qolgan tabiiy muhitni muhofaza qilish va aholi hayotini yaxshilashdan iborat ekanini ta’kidlagan.
Tashrif chog‘ida Prezident ekologlar va o‘rmon xo‘jaligi mutaxassislari bilan muloqot qilib, ishlarni ilmiy yondashuv asosida davom ettirish zarurligini ta’kidlagan. Shuningdek, rasmiy xabarda aytilishicha, mintaqa tuprog‘iga mos o‘simlik navlarini yaratish, keyingi bosqichda chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan, hamda Orolbo‘yi florasi va faunasini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqish topshirilgan.
Bu haqda president.uz vebsahifasi xabar berdi.
Orol dengizi fojiasi: mintaqaning buguni va kelajagi qanday?
1960-yillarda Sovet Ittifoqi Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmanistonning quruq tekisliklarida suvni boshqa tomonga burish bo‘yicha yirik loyihani amalga oshirdi. Uzoq tog‘lardagi qorlarning erishi va yog‘ingarchiliklardan to‘yinadigan mintaqaning ikki asosiy daryosi - Sirdaryo va Amudaryo suvlari cho‘lni paxta va boshqa ekinlar yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi yerlariga aylantirish uchun ishlatildi. Loyihadan avval Sirdaryo va Amudaryo tog‘lardan oqib tushar, Qizilqum cho‘li orqali shimoli-g‘arbiy yo‘nalishda oqib o‘tar va havzaning eng past qismida birlashar edi. Ular hosil qilgan ko‘l - Orol dengizi - bir vaqtlar dunyodagi to‘rtinchi eng yirik ko‘l hisoblangan.
Sug‘orish ishlari cho‘lni yashnatgan bo‘lsa-da, Orol dengizini halokatga uchratdi. NASAning Terra sun’iy yo‘ldoshidagi MODIS (Moderate Resolution Imaging Spectroradiometer) qurilmasi orqali olingan tasvirlar mazkur o‘zgarishlarni hujjatlashtirgan. 2000 yilga kelib, Orol dengizi 1960 yildagi maydonining katta qismini yo‘qotgan edi. Shimoliy Orol dengizi (ba’zan Kichik Orol deb ham ataladi) Janubiy (Katta) Orol dengizidan ajralib ketgan edi.
Janubiy Orol dengizi esa sharqiy va g‘arbiy qismlarga bo‘linib ketgan bo‘lib, ular faqat ikki chekka nuqtada zaif tarzda bog‘lanib turgan edi. 2001 yilga kelib janubiy bog‘lanish ham uzildi va keyingi bir necha yil ichida sayozroq bo‘lgan sharqiy qismi tez sur’atlar bilan chekina boshladi. Xususan, 2005-2009 yillar oralig‘ida Amudaryo oqimi qurg‘oqchilik tufayli kamayib, keyinchalik deyarli to‘xtab qolgani sababli Janubiy Orolning sharqiy qismi katta yo‘qotishlarga uchradi. Keyinchalik 2009–2018 yillar davomida quruq va sernam yillarning almashinishi ta’sirida suv sathi yilma-yil o‘zgarib turdi. 2014 yilda Janubiy Orol dengizining sharqiy qismi butunlay yo‘qoldi. 2018 yil yozida suv sathi bahorgi qor erishidan keyin kutilgandek past bo‘lmadi.
Orol dengizi qurib borishi bilan baliqchilik sohasi va mahalliy aholi jamoalari ham tanazzulga yuz tutdi. Tobora sho‘rlanib borayotgan suv o‘g‘itlar va pestitsidlar bilan ifloslandi. Qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari bilan zararlangan ochilib qolgan dengiz tubidan ko‘tarilayotgan chang aholi salomatligi uchun jiddiy xavfga aylandi. Tuzli chang dengiz tubidan ko‘tarilib, dalalarga cho‘kib, tuproq sifatini yomonlashtirdi. Ekin maydonlarini yuvish uchun tobora ko‘proq daryo suvidan foydalanishga to‘g‘ri keldi. Bunday ulkan suv havzasining iqlimni yumshatuvchi ta’siri yo‘qolishi natijasida qishlar sovuqroq, yozlar esa issiqroq va quruqroq bo‘lib qoldi.
Bu haqda AQSh Milliy aeronavtika va koinotni tadqiq etish agentligi - science.nasa.gov nashri "O‘zgarishlar olami: qurib borayotgan Orol dengizi" hisobotida yozgan.
Orol dengizi fojiasi va suv xavfsizligi muammosi
Orol fojiasining sabablari haqida so‘z ketganda, xalqaro tashkilotlar hisobotlari va mahalliy ekspertlar fikri bir nuqtada tutashadi.
O‘zbekistonlik, xalqaro ekologik va suv resurslari loyihalarida ishtirok etib kelayotgan bir qator mutaxassislarning fikricha, Orol dengizi fojiasi uchun eng katta mas’uliyat Sovet Ittifoqi davridagi rejalashtirish siyosati zimmasida. Chunki o‘sha vaqtda Amudaryo va Sirdaryo suvlarining katta qismi paxta yetishtirish uchun ishlatilgan. Natijada Orol dengiziga suv kam kelgan va dengiz quriy boshlagan. Bugungi kunda ham mintaqa davlatlari suvdan samarali foydalanishi kerak. Iqlim o‘zgarishi ham vaziyatni qiyinlashtirmoqda.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, mintaqa oldidagi eng dolzarb muammolardan biri suv resurslarining kamayib borayotganidir. Pomir va Tyan-Shan tog‘laridagi muzliklarning qisqarishi, iqlim o‘zgarishi natijasida yog‘ingarchilikning o‘zgaruvchan tus olishi hamda aholi va iqtisodiyotning suvga bo‘lgan ehtiyojining ortishi bosimni kuchaytirmoqda. Bu holat qishloq xo‘jaligida suvdan hanuz samarasiz foydalanilayotgani bilan yanada murakkablashmoqda.
Qoraqalpog‘istondan Germaniyaning Bonn shahrigacha: Orol dengizi fojiasi haqida dunyoga so‘zlayotgan Ramuza
Biroq Orol fojiasi haqida raqamlar va ekspertlar xulosalari orqaligina emas, balki uning oqibatlarini o‘z hayotida his qilib yashagan insonlar orqali ham to‘liq tasavvur hosil qilish mumkin. BBC O‘zbek xizmati Orolbo‘yi mintaqasida tug‘ilib o‘sgan, ayni paytda atrof-muhit masalalari bo‘yicha tadqiqot olib borayotgan mutaxassis Ramuza Muxammetsheripova bilan suhbatlashdi. Suhbatni Aziza Qadam olib bordi.
BBC.COM/UZBEK: Qoraqalpog‘istonning oddiy ko‘chalaridan Germaniyaning Bonn shahrigacha. Ko‘pchilik uchun bu shunchaki orzu. Lekin bugungi qahramonimiz bu yo‘lni bosib o‘tdi. Unga o‘rnak bo‘lgan insoni - akasi. Bir yillar oddiy Qoraqalpoq oilasida ulg‘aygan qiz bugun jahonning eng katta logistik kompaniyasi DHL da ishlaydi. Ammo chet eldagi hayot, Instagramdagidek chiroylimi? Qoraqalpog‘istondan chiqqan oddiy qiz qanday qilib Yevropaning salohiyatli ishida o‘z o‘rnini topdi? Muvaffaqiyat ortida qanday bosimlar va zahmat bor? Suhbatdoshim, Germaniyadan Angliyaga mehmonga kelgan Ramuza Muxammetsheripova. Ramuza yoshligingiz haqida gapirib bersangiz.
Ramuza Muxammetsheripova: Men Nukus shahrida tug‘ilganman. Adam baliqchi bo‘lgan onam oddiy hisobchi, maktabda hisobchi bo‘lib ishlaganlar.
BBC.COM/UZBEK: Germaniyaga qanday keldingiz?
Ramuza Muxammetsheripova: Germaniyaga 2024 yil, Germaniya hukumati granti orqali kelganman. Bu menga magistraturada o‘qish imkoniyatini berdi.
BBC.COM/UZBEK: Siz bu grantni qanday yutib olgansiz. Bilamizki, O‘zbekistonda ko‘pchilik yoshlar bunga harakat qiladi?
Ramuza Muxammetsheripova: O‘qish grantini olish uchun ariza topshiriladi, ariza o‘tgandan keyin suhbatga chaqirishadi. Sizning motivatsiyangizni bilmoqchi bo‘ladi, hamda bilimingizni ham tekshirishadi. Keyin natija chiqadi, va o‘tgan o‘tmaganingiz haqida ma’lumot berishadi. Undan keyin Germaniyaga kelasiz. Bizga bu grant til o‘rganishga ham imkoniyat yaratib berdi. Ikki oy nemis tilini o‘rganganmiz. Shundan so‘ng o‘qishni boshlaganman.
BBC.COM/UZBEK: Germaniyaga ketayotganingizda eng katta qo‘rquv nima edi?
Ramuza Muxammetsheripova: Menda qo‘rquv bo‘lmagan. Chet davlatda o‘qish orzum bo‘lgan. Shu bilan birga ko‘proq hayajon bo‘lgan. Orol dengizi fojiasini ko‘pchilik biladi. Men o‘sha mintaqadan bo‘lganim uchun bu masala men uchun juda muhim bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun men bu dasturda o‘qishga qaror qilib Germaniyaga ketganman.
BBC.COM/UZBEK: Mana siz Orol dengizi haqida aytib o‘tdingiz. Bu jahon bo‘yicha tan olingan juda katta fojia. O‘zbekistonda hozir bir qator xalqaro tashkilotlar bilan, jumladan Germaniya hukumati bilan hamkorlikda, loyihalar amalga oshirilyapti. Siz Germaniyada o‘qib, faoliyat yurityapsiz, sizda keyinchalik o‘z vatanimda ham qandaydir ishlar qilaman degan rejangiz ham bo‘lganmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Bo‘lgan. Hozirda shu dastur doirasida atrof-muhitga yaxshi ta’sir qiladigan narsalarni ham o‘rgatishadi. Shunday ekan, buni keyinchalik O‘zbekistonning atrof-muhitini yaxshilash uchun qo‘llash mumkin.
BBC.COM/UZBEK: Aynan Orol dengizi hududidami?
Ramuza Muxammetsheripova: Orol boyi hududida ham, O‘zbekistonning hamma joyiga kerak bu narsa. Hozir O‘zbekistonda suv muammosi bor. Men o‘qiyotgan dasturda keyinchalik, misol tariqasida aytyapman, suvni qanday qilib taqsim qilishni ham o‘rgatishadi.
BBC.COM/UZBEK: Otangiz faoliyati haqida ham gapirib bersangiz. Chunki Qoraqalpog‘istonda baliqchilik, bir necha o‘n yillar oldin, Orol dengizi fojiaga yuz tutmasdan oldin baliqchilik sohasi katta bo‘lgan. Demak sizning otangiz baliqchi bo‘lgan, shunday emasmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Baliqchi bo‘lgan va bu kasbni u o‘z otasidan o‘rgangan. Chunki mening buvam ham baliqchi bo‘lgan. Ularing baliq yetishtiradigan fermerchilik xo‘jaligi bo‘lgan. Hozirgi paytda suv bilan muammo bo‘lganligi uchun faoliyatni to‘xtatib qo‘yganlar. Yoshligimda akam ko‘p motivatsiya bergan. Menga u rol model bo‘lib hisoblangan. Kichkinaligimda chet elga chiqish, u yerda o‘qish orzuga o‘xshardi. Lekin akam keyinchalik Vestminster universistetiga grant asosida o‘qishga kirgan, o‘qiyotgan paytida Amerikaga ham borib kelganlar.
BBC.COM/UZBEK: Ramuza bir paytlar sizda "Mendan hech narsa chiqmaydi" degan qo‘rquv ham bo‘lganmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Hozirdayam bo‘lib turadi. Kichik paytimda, "Man bunaqa qila olmayman" deganman. Lekin shu aytib o‘tganimdek, akam menga ko‘p turtki bo‘lgan. Ko‘p narsani isbotlagan, "Qila olasan" deb. Hozir oilali bo‘lsayam, u o‘z ustida ishlashni to‘xtatmaydi.
BBC.COM/UZBEK: DHL dunyoning eng katta logistik kompaniyasi hisoblanadi. Siz qanday qilib bu kompaniyada ishlashga muvaffaq bo‘dingiz?
Ramuza Muxammetsheripova: DHL bu logistik kompaniya lekin men ishlayotgan joy - havodagi zaharli gazlarni kamaytirish bo‘yicha loyiha. Men hozir shu sohada o‘qiyotganim sababli bu menga katta plyus bo‘lib hisoblangan. Bundan tashqari bitta loyihani tatbiq qilishim kerak bo‘lgan. Men loyihani tayyorlaganman, ularga ko‘rsatganman. Ularga mening loyiham ma’qul bo‘lganidan keyin, menga shu ishni taklif qilishgan. Kichkina paytimda Orol dengizi, Orol fojiasi menga juda yaqin narsa bo‘lgan. Universitetda bir payt shu mavzu aytib o‘tilgan. "Bu fojiani kim biladi?" deganlarida, men qo‘limni ko‘targanman. "Men o‘sha joydanman, men aytib bera olaman", deganman. Aytayotganimda bo‘g‘zim tiqilib, gapirolmay qolganman, ozgina yig‘lab yuborganman ham. Shuning uchun, nazarimda, shu narsani o‘qishga, o‘rganishga qaror qilganman. Hozirda ham universitetda o‘qiyapman, va ham amaliyot orqali o‘rganib kelyapman. Bu men uchun judayam yaqin va qadrli mavzu.
BBC.COM/UZBEK: Oiladan uzoqda yashash sizni qanchalik o‘zgartirdi?
Ramuza Muxammetsheripova: Oiladan uzoqda yashash meni kuchliroq qildi, chunki oiladan uzoqdasiz, va har doimgidek sizga yordam beradigan yaqinlaringiz yoningizda yo‘q. Uzoqda lekin boshqacha bo‘ladi... Mustaqil yashashni o‘rganasiz, hayotga boshqacha nazar, haqiqiy nazar bilan qarshini o‘rganasiz. Shunday qilib kuchaytiradi va odam qiladi.
BBC.COM/UZBEK: Mana siz hozir Qoraqalpog‘istondan kelib Germaniyaning salohiyatli tashkilotida ishlayapsiz. Ish faoliyatingiz haqida ham gapirib bersangiz?
Ramuza Muxammetsheripova: Butun jahon bo‘ylab, Amerika, Avstraliya, Osiyo davlatlaridan hamkasblarim bilan yig‘ilib, bir-birimiz bilan barqaror rivojlanish bo‘yicha qilingan ishlar haqida tajriba almashamiz. Boshqa hamkasblarim, ularga to‘g‘ri keladigan tajriba bo‘lsa, uni o‘z ish faoliyatida qo‘llashlari mumkin. O‘sha tomondayam shu havoga chiqayotgan zaharli gazlarni kamaytirish uchun. Tashkilotimiz global bo‘lganligi uchun biz qarab turishimiz kerak, qaerda qanday rivojlanish bo‘lyapti. U odamlarga keyin chiqishimiz mumkin, ularga men elektron maktub yozaman. O‘zbekistondayam dasturlarda ishlaganman. Biz u yerda ham shunga o‘xshagan platforma yaratib berganmiz. O‘qituvchilar bir-biri bilan o‘zaro tajriba almashishgan. Bizga keyinchalik ular aytishganki, oldinlari o‘z tajribasini almashish uchun ularda platforma bo‘lmagan - ayrim hollarda bo‘lishishni xohlashmagan ham.
BBC.COM/UZBEK: Ko‘pchilik blogerlar chet ellarga borib videolar qo‘yishadi, diqqatga sazovor joylar juda-juda chiroyli ko‘rinadi. Chet eldagi hayot Instagramdagidek idealmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Afsuski yo‘q. Xorij davlatga o‘tganingizdan keyin, yashayotganingizda, u yerga ta’lim uchun ko‘chsangiz, hayotni qaytadan boshlayotgandek bo‘lasiz. Men Germaniyaga ko‘chdim va oldin nemis tilini bilmasdim. Yangi tug‘ilgan boladek, til o‘rganasiz, gapirishni, yurishni o‘rganasiz. Odamlar bilan gaplashishni o‘rganasiz. Yana do‘st orttirishingiz kerak.
BBC.COM/UZBEK: Muvaffaqiyat uchun eng katta yo‘qotish nima bo‘ldi deb hisoblaysiz?
Ramuza Muxammetsheripova: Eng katta yo‘qotish - oiladan uzoq yashash. Judayam sog‘inasiz. Ular bilan birga vaqt o‘tkazishni, kechqurun uyga kelib, oila atrofida, ovqat yeyish, gaplashishni xohlaysiz.
BBC.COM/UZBEK Lekin baribir shu O‘zbekistondagi oilaviy qadriyatlar, issiqlik saqlanib qoladimi, odamda?
Ramuza Muxammetsheripova: Ha albatta, ishlayotgan joyimda menga: "Sen judayam yaxshi insonsan, sendan qanaqadir nur taralib turadi. Judayam mehmondo‘stsan. Odamlar bilan kulib, hurmat bilan gaplashasan", deyishadi. Ular o‘ylashadiki bu faqat mening tabiatim deb. Men ularga: "O‘zbekistonda hammamizda shunaqa. Bu bizning madaniyatimiz", deyman. Bu bizning qanaqadir kuchimiz. Bizlar odamlar bilan kirishib ketishimiz ham.
BBC.COM/UZBEK: Demak bizning madaniyatimiz, milliy urf - odatlarimiz bizga kuch bag‘ishlaydi, shunday emasmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Shunday-shunday. Ular menga: "Bu sening kuchli tarafing bo‘lib hisoblanadi", deb aytishadi. Men shu bilan g‘ururlanaman. "Men O‘zbekistondanman, ha bu biz uchun odatiy narsa", deb aytaman ularga.
BBC.COM/UZBEK: O‘zingizni baxtli deb hisoblaysizmi?
Ramuza Muxammetsheripova: Ha, albatta. Men o‘zimni baxtli deb hisoblayman. Chunki mening orzularim bo‘lgan. Men ularni amalga oshirganman. Yevropa standarti bo‘yicha ta’lim olyapman. Dunyodagi eng katta logistik kompaniyalardan birida ishlayapman. Judayam yaqin va yaxshi do‘stlarim bor. Hamkasblarim ham judayam yaxshi. Oilam ham har doim meni qo‘llab-quvvatlagani uchun men o‘zimni juda baxtli inson deb hisoblayman.
BBC.COM/UZBEK: Agar bugungi aqlingiz bilan Qoraqalpog‘istondagi o‘sha qizaloq paytingizdagi o‘zingizga qarata nima degan bo‘lardingiz?
Ramuza Muxammetsheripova: O‘zingni boshqalar bilan solishtirishni bas qil, har kimning yo‘li boshqa. Agar qandaydir orzularing bo‘lsa ularga erishishdan va ularni amalga oshirishdan to‘xtama deb aytgan bo‘lar edim. Hozirda imkonsizdek tuyulayotgan narsalar keyinchalik hayotingning bir qismi bo‘lib qoladi, degan bo‘lardim. Faqatgina harakat qilishdan va orzu qilishdan to‘xtama deb aytib qolardim o‘zimga.
Orolbo‘yi kelajagi uchun xalqaro sa’y-harakatlar
Bugun Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilash va suv resurslarini samarali boshqarishga qaratilgan bir qator xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda.
BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil mart oyida «Yashil Orol dengizi» tashabbusining navbatdagi bosqichi doirasida Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanidagi qurib qolgan Orol tubining 80 gektar maydoniga 80 ming tup saksovul ko‘chati o‘tqazildi. Loyihaning maqsadi qum va tuz bo‘ronlarini kamaytirish hamda hudud ekotizimini tiklashdan iborat.
Orolbo‘yi mintaqasida ekologik tiklanish bilan bir qatorda aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan dasturlar ham amalga oshirilmoqda. Xususan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) O‘zbekistondagi loyihalari mahalliy aholi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish va tabiiy resurslardan barqaror foydalanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqi ham Orolbo‘yida yerlarni tiklash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan bir qator ekologik va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirgan.
Shuningdek, Global Green Growth Institute (GGGI) ham Qoraqalpog‘istonda iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirmoqda.
Sog‘liqni saqlash sohasida esa JSST (WHO), UNICEF va boshqa BMT agentliklari ishtirokida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, toza ichimlik suvidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ekologik inqirozning salomatlikka ta’sirini kamaytirishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Jahon banki Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv hamkorligini mustahkamlash uchun 20 million dollarlik grant ajratganini ma’lum qildi.
Jahon banki tomonidan tasdiqlangan mazkur dastur Markaziy Osiyoda suv samaradorligi bo‘yicha hamkorlik loyihasini (CAWEC) moliyalashtirish uchun ajratilgan bo‘lib, loyiha Xalqaro Orolni qutqarish jamg‘armasi (IFAS) tomonidan amalga oshiriladi. Loyihada Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston ishtirok etishi aytiladi.
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, suv va energetika resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha hamkorlikning cheklangani mintaqa davlatlariga har yili 4,5 milliard dollardan ortiq zarar keltirmoqda. Bank ta’kidlashicha, suv omborlaridan o‘zaro muvofiqlashtirilmagan holda foydalanish, ma’lumotlar almashinuvining yetarli emasligi hamda eskirayotgan infratuzilma mintaqaning samarali hamkorlik orqali qo‘lga kiritishi mumkin bo‘lgan iqtisodiy va ijtimoiy foydani cheklab qo‘ymoqda.
Loyiha mintaqaviy institutlarni mustahkamlash, suv hisobini yuritish va ma’lumot tizimlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ma’lumotlar almashinuvini yaxshilashni nazarda tutadi.
Jahon Bankining mazkur dasturi haqida bugun Times of Central Asia nashri yozdi.
Aytilishicha, Orolbo‘yidagi xalqaro tashabbuslar O‘zbekiston hukumati, davlat idoralari va mahalliy hamkorlar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mintaqa mamlakatlari, ayniqsa Amudaryo havzasida joylashgan davlatlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashi kerak. Suv resurslariga faqat milliy emas, balki umumiy mintaqaviy boylik sifatida qarash muhim. Buning uchun mamlakatlar suv resurslariga oid ma’lumotlar almashinuvini kengaytirishi, suvni tejaydigan texnologiyalarni faol joriy etishi, shuningdek, texnik va siyosiy muloqotni, suv diplomatiyasini kuchaytirishi zarur.