You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Qamchibek Tashievga 9 yillik qamoq jazosi so‘raldi - video
- Author, Sanjar Eraliev
- Role, bbc.com/uzbek
- Reporting from, Bishkek
- Published
- O'qilish vaqti: 3 daq
Qirg‘izistondagi eng shov-shuvli sud jarayonida prokurorlar Qamchibek Tashiev boshchiligidagi sakkiz nafar sobiq amaldorga 9 yillik qamoq jazosi tayinlashni so‘rashdi. Sobiq amaldorlar "hokimiyatni kuch bilan egallashga urinish" va "mansab vakolatini suiiste’mol qilish"da ayblanmoqda.
29 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sud jarayonida Tashievning advokati prokurorlarning uzoq muddatli qamoq jazosi talabini rad etgan. Boshqa ayblanuvchilarning advokatlari ham bu talabni noo‘rin deb baholashdi. Sud avvaliga yopiq tarzda boshlanib, keyin ochiq o‘tgan, ammo sudlanuvchilar iltimosiga ko‘ra, yana yopiq holda davom etmoqda.
BBC muxbiri prokurordan ish yuzasidan izoh so‘raganida, u qisqacha shunday javob berdi:
"Hukm chiqqach, o‘qiysizlar. Biz hech narsani ayta olmaymiz. Bilasizlar, sud yana yopiq o‘tmoqda".
Ayblanuvchilardan biri, parlamentning sobiq raisi Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li qo‘yilgan ayblarni "mantiqsiz", deya atadi. Uning advokati Latipbek Nuraliev ayblovlar asossiz ekani, ammo "yuqoridagi rahbariyat" prokurorlarga shunday ayblov aktini tayyorlatganini iddao qildi. Biroq kimni nazarda tutganiga aniqlik kiritmadi.
Ish bo‘yicha 20 ga yaqin guvoh so‘roq qilingan. Shuningdek, shaxsi sir saqlanayotgan uch nafar guvohning ko‘rsatmalari ham sudda o‘qib eshittirilgan.
Tashievning iste’fosi va "75chilar maktubi"
Qamchibek Tashiev prezident Sadir Japarovning yaqin siyosiy hamkori hisoblangan. U 2020 yil oxiridan 2026 yil boshiga qadar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi, shu bilan birga Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Joriy yilning 10 fevralida Tashiev kutilmaganda lavozimidan ozod etildi. Undan bir kun avval 75 nafar sobiq amaldor va siyosatchi muddatidan avval prezident saylovini o‘tkazish taklifi bilan davlat rahbariga va mamlakat parlamenti – Jogorku Keneshga murojaat yo‘llagan edi. Ushbu murojaat mualliflari Tashievga yaqin shaxslar sifatida tilga olingan.
Oradan ko‘p o‘tmay Tashievga aloqador, deb qaralgan bir qator amaldorlar lavozimidan ketdi, parlamentdagi o‘nga yaqin deputat esa mandatini topshirdi.
Militsiya 75 kishining murojaati oldindan rejalashtirilgan va qonunga zid harakatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, degan gumon bilan jinoyat ishini qo‘zg‘atgan. Bu orada Qamchibek Tashiev bir marta mamlakatni tark etib, keyin yana qaytib kelgan.
Prezident Sadir Japarov Tashievni ishdan bo‘shatish qarorini "davlat va xalq tinchligi uchun" qabul qilinganini aytgan. Keyinroq u milliy "Kabar" agentligiga bergan intervyusida: "Bir do‘stim ketsa, orqamda 7 milliondan ortiq do‘stim bor", - degan. Mahalliy media prezident bu gapi bilan Qirg‘iziston aholisini nazarda tutganini yozgan.
Tashiev faoliyatiga berilgan baholar
"75chilar maktubi" deb nom olgan ish doirasida beshta sobiq amaldor qamoqqa olingan. Qamchibek Tashiev, Nurlanbek Turg‘unbek o‘g‘li (parlamentning sobiq raisi) va Qurmanqul Zulushev (sobiq bosh prokuror) esa tilxat asosida ozodlikda yurib sudlanmoqda. Ularning barchasi o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni rad etishgan.
Mahalliy tahlilchilar 75 kishining murojaati ortidan Japarov va Tashievning besh yil davom etgan siyosiy tandemi barham topdi, deya baholashadi. Shu bilan birga, ikki siyosatchi hozirgacha bir-birini ochiq tanqid qilmagan.
Mintaqada eng ko‘p muhokama qilinayotgan ushbu ish bo‘yicha sud majlislari har seshanba kuni o‘tkazilyapti. Prezident Sadir Japarov "ishga sud nuqta qo‘yadi", deya bayonot bergan. Yuristlar hukm yaqin haftalarda e’lon qilinishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Qamchibek Tashiev rahbarlik qilgan besh yil davomida mamlakatda siyosiy tanqidchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilariga nisbatan ta’qib holatlari ko‘paygani haqida huquq himoyachilari bir necha bor bayonot bergan. Shu bilan birga, jamoatchilikning bir qismi aynan uning qat’iy siyosati korruptsiyaga qarshi kurashda muhim natijalar berganini ta’kidlaydi. Uning O‘zbekiston va Tojikiston bilan chegaralarni aniqlashdagi ishtiroki ham ijobiy baholanadi.
Biroq tadbirkorlar Tashiev rahbarligi davrida biznesga bosim kuchaygani va ayrim mulklar tortib olingani haqida ham shikoyat qilib kelmoqda.
Mart oyida Davlat soliq xizmati "Qirg‘izneftegaz"dagi ehtimoliy korruptsiya sxemalari bo‘yicha surishtiruv e’lon qilgan. Unda Tashiev va uning qarindoshlari bilan bog‘liq ekani aytilgan holatlar tufayli davlatga 3 milliard somdan ortiq zarar yetkazilgani iddao qilingan. Ushbu ish doirasida Qamchibek Tashievning ukasi Shairbek Tashiev qamoqqa olingan.