"Rojdestvo terrori": Rossiya bayram kunida Ukraina bo‘ylab yirik raketa va dron hujumi uyushtirdi. Tafsilotlar

Published
O'qilish vaqti: 4 daq

Rojdestvo tongida Rossiya Ukrainaning bir qancha hududlarini 70 dan ortiq raketa va 100 dan ziyod dron bilan o‘qqa tutgan. Ukraina rasmiylari energetika infratuzilmasi asosiy nishon bo‘lganini aytmoqda. Oqibatda, mamlakatdagi ko‘plab manzillar qorong‘ilik va sovuqda qolgan.

25 dekabrь kuni millionlab ukrainaliklar Rojdestvo kunini nishonlashni boshlar ekan, Rossiya urush boshlangandan beri kuzatilgan eng yirik yalpi hujumlardan birini amalga oshirgan.

Ukraina rasmiylari, jumladan, prezident Volodimir Zelenskiy mamlakatning energetika sektori asosiy nishon bo‘lgani haqida gapirgan.

Ukraina prezidenti Rossiya 70 dan ortiq qanotli raketa va qo‘shimchasiga 100 dan ziyod dron bilan hujum qilgani hamda 50 dan ko‘prog‘i urib tushirilganini ma’lum qilgan.

Ukraina "dushmanning umumiy hisobda 184 ta havo nishoni" aniqlanganini ma’lum qilgan.

"59 ta raketa va 54 dron urib tushirildi, 52 dron esa o‘z nishoniga yetib bora olmadi", deyiladi Ukraina Havo kuchlari bayonotida.

Rossiya Harkiv, Kiev, Dnepropetrovsk, Poltava, Jitomir, Ivano-Frankivsk hamda Zaporijyadagi energetika ob’ektlarini nishonga olgan.

Hujumlar oqibatida insoniy talafotlar ham bo‘lgani ma’lum, ammo Ukraina halok bo‘lganlar sonini hozircha ochiqlamagan.

Zelenskiy Rossiya shundoq ham qiyin kechayotgan qishki ob-havo vaqtida amalga oshirilgan bu hujum uchun Rojdestvo kunini atayin tanlaganini ta’kidlab, ushbu amalni "g‘ayriinsoniy" deya atagan.

Ukraina energetika vaziri German Glaushchenko hududlarda elektr energiyasi ta’minotiga cheklovlar kiritishga to‘g‘ri kelganini bildirgan.

Vazir Rossiyani Ukraina bo‘ylab blekout yuzaga keltirishga urinishda ayblagan.

Harkiv 25 dekabrь kungi hujum oqibatida eng yirik talafot ko‘rgan hududlardan biriga aylangan.

Hududiy ma’muriyat rahbari Oleg Sinegubov 500 ming harkivlik elektrsiz, yana 520 ming inson esa issiqlik ta’minoti va issiq suvsiz qolganini xabar qilgan.

Poytaxt Kyivda esa odamlar metro stantsiyalariga tushib, yashirinishga majbur bo‘lgan.

Davlatga qarashli Ukrenergo mamlakat aholisini kamida 25 dekabrь kuni oxiriga qadar elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar bo‘lishi ehtimolidan ogohlantirgan.

Rojdestvo kuni o‘rtasiga borib, Rossiya o‘zi amalga oshirgan hujumlarni izohlagan.

Mudofaa vazirligi tarqatgan bayonotda Ukraina "harbiy-sanoat kompleksini ta’minlab kelgan energetika infratuzilmasi uzoq masofaga uchuvchi yuqori aniqlikdagi qurollar va dronlar bilan yalpi o‘qqa tutilgan"i haqida so‘z boradi.

"Hujumning maqsadi to‘liq ro‘yobga chiqdi. Barcha ob’ektlarga zarba berildi", deyiladi rasmiy bayonotda.

"Rojdestvo terrori"

Ukraina rasmiylari rus raketalari Moldova va Ruminiya havo hududini buzib o‘tganini da’vo qilgan.

NATOga a’zo bo‘lmish Ruminiya o‘z havo hududida Rossiyaga tegishli raketani payqamaganini bildirgan bo‘lsa, Moldova Ukraina tarqatgan ma’lumotni tasdiqlagan.

"Mamlakatlarimiz Rojdestvoni nishonlayotgan bir vaqtda, Kreml Ukraina energetika infratuzilmasini nishonga olib va Moldova havo hududini buzib o‘tib, vayronagarchilikni tanladi. Bu harakatlar xalqaro huquqning ochiq-oydin buzilishidir", deya yozgan Moldova prezidenti Mayya Sandu X'dagi o‘z sahifasida.

Bu yil boshidan beri Rossiya Ukraina energetika sektoriga uyushtirgan 13-hujumga aylangan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha 25-kungi hujumlarni "Rojdestvo terrori" deya atagan.

Qahratondagi bu hujumdan Ukraina qanday omon chiqadi – tahlil

Uil Vernon

BBC

Bu safargi Rojdestvo tongi Ukrainada nihoyatda sovuq boshlandi va biz allaqachon yirik hujumlarning oqibatlarini kamaytirish maqsadida hukumat tomonidan bir nechta hududlarda elektr ta’minoti cheklanganligi haqida xabarlar olmoqdamiz.

Elektr stantsiyalariga zarbalar Ukrainada muntazam hodisaga aylanib bo‘lgan. Sentyabrь oyida Prezident Zelenskiy Rossiya bombalari tufayli Ukrainadagi energiya infratuzilmasining 80 foizi vayron bo‘lganini aytgan edi. O‘shandan beri o‘qqa tutishlar to‘xtamadi.

Ta’mirlash brigadalari mamlakatda elektr energiyasini tiklash uchun bosim va doimiy o‘q yomg‘iri ostida ishlamoqda.

Hamda Ukraina hujumlarga qarshi turish yo‘lida innovatsion yechimlarni ilgari surmoqda.

Davlatga qarashli kompaniyalardan biri yer ostida gidroelektr stantsiya qurishni rejalashtirayotgani, bu orqali uni raketalar va dronlardan himoya qilish mumkin bo‘lishini aytmoqda.

Boshqa kompaniyalar esa havodan himoya qilinishi mumkin bo‘lgan zamonaviy energiya saqlash qurilmalarini ishlab chiqmoqda.

Ammo bu vaqt talab qiladi.

Prezident Zelenskiy Ukrainaga shaharlari va energetika sektorini Rossiya hujumlaridan himoya qilish uchun 10-12 ta qo‘shimcha Patriot havo mudofaa tizimlari zudlik bilan kerakligini ta’kidlaydi.

Hozircha, G‘arb davlatlari bu miqdordan ancha kam Patriot tizimlarini yetkazib berishga va’da qilgan.