Odamzod quchoqlashishni qaysi qarindoshidan o‘rgangan? Yangi tadqiqot

    • Author, Helen Briggs
    • Role, Fan masalalari bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 2 daq

Shimpanze va bonobolar stressli vaziyatlar oldidan bir-biriga teginish, quchoqlashish va hatto o‘pishish orqali o‘zaro ishonchni mustahkamlashi mumkin. Olimlar fikricha, bu odat insonlarda ham saqlanib qolgan qadimiy ijtimoiy xulq-atvorning bir ko‘rinishidir.

Buyuk Britaniyaning Darham universiteti olimlari insonning eng yaqin qarindoshlari hisoblangan shimpanze va bonobolarning xulq-atvorini o‘rganib chiqdi.

Tadqiqot davomida maymunlar ozuqa uchun raqobat yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyatlar oldidan bir-birini jismoniy yaqinlik orqali tinchlantirishi aniqlandi.

Eng qiziqarli kuzatuvlardan biri shu bo‘ldiki, odatda tajovuzkor hisoblanadigan shimpanzeler ham o‘zaro mehr va yaqinlik namoyish qilishgan.

Ular quchoqlashganlar, bir-birlariga teginishgan va ba’zan hatto bir-birining og‘ziga barmoqlarini solgan.

"Stressli voqealar oldidan ular bir joyga yig‘iladi, bir-birini tinchlantiradi, teginadi va quchoqlashadi" - dedi tadqiqot mualliflaridan biri professor Zanna Kley.

Olimning ta’kidlashicha, bu xatti-harakat muhim voqea oldidan jamoani birlashtirishga qaratilgan o‘ziga xos "safarbarlik chaqirig‘i"ga o‘xshaydi.

Buni yirik futbol o‘yini oldidan futbolchilarning davra bo‘lib birlashishi bilan taqqoslash mumkin.

"Bu yerda "men" emas, balki "biz" degan tuyg‘u ustuvor", deydi u.

Ishonch va hamkorlik vositasi

Tadqiqot Kongo Demokratik Respublikasi va Zambiyadagi ikki yirik maymunlar qo‘riqxonasida yashovchi shimpanze va bonobolar ishtirokida o‘tkazildi.

Olimlar yovvoyi tabiatdagi oziqlanish jarayonini iloji boricha aniq taqlid qilish uchun yer yong‘oqlaridan foydalanishdi.

Maymunlar yer yong‘oqlari keltirilishidan oldingi besh daqiqa mobaynida kuzatildi.

Ular ozuqa tez orada paydo bo‘lishini bilgan va bu raqobat ehtimolini oshiruvchi vaziyat hisoblangan.

Shu vaqt davomida tadqiqotchilar bir-birini tinchlantirish maqsadida amalga oshirilgan jismoniy muloqotlarni, jumladan teginish, quchoqlashish va o‘pishish holatlarini qayd etishdi.

Tadqiqotchilarning hisoblashicha, ishonch va hamkorlikni mustahkamlash uchun teginishdan foydalanish an’anasi kamida yetti million yil avval, insonlar, shimpanzeler va bonobolar umumiy ajdodidan ajralib chiqishidan oldin paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Bu esa insonlarning bugungi kunda ham muhim voqealar oldidan bir-biriga dalda berishi tasodifiy emasligini anglatadi.

Masalan, futbolchilarning o‘yin oldidan davra bo‘lib jamlanishi, sportchilarning jamoadoshini quchoqlashi yoki kimningdir yelkasiga qo‘l qo‘yib dalda berishi millionlab yillar davomida shakllangan ijtimoiy ko‘nikmalarning davomi bo‘lishi mumkin.

Tadqiqot natijalari Proceedings of the Royal Society B: Biological Sciences ilmiy jurnalida e’lon qilindi.