Afg‘oniston: Qizlar maktabga qachon qaytadi? Video

Published
O'qilish vaqti: 2 daq

Besh yil avval Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni egallashi haqida reportaj tayyorlagan BBCning Bosh xalqaro muxbiri Liz Dyuset Afg‘onistonga qaytdi va Qandahor shahrida Tolibon voizi Zabihulloh Mujohid bilan suhbatlashdi. U suhbatni "Tolibon hokimiyatga qaytgan dastlabki paytda ayollar ishlashda va ta’lim olishda davom etishi mumkinligi haqida berilgan va’dalarga nima bo‘lgan?", degan savol bilan boshladi.

Zabihulloh Mujohid: Ha, biz bu jarayon Islom va islomiy qonunlar asosida amalga oshirilishini aytgan edik. Ayni paytda ayollar Islomga muvofiq va ularga ehtiyoj bo‘lgan joylarda ishlamoqda. Hozirda ayollar hukumat tizimida ishlovchilarning 24 foizini tashkil etadi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

BBC: Ko‘plab ayollar ishidan ayrilganini bilasiz. Maktablar va universitetlar yopilgan. Ular qachon ochiladi? Bu yaqin kunlarda amalga oshadimi yoki yana oylab kutishga to‘g‘ri keladimi?

Zabihulloh Mujohid: Yo‘q, hozir ta’lim oltinchi sinfgacha davom etmoqda. Universitetlar bo‘yicha hali yakuniy qaror qabul qilinmagan. Mas’ul idoralar mazkur masala ustida ish olib bormoqda.

BBC: Rostini aytib, ular hech qachon ochilmasligini tan olganingiz ma’qul emasmi?

Zabihulloh Mujohid: Tabiiyki, biz Islom va shariat qoidalariga amal qilamiz. Shariat talab qiladigan shart-sharoitlar yaratilsa, bu muammo hal bo‘lishi mumkin.

BBC: Afg‘onistonga kelgan ko‘plab islom ulamolari va islom yetakchilari Islom ayollarga ta’lim olish va ishlash huquqini beradi, deyapti. Ularga nima deysiz?

Zabihulloh Mujohid: Sizdan bu masalaga ortiqcha e’tibor qaratmaslikni so‘rayman, chunki bu diniy va shariatga asoslangan mavqega taalluqli masala. BBC dasturida barcha diniy masalalarni, har bir jihodga oid mavzularni va ulamolar o‘rtasidagi ixtiloflarni muhokama qilib, tushuntirib bera olmaymiz.

BBC: Qizlarga maktabga qaytish imkoni bo‘lishini va’da qilgan shaxs sifatida, kelajagi yo‘q deb hisoblab o‘z joniga qasd qilayotgan yosh qizlar haqidagi xabarlarni eshitganda o‘zingizni qanday his qilasiz?

Zabihulloh Mujohid: Bu muammoni hal qilish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz. Biroq, bizningcha, qizlarda ham bu muammoni ma’lum darajada hal qilishning muqobil yo‘llari bor. Shunga qaramay, biz hanuz shariat hukmlariga amal qilishga majburmiz.

BBC: G‘arb mamlakatlari doxil ko‘plab davlatlar Tolibon bilan muzokaralarda sezilarli natijaga erisha olmayotganini aytmoqda. Muammo nimada? Yana qanday yo‘l tutish mumkin?

Zabihulloh Mujohid: G‘arb davlatlari o‘z siyosatini o‘zgartirishi kerak. Afsuski, ularning siyosati urush davrida qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday. Ular biz bilan aloqalari bo‘lmagan paytda sanksiyalar joriy etgan va biz xohlagan ishlarimizni amalga oshirishimizga to‘sqinlik qilgan edi. Hozir ham ular xuddi shu siyosatni davom ettirmoqda. Biz diplomatik muloqot bo‘lishini istaymiz, shunda vaziyatga oydinlik kiritilib, yuzaga kelayotgan muammolar hal etilishi mumkin bo‘ladi.