Istanbulda qalbaki alkogoldan o‘nlab odam o‘ldi, ularning qariyb yarmi o‘zbekistonlik. Turkiyada soxta aroqqa nega talab oshmoqda?

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

Istanbulda bu hafta qalbaki alkogol iste’moli ortidan kamida 37 inson vafot etgan – 14 nafari o‘zbekistonlik. Mahalliy hokimiyat vaziyatni tartibga solish yo‘lida qo‘shimcha choralar qabul qilgan.

Qalbaki spirtli ichimlik ichgani ortidan jami 88 inson shifoxonaga yotqizilgan.

17 yanvarь holatiga ko‘ra, mahalliy hokimlik metanol bilan zaharlangan bu insonlarning 37 nafari hayotdan ko‘z yumganini ma’lum qilgan.

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ularning 14 nafari mamlakat vatandoshlari bo‘lganini bildirgan.

"Bosh konsulxona diplomatlari Istanbul shahridagi shifoxonalarning jonlantirish bo‘limlarida qalbaki spirtli ichimlikdan zaharlanish oqibatida davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar oldilar. Ularning 3 nafarining ahvoli og‘ir.

Bosh konsulxona barcha vafot etgan fuqarolarimizning yaqinlariga sabr, kasallarga shifo tilaydi", deyiladi 17 yanvarь kuni qoldirilgan rasmiy bayonotda.

Turkiya matbuotining xabar qilishicha, bemorlarning 29 nafari sun’iy nafas olish apparatiga ulangan holda davolanishda davom etmoqda.

Bir bemor davolanishdan bosh tortgani, yana ikki bemor esa kasalxonani ruxsatsiz tark etgani aytilmoqda.

Istanbul hokimligi soxta ichimlik ishlab chiqarish va sotilishining oldini olish maqsadida qo‘shimcha choralar qabul qilganini e’lon qilgan.

Birlamchi choralar o‘laroq spirtli ichimlik sotadigan do‘konlarda binoning butun qismini kuzatib turuvchi yuqori aniqlikdagi 24 soatlik kamera tizimini o‘rnatish va yozuvlarni 30 kun davomida saqlash majburiyati joriy etilgan.

Shuningdek, hokimlik nazorat guruhlari tomonidan 24 soatlik monitoring o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

1 yanvardan boshlab amalga oshirilgan operatsiyalar davomida 29 tonna qalbaki alkogol musodara qilingan, soxta yoki noqonuniy ichimlik sotgan 64 korxonaning litsenziyasi bekor qilinib, ular yopilgan.

Odamlar nega qalbaki aroq ichmoqda?

Mutaxassislarning taxminicha, bu Turkiyada yaqinda kuchli spirtli ichimliklar narxi oshganiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

24 dekabrь kuni e’lon qilingan prezident qarori bilan yuqori alkogolli ichimliklar uchun maxsus iste’mol solig‘i 13 foizga oshirilgan edi.

Ushbu o‘sish bilan 0,7 litrlik raki (Turkiya milliy spirtli ichimligi)ning narxi taxminan 1,000 turk lirasi ($28)ga yetgan.

Bu miqdorning 71 foizini soliqlar tashkil qiladi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, narxlarning oshishi uy sharoitida tayyorlangan ichimliklarga bo‘lgan qiziqishni oshirmoqda.

Metanoldan zaharlanish

Qalbaki spirtli ichimlik tufayli yuzaga keladigan o‘limlarning ko‘p qismi metanol bilan zaharlanish natijasida sodir bo‘ladi.

Metanolning juda oz miqdori ham doimiy sog‘liq muammolari va hattoki o‘limga olib kelishi mumkin.

"Qalbaki ichimliklar tarkibida metanol bo‘ladi. Metanol alkogol o‘rnida ishlatilishi yoki unga qo‘shilishi mumkin. Natijada ma’lum toksik ta’sirlar paydo bo‘ladi", deydi BBC bilan gaplashgan turkiyalik professor Pinar Erkeko‘g‘lu.

Metanolning ko‘plab toksik ta’sirlari mavjud, u doimiy ko‘rlikka ham olib kelishi mumkin.

Erkeko‘g‘lu soxta ichimlikni hididan yoki ko‘rinishidan aniqlashning iloji yo‘qligini aytadi.

"Metanol alkogolning o‘rnida ishlatilishi mumkin, chunki u arzonroq, topish qiyin emas va etanolga qaraganda sintezi tezroq, osonroq kechadi. Metanol ham, etanol ham tiniq va rangsiz suyuqliklar bo‘lgani uchun uni ko‘z bilan farqlashning iloji yo‘q".

BBC suhbatdoshi metanolning organizmga salbiy ta’siri insonning sezuvchanligiga qarab o‘zgarib turishini aytadi.

"Tanamizda metanolni parchalovchi fermentlar mavjud. Ushbu fermentlar har bir kishida turlicha ishlaydi. Ba’zi odamlarda 50 ml metanol iste’molidan so‘ng sog‘liqda muammolar boshlansa, boshqalarda esa bu miqdor 15-20 mlgachani tashkil qilishi mumkin. Ko‘pchilik shu miqdordan keyin o‘zini yomon his qila boshlaydi".

Professor Erkeko‘g‘lining tavsiyasiga ko‘ra, qalbaki spirtli ichimliklardan saqlanishning eng yaxshi yo‘li – ishonchli firmalarning mahsulotlarini tanlash, arzon ichimliklardan uzoq turish, faqat ishonchli joylarda ichish va uy sharoitida alkogolli ichimlik tayyorlash fikridan voz kechish.

"Faqat qalbaki emas, balki arzon ichimliklar ham tez-tez bosh og‘rig‘i va ko‘ngil aynishiga sabab bo‘ladi".