You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Gaz narxlaridan tortib "sxemalar" va korruptsiyaga qarshi kurashgacha: Ukraina YeI va XVJ kreditlari evaziga nimalarni va’da qilmoqda?
- Author, Anastasiya Zanuda
- Role, Bi-bi-sining Ukraina xizmati
- Published
- O'qilish vaqti: 6 daq
Payshanba kuni Ukraina Yevropa Ittifoqi ikki oy avval ma’qullagan 90 milliard yevrolik kredit dasturining ilk 3,2 milliard yevrolik qismini oladi. Yana bir ijobiy yangilik shuki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ham Ukrainaga ajratilayotgan kreditning navbatdagi qismini dastlabki tarzda ma’qulladi. Bu mablag‘lar Ukraina tomonidan harbiy bo‘lmagan xarajatlarni moliyalashtirish uchun ishlatiladi. Biroq bu kelishuvlarning boshqa tomoni ham bor - Kiev amalga oshirishi kerak bo‘lgan islohotlar majburiyati. Bu qanday islohotlar va ular Ukraina aholisi uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?
May oyi oxirida YeI yordamini olish to‘g‘risidagi bitim Oliy Rada tomonidan ratifikatsiya qilindi. Bosh vazir Yuliya Sviridenko hukumati buni katta muvaffaqiyat sifatida taqdim etdi: nazariy jihatdan bu mablag‘larni urush tugaganidan keyin Rossiya Ukrainaga to‘lashi mumkin bo‘lgan reparatsiyalar hisobidan qoplash mumkin, deb hisoblanmoqda. Bryusselda bunday reparatsiyalar ehtimoli borasida katta umidlar bo‘lmasa-da, mazkur bitim Kievga Yevropa kreditini "deyarli grant" sifatida taqdim etish imkonini berdi.
Biroq Oliy Rada bitim bilan birga tasdiqlagan Memorandum o‘rganilganda, vaziyat unchalik ham oddiy emasligi ayon bo‘ladi. Ushbu 90 milliard yevroning uchdan ikki qismi harbiy xarajatlarga yo‘naltiriladi va ular hech qanday shartlarga bog‘lanmagan. Qolgan qariyb 30 milliard yevro esa Ukraina iqtisodiyotida muayyan o‘zgarishlar amalga oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq.
Bu o‘zgarishlar Ukrainaning yana bir yirik kreditori bo‘lgan XVJ talab qilayotgan islohotlar bilan mos tushadi. XVJ delegatsiyasining iyunь boshidagi Kiev tashrifidan so‘ng tomonlar ekspertlar darajasida umumiy hajmi 8 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kredit dasturidan deyarli 700 million dollarlik navbatdagi qismini ajratish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yakuniy qarorni XVJ Direktorlar kengashi qabul qiladi.
Shu bilan birga, XVJ "tarkibiy islohotlar bo‘yicha taraqqiyot sekinlashganini" qayd etdi. Ukraina hukumati bilan kelishilgan ikki ko‘rsatkich kechikib bajarilgan, yana biri esa umuman bajarilmagan. Jamg‘arma bayonotida aytilishicha, tomonlar yangi jadval va Kiev zimmasiga olinadigan yangi siyosiy majburiyatlarni kelishib olgan.
Xalqaro kreditorlar Ukraina davlat dasturlari xarajatlarining sun’iy ravishda oshirib yuborilishiga qarshi kurashishi, qo‘shimcha ichki daromad manbalarini topishi va byudjetni tejash imkoniyatlarini izlashi kerakligini ta’kidlamoqda. XVJning fikricha, Kiev soliq ma’murchiligini va soliq siyosatini muntazam ravishda takomillashtirib borishi lozim. Bunga erishishning eng adolatli va samarali yo‘li esa yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishdir.
Yevrokomissiya ham shunga o‘xshash bayonotlar bermoqda. 90 milliard yevrolik kredit memorandumi imzolanishi chog‘ida uning vakillari Ukraina iqtisodiy siyosati uch asosiy yo‘nalishga — soliqlarni yig‘ish, byudjet xarajatlarining samaradorligi va davlat moliyasini boshqarishga tayanishi kerakligini ta’kidladilar.
Juda qimmatga tushayotgan arzon gaz
Urush boshlanganidan besh yil o‘tib, XVJ Kiev urushdan avval ham amalga oshirishga jur’at etmagan islohotlarga - kommunal xizmatlar tariflarini bozor narxlariga yaqinlashtirish masalasiga qaytmoqda. Hozirda biznes subektlaridan farqli ravishda aholi gaz va issiqlik uchun sun’iy ravishda pasaytirilgan narx bo‘yicha haq to‘laydi. Narxlar o‘rtasidagi farq esa aholiga gaz va issiqlik yetkazib berish bo‘yicha maxsus majburiyat (PSO) yuklatilgan davlat kompaniyalari zimmasiga tushadi.
XVJ qayd etishicha, hozircha gap to‘g‘ridan-to‘g‘ri tariflarni oshirish haqida emas, balki "energiya bozorini liberallashtirishga tayyorgarlik ko‘rish islohotlari" haqida ketmoqda. Ammo baribir tariflarni oshirishga to‘g‘ri keladi. Aks holda Rossiya bombardimonlari natijasida vayron bo‘lgan energetika infratuzilmasini tiklash yoki yangi energetika obektlarini qurish uchun mablag‘ topish mushkul bo‘ladi.
Hozirda hukumat XVJ texnik ko‘magi bilan energiya bozorini bosqichma-bosqich liberallashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqmoqda. Unda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘liq to‘lash imkoniga ega bo‘lmagan oilalarni himoya qilish mexanizmi majburiy element sifatida nazarda tutilishi kerak. Shundan so‘ng aholini asta-sekin bozor narxlarida to‘lov qilish tizimiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. XVJning fikricha, bu energetika sohasidagi moliyaviy muammolarni hal etadi va uni investorlar uchun jozibador qiladi.
Ukraina hukumati zimmasiga yuklatilgan majburiyatlardan biri - past tariflarning davlat byudjetiga qanchalik yuk bo‘layotganini ko‘rsatadigan audit natijalarini e’lon qilishdir. Mutaxassislarning fikricha, eng murakkab masala gaz bo‘yicha kompensatsiyalarni bekor qilish bo‘ladi. Urushdan oldingi davrdan buyon aholi uchun gazning 1 kubometri narxi 7,96 grivna bo‘lib qolmoqda, bozor narxi esa allaqachon 15 grivnaga yaqinlashgan.
Amaldagi qonunga ko‘ra, harbiy holat davrida gaz, issiqlik va issiq suv tariflari 2022-yil darajasida muzlatib qo‘yilgan. Davlat ushbu tariflarni harbiy holat davomida va u tugaganidan keyin yana olti oy saqlab qolishi shart. Shu bois tariflar masalasida yo qonunga o‘zgartirish kiritilishi, yo esa urush tugashi bilan tezkor islohotlar boshlanishi kerak bo‘ladi.
Bundan tashqari, aholining to‘lov qobiliyati masalasi ham dolzarb bo‘lib qolmoqda. Urush sharoitida u yaxshilanmayapti, kommunal qarzlar esa ortib bormoqda. Rakuten Viber platformasida o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, so‘nggi ikki yil ichida respondentlarning 60 foizi hech qanday yangi jamg‘arma qila olmagan. Yana 14 foizi esa nafaqat tejay olmaganini, balki urushdan oldin jamg‘argan mablag‘larini sarflashga majbur bo‘lganini bildirgan.
QQSni o'zgartirish xavfli
O‘tgan yil kuzida XVJ va Kiev yangi hamkorlik dasturi parametrlarini kelishib olgan edi. Shartlardan biri yakka tartibdagi tadbirkorlarga qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS)ni joriy etish bo‘lgan. Ammo bu g‘oya biznes vakillari va ekspertlar tomonidan keskin tanqid qilindi, shu sababli deputatlar bu boradagi qonunlar uchun ovoz berishga shoshilishmayapti.
Natijada mazkur talab soddalashtirilgan soliq tizimi bilan bog‘liq suiiste’mollarning oldini olishga qaratilgan islohotlarga aylantirildi. Ayniqsa, firmalarni sun’iy ravishda bo‘lib tashlash va mehnat shartnomalarini yakka tartibdagi tadbirkorlar bilan ishlash shakliga almashtirish amaliyotlariga qarshi kurash nazarda tutilmoqda.
Ukraina yashirin iqtisodiyotining ulushi turli hisob-kitoblarga ko‘ra 30 foizdan 50 foizgacha baholanadi. Ayrim ekspertlar savdo sohasidagi "kulrang" operatsiyalar hajmi 60–70 foizga yetishini aytmoqda. Shu bilan birga, ko‘plab tadbirkorlar va ekspertlar muammoning asosiy sababi ish haqlariga solinadigan yuqori soliqlar ekanini ta’kidlashadi. Tadbirkorlar soddalashtirilgan tizimni aynan shu yukdan qochish vositasi sifatida qadrlashadi.
Ekspertlar ogohlantirishicha, ushbu tizimni noto‘g‘ri isloh qilish byudjet tushumlarini ko‘paytirish o‘rniga biznesning yanada ko‘proq soyaga kirib ketishiga olib kelishi mumkin.
QQS bo‘yicha o‘zgarishlar kutilayotgan yo‘nalishlardan biri esa xorijdan pochta orqali yuboriladigan tovarlardir. Kiev anchadan beri XVJga 45 yevrodan qimmat bo‘lgan xalqaro jo‘natmalarga soliq joriy etishni va’da qilib keladi.
Bu tashabbus tarafdorlari uni "AliEkspress solig‘i" deb atab, bunday jo‘natmalar Ukrainaga juda katta hajmda kirib kelayotganini ta’kidlashadi. Qarshilar esa urush sharoitida xorijdan kelayotgan yordam va tovarlarga qo‘shimcha yuk yuklash zararli ekanini aytishmoqda. Shu sababli Oliy Rada uzoq vaqt davomida bunday choraga qarshilik ko‘rsatib keldi.
XVJ esa bu tizim soliqlardan qochishning navbatdagi usuliga aylanganini ta’kidlaydi va Ukraina uchun bunday yig‘imlarni joriy etish muddatini iyulgacha uzaytirgan.
Korruptsiyaga qarshi kurash: yirik sektorlar bilanmi yoki oddiy tadbirkorlar bilanmi?
Kievning xalqaro kreditorlar oldidagi eng eski va’dalaridan biri korruptsiyaga qarshi kurash va byudjet mablag‘larini samarali boshqarishdir. O‘tgan yozda Ukraina hukumati korruptsiyaga qarshi organlarning vakolatlarini cheklashga uringach, xorijiy hamkorlar bu majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazoratni kuchaytirdi. XVJ diplomatik ohangda boshqaruv sifati va korruptsiyaga qarshi institutlarni mustahkamlash bo‘yicha islohotlar "yangilanishga muhtoj" ekanini qayd etmoqda.
Korruptsiyaga qarshi choralar Yevropaning ikkita yordam dasturiga ham bog‘langan: 90 milliard yevrolik kreditning noharbiy qismi hamda "Ukraine Facility" dasturi. Ushbu dastur doirasida Ukraina 2024–2027-yillar davomida makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, tiklanish ishlari va YeIga a’zo bo‘lish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirish maqsadida 50 milliard yevro kredit va grant olishi ko‘zda tutilgan.
Buning evaziga YeI davlat aktivlari, korxonalar, banklar va davlat kompaniyalarini boshqarish tizimida real islohotlar talab qilmoqda.
2023-yilda Ukraina hukumati Soliq va bojxona tizimlarini isloh qilishga qaratilgan Milliy daromadlar strategiyasini e’lon qilgan edi. Bu hujjat tadbirkorlar va ekspertlar tomonidan tanqid ostiga olindi. O‘tgan yil oxirida hukumat XVJ bilan muzokaralarda deyarli shu takliflarni takrorlagach, bahslar yana avj oldi.
Ukrainaning bir qator iqtisodiy tadqiqot markazlari hisob-kitoblariga ko‘ra, davlatning eng katta byudjet yo‘qotishlari bojxona qoidabuzarliklari, kontrabanda va chegara korrupsiyasi bilan bog‘liq. Bu yo‘qotishlar 105–120 milliard grivna (2,06–2,36 milliard yevro) atrofida baholanadi. Bundan tashqari, qalbaki mahsulotlar va noqonuniy aksiz tovarlari savdosi tufayli 39–43 milliard grivna, soxta tadbirkorlik tufayli esa shunga yaqin miqdorda mablag‘ yo‘qotiladi.
Mutaxassislarning fikricha, soddalashtirilgan soliq tizimidagi suiiste’mollar mavjud bo‘lsa-da, ularning byudjetga yetkazayotgan zarari yuqoridagi muammolarga nisbatan ancha kichik. Shu sababli, iqtisodiyotni soyadan chiqarish va byudjet tushumlarini oshirishning eng samarali yo‘li kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha bosim o‘tkazish emas, balki soliq va bojxona tizimlarini tubdan qayta ishga tushirishdir.
Aksiz tovarlari - sigaret, alkogol va yoqilg‘i bozorida "kulrang" sektor 70 foizgacha yetadi. Ekspertlar fikricha, aynan shu sohalardagi islohotlar yakka tartibdagi tadbirkorlarga QQS joriy etish yoki xorijdan pochta orqali keladigan tovarlarga soliq qo‘llashdan ko‘ra ancha katta samara beradi.
Bundan tashqari, aholiga qaratilgan keng ko‘lamli yordam dasturlari — "qishki ming grivna", "milliy keshbek" va nafaqadagilarga bir martalik to‘lovlar ham iqtisodchilar nazarida byudjet daromadlarini ko‘paytirish va moliyaviy siyosatni qat’iylashtirish haqidagi va’dalarga unchalik mos kelmaydi.
Yaqinda Ukraina prezidenti administratsiyasining yangi rahbari Kirill Budanov urushdan keyingi Ukraina iqtisodiyotini "Yevropa Ittifoqidagi eng liberal, eng ochiq va eng raqobatbardosh iqtisodiyot"ga aylantirishga va’da berdi. Ammo bu maqsadga eltuvchi yo‘l oson kechmasligi aniq.