Ukrainaning ikki muammosi: Rossiya ilgarilashi va Trampning qaytishi

    • Author, Pol Adams
    • Role, Bi-bi-sining diplomatik muxbiri, Dnipro
  • Published
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiya armiyasi Ukraina sharqida sekinlik bilan ilgarilab borar ekan, insonlar uchun qiyinchiliklar ham har qachongidan ortib bormoqda.

Vashingtonda ma’muriyat o‘zgarishiga ikki oy qolgan bir paytda Ukraina ikki muammoga duch kelayapti: qanday qilib Rossiyaning oldinga siljishini to‘xtatish va Donald Tramp ma’muriyati bilan hisoblashishga tayyorgarlik ko‘rish.

Front chizig‘idan taxminan 100 kilometr g‘arbda joylashgan Pavlograddagi boshpanalarda evakuatsiya qilinganlar soni kun sayin ortib borayapti. Ular urush vayronaga aylantirgan qishloq va shaharlardan ko‘chirib kelinmoqdalar.

31 yoshli Anastasiya Bolvixina ham ikki o‘g‘li, Arseniy va Rostislav bilan shu yerda. Oilasining Uspenivka qishlog‘idan olib kelgan kam sonli yuklari orasida mushuklari ham bor. Bu qishloq Pokrovsk shahri yaqinidagi muhosara qilingan hududda joylashgan edi.

Oila shu paytgacha urush tugashidan umid qilib, imkoni boricha o‘z uylarida qolishga harakat qilib kelgan edi. Ammo portlashlar uzluksiz davom etgani, do‘konlar allaqachon yopilgani va yo‘llar ham asta-sekin to‘sib qo‘yilgani sababidan oxir-oqibat qishloqlarini tashlab chiqishga majbur bo‘lishdi. Ular ozgina narsalarini yig‘ishtirib, eshikni yopishdi va ketishdi.

"Biz urush tezda tugaydi, deb umid qilgandik", deydi Anastasiya.

Elektr va internetsiz o‘tgan ikki oydan keyin, u vanihoyat noutbukini to‘shak ustiga qo‘yib, yangiliklarni o‘qimoqda.

"Hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga va urush tugashiga umid qilamiz", deydi u AQShdagi siyosiy o‘zgarishlar haqida gapira turib. "Yangi prezident amaldagidan yaxshiroq bo‘ladi deb o‘ylayman".

Yon tomondagi auditoriyada volontyorlar jamoasi qariyalarga ko‘maklashmoqda. Atigi bir dona isitgich ishlayotgan zalga joylashtirilgan bu odamlar ahvolida muhtojlik va charchoq sezilib turibdi.

83 yoshli Katerina Klimko Suxiy Yalidan — rossiyaliklar bosib olgan Kuraxove yaqinidagi qishloqdan yaqinda kelgan. U uyi yoqib yuborilgani va hamma narsasidan ayrilganini aytar ekan, ko‘z yoshlarini aslo tiyib turolmaydi.

"Ular shu qadar ko‘p bombardimon qilishdi", deydi u. "Bu go‘yo qiyomat kunidek edi!"

Ukraina g‘alaba qozona oladimi, deb so‘rayman undan.

"Faqat Xudo biladi", deydi u horg‘inlik bilan. "Yuragim eshitganlarimdan og‘riydi. Bombardimon shunchalik ko‘p bo‘ldiki, qanchadan-qancha odamlar halok bo‘ldi".

Rossiya o‘tgan kechasi Dneproga katta ballistik raketalar hujumini amalga oshirdi. Hujum butun shahar bo‘ylab aks-sado berdi va hatto BBC jamoasi ham bomba panohlariga tushishiga sabab bo‘ldi.

Bayden ma’muriyatining ATASMS raketalari va mina maydonlari bo‘yicha so‘nggi qarorlari Ukrainaga o‘z hududlarini, shu jumladan Rossiyaning Kursk mintaqasini ham ushlab turishda yordam berishga qaratilgan.

Bu ikki narsa kelgusi yil muzokaralarda, agar Donald Tramp shu yo‘nalishni tanlasa, muhokama qilinishi mumkin.

Shu paytgacha AQShning saylangan prezidenti urushni 24 soat ichida tugatish haqidagi xarakterli va’dalardan tashqari, na rejalashtirilgan harakatlar haqida, na muhokama qilinajak mavzuar haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

Prezident Zelenskiy boshchiligidagi ukrainalik siyosatchilar Trampga hali ham gumon ostida ishonch bildirayotgandek.

"Menimcha, u juda aqlli yondashuvni tanladi", deydi sobiq tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba. "Maksadini aniq belgilab oldi — ʼMen hal qilamanʼ, ammo tafsilotlarni ochiqlamadi".

Kuleba Trampni faqat Putinni hurmat qiladigan bitimchi sifatida ko‘radiganlar uni ortiqcha soddalashtirishga moyil ekanini aytadi.

"U kattaroq kartinani ko‘ra oladi va shunga aminmanki, bu faqat tijoriy yondashuv bo‘lmaydi".

Yangi ma’muriyat shakllantirilib, Trampning maqsadlarini qanday amalga oshirish haqida mulohaza yuritila boshlangan bir paytda, sobiq tashqi ishlar vaziri siyosatga bir asosiy omil ta’sir ko‘rsatishiga ishonadi.

"Prezident Tramp bir maqsaddan — o‘z qudratini va yetakchiligini namoyon qilishdan, hamda o‘zidan avvalgi rahbar hal qila olmagan muammolarni hal qila olish qobiliyatini ko‘rsatishdan shubhasiz ilhomlanadi," deydi u.

Kulebaning fikricha, kuch-qudratni namoyon etish ikki tomonga bosim o‘tkazishni anglatadi.

Ukrainani tashlab ketish variant emas, deydi u.

"Afg‘onistonning qulashi Bayden ma’muriyatining tashqi siyosat reputatsiyasiga qattiq zarba bergani kabi, agar siz aytgan stsenariy Prezident Tramp tomonidan ko‘rib chiqilsa, Ukraina Trampning Afg‘onistoniga aylanadi, va bu holatda oqibatlar bir xil bo‘ladi.

"Va men Tramp bunday natijani ko‘zlayapti deb o‘ylamayman."

Yaqinda Prezident Zelenskiy Kiev urushni 2025 yilda "diplomatik usullar orqali" tugatishni xohlashi haqida aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, modomiki, Tramp Oq Uyda ekan, urush “tezroq” tugaydi.

Bu klassik Zelenskiyning o‘zginasi: bir tomondan maqtov, boshqa tomondan esa chorlov.

Rossiya bosqinida keltirilgan qurbonliklar orasida, faqatgina tinchlik har qanday qurbonlik va kutishlarga qaramasdan hali hanuz yaqin orada yuz bermaydigandek.

Dneprda, mamlakatning ko‘plab ortopediya markazlaridan biriga jarohatlangan harbiylarning muntazam ravishda kelishi davom etmoqda.

27 yoshli Demyan Dudlya bir yarim yil oldin raketa hujumida oyog‘ini yo‘qotgan.

U o‘zining karbon tolali proteziga moslashib ulgurgan va hatto kelgusi yilgi Invistus o‘yinlari uchun allaqachon tayyorgarlik ko‘rishni boshlab yuborgan. Ammo gap urush haqida borar ekan, uning umidi kundan-kunga so‘nib bormoqda.

"Menimcha, ikki mintaqa [Donetsk va Lugansk] bizning qo‘limizdan olib qo‘yiladi va Qrimni ham shu taqdir kutmoqda", deydi u.

"Ularni ushbu mintaqalardan chiqarib yuborish uchun kuchimiz yetmaydi deb qo‘rqaman. Bizda na yetarli odam bor, na yetarli qurol".

Ijtimoiy so‘rovlar esa aralash fikrlar manzarasini ko‘rsatmoqda, lekin ularda bir umumiylik bor: ukrainaliklar urushning iloji boricha tezroq tugashini istaydilar. Ayniqsa, shu yerda, sharqda, kuniga bir necha marta sirena ovozlari eshitiladi.

Bu yerda har jihatdan tinchlikka erishish uchun bosib olingan hududlardan voz kechishga tayyor bo‘lgan kichik bir ozchilik bor.

"Menimcha, urushning tugashi muqarrar", deydi 28 yoshli Andrey Petrenko, Donald Trampning lavozimiga kirishishi ukrainaliklar uchun qanday umidlar beryotgani haqida so‘raganimda.

Andrey uch oy oldin oyog‘ini yo‘qotgan va unga birinchi protezini o‘rnatishmoqda.

"Yoki ular kelishib, 1991 yilgi chegaralarga qaytishadi, yoki hududlar topshiriladi. Asosiysi, urush tugaydi va odamlarning muttasil o‘limi to‘xtaydi".