O‘zbekiston: Administratsiya endi daxlsiz. Saida Mirziyoyeva mamlakatdagi ikkinchi shaxsga aylandimi?

Published
O'qilish vaqti: 14 daq

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida"gi Konstitutsiyaviy Qonunni qabul qildi. Bu qonun bilan Prezident Administratsiyasi va uning rahbarining vakolatlari kengaydi, ushbu tuzilmada ishlaydiganlarga daxlsizlik huquqi berildi.

Rasmiylar ko‘plab davlatlarda shunga o‘xshash qonunlar borligini aytmoqdalar. Ammo xalqaro amaliyotda ham prezident idorasi shu darajada qudratlimi?

Yana bir e’tiborga molik jihat shundaki, mazkur qonun juda tez muddatda parlament palatalari tomonidan tasdiqlandi va prezident tomonidan imzolandi. Qonun rasman e’lon qilinishi bilan, ya’ni 14 avgustdan kuchga kirdi. Faollar esa ushbu qonun haqida fikr bildirishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqdalar, ayrimlarning ijtimoiy tarmoqlarda yozgan postlari o‘chirilmoqda, bundan xulosa chiqargan boshqalar esa ismlar yoki voqealarni keltirmagan holda iztehzoli postlar va memlarni e’lon qilmoqdalar. Xo‘sh, o‘zi ushbu qonun bilan nimalar o‘zgardi? Nega ko‘pchilik uni ochiq muhokama qilishga cho‘chimoqda?

Administratsiya vakolatlari

Prezident Administratsiyasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 26 avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish to‘g‘risida"gi farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Bungacha shunday tuzilma Prezident devoni yoki Prezident apparati deb atalardi. 2018 yildagi farmonda PA prezident faoliyatini huquqiy, tashkiliy-texnik, axborot-tahliliy va protokol jihatdan ta’minlashi belgilangan edi.

Oradan sakkiz yil o‘tib qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonunda esa PAning vakolatlari ancha kengaydi. Endilikda uning vakolatiga quyidagilar kiradi:

  • prezidentning va hukumatning farmoyishlari loyihalarini yakuniy ishlab chiqishni tashkil etish;
  • prezidentning farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, administratsiya rahbarining farmoyishlari hamda hukumatning qarorlari va farmoyishlari loyihalarini mustaqil ravishda ishlab chiqish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari, shu jumladan hokimlar boshchiligida ishchi komissiyalar va ishchi guruhlar tuzish;
  • prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari, prezident va administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda nazorat qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar hamda topshiriqlar berish, ularning bajarilishi va natijalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot talab qilish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari faoliyati samaradorligini, ular tomonidan qonunlarning va prezident farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, administratsiya rahbari farmoyishlari va topshiriqlarining ijrosini ta’minlash holatini baholash, shuningdek bu borada o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun ushbu mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan masala yuzasidan tashabbus ko‘rsatish va boshqalar.

Shuningdek, administratsiya prezident faoliyatini tashkil etish doirasida parlament, hukumat, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, sud hokimiyati va sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorlik qiladi.

"Administratsiya qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin", deyiladi Konstitutsiyaviy qonunning 7-moddasida.

Qonun bilan mustahkamlangan maqom

Konstitutsiyaviy qonunga ko‘ra, administratsiya rahbari (2025 yil 24 iyundan beri Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva shu lavozimda ishlab kelmoqda) prezidentning vakolatlarini amalga oshirishni tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlashni tashkil etish uchun mas’ul mansabdor shaxs hisoblanadi.

Uning vakolat doirasiga quyidagilar kiradi:

  • Administratsiya faoliyatiga rahbarlik qilish, Administratsiya tarkibiy bo‘linmalarining tizimli faoliyatini ta’minlash, Administratsiyaning faoliyatini tashkil etishga doir farmoyishlar chiqarish;
  • Administratsiyaning tashkiliy tuzilmasiga qo‘shimcha shtat birliklarini kiritish va qisqartirish, tegishli sohalar va tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislarini tashkil etish hamda tugatish;
  • Prezidentning parlament palatalari, sud hokimiyati hamda sudyalar hamjamiyati organlari bilan hamkorligini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash choralarini ko‘rish, hukumat, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar hamda kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar faoliyatiga oid vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari faoliyatini nazorat qilish, muvofiqlashtirish hamda uning natijadorligini baholashni tashkil etish;
  • Prezidentga bevosita bo‘ysunuvchi (hisobdor) davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga o‘z vakolatlari doirasida topshiriqlar berish hamda ularning ijrosini tashkil etish;
  • Prezidentning qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan qonun loyihalarini Oliy Majlis palatalarida ko‘rib chiqish jarayonlarida o‘z vakillari orqali ishtirok etish;
  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida ma’muriy islohotlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilish, shuningdek davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezidentga takliflar kiritish;
  • respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining hisobotlarini qabul qilish, mansabdor shaxslarga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llashni tashkil etish, ushbu masalalar bo‘yicha prezidentiga takliflar kiritish;
  • davlat siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha jamoatchilik fikri monitoringining amalga oshirilishini, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining dolzarb muammolari o‘rganilishini tashkil etish;
  • Prezidentning topshirig‘iga ko‘ra mamlakat ichida va xalqaro munosabatlarda prezident manfaatlarini ifoda etish, xalqaro muzokaralar va tadbirlarda ishtirok etish;
  • tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari lavozimlariga nomzodlar bo‘yicha hamda ushbu lavozimdagi rahbarlarni ozod etish to‘g‘risida prezidentga takliflar kiritish;
  • Prezident tomonidan belgilangan tartibga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslarini lavozimga tayinlash hamda lavozimidan ozod etish, shuningdek davlat kadrlar siyosati amalga oshirilishini tashkil etish;
  • Prezident tomonidan belgilangan masalalar bo‘yicha xalqaro majburiyatlarning bajarilishini muvofiqlashtirish va boshqalar.

"Administratsiya rahbari qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

Administratsiya rahbari o‘ziga taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganib chiqib, takliflar tayyorlashda, Administratsiya rahbarining topshiriqlari amalga oshirilishini tashkil etish va ijrosini nazorat qilib borishda, administratsiya faoliyatining markazlashgan holda boshqarilishini ta’minlashda hamda boshqa vazifalarni amalga oshirishda ko‘maklashish uchun shartnoma asosida mustaqil maslahatchilarni jalb qilishi mumkin", deyiladi qonunning 9-moddasida.

Qonunga ko‘ra, Administratsiya rahbari, Prezidentning yordamchisi, Administratsiya rahbarining o‘rinbosarlari, Administratsiya rahbari kotibiyatining mudiri, Prezidentning maslahatchilari, Prezidentning vakillari, Administratsiyaning boshqa tarkibiy bo‘linmalari boshliqlari, Prezident huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari prezident tomonidan belgilangan tartib asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Administratsiya rahbari esa quyidagi lavozimlarga shaxslarni tayinlanaydi va ishdan oladi:

  • Prezident maslahatchilarining birinchi o‘rinbosari va o‘rinbosarlari;
  • Administratsiya tarkibiy bo‘linmalari boshliqlarining birinchi o‘rinbosarini va o‘rinbosarlarini;
  • Komplaens xizmati boshlig‘i;
  • Kantselyariya mudiri;
  • Administratsiyaning boshqaruv va xizmatchi xodimlari;
  • Administratsiya huzuridagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarini hamda ularning o‘rinbosarlari;
  • Administratsiya rahbarining vakillari.

Xavfsizlik kengashi

Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi haqida ham modda bor. Unga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, kuch ishlatishga vakolatli tuzilmalar hamda harbiy tuzilmalar, shuningdek tashqi ishlar siyosati uchun mas’ul idoralar Xavfsizlik kengashi tarkibiga kiritiladi hamda mazkur kengash ularning asosiy faoliyatini maqsadli boshqaruvchi va uyg‘unlikdagi hamkorligini ta’minlovchi oliy muvofiqlashtiruvchi organ hisoblanadi. Prezident Xavfsizlik kengashining raisi hisoblanadi hamda unga boshchilik qiladi. Administratsiya rahbari esa Xavfsizlik kengashi raisining o‘rinbosari hisoblanadi hamda ushbu kengash a’zolarining faoliyatini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

Xavfsizlik kengashining ishchi organi Xavfsizlik kengashi kotibiyati hisoblanadi. Administratsiya esa Xavfsizlik kengashi kotibiyati orqali prezidentning Qurolli Kuchlarga, mudofaaga, safarbarlikka, xavfsizlikka va favqulodda vaziyatlarga oid konstitutsiyaviy vakolatlarini ta’minlaydi.

Saida Mirziyoyevaning mansab pillapoyasidan ko‘tarilishi

Mazkur qonun va u bilan Administratsiya rahbariga berilgan ulkan vakolatlar ayni paytda ushbu lavozimda ishlayotgan Saida Mirziyoyeva shaxsiga bo‘lgan e’tiborni ham oshiradi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida bakalavr (2006), Toshkent Davlat Yuridik universitetida magistrlik darajasini (2008) olgan, 2010 yilda esa Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida iqtisodiyot bo‘yicha magistr darajasini egallagan Mirziyoyeva otasi prezident bo‘lguniga qadar jamoatchilikka ma’lum emas edi. Uning professional faoliyati ham Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik davrida – 2019 yil 12 apreldan Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida (AOKA) direktor o‘rinbosari lavozimi bilan, ya’ni birdaniga rahbarlik lavozimidan boshlagani ma’lum.

O‘shanda AOKA rahbari Komil Allamjonov edi. Keyinchalik mahalliy matbuot Mirziyoyeva va Allamjonov tandemi haqida ko‘p yoza boshladi. Saida Mirziyoyeva 2020–2022 yillarda Milliy mass-medianing qo‘llab-quvvatlanishi va rivojlanishi jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari sifatida ishlaganida ham Allamjonov Vasiylik kengashi raisi edi.

2022 yilda ular Prezident Administratsiyasiga ishga o‘tdilar. Saida Mirziyoyeva Administratsiya ijroiya apparatidagi Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘limi rahbari, Allamjonov esa Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari bo‘ldi. Bir yildan so‘ng Allamjonov Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining rahbari etib tayinlangan bo‘lsa, Saida Mirziyoyeva Prezident yordamchi bo‘ldi.

2024 yilda esa Allamjonov boshqa ishga o‘tishi bilan lavozimidan ozod qilindi, Saida Mirziyoyeva u bilan xayrlashar ekan, unga kelgusi ishlarida omad tiladi. Ammo keyinchalik sodir bo‘lgan Allamjonovga suiqasddan so‘ng katta axborot shovqini ko‘tarildi. Xalqaro nashrlarda ushbu suiqasd ortidan Prezident Mirziyoyev atrofidagi guruhlarning hokimiyat uchun kurashi haqidagi turli surishtiruvlar e’lon qilina boshlandi.

2025 yil 24 iyunda Saida Mirziyoyeva Prezident Administratsiyasi rahbari lavozimini egalladi. Komil Allamjonov esa uning jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchisi etib tayinlandi.

Daxlsizlik

Qonun bilan amalga joriy etilgan bahsli masalalardan biri Administratsiya xodimlariga daxlsizlik berilishidir. Qonunning 25-moddasida Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari daxlsizlikka hamda immunitetga ega bo‘lishi belgilangan.

Unga ko‘ra, Administratsiya mansabdor shaxslarining va boshqaruv xodimlarining daxlsizligi ularning va ular oila a’zolarining (turmush o‘rtog‘ining, farzandlarining va ota-onasining) shaxsiy hayotiga, turar joyiga, xizmat xonasiga, ular foydalanadigan shaxsiy va xizmat transport vositasiga hamda aloqa va kommunikatsiya vositasiga, xat-xabarlariga, yozishmalariga, elektron ma’lumotlariga, ularga tegishli ashyolar va hujjatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Shuningdek, Administratsiyaning mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atishga, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qo‘llashga, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirishga, surishtiruv, tergov harakatlari o‘tkazishga yoki ma’muriy qamoq jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

"Administratsiyaning boshqaruv xodimlari o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda qabul qilgan qarorlari, sodir etgan harakatlari yoki harakatsizligi, bildirgan fikrlari va bergan ko‘rsatmalari uchun jinoiy, ma’muriy yoki fuqaroviy javobgarlikka tortilmaydi", deyiladi ushbu moddada.

Shu bilan birga, Administratsiyada o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish hamda vakolatlarini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakat yoki harakatsizlik uchun Administratsiyaning boshqaruv xodimlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yozma roziligisiz jinoyat ishini qo‘zg‘atish, ularni jinoiy javobgarlikka tortish, ularning huquqlari va erkinliklarini cheklaydigan boshqa har qanday protsessual majburlov choralarini qo‘llash, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, surishtiruv, tergov harakatlari o‘tkazish yoki sud tartibida ma’muriy jazo va huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

"Administratsiyaning boshqaruv xodimi Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan bo‘shatilganidan keyin unga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Administratsiyaning boshqaruv xodimiga nisbatan Administratsiyada ishlab turganida va (yoki) ishdan bo‘shatilganidan keyin qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudloviga tegishlidir", deyiladi qonunda.

Mazkur konstitutsiyaviy qonun bilan belgilanganki, administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmatchi xodimlari qonunchilik hujjatlariga muvofiq tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan maxfiylik asosida hamkorlikka jalb qilinishi, shu jumladan Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin ham jalb qilinishi taqiqlanadi.

Qonunda Administratsiyaning mansabdor shaxslari ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan daxlsizlik va immunitetni Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin umrbod, boshqaruv xodimlari esa Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin besh yil davomida saqlab qolishi belgilangan.

"Ushbu moddada belgilangan qoidalarni buzgan holda olingan dalillar qonun hujjatlarini buzgan holda olingan deb hisoblanadi va nomaqbul dalillar deb topiladi.

Qonunchilik hujjatlariga ushbu moddada nazarda tutilgan daxlsizlikka oid qoidalarni bekor qilishga, og‘irlashtirishga yoki daxlsizlik qo‘llaniladigan shaxslarning holatini yomonlashtirishga olib keladigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda, bunday o‘zgartirishlar Administratsiyaning ushbu Konstitutsiyaviy Qonunda belgilangan qoidalar qo‘llaniladigan mansabdor shaxslariga va boshqaruv xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi, shu jumladan ular Administratsiyadan bo‘shatilganidan keyin ham tatbiq etilmaydi", deya qayd etilgan konstitutsiyaviy qonunning 25-moddasida.

Shuningdek, qonun bilan Administratsiyaning mansabdor shaxslariga va ularning oila a’zolariga (turmush o‘rtog‘iga, farzandlariga va ota-onasiga) umrbod, Administratsiyaning boshqaruv xodimlariga Administratsiyadagi faoliyati davriga biometrik diplomatik pasportlar berilishi, Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari hamda ularning oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, farzandlari va ota-onasi) xavfsizligini ta’minlanishi belgilangan.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Administratsiyaning mansabdor shaxslari va boshqaruv xodimlari Administratsiyadagi lavozimidan ozod etilgan taqdirda esa ularga Administratsiyaga ishga kelguniga qadar egallab turgan avvalgi lavozimidan kamida bir pog‘ona yuqori darajadagi lavozim berilishi kafolatlargan. Avvalgi lavozimidan yuqori lavozim mavjud bo‘lmaganda esa avvalgi lavozimiga teng lavozimi yoki ularning mutaxassisligi hisobga olingan holda davlat organlari va tashkilotlaridagi kamida bir pog‘ona yuqori yoki teng darajadagi lavozim birinchi navbatda berilishi belgilangan.

"Bundan saylanadigan yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan tayinlanadigan lavozimlardan Administratsiyaga ishga o‘tganlik, mehnat intizomini buzganlik uchun ishdan bo‘shatilish hollari mustasno", deyiladi qonunning 26-moddasida.

Mazkur qonun bilan Administratsiya xodimlariga berilgan ulkan imtiyozlar haqli ravishda faollarda savollarni paydo qildi. Masalan, jurnalist Ilyos Safarov nega amaldorlar xizmatidan ketganidan keyin ham ularning turar joyi, yozishmalari, transporti daxlsiz qolishi, o‘zlariga esa umrbod diplomatik pasportlar berilishi kerakligini savol ostiga oldi.

"Menimcha, bunday kafolatlar orqali kadrlar tizimida barqarorlik yaratish va apparatning yuqori rahbariyatga so‘zsiz sodiqligini ta’minlash g‘oyasi turgan bo‘lishi mumkin. Ya’ni, kelgusida elitalar ichida kutilmagan bosim yoki ziddiyatlar paydo bo‘lsa, bu qatlam har qanday jinoiy yoki huquqiy ta’qibdan himoyalangan bo‘ladi", deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida (keyinchalik uning posti o‘chirib yuborildi).

Bloger Hotam G‘ofurov esa qonun haqida gapirar ekan, ikki maqolni keltiradi – "Podshohning amri vojib" va "Oyoqdagi bitlar boshga chiqdi".

"Podshohga xizmat qilganlarni, Administratsiyada mansabdor bo‘lganlarni bir umrga daxlsiz qilib, ularning xotirjamligini ta’minlash yoki o‘sha yerdagi mansabdorlarning ishdan bo‘shaganidan keyin 5 yilgacha daxlsizligini ta’minlash ularning bugungi kunda yurt uchun, xalq uchun, prezident uchun xotirjam xizmat qilishini kafolatlaydi. Prezident apparatida ishlaganlarning nechtasini bilamiz, nechtasi tizim o‘zgarganidan keyin juvonmarg bo‘lib ketdi, tuzum o‘zgarganidan keyin nechtasi javobgar bo‘lib ketdi. Haligacha nechtasi og‘zini kattaroq ochishga, tuzukroq nafas olishga qo‘rqib yuribdi. Bu kerak narsa, yaxshi narsa. To‘g‘ri qilinibdi", deydi u.

Jurnalist Muhrim A’zamxo‘jaev esa Administratsiyaning mansabdor xodimlaridagi daxlsizlik huquqi va immunitet ishlashiga shubha qilmoqda.

"Menimcha, O‘zbekistonda "daxlsizlik", "immunitet" degan gaplarning qadri — taxminan bir tiyin atrofida. Do‘ppi tor kelsa, Konstitutsiyaviy qonun ham, Konstitutsiya ham oyoqosti qilinadi", deb yozadi A’zamxo‘jaev.

Ijtimoiy tarmoqlarda ham shu masala yuzasidan turli fikrlar ilgari surilmoqda.

"Administratsiya xodimlari shundoq ham daxlsiz edi. Shunchaki endi uni qonuniylashtirib qo‘yishdi, xolos", deb yozadi foydalanuvchilardan biri.

"Qonun hamma uchun birday ishlashi shart. Administratsiyaga daxlsizlik berilishi demokratik prinsiplarga zid deb hisoblayman", deydi yana bir foydalanuvchi.

Xalqaro amaliyot?

Prezidentning matbuot kotibi Sherzod Asadov 14 avgust kuni mazkur yangi qonunga izoh berib, post e’lon qilar ekan "Administratsiya prezident faoliyati va konstitutsiyaviy vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlovchi yagona konstitutsiyaviy institut hisoblansa-da, davlat organlari bilan munosabatlarda uning faoliyatini qonun bilan tartibga solish bo‘yicha huquqiy bo‘shliq mavjud bo‘lganini, endilikda yangi qonun bilan ushbu masalalar tartibga solingani"ni yozdi.

"Prezidentning farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda Administratsiyaning amaldagi vakolatlari doirasidagi faoliyati qonun bilan tartibga solinishi Prezidentlik institutining huquqiy asoslarini kuchaytiradi. Xalqaro amaliyotda Prezident faoliyatini ta’minlovchi institutning huquqiy maqomi qonun darajasida belgilanishi Prezidentlik boshqaruvining institutsional standarti hisoblanadi", deya qayd etadi Asadov.

7 avgust kuni mazkur qonun Senat tomonidan maqullangani haqida e’lon qilingan axborotda hujjatni tayyorlash jarayonida bir qator xorijiy davlatlar, xususan, AQSh, Finlyandiya, Chexiya, Slovakiya, Ruminiya, Latviya, Qozog‘iston va boshqa davlatlar tajribalari o‘rganilib, tahlil qilingani haqida so‘z boradi.

Haqiqatan ham yuqorida nomi keltirilgan mamlakatlarda shunga o‘xshash institutlar maxsus qonunlar bilan tartibga solinadi. Ammo ularning aniq vakolatlari va konstitutsiyaviy maqomi ko‘plab mamlakatlarda sezilarli darajada farq qiladi.

Masalan, Finlyandiyada Prezident devoni to‘g‘risidagi qonun mavjud bo‘lib, unda Prezident devonining vazifalari va Prezident faoliyatini qo‘llab-quvvatlash funktsiyalari belgilangan. Ruminiyada ham tegishli qonun prezidentga xizmat qiluvchi davlat muassasasi sifatidagi Prezident Administratsiyasini tashkil etadi va uning faoliyatini tartibga soladi. Latviyada "Prezident devoni faoliyatini ta’minlash to‘g‘risida"gi qonun mavjud bo‘lib, unda Prezident kantselyariyasi va uning funktsiyalari belgilangan. Slovakiyada esa 1993 yilgi qonun orqali Prezident devoni faoliyati tartibga solinadi.

Biroq bu yerda muhim masala bunday idoralar va ular to‘g‘risidagi qonunlar mavjud yoki mavjud emasligida emas, balki muassasalar nima bilan shug‘ullanishida.

Aksariyat Yevropa davlatlarida Prezident devoni, asosan:

  • prezidentga maslahat beradi;
  • uchrashuvlar va tashriflarni tashkil qiladi;
  • nutqlar va siyosiy ma’ruzalarni tayyorlaydi;
  • kommunikatsiyalarni boshqaradi;
  • huquqiy va ma’muriy yordam ko‘rsatadi;
  • davlat rahbari nomidan boshqa institutlar bilan hamkorlikni muvofiqlashtiradi.

Ular, odatda, hukumat faoliyatini kundalik ravishda nazorat qilmaydi va butun davlat byurokratiyasi bo‘ylab prezident topshiriqlarining ijrosini monitoring qilish kabi vazifalar bilan shug‘ullanmaydi. Ijro hokimiyatini boshqarish, odatda, bosh vazir boshchiligidagi hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Biroq O‘zbekistondagi holat bundan farq qiladi.

"Finlyandiyadagi Prezident Administratsiyasi umuman ichki hokimiyatga aralashmaydi", deb yozadi ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmentidagi foydalanuvchilardan biri.

Jurnalist Shuhrat Latipov ham endi Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi hokimiyat organi sifatidagi mustaqil rolidan nima qoladi, degan savolni o‘rtaga tashlagan. U 2023 yil 30 aprelda umumxalq referendumi bilan qabul qilingan va 2023 yil 1 maydan kuchga kirgan yangi Konstitutsiyaning 114-moddasida ijro etuvchi hokimiyatni aynan Vazirlar Mahkamasi amalga oshirishi belgilanganini keltiradi.

"Hukumat qarorlar va farmoyishlar qabul qiladi va natija uchun javobgar bo‘lishi kerak. Ammo yangi qonun hukumat ustidan Prezident Administratsiyasi tomonidan kuchli nazoratni belgilayapti — nafaqat qarorlar qabul qilingandan keyin, balki ular qabul qilinishidan oldin ham.

Rasman hukumat hisoblanmaydigan va Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kirmaydigan organ hukumat hujjatlari loyihalarini o‘zi tayyorlashi, keyin esa ularning qanday amalga oshirilayotganini nazorat qilishda ishtirok etishi mumkin bo‘ladi", deb yozadi jurnalist.

Shuhrat Latipov yangi qonunga ko‘ra, PA rahbari farmoyishlari ierarxiya bo‘yicha hukumat qarorlaridan yuqori turishini keltirar ekan, "prezident vakolatlarini ta’minlash bilan ijro etuvchi boshqaruvni yoki ijro etuvchi hokimiyat funktsiyalarini amalda bajarish o‘rtasidagi o‘sha chegara qaerda?" deya savol qo‘ymoqda.

"Men huquqshunos emasman, lekin bu qonun Konstitutsiyaga qanchalik mos kelishi haqida ekspert fikrini juda eshitgim keladi. Balki kelajakda unga o‘zgartirishlar kiritilar", deydi u.

Tezkorlik?

Ilyos Safarovning fikricha, qonun bilan Administratsiya amalda butun mamlakatdagi davlat organlariga majburiy topshiriqlar beruvchi yagona markazga aylanishi mazkur idoraga o‘z rejalarini tezkor boshqarish imkonini beradi. Balki shuning uchundir, ushbu qonunning qabul qilinish jarayoni ham juda tezkor o‘tgani aytilmoqda.

Qayd etish joiz, ushbu konstitutsiyaviy qonun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2026 yil 6 avgustda qabul qilingan va Senat tomonidan 2026 yil 7 avgustda ma’qullangan. 14 avgust kuni hujjatga Prezident Shavkat Mirziyoyev qo‘l qo‘yishi bilan u kuchga kirdi.

"Hujjat parlamentda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilganidan qabul qilinguniga qadar 10 kun o‘tdi. Ehtimol, bu shunday darajadagi hujjatni qabul qilish uchun rekord darajada qisqa muddatdir", deb yozadi jurnalist Latipov.

Bloger Zafarbek Solijonov deputatlarni tanqid qilgan.

"Deputatlar "tezkor o‘tkazilgan" qonun loyihasini bunaqa muhokama qilmaydi. Eng xavfsiz mavzularda mingta savol beradi. Parlamentning shunaqa yuzi bo‘lib ishlash vijdoningizga og‘irlik qilmaydimi?" deb yozadi bloger.

Iqtisodchi va bloger Otabek Bakirov esa hech qanday izoh bermagan holda Senat raisi Tanzila Norboevaning ushbu maqullangan majlisdagi nutqidan parchani e’lon qildi:

"Hech qanday savollar bo‘lmadi, chunki respublikada barcha yo‘nalishlarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda".

Jurnalist Dilshoda Shomirzaeva ham qonun qabul qilinishidagi tezkorlik haqida yozar ekan, mansabdorlarning mol-mulkini deklaratsiya qilish haqidagi qonunni qabul qilishda bunday tezlik ko‘rinmayotganining sababiga qiziqadi. O‘zbekistonda 2017 yildan beri shunday qonunni joriy etishga harakat qilinmoqda, 2021 yil noyabrda qonun loyihasi sifatida Vazirlar Mahkamasiga ham kiritilgan, ammo hamon qabul qilinmagan.

"Prezident Administratsiyasi to‘g‘risida"gi konstitutsiyaviy qonun amalda mamlakatning butun boshqaruv mexanizmini qayta quruvchi strategik hujjatga aylanyapti. Uning jamoatchilik muhokamasiz va juda qisqa muddatda qabul qilinishi ortida esa, albatta, bir qator siyosiy hamda ma’muriy sabablar yotibdi", deb yozdi Ilyos Safarov.

Reaktsiya, ehtiyotkorlik, piching va mem

Yuqorida qayd etilganidek, faollar bu masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqdalar va ko‘pchilik xabarni o‘zini e’lon qilishdan nariga o‘tmayapti. Fikrlarini bildirayotganlar esa ko‘pincha qisqa jumlalar bilan cheklanmoqdalar. Tarmoq foydalanuvchilari ham buni payqagan holda izohlar yozayaptilar va ayrim hollarda sahifalariga memlar ham joylamoqdalar.

Masalan, "X" ijtimoiy tarmog‘i foydalanuvchilaridan biri o‘zbek media makonidagi vaziyat haqida shunday yozadi:

"O‘zbek nashrlari hatto ismini keltirishga qo‘rqadi. Rus nashrlarida ochiqroq berilyapti".

"Dunyoni muhabbat qutqaradi deyishadi, O‘zbekistonni ham muhabbat qutqararmikan yoki yakson qilarmikan, nima deb o‘ylaysizlar?" deya post qoldirgan Dilshoda Shomirzaeva.

"Konstitutsiya ham o‘yinchoq bo‘lib qoldi. 2030 yilgi prezident saylovlariga rasman nomzodini e’lon qilishi qoldi shekilli endi. Missiya-2030", deya yozgan yana bir foydalanuvchi Saida Mirziyoyevaning faoliyatini aks ettiruvchi "Missiya" deb nomlanuvchi piar videolarga ishora qilib.

"Ayollarning ham o‘rni hokimiyatga bo‘lishi kerak deganda buni nazarda tutmagandik lekin", deb yozgan Dio Ra taxallusi bilan "X"da blog yuritadigan foydalanuvchi.

Qonunni ochiqcha tahlil qilish muammoli masalaga aylanayotganini ayrim fikr yetakchilarining shunga ishora qiluvchi quyidagi postlaridan ham payqash mumkin:

"Bu xato deb ochiq va batafsil yoza olmaslikning o‘zi muammoning chuqurligini ko‘rsatadi", deb yozgan Otabek Bakirov.

"Aql rozi bo‘lmagan joyda sukutga majbur bo‘lish juda og‘ir tuyg‘u", deya yozgan Ilyos Safarov 15 avgustda (Uning 14 avgust kuni chop etilgan boshqa bir posti esa o‘chirilgan).

Boshqalarga qaraganda ochiqroq tahliliy postlarni Shuhrat Latipov e’lon qilmoqda. U javobgarlik masalasini o‘rtaga tashlar ekan, Vazirlar Mahkamasi konstitutsiyaviy maqomga, muayyan majburiyatlar hamda parlament va prezident oldida hisobdorlik shakllariga ega ekanini yozadi. Latipov Prezident Administratsiyasi uchun qanday mutanosib javobgarlik va hisobdorlik mexanizmlari nazarda tutilganini savol ostiga oladi.

"Agar qarorlarning muhim qismi boshqa organ tomonidan shakllantirilsa, muvofiqlashtirilsa va nazorat qilinsa, yakuniy natija uchun kim javob beradi? Shartli ravishda, yuqoridan tushirilgan islohot muvaffaqiyatsiz tugasa, natija uchun kim javob beradi? Ko‘rinib turibdiki, oxir-oqibat esa barcha tanqid va javobgarlik Vazirlar Mahkamasiga qoladi", deydi jurnalist.

Uning fikricha, "institut qancha ko‘p vakolat olsa, uning shaffofligi, javobgarligi va hisobdorligi mexanizmlari ham shuncha kuchli bo‘lishi kerak. Va bu mexanizmlar olingan hokimiyat ko‘lamiga mutanosib bo‘lishi lozim".

"Piter Parkerga Ben amaki aytganidek, "katta kuch katta mas’uliyatni talab qiladi". Prezident Administratsiyasi juda katta vakolatlar va o‘z xodimlari uchun jiddiy kafolatlarga ega bo‘lmoqda. Ammo shunga teng darajada kuchli mas’uliyat, shaffoflik va hisobdorlik mexanizmlarini ham ko‘rishni istardim. Afsuski, hozircha men bunday muvozanatni ko‘rmayapman va bu xavotir uyg‘otadi", deb yozadi Shuhrat Latipov.

Qonun haqidagi xabarlar ostida yozilayotgan izohlar orasida uni qo‘llab-quvvatlayotganlarni ham topish mumkin. Masalan, ayrim akkauntlardan quyidagicha izohlar yozilgan:

"Prezident Administratsiyasining maqomi aniq belgilangani yaxshi bo‘libdi".

"Yangi qonun boshqaruv tizimida tartib va aniqlikni oshirishiga ishonamiz".

"Davlat boshqaruvi zamonaviy talablarga moslashib bormoqda" va hakazo.

Biroq yumorist va bloger Nozim Safari qonunni tanqid qilganlardan biri bo‘ldi.

"Bizning respublikada hokimiyatlar bo‘linishi va tiyib turish prinsiplari umuman yo‘qligini rasman tan olishdi. 30 yil deganda. Respublika so‘zini Administratsiyaga o‘zgartirish qoldi. Keyin administratsiya so‘zini ma’muriyatga o‘zgartirsak, bu ham bir islohot-da", deydi Nozim Safari.

Iqtisodchi Bekzod Hoshimov ham yangi qonun yuzasidan munosabat bildirdi.

"Vakolat va ma’suliyat nomutanosibligi – xavfli narsa. Vakolatli institutlar ma’sul bo‘lishlari kerak. Teskarisi ham to‘g‘ri: ma’sul institutlarda vakolat bo‘lishi zarur", deya qisqa fikr bilan cheklangan u.