"Ukrainada g‘alaba hech qachon bo‘lmaydi" - Video

Dmitriy Muratov va Stiv Rozenberg
    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, BBC Rossyia muharriri
    • Reporting from, Moskva
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Moskvadagi "Novaya gazeta" tahririyati yo‘lagi jim-jit.

Bu yerni og‘ir bo‘shliq hissi chulg‘ab olgan.

"Endi gazeta yo‘q", deydi nashrning sobiq bosh muharriri Dmitriy Muratov menga bergan eksklyuziv intervyusida.

Muratov 30 yildan ortiq vaqt avval "Novaya gazeta"ga hammuassislik qilgan. Nashr Rossiyada mustaqil jurnalistikaning yetakchi minbarlaridan biriga aylanib, inson huquqlari buzilishi va yuqori pog‘onadagi korruptsiya holatlarini yoritib kelgan edi.

2021 yili Muratov so‘z erkinligini himoya qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.

Nobel qo‘mitasi bayonotida "Novaya gazeta"ning olti nafar jurnalisti halok bo‘lgani, ular orasida Checheniston urushi haqida fosh etuvchi maqolalar yozgan Anna Politkovskaya ham borligi qayd etilgandi.

Bu jasoratli jurnalistika e’tirof etilganining belgisi edi.

Ammo bu e’tirof gazetani himoya qila olmadi.

2021 yilgi Nobel Tinchlik mukofoti sovrindori Dmitriy Muratov 2022 yil 20 iyunida Nyu-Yorkda

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Dmitriy Muratov o‘zining Nobel medalini UNICEFning Ukraina qochqinlariga insonparvarlik yordamlarini qo‘llab-quvvatlash uchun kimoshdi savdosiga qo‘ydi

"Putin farmon chiqardi va gazeta bosmaxonasi davlat tasarrufiga o‘tkazildi", deb tushuntiradi Muratov. "Nashrning ro‘yxatdan o‘tkazilganlik maqomi bekor qilindi."

"Novaya gazeta" internetdagi faoliyatini saqlab qolgan. Ammo bu ham juda cheklangan: hukumat uning saytiga kirishni to‘sib qo‘ygan. Saytdan faqat xorijdan turib yoki cheklovlarni aylanib o‘tish uchun qo‘llanadigan VPN, ya’ni virtual xususiy tarmoqlar yordamida foydalanish mumkin.

Gazeta duch kelgan qiyinchiliklar Rossiyada so‘z erkinligiga qarshi bosimlar kengayib borayotganining bir ko‘rinishi hisoblanadi. Bu jarayon Kreml 2022 yilda Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqinni boshlaganidan keyin yanada kuchaydi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

"Fikr yetakchilarining aksari 'xorijiy agent', 'ekstremist' yoki 'terrorchi' deb e’lon qilindi. Bundaylar bir necha yuz nafar", deydi Dmitriy Muratov.

"Raqamlar turlicha. Ammo ehtiyotkor hisob-kitoblarga ko‘ra, Rossiyaning 'maxsus harbiy amaliyoti' boshlanganidan buyon amaldagi davlat siyosatiga qarshi fikr bildirgani uchun kamida 1500 kishi qamoqqa tashlangan. Bu SSSRdagi KGBning eng shafqatsiz davrlaridagi ko‘rsatkichdan uch baravar ko‘pdir."

Muxolif fikrli olim va huquq himoyachisi Andrey Saxarov 1975 yili Nobel Tinchlik mukofotini qabul qilish marosimidagi ma’ruzasida Sovet Ittifoqida o‘zi bilgan 120 nafardan ziyod siyosiy mahbusning ismini sanab o‘tgan edi. Oradan o‘n yil o‘tib, Amnesty International tashkiloti SSSRda 600 nafardan ziyod vijdon mahbusi borligini taxmin qilgan.

Jurnalistlar Antonina Favorskaya, Konstantin Gabov, Sergey Karelin va Artyom Kriger sudda panjara ortida

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Jurnalistlar Antonina Favorskaya, Konstantin Gabov, Sergey Karelin va Artyom Kriger ekstremizm moddalarida ybdor deb topilib, besh yarim yillik qamoq jazolariga hukm etildilar
Skip podcast promotion and continue reading
Bizni WhatsApp da ham kuzating

BBC News O‘zbek kontenti endi Sizning WhatsApp da

A’zo bo‘lish uchun bu erga bosing

End of podcast promotion

Kreml 2022 yilda qisqa va muvaffaqiyatli bo‘ladi deb hisoblagan "harbiy operatsiya" Ikkinchi Jahon urushidan keyingi Yevropadagi eng qonli mojaroga aylandi.

Shunga qaramay, Prezident Putin Rossiya g‘alaba qozonishini bashorat qilishda davom etadi.

"Bu yerda hech qachon 'g‘alaba' bo‘lmaydi", deya e’tiroz bildiradi Dmitriy Muratov. "Chunki qariyb besh yildan beri davom etayotgan voqea qanday yakunlanishidan qat’i nazar, uni endi g‘alaba deb atab bo‘lmaydi.

Ikki slavyan xalqi bir million kishining hayotini barbod qilganida yoki undan ham ko‘proq odam halok bo‘lganida buni g‘alaba deb bo‘lmaydi."

"Menimcha, hozir Ukraina bilan bog‘liq vaziyat shunday: uni vayron qilish mumkin, ammo bo‘ysundirish mumkin emas. Vayron qilish deganda nimani nazarda tutyapman? Bu mojaroni hatto yadro qurolidan foydalanish darajasigacha kuchaytirishni."

U haqiqatan ham Kreml rahbari bu urushda yadro qurolidan foydalanishi mumkin, deb hisoblaydimi?

"'Putin bunday deb o‘ylayapti' yoki 'Putin mana bundan qo‘rqayapti' degan siyosiy tahlilchilarning hammasi... hammasi soxta bashoratchilar", deydi Dmitriy Muratov. "Bu xuddi astrologiya bilan bir toifadagi gap. Vladimir Putinning xayolida nimalar kechayotganini hech kim bilmaydi. Men ham bilmayman.

Men faqat jurnalist sifatida kuzataman. Ko‘p sondagi ma’lumotlarni tahlil qilaman. Yil boshidan buyon yadro qurolidan foydalanish zarurati haqida 500 martadan ortiq gapirildi. Buni aqli past odamlar aytsa, e’tibor bermasdim. Ammo bu mavzuda davlat televideniesida bahslar bo‘lganini eshitdim. Davlat tashkil etgan tadbir - Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida ham ma’ruzachilardan biri yadro qurolidan foydalanishni ijobiy va maqbul narsa sifatida ko‘rsatdi."

Putin 2022 yil fevral oyida Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganini e’lon qilar ekan, bu harakat Rossiya xavfsizligini ta’minlash uchun kerakligini aytgan edi.

"Aytingchi, xavfsizlik oshdimi?" deb so‘raydi Dmitriy Muratov. "Ukraina dronlari hozir [Rossiyaning eng yirik onlayn riteyleri] Wildberries omborlariga ham zarba berayotgan bir paytda; yoqilg‘i tanqisligi, mobil internetdagi uzilishlar, siyosiy mahbuslar manzarasida xavfsizlik ko‘paydimi yoki yo‘q?"

Iqtibos

Jamoatchilik fikri so‘rovlari mamlakat ichida Vladimir Putinni qo‘llab-quvvatlanish pasayganini ko‘rsatayotganiga qaramasdan, Muratov fikricha, Rossiya prezidenti hokimiyatni hamon mustahkam nazorat qilib turibdi.

"Kechirasiz, ammo elita vakillari orasida bo‘linish borligi, maxfiy fitnalar tayyorlanayotgani haqidagi gaplarga ishonmayman. Mamlakatni Vladimir Putin boshqarmoqda. Undan qo‘rqishadi.

Va bu qo‘rquv uning asosiy tayanchi bo‘lgan Federal xavfsizlik xizmati (FXX) tomonidan har tomonlama mustahkamlanadi."

Muratov o‘z hukumatini keskin tanqid qilsa-da, G‘arb haqida ham ortiqcha xayollarga berilmaydi.

"[Putin] Yevropa yetakchilarining haqiqiy bahosini juda yaxshi biladi. Bir tomondan ular unga inson huquqlari haqida gapiradilar. U esa ovoz chiqarib kuladi, chunki ayni paytda ular boshqa qo‘li bilan Rossiya bilan neft, gaz, olmos va shunga o‘xshash mahsulotlar savdosi bo‘yicha kelishuvlarni imzolaydilar yoki imzolaganlar. Ular Putinga Yevropa qadriyatlari haqida gapirganlarida, u chindan ham qah-qaha urib kuladi. Chunki u o‘sha qadriyatlarni o‘rgatayotgan odamlarning haqiqiy bahosini yaxshi biladi."

Rossiyada Muratovga "xorijiy agent" maqomi berilgan. Bu tamg‘a Kreml tanqidchilarini jazolash uchun ko‘p qo‘llanadi.

"Xorijiy agentlar"ning huquqlari cheklangan: ularga ta’lim berish, saylovlarda qatnashish taqiqlangan; agar o‘z uy-joyini sotsa, tushgan mablag‘dan erkin foydalana olmaydilar. Bu tamg‘a yana bir maqsadga ham xizmat qiladi: insonni jamiyat ko‘zida yomonotliq qilish, mamlakat ichida "ichki dushman" obrazini yaratish.

Shunga qaramay, jurnalist o‘ziga nisbatan bosimlarga urg‘u berishdan ko‘ra, qamoqdagi vatandoshlarining ahvoliga e’tibor qaratishni afzal ko‘radi.

"Hozir meni eng ko‘p tashvishga solayotgan narsa shuki, qo‘shni mamlakat hududlarining bosib olinishiga qarshi birinchi bo‘lib ovoz ko‘targan siyosiy mahbuslar bilan dunyoda hech kim qiziqmayapti", deydi Dmitriy Muratov.

Ukainada tug‘ilgan, biroq Rossiyada ishlagan 68 yashar bolalar shifokori Nadejda Buyanova ish joyida Ukrainadagi urushni tanqid qilgani uchun besh yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.
Surat tagso‘zi, Ukainada tug‘ilgan, biroq Rossiyada ishlagan 68 yashar bolalar shifokori Nadejda Buyanova ish joyida Ukrainadagi urushni tanqid qilgani uchun besh yarim yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Muratov katta papkani ochadi va uning ichidan yirik formatdagi suratlar to‘plamini chiqaradi: qamoqdagi mahbuslarning portretlari.

Suratlardan birida to‘rt nafar jurnalist, Antonina Favorskaya, Konstantin Gabov, Sergey Karelin va Artyom Kriger tasvirlangan. Ular ekstremizm ayblovlari bilan sudlanib, qamoq jazosiga hukm qilinganlar. Tergovchilar ularni marhum muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy tashkil etgan korruptsiyaga qarshi kurash tashkilotiga aloqadorlikda aybladilar.

Yana bir suratda Aleksey Gorinov aks etgan. U Ukrainadagi urushga qarshi chiqqanidan keyin Rossiya armiyasi haqida "bila turib yolg‘on ma’lumot tarqatish" aybi bilan qamoqqa tashlangan shahar kengashi deputati.

"Bu esa ajoyib pianinochi Pavel Kushnir", deydi Dmitriy Muratov. "Raxmaninov va Shubert asarlarining noyob ijrochisi."

Musiqachi urushga qarshi videolarni internetga joylaganidan keyin hibsga olingan. Dmitriy Muratov yana bir suratni ko‘rsatadi.

"Bu esa uning tobutda yotgan payti."

Pavel Kushnir ochlik e’lon qilgan holda tergov hibsxonasida vafot etgan. U 39 yoshda edi.

Ketma-ket namoyish etilayotgan suratlar va qamoq haqidagi hikoyalar hokimiyatga qarshi deb ko‘rilgan insonlar qanday xavf-xatarlarga duch kelayotganini ko‘rsatadi. Bu hokimiyatni va urushni ochiq tanqid qilish qanchalik katta xatarlar bilan bog‘liq ekanini yana bir bor eslatadi.

"Nobel mukofoti sovrindori bo‘lish sizga kamida xohlagan gapingizni aytish uchun ma’lum darajada himoya beradimi?" deb so‘rayman men.

"Bu savol menga emas", deb javob qaytaradi Muratov. "Imkoniyatingiz bo‘lganda, buni hokimiyat vakillaridan so‘rang."

Yana bir surat bor. U shu yil aprel oyida olingan.

"Bu gazetaning advokati. U bino ichiga kirishni kutib turgan payti. Politsiya idoramizni tintuv qilayotgan edi. Bu jarayon 13 soat davom etdi. Ular advokatlarni ichkariga kiritishmadi. Bizning boshqaruvchi muharririmiz Oleg Roldugin hozir uy qamog‘ida."

Dmitriy Muratov Rossiyada hukumat tanqidchilari hayotining ancha tushkun manzarasini chizadi.

Shunga qaramasdan, umid uyg‘otadigan lahzalar ham uchrab turadi.

"Biz hozir odamlar jim qolgan davrda yashayapmiz. Ammo qilayotgan ishlarimizni qo‘llab-quvvatlaydiganlar juda ko‘p. Moskva ko‘chalarida hamkasblarim va men odamlardan faqat minnatdorlik so‘zlarini eshitamiz. Ular buni shivirlab aytishadi. Lekin odamlarning aslida nima deb o‘ylayotganlari juda muhim."