Eron qiyin tanlov qarshisida: mojaro alangalanishi yoki kuchsiz ko‘rinish

Eronlik ayol va Tehron shahri ko‘chasida Eron oliy ruhoniy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy va sobiq oyatulloh Humayniy tasvirlangan surat(21 October 2024)

Surat manbasi, EPA

    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Bi-bi-si Xalqaro muharriri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Isroilning Eronga qarshi hujumi Yaqin Sharqdagi urushni yanada keskinlashtirdi. Qat’iy javob zarbasi berish yoki hujumni shunchaki e’tibrosiz qoldirish Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy va uning asosiy maslahatchilari kun tartibida muhim masalaga aylandi.

Ular mavjud xavfli qarorlar qatoridan eng kam xavf yaratadiganini tanlashlari kerak. Bir tomondan, Eron rasmiylari ballistik raketalar bilan zarba berishni yana bir marta ko‘rib chiqishlari mumkin. Biroq, agar u yuz beradigan bo‘lsa, Isroil bu kabi hujumni ham javobsiz qoldirmasligini ta’kidlagan.

Boshqa tomondan esa Xomanaiy maslahatchilari Eron hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujumlarni tugatish haqida qaror berishlari mumkin. Biroq, bu xalqaro sahnada Isroilning AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan harbiy kuchi va siyosiy qat’iyatiga mag‘lub bo‘lgan Eron qiyofasini yaratadi.

Alaloqibat, Oliy rahbar va maslahatchilari Islomiy rejim suverinitetiga eng kam zarar etkazadigan qarorni qabul qilishlari ehtimoli yuqori.

Жереми Боуэн
BBC
Eron o‘z dushmanlarini tiyib qo‘yishning yangi yo‘lini izlayotgan bo‘lishlari mumkin. Xususan, ballistik raketalar uchun yadroviy kallak ishlab chiqish...
Jeremi Bouen
BBC Xalqaro muharriri

Quruq tahdidlar?

Isroil hujumidan oldin va keyin Eron rasmiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan bayonotlar javob zarbasi qanday ko‘rinishda bo‘lishi xususida allaqachon bir to‘xtamga kelinganini ko‘rsatmoqda. Uning ehtimoliy tili Isroilnikiga o‘xshash va Eron suverinitetiga qarshi qilingan tahdidlardan o‘zini himoya qilishi kerakligini urg‘ulaydi. Biroq, vaziyat shu darajada keskinki, Eron o‘z javob zarbasi rejasini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Ser Kir Starmer ham voqealar shunday tus olishiga umid bog‘laydi. U AQShning Isroil o‘zini himoya qilish huquqiga ega, degan talabini qo‘llav-quvvatlaydi.

“Ishonchim komilki, Isroil Eron tajovuziga qarshi o‘zini himoya qilish huquqiga ega”, dedi u. “Yana shunisi muhimki, biz mintaqaviy keskinlikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymasligimiz va barcha tomonlarni o‘zini tiyishga chaqirishimiz kerak. Eron javob bermasligi lozim.”

Eronning bu boradagi bayonotlari 1 oktyabr kungi Isroilga qilingan ballistik raketa hujumlaridan beri izchil bo‘lib kelmoqda. Bir hafta oldin Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Turkiyaning NTV tarmog‘iga bergan intervyusida “Eronga qarshi har qanday hujumning amalga oshirilishi biz uchun qizil chiziqdan o‘tish hisoblanadi. Va bunday hujum javobsiz qoldirilmaydi”, degan edi.

Isroil hujumidan bir necha soat oldin, Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy “Isroil rejimi tomonidan Eronga qilinadigan har qanday tajovuzkorlikka to‘liq kuch bilan javob qaytariladi” deya ta’kidladi. U, shuningdek, Eron Isroilning cheklangan hujumini javobsiz qoldirishi haqida tarqalgan da’volarni “xato va asossiz” deb atagan.

Isroil samolyotlari harbiy bazaga qaytar ekan, Eron tashqi ishlar vazirligi BMT Nizomining 51-moddasiga asosan Eron o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanligini ta’kidladi. Bayonotda Eron xorijiy tajovuz harakatlariga javob berishga majbur ekanligi aytilgan.

Halokatli hujumlar

Isroil bahordan beri eskalatsiya sur’atini belgilab kelmoqda. U Eronni o‘tgan yilning 7 oktyabrida taxminan 1200 odamning, jumladan, isroilliklar va 70 dan ortiq xorijlikning o‘limiga sabab bo‘lgan Hamas hujumlarining asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi deb biladi. Isroilning ehtimoliy zarbalari ro‘y berishidan xavotirlangan Eron esa doimiy ravishda Isroil bilan to‘laqonliurushga kirish niyati yo‘qligini takrorlab keladi.

Tehrondagi rahbarlar to‘liq urushdan ko‘ra yaxshiroq amaliy g‘oyaga ega edilar. Eron o‘zining “qarshilik o‘qi”dagi ittifoqchilari va vositachilari yordamida Isroilga hujumlarni amalga oshirdi. Yamandagi Xusiylar Qizil dengizdagi kemalarni to‘xtatib, yo‘q qilishdi. Livandan Hizbullohning raketa hujumi kamida 60 000 isroillikni o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur qildi.

Urushning oltinchi oyida Isroilning javob zarbalari ikki baravar ko‘p livanliklarni janubdagi uylarini tark etishga majbur qildi, ammo Isroil bundan-da ko‘proq zarar etkazishi ham mumkin edi. Isroil Hizbulloh o‘z raketa hujumlarini to‘xtatmas va chegaradan chekinmas ekan, uni muqarrar jazo kutyotgani bilan tahdid qilgan.

Hizbulloh hujum harakatlarini to‘xtatmagach, Isroil Eronning cheklangan urushi tufayli shakllangan jang maydonidan chiqishga qaror qildi. Bu kuchli zarbalar Eron Islomiy rejimini izdan chiqardi va uning strategiyasini barbod qildi. Isroilning so‘nggi zarbalari Eron rahbarlarini xavfli tanlovlar qurshovida qoldirdi.

Isroil Eronning to‘liq urushdan qochishini zaiflikning bir ko‘rinishi sifatida talqin qiladi va bosimni kuchaytirishda davom etdi. Prezident Jo Baydenning qat’iy qo‘llab-quvvatloviga ega Bosh vazir Benyamin Netanyahu va Isroil qo‘mondonlari tavakkal qilishga tayyor edilar. Bayden Isroilni himoya qilishga sodiqligini ibotlash uchun AQSh dengiz va havo kuchlarini Yaqin Sharqqa yubordi.

1 aprel kuni Isroil havo hujumi Damashqdagi Eron diplomatik majmuasining bir qismini yo‘q qildi va Eronning yuqori darajadagi qo‘mondoni, brigada generali Muhammad Rizo Zohidiy va boshqa Eron Islomiy inqilob qo‘riqchilari zobitlarini o‘ldirdi.

AQSh bu hujum haqida oldindan o‘zlari ogohlantirilmaganligini qattiq tanqid qildi, ammo Jo Baydenning Isroilni qo‘llab-quvvatlashi bu bilan susayib qolmadi. 13 aprel kuni Eron dronlar, qanotli va ballistik raketalar bilan Isroilga qarshi hujum amalga oshirdi. Ularning ko‘pchiligi Isroil mudofaasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya va Iordaniya harbiy kuchlari yordamida urib tushirildi.

Vaziyat yanada xavfli tus olmasligiga umid qilgan Bayden Isroil “g‘alabasini qabul qilish”ga chaqirgan edi. Isroil Eron hujumiga qarshi javob zarbasini amalga oshirishda havo mudofaa bazasi bilan cheklanganida Baydenning rejasi ishga tushayotgandek tuyulgandi.

Ammo yozdan beri Isroil Eron va uning ittifoqchilari bilan urushni qayta-qayta kuchaytirdi. Eng katta zarbalar Eronning eng muhim ittifoqchisi Hizbullohga qaratildi. Eron yillar davomida Hizbullohning qurol-yarog‘ zaxirasini to‘ldirish ustida ishlab keldi va bu mudofaa strategiyasining asosiy qismi bo‘lib xizmat qildi. Bundan ko‘zlangan maqsad Isroil Eronga hujum qilishni reja qilsa, Hizbulloh Livan chegarasi orqali Isroilga zarba berishi tahdidi bilan Isroilni to‘xtatish edi.

Hamasning 2023 yil 7 oktyabridagi halokatli hujumlarida ahlok bo‘lgan Shahar va Shlomi Matias portreti

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Hamasning Isroilga 7 oktyabrdagi hujumi oqibatida 1200 ga yaqin inson halok bo‘lgan

Biroq Isroil birinchi bo‘lib harakat qildi va Hizbulloh bilan 2006 yilgi to‘qnashuvdan keyin ishlab chiqilgan rejalarini amalga oshirdi. Isroil Hizbulloh sotib olgan portlovchi moddalarga o‘rnatilgan peyjerlar va radiostantsiyalarni portlatdi, Livanning janubiga bostirib kirdi va Hizbullohning uzoq yillik rahbari, o‘nlab yillar davomida Isroilga qarshi qattiq qarshilikning timsoliga aylangan Shayx Hasan Nasrullohni o‘ldirdi.

Livandagi manbalar, Isroilning hujumlari 2500 dan ortiq odamni o‘ldirganini va 1,2 milliondan ortiq aholini o‘z uylarini tashlab chiqishga majbur qilganini aytadi. Biroq bularning hech biri Hizbullohni jang qilishda va Isroil harbiylarini o‘ldirishda davom etishdan tiya olgani yo‘q.

O‘z strategiyasining inqirozi bilan yuzma-yuz kelgan Eron ochiq hujum qilishga majbur ekanligini tushundi. O‘z ittifoqchilarini yolg‘iz kurashishga va halok bo‘lishga qo‘yib berish, hamda bunga javob bermaslik Eronning mintaqada Isroil va G‘arbga qarshi kuchlar etakchisi sifatidagi mavqeini yo‘qotishiga olib kelardi. Eronning javobi 1 oktyabrdagi Isroilga katta ballistik raketa hujumlari bo‘ldi.

25 oktyabr, juma kuni Isroil havo hujumlari bunga javob berdi. Ushbu hujumlarning amalga oshirilishi kutilganidan ko‘ra ko‘proq vaqt o‘tgach sodir bo‘ldi. Isroil rejalarining oshkor bo‘lishi bunga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Isroil, shuningdek, G‘azo shimolida katta hujumlarni amalga oshirmoqda. BMT inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk buni G‘azo urushidagi eng qorong‘u daqiqa deb atagan, chunki Isroil armiyasi butun hududni bombardimon qilib, aholini qamal va ocharchilik xavfi bilan yuzlashtirmoqda.

Eronni nishonga olgan Isroil hujumlarining vaqti xalqaro e’tiborni G‘azodan chalg‘itish uchun mo‘ljallanganmi yoki yo‘qmi, aniq emas. Ammo bu hisob-kitobning bir qismi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Isroil "Temir gumbazi" Tel-Aviv osmonida raketani tutib qolgan vaqt

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Isroilning "Temir gumbaz" havo hujuidan mudofaa tizimi 1 oktbyar kuni Eron ballistik raketalarining aksarini urib tushirdi

Qarshilik harakatlarini to‘xtatish

Tomonlar javob zarbasi bermaslik xalqaro sahnada o‘zlarining kuchsiz qiyofasini yaratishidan qo‘rqar ekanlar, o‘zaro qarshi hujumlarni to‘xtatish masalasi yaqin orada murakkab masalaligicha qolishi tayin. Eron urushning ayni bu bosqichida Isroilga so‘nggi so‘zni berishga tayyormi yoki yo‘qligi esa savol ostida qolmoqda.

Prezident Bayden 1-oktyabrdan keyin Isroilning javob zarbasini qo‘llab-quvvatladi, lekin u yana bir bor Eronning eng muhim yadroviy, neftь va gaz inshootlarini nishonga olishdan qaytardi. AQSh Isroil mudofaasi uchun THAAD raketaga qarshi tizimini joylashtirdi va Bosh vazir Netanyahu bu gal uning maslahatiga quloq tutdi.

5 noyabrdagi AQSh prezidentlik saylovlari Yaqin Sharq mojarosining kelgusi tadqirida muhim ahamiyat kasb etadi. Xususan, agar Donald Tramp ikkinchi muddatga qayta saylansa, u Eronning yadro, neftь va gaz inshootlariga zarba berilishiga nisbatan qat’iy qarshilik qilmasligi mumkin.

Yaqin Sharq esa kutishda davom etadi. Isroilning Erondagi eng qimmat inshootlarga zarba bermaslik qarori Tehron diplomatlariga urush taqdiri xususida mulohaza qilish uchun vaqt berdi.

O‘tgan oy BMT Bosh Assambleyasida Eron vakillari yadro masalalari bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyor ekanliklarini bildirishgan edi.

Bu holat Yaqin Sharqdan tashqaridagi dunyo uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘lishi lozim. Eron har doim yadroviy bomba yaratish istagi borligini inkor qilib kelgan, biroq uning yadroviy texnologiyalari va uranni boyitish tajribasi qurol yaratish imkoniyatini oshirgan.

Eron rahbarlari o‘z dushmanlarini tiyib qo‘yishning yangi yo‘lini izlayotgan bo‘lishlari ham mumkin. Xususan, ballistik raketalar uchun yadroviy kallak ishlab chiqish ularning kun tartibida bo‘lishi ham ehtimoldan holi emas.

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002