Nyu-York ilk musulmon hokimi Zohran Mamdaniy O‘zbek hamshiralariga minnatdorlik bildirdi - Video

Surat manbasi, Reuters
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- Published
- O'qilish vaqti: 7 daq
4 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan AQShning eng yirik shahri - Nyu-York hokimligi uchun saylovda Zohran Mamdaniy g‘alaba qozongani e’lon qilindi.
34 yashar Mamdaniy tarixdagi shaharning saylangan eng yosh hokimi ham bo‘ldi.
"Siyosiy zulmat paytida Nyu-York nur bo‘ladi", dedi Mamdaniy ko‘p ovoz to‘plagani e’lon qilingandan keyin so‘zlagan nutqida.
Prezident Tramp mabodo Mamdaniy saylanadigan bo‘lsa, Nyu-York shahriga federal byudjetdan mablag‘ ajratilishini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilgan, o‘z nutqida siyosati qanday bo‘lishiga to‘xtalgan Mamdaniy bevosita Trampga ham murojaat qildi.
Prezident Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida "Mana endi boshlandi", deb post qoldirdi.
Saylovdagi g‘alabasi munosabati bilan qilgan nutqida Zohran Mamdaniy O‘zbek hamshiralarini tilga oldi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 1

Surat manbasi, .
"Ushbu harakatni o‘zining harakatiga aylantirgan, ko‘pincha shahrimiz siyosatchilari esdan chiqarganlarga rahmat. Men yamanlik do‘konchalar egalari, meksikalik buvilar, senegallik taksi haydovchilari, O‘zbek hamshiralari, trinidadlik oshpazlar, efiopiyalik xolalar haqida gapirayapman", dedi Zohran Mamdaniy.
Bu bilan Mamdaniy Nyu-York shahri muhojirlari naqadar rang-barangligi, aynan xorijdan kelib pul topayotgan chet elliklar shahar iqtisodiyoti va jamiyatiga qanchalar ko‘p va muhim ulush qo‘shayotganlarini urg‘ulashni istadi.
Xususan, keksayib borayotgan aholisi soni oshib borayotgan AQShda ham hamshiralik og‘ir kasblardan biri bo‘lib qolayapti, rasmiylar malakali va tajribali hamshiralarni xorijdan jalb etishga intilayapti.
Butun AQSh sog‘likni saqlash tizimida xorijda tug‘ilib kasb o‘rgangan xodimlarning soni tobora ortib borayapti.
AQShda hamshiralarning jami soni 3,7 million atrofida deb ko‘riladi, ularning 15 foizini chet elda hamshiralikni o‘rganganlar tashkil etadi.
2025 yil mayida O‘zbekiston va AQSh hukumatlari o‘rtasida O‘zbek hamshiralarini tayyorgarlikdan o‘tkazish va ishlash uchun AQShga yuborishga kelishganlari xabar qilingan edi.
Nyu-York shahrida rasman ro‘yxatdan o‘tgan o‘zbekistonlik hamshiralarning soni bir necha yuztani tashkil etadi deb ko‘riladi.
Dunyo musulmonlari ham Mamdaniy g‘alabasidan xursandlar

Surat manbasi, Reuters
London shahrining musulmon hokimi Sodiq Xon Zohran Mamdaniyni tarixiy g‘alabasi bilan tabrikladi.
Qo‘rquvni yoki umidni tanlash borasida Nyu-York Londonga ergashdi, deb yozdi Sodiq Xon o‘zining X(Sobiq Tvitter)dagi sahifasida:
"Nyu-Yorkliklar aniq tanlov bilan yuzma-yuz keldilar - umid bilan qo‘rquv - va biz xuddi Londonda ko‘rganimizdek - umid g‘alaba qozondi".
Ayni maqolada X tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz X havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri X post
"O‘ylaymanki, unga ovoz bergan sobiq vatandoshlarimiz ham ancha ko‘p bo‘ldi", deb yozdi o‘zbekistonlik faol Aziza Umarova o‘zining Feysbukdagi sahifasida:
"Zoxran Mamdani, 34 yoshli musulmon, Ugandada tug‘ilgan. U 2018 yilda fuqarolik olgan va bugun Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozondi. Shaharning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olganda, bu juda ham fenomenal holat.
Sotsialist sifatida u o‘z kampaniyasini bitta aniq g‘oya atrofida qurdi: Nyu-York shahrida tirikchilik qilish naqadar og‘ir ekani. Uning asosiy takliflari - bepul avtobuslar, qolay bolalar bog‘chalari, "rent-stabilized" maqomiga ega uylar ijarasini muzlatib qo‘yish".
4 noyabr. Demokrat-sotsialist, musulmon va osiyolik Nyu-York meri bo‘lishi mumkinmi? Shunda Tramp nima qiladi? Video

Surat manbasi, Reuters
4 noyabr kuni Nyu-Yorkda shahar meri saylovlari bo‘lib o‘tmoqda. So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, Demokratik partiya nomzodi Zohran Mamdaniy saylov poygasida yetakchilik qilmoqda.
Uning asosiy raqiblari — mustaqil nomzod sifatida qatnashayotgan sobiq Nyu-York gubernatori Endryu Kuomo va respublikachi Kurtis Sliva.
34 yoshli Zohran Mamdaniy agar g‘alaba qozonsa, Nyu-York merligiga saylangan birinchi musulmon va Janubiy Osiyodan chiqqan shaxs sifatida tarixga kirishi mumkin. Hozirda u taxminan 40% ovozga ega.
67 yoshli Endryu Kuomo, ilgari Demokratik partiyadan gubernator bo‘lgan, jinsiy zo‘ravonlik ayblovlari tufayli lavozimidan ketgan (u bu ayblovlarni rad etadi). Kuomo partiya ichidagi saralashda Mamdaniyga yutqazgani uchun mustaqil nomzod sifatida qatnashmoqda. U so‘rovnomalarda 34% atrofida ovozga ega.
71 yoshli Kurtis Sliva esa jinoyatchilikka qarshi kurashuvchi "Guardian Angels" ko‘ngilli patrul xizmatining asoschisi sifatida tanilgan. U Respublikachilar nomzodi bo‘lib, hozirda 24% atrofida ovozga ega.
Amaldagi mer Erik Adams saylovda ishtirok etmayapti.
Mamdaniy Demokratik partiyaning bir qancha nufuzli arboblari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, jumladan, Vakillar palatasidagi demokratlar yetakchisi Hakim Jeffris, sobiq vitse-prezident Kamala Harris va Nyu-York gubernatori Keti Xochul.
Shuningdek, sobiq prezident Barak Obama Mamdaniy bilan telefon orqali yarim soat suhbatlashgani haqida NYT xabar berdi. Ular yangi ma’muriyatni shakllantirish va Mamdaniyning "Nyu-Yorkda arzon hayotni ta’minlash" dasturini amalga oshirish bo‘yicha gaplashgan. Obama rasmiy ravishda Mamdaniyni qo‘llab-quvvatlamagan bo‘lsa-da, bu suhbat Demokratik partiya ichidagi ziddiyatlar fonida muhim siyosiy ishora sifatida baholanmoqda.
Prezident Donald Tramp esa kutilmagan tarzda demokrat Endryu Kuomoni qo‘llab-quvvatladi. U Truth ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozdi: "Sizga Endryu Kuomo yoqadimi-yo‘qmi, tanlovingiz yo‘q - siz u uchun ovoz berishingiz kerak. U bu ishni uddalaydi, Mamdaniy esa yo‘q!"
Tramp Mamdaniyni "tajribasiz kommunist" deb atab, Kuomoni "muvaffaqiyatli tarixga ega demokrat" sifatida ko‘rishini aytdi. Shuningdek, u federal mablag‘lar faqat zarur holatlarda ajratilishini ogohlantirdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post, 2
Zohran Mamdaniy kim?
Zohran Mamdaniyning siyosatdagi ko‘tarilishi juda tez va kutilmagan bo‘ldi. U ilgari xip-xop musiqachisi va uy-joy masalalari bo‘yicha maslahat beruvchi bo‘lgan. Endi esa u Nyu-York shtati Assambleyasi a’zosi va AQShdagi eng yirik shahar - Nyu-York meri lavozimiga asosiy nomzodga aylangan. Bu darajaga chiqishini bir necha oy oldin tasavvur qilish qiyin edi. Shahar byudjeti 116 milliard dollarni tashkil etadi.
Mamdaniyning saylovoldi kampaniyasi Demokratik partiyaning hozirgi rahbariyatidan norozi bo‘lgan saylovchilarni o‘z tomoniga og‘dirishga qaratilgan edi. U bu maqsadga erishishda ijtimoiy tarmoqlardan juda samarali foydalandi.
Mamdaniy o‘zini "demokratik sotsialist" deb ataydi. Bu atama ostida aynan nima nazarda tutilganini u aniq tushuntirmaydi, lekin uning saylovoldi dasturida "millionerlar uchun soliq" kabi takliflar bor. U bu soliqdan tushadigan mablag‘lar orqali ijtimoiy dasturlarni kengaytirishni va’da qilmoqda. Bu yondashuv Demokratik partiyaning chap qanoti vakillari — Berni Sanders va Aleksandriya Okasio-Kortes siyosatiga o‘xshaydi. Mamdaniy ular bilan birgalikda ko‘plab saylovoldi tadbirlarida qatnashgan.
Mamdaniyning kampaniyasi asosan hayot sifatini oshirish va uni omma uchun qulay qilish masalalariga qaratilgan. U o‘z kompaniyasida barcha bolalar uchun bepul maktabgacha ta’lim, cubsidiyalangan uylar uchun ijara narxlarini muzlatish, bepul avtobus qatnovi, shahar hokimiyati tomonidan boshqariladigan arzon oziq-ovqat do‘konlari kabi imtiyozlarni va’da qilgan.
Biroq, uning bu katta va’dalarni bajara olishi noma’lum. Shuningdek, 34 yoshli siyosiy tajribasi kam bo‘lgan nomzod prezident Donald Tramp tomonidan bo‘lishi mumkin bo‘lgan bosimga qanday bardosh bera oladi - bu ham savol ostida. Tramp allaqachon shahar aholisini "kommunist" deb atagan nomzodni saylashsa, Nyu-Yorkni federal mablag‘lardan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.
Mamdaniy dasturini moliyalashtirish uchun korporatsiyalar va boylarga yangi soliq joriy etishni rejalashtirmoqda. U bu orqali 9 milliard dollar yig‘ilishini aytmoqda. Biroq, masalan, libertarian Kato instituti bu hisob-kitoblarni haddan tashqari optimistik deb hisoblaydi. Yangi soliqlarni joriy etish uchun Mamdaniyga shtat qonunchilik organi va gubernator Keti Xochulning qo‘llab-quvvatlashi ham zarur bo‘ladi.
Mamdaniyning partiya elitasi bilan munosabatlari ham murakkab - u asta-sekin Demokratik partiyaning milliy darajadagi chap qanoti yetakchisiga aylanib bormoqda.
Raqiblar kimlar?
Mamdaniyning asosiy raqibi - sobiq demokrat gubernator Endryu Kuomo. U partiya ichidagi saralashda Mamdaniyga yutqazgach, mustaqil nomzod sifatida saylovda qatnashmoqda.
Kuomo o‘z kampaniyasini moliyalashtirishda yirik tadbirkorlarning yordamiga tayana oladi. Venchur kapitalistlar - Bill Akman, Jo Gebbiya, Ronald Lauder va Riki Sandler - tomonidan moliyalashtirilayotgan siyosiy qo‘mitalar uning kampaniyasiga millionlab dollar sarmoya kiritmoqda.
Kuomo shtabi ham Mamdaniyning uslubini o‘zlashtirgan: tashviqotchilar uyma-uy yurib, saylovchilarga qo‘ng‘iroq qilishmoqda, bukletlar tarqatishmoqda.
Kuomo Mamdaniyni biznesga qarshi siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda va bu siyosat Nyu-Yorkni halokatga olib kelishini ta’kidlamoqda. Mamdaniyning Demokratik partiya praimerizidagi g‘alabasi Uoll-stritda quvonch bilan kutib olinmadi — ba’zi yirik biznesmenlar shaharni tark etish bilan tahdid qilishdi.
Biroq shundan beri vaziyat o‘zgardi - avvalgi vahima pasaydi, va’dalar darajasida bo‘lsa-da, hamkorlikka tayyorlik paydo bo‘ldi. Hatto JPMorgan Chase bosh direktori Jeymi Daymon Mamdaniy g‘alaba qozonsa, unga yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Surat manbasi, Reuters
Siyosiy manyovrlar san’ati
Ba’zi tahlilchilar Mamdaniyning muvaffaqiyatini uning siyosiy moslashuvchanligi va tanqidga javob berishga qilgan jiddiy harakatlari bilan izohlaydi.
Masalan, 2020 yilda Minnesotada politsiyachi tomonidan qora tanli Jorj Floyd o‘ldirilganidan so‘ng, Mamdaniy Nyu-York shahar politsiyasini moliyalashtirishni to‘xtatishga chaqirgan va uni "irqchilikka moyil" deb atagan edi. Biroq keyinchalik u bu fikrlari uchun uzr so‘radi va endi bu qarashlarga amal qilmasligini aytdi. Ko‘pchilikning fikricha, Mamdaniyning politsiya komissari Jessika Tishni lavozimida qoldirish haqidagi va’dasi - bu o‘zgarishni isbotlashga urinishdir.
Mamdaniyning rejalaridan biri - yangi jamoat xavfsizligi bo‘limini tashkil etish. Bu bo‘lim qurollangan politsiyachilar o‘rniga ayniqsa, xavf tug‘dirmaydigan, psixologik muammolar bilan bog‘liq chaqiruvlarga ruhiy salomatlik bo‘yicha mutaxassislar guruhini yuboradi.
Biroq boshqa masalalarda, xususan, Isroil-Falastin mojarosi bo‘yicha u qat’iy pozitsiyada turibdi. Mamdaniy Isroilni muntazam tanqid qilib kelmoqda.
Bu esa Demokratik partiyaning ayrim elita vakillari bilan ziddiyatga olib kelmoqda va ayniqsa Isroildan tashqaridagi eng yirik yahudiy jamoasi yashaydigan Nyu-Yorkda saylov natijalariga ta’sir qilishi mumkin.
Yozgi praimeriz paytida Mamdaniy "intifodani globallashtirish" degan iborani qoralashdan bosh tortdi. Keyinchalik u bu iborani qo‘llab-quvvatlamasligini aytdi, biroq bu bayonotni faqat Nyu-Yorkdagi yahudiy aholi xavotir bildirganidan so‘ng bergan.
Partiya kelajagi
Agar Mamdaniy liberal kayfiyatdagi Nyu-Yorkda g‘alaba qozonsa ham, uning muvaffaqiyat modeli Demokratik partiya uchun milliy darajada foydali bo‘lmasligi mumkin. Bugungi kunda partiyaga bo‘lgan ishonch rekord darajada past, va partiya ichida mo‘’tadil va progressiv qanotlar o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib bormoqda. Shu sababli, Mamdaniyning g‘alabasi partiyada faqat quvonch emas, balki xavotir ham uyg‘otishi mumkin.

Surat manbasi, Reuters
Agar g‘alaba Endryu Kuomoga nasib etsa (u praimerizda Mamdaniyni osongina ortda qoldirishi kutilgan edi), bu partiyaning hozirgi strategiyasi ishlayotganining isboti sifatida baholanishi mumkin.
Bunday holatda partiya rahbariyati, hatto hozirgi Demokratik partiya yetakchilari butun mamlakat bo‘ylab ommabop bo‘lmasa ham, markaziy (centristik) pozitsiyaga sodiq qolishni oqilona deb hisoblashi mumkin.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Nyu-Jersi shtatidan demokrat kongressmen Josh Gottxaymer Washington Postga bergan intervyusida shunday dedi: uning fikricha, Mamdanining qarashlari "ekstremistik" bo‘lib, Demokratik partiyaning pozitsiyasiga mos kelmaydi. U shuningdek, Respublikachilar Mamdanini "tahdid ramzi" sifatida ishlatishi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Demokrat strateglar ta’kidlaydilar: Mamdaniy partiya elitasi uchun muammo tug‘diradi, chunki Tramp va Respublikachilar barcha demokratlarni - ular mo‘’tadil bo‘lishidan qat’i nazar - "sotsialist" sifatida ko‘rsatishmoqda. Bu taktika 2024 yilgi saylovlarda kubalik va venesuelalik saylovchilar orasida ma’lum darajada samara bergan deb hisoblanadi.






























