"Ular kelajakni yakson etishdi". Falastinliklar Quddusdan qanday quvilmoqda?

    • Author, Yoland Knell
    • Role, Quddusdagi Yaqin Sharq bo‘yicha muxbir
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Quddusning devor bilan o‘ralgan Eski shahri etagida buzilayotgan uy shovqini eshitiladi. Tepalikdan turib Isroilning yirik ekskavatori bir falastinlikning uyini buzayotganini kuzataman.

2023-yil oxiridan beri Silvon mahallasining al-Bo‘ston hududida 59 ga yaqin uy vayron qilindi. Dunyo e’tibori G‘azodagi, endilikda esa Eron va Livandagi urushga qaratilgan bir paytda, shaharning Isroil bosib olgan sharqiy qismida o‘z uylaridan quvib chiqarilayotgan falastinliklar soni keskin oshdi.

"Kelajak yo‘q. Ular kelajakni ham, boshqa hamma narsani ham yakson qildi", deydi 58 yoshli Fayoz Avad. Men uning oldiga borganimda, u o‘z uyining omon qolgan yagona qavatida o‘tirardi.

"Bu uyni qurish uchun butun umrimizni sarfladik. Hayotda erishganimiz faqat shu edi. Ular meni va farzandlarimni yana boshlang‘ich nuqtaga qaytarishdi".

Yahudiylar, nasroniylar va musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Quddus Isroil-Falastin mojarosi va bu yerlarga egalik da’volari markazida turibdi. Isroil 1967-yilgi Yaqin Sharq urushida Iordaniyadan G‘arbiy Sohilning qolgan qismi bilan birga shaharning sharqiy qismini, jumladan, muqaddas joylarini ham bosib olgan va keyinchalik uni anneksiya qilgan.

Taxminan 20 yildan beri Isroilning Quddus munitsipaliteti al-Bo‘stonni yahudiy kelgindilar tashkiloti boshqaradigan, Bibliyadagidek "Qirol bog‘i"ga aylantirish rejalarini amalga oshirmoqda. So‘nggi paytlarda bu yerdagi tor ko‘chalarda Isroil sudlari chiqargan buzish haqidagi qarorlar ijrosi tezlashdi.

Bosib olingan hududlarda aholi punktlarini qurish va aholini majburan ko‘chirish xalqaro huquqqa ko‘ra noqonuniy.

Quddus munitsipaliteti Bi-bi-siga bergan bayonotida "shahar aholisining barcha qatlamlari manfaati uchun" ishlayotganini va "ochiq jamoat joylari yetishmaydigan hududda bog‘ qurishni" rejalaganini aytdi.

Falastinliklar ta’kidlashicha, ular uchun Sharqiy Quddusda Isroildan qurilish ruxsatnomasini olish deyarli imkonsiz. Isroilning "Bimkom" inson huquqlari guruhiga ko‘ra, 2023 yilda Quddusda tasdiqlangan yangi uy-joylarning atigi 7 foizi shahar aholisining qariyb 40 foizini tashkil etuvchi falastinliklar uchun ajratilgan. Al-Bo‘ston aholisi aytishicha, ularning rejalashtirish bo‘yicha muqobil takliflarini mahalliy hokimiyat rad etgan.

Bugungi kunda bu yerdagi uylarning yarmi buzib tashlangan. Buzish haqida buyruq olgan ko‘plab aholi munitsipalitet soladigan va odatda o‘n minglab dollarni tashkil etuvchi katta xarajatlar va jarimalardan qochish uchun o‘z mulklarini o‘zlari buzishni afzal ko‘rmoqda.

"Yaqin oylarda qolgan uylarni ham buzishlari haqida ogohlantirishlar olyapmiz", deydi mahalliy faol Faxri Abu Diab. Uning uyi avvalroq buzib tashlangan, endi esa xotini ikkisini vayronalar yoniga o‘rnashtirgan vagonchadan ham haydab chiqarish bilan qo‘rqitishmoqda.

"Isroil bu masalaga nuqta qo‘yish uchun geosiyosiy vaziyatdan foydalanmoqda. Bu juda og‘ir va azobli, xalqaro hamjamiyat esa bizni yolg‘iz qoldirdi", deya davom etadi Abu Diab. "Munitsipalitet bizga qarshi buldozerlar urushini olib bormoqda".

Isroil G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda 700 ming yahudiy istiqomat qiladigan 160 ga yaqin aholi punktini qurgan.

Aksariyat isroilliklar butun Quddusni o‘zlarining yagona poytaxti deb bilishsa, falastinliklar shaharning sharqiy qismi o‘zlari umid qilayotgan kelajakdagi mustaqil davlatning poytaxti bo‘lishini istaydi. Isroilning hozirgi hukumati Falastin davlatchiligi g‘oyasini "dafn etish"ga va’da bergan va shu yo‘nalishda choralar ko‘rmoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 200 ga yaqin falastinlik xonadon – taxminan 900 kishini ko‘chirtirishni talab qilib, asosan kelgindi yahudiylar Isroil sudlariga murojaat qilgan.

Isroil 1948-yilda davlat tuzilishidan oldin yahudiylarga tegishli bo‘lgan mulklarni tortib olishga imkon beruvchi qonunlardan foydalanadi va shu tariqa kelgindilarning ko‘chib kelishiga sharoit yaratadi. Ayni damda bu jarayon al-Bo‘ston yaqinidagi Silvonning Batn al-Hava deb nomlangan boshqa bir qismida sodir bo‘lmoqda. U yerda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan falastinlik oilalar endi "noqonuniy bosqinchilar" deb hisoblanmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Isroil qonunchiligi falastinliklarga Isroil hududida o‘zlariga tarixan tegishli bo‘lgan mulklarni qaytarib olishga ruxsat bermaydi.

Silvonning asosiy muqaddas maskan – musulmonlar uchun Haram ash-Sharif, yahudiylar uchun esa Ma’bad tog‘i deb nomlangan al-Aqso masjidi majmuasiga yaqin joylashgani uning Isroil hukumati va kelgindi guruhlar uchun ahamiyatini belgilaydi. Bu joy iudaizmda eng muqaddas, islomda esa uchinchi muqaddas qadamjo hisoblanadi.

"Silvon "Dovud shahri" deb atalgan juda muhim yerda joylashgan", deydi Isroilning kelgindi yahudiy manzilgohlariga qarshi kurashuvchi Peace Now nodavlat tashkiloti xodimi Yonatan Mizrahi Isroil arxeologik loyihasiga ishora qilib. Amalga oshirilayotgan "rejaning bir qismi yahudiy rivoyatiga, yahudiylarning bu zaminga mansubligiga urg‘u beruvchi sayyohlik hududini yaratishdan iborat".

"Biz kelgindilar ko‘payayotganini va, afsuski, tobora ko‘proq falastinliklarning bu yerni tark etishga majbur bo‘layotganini ko‘ryapmiz".

Eski shaharning nasroniy va musulmonlar dahalarida Isroil bayroqlari hozirda kelgindilar yashayotgan binolarni belgilab turibdi. Shunday bayroqlardan biri yana bir shov-shuvli ko‘chirish ishi bilan bog‘liq diniy-millatchi yahudiy maktabi – yeshiva yoniga o‘rnatilgan.

Bu yerda XX-asr boshlarida tashkil etilgan asl yeshiva 1929-yilda Britaniya mandati davridagi yirik mazhablararo to‘qnashuvlar paytida tashlab ketilgan. Ammo falastinlik musulmon qorovul Muhammad Basha Abdulg‘ani binoning bir qismida yashashiga ruxsat berilgani evaziga uni omon saqlab qolgan.

Endi Isroil Adliya vazirligining bir bo‘limi ochgan ish bo‘yicha Quddus sudlari Basha oilasining qolgan o‘nlab a’zolari (ularning aksariyati keksalar) bu yerdan ketishi kerak, degan qarorga keldi. Hozirgi yeshiva o‘z o‘quvchilari uchun qo‘shimcha joy kerakligini da’vo qilmoqda.

"Endi nima qilamiz?", deydi Abdulg‘anining 76 yoshli o‘g‘li Mufid Basha o‘zining kichkinagina xonadonida. "Bizning boradigan boshqa joyimiz yo‘q. Bu yagona boshpanamiz".

U Isroil Sharqiy Quddusni egallaganidan so‘ng otasi daxlsiz tarixiy yeshiva kalitini topshirganida uni qanday olqishlashganini eslaydi. Ichkaridan minglab diniy matnlar topilgan edi.

"Otam kitoblarni ham, binoni ham – hammasini qanday bo‘lsa, shunday saqlagan", deydi Mufid Basha. "Bizga berilgan "sovg‘a" esa shu bo‘ldi!"

Hozirgi yeshivaning ravvini esa Bi-bi-siga izoh berishdan bosh tortdi.

Yaqinda Quddus okrug sudi Basha oilasini ko‘chirishni vaqtincha taqiqlovchi buyruq chiqardi va hozirda ularning apellyatsiya bo‘yicha so‘rovini ko‘rib chiqmoqda.

Falastinliklar Sharqiy Quddusdagi uylaridan majburan chiqarib yuborilish xavfiga duch kelayotgan bir paytda, shahar ichida ular ko‘chib o‘tishi uchun joy tanqis.

"Bimkom" tashkilotining yaqinda e’lon qilgan hisobotida, 2018-yilda Sharqiy Quddusda joriy etilgan yerni ro‘yxatga olishning yangi tartibi yerlarni olib qo‘yish va falastinliklarni siqib chiqarish uchun qo‘l kelayotgani ta’kidlangan.

"Bugun Quddusdagi falastinliklar o‘zlarini hatto o‘z uylarida ham xavfsiz his qilmasliklarini bilishadi", deydi Isroilning yahudiy kelgindi manzilgohlariga qarshi kurashuvchi boshqa bir nodavlat tashkiloti "Ir Amim" tadqiqotchisi Aviv Tatarskiy. Bu guruh Quddus isroilliklar va falastinliklar uchun umumiy shahar bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi.

"Isroil hukumati uchun hech qanday cheklov qolmadi", deb davom etadi Tatarskiy. "Ular shaharda yahudiylar ustunligini mustahkamlashga shoshilmoqda, ular falastinliklarning huquqlariga va hatto ularning Quddusda mavjudligiga ham toqat qilmaydi".

So‘nggi haftalarda Quddus tuman rejalashtiruvchilari Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarroh mahallasiga kiraverishda ulkan ultra-ortodoks yeshivasini qurish bo‘yicha uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan va o‘ta bahsli loyihani ma’qulladi.

So‘nggi haftalarda Quddus tuman rejalashtiruvchilari Sharqiy Quddusdagi Shayx Jarroh mahallasiga kiraverishda ulkan ultra-ortodoks yeshivasini qurish bo‘yicha uzoq vaqtdan beri kechiktirilgan va o‘ta bahsli loyihani ma’qulladi.

Isroil hukumati, shuningdek, Eski shahar ichida, al-Aqso masjidi majmuasi yoki Ma’bad tog‘iga kirish yo‘lidagi Zanjirli darvoza yaqinida falastinliklarga tegishli o‘nlab mulklarni musodara qilish masalasini o‘rganish uchun idoralararo guruh tuzdi.

Al-Bo‘ston mahallasiga qaytib, xorijiy diplomatlar ishtirokidagi sayohatga qo‘shildim. Mahalliy falastinliklar xalqaro hamjamiyatni xalqaro huquqni himoya qilishga va ularga o‘z uylarida qolishga yordam berishga chaqirmoqda.

Yevropa Ittifoqi yaqinda Sharqiy Quddusdagi va, xususan, Silvandagi vaziyatni "o‘ta og‘ir" deb baholagan bayonotni e’lon qildi.

"Yevropa Ittifoqi Isroilning aholi punktlari siyosati va faoliyatiga qat’iy qarshi ekanini yana bir bor ta’kidlaydi", deyiladi unda.

Diplomatlar bilan so‘nggi uchrashuv to‘shakka mixlanib qolgan 97 yoshli Yusra Qvayder xonadonida bo‘ldi. Uning oilasi 1948-yilda Yaffadan qochgan, shundan beri uch marta ko‘chirilgan. Endi esa uning ellik yildan beri yashab kelayotgan uyiga ko‘chirish haqida bildirishnoma kelgan.

"Ular bizni bu yerdan haydab chiqarmoqchi", deydi Yusra menga. "Men kasalman, yura olmayman. Umidimiz Xudodan".