Rossiya–Ukraina urushi: 'Agar Ukraina yonsa, Moskva ham yonadi'mi?

    • Author, Laura Gotstsi
  • Published
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Moskva urush boshlanganidan beri eng yirik Ukraina hujumiga uchradi. Rossiya poytaxti atrofidagi nishonlarga qariyb 200 ta dron zarba berib, osmonga qalin tutun ustunlari ko‘tarildi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma’lum qilishicha, hujum oqibatida 17 kishi yaralangan.

Rossiya Mudofaa vazirligiga ko‘ra, bir sutka davomida mamlakat bo‘ylab qariyb 1000 ta dron va Ukrainaga tegishli to‘rtta qanotli raketa tutib qolingan va yo‘q qilingan. Janubdagi Rostov viloyatida neft omboriga zarba berilib, bir kishi halok bo‘lgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiev yana Moskva viloyatiga «uzoq masofali sanksiyalar» qo‘llaganini aytdi. Bu ibora Ukraina tomonidan Rossiya hududiga uzoq masofadan berilgan zarbalarni anglatadi.

"Bu urushni tugatish vaqti keldi va Rossiya diplomatiya yo‘lida zarur qadamlarni tashlashi kerak", — dedi u.

Uning aytishicha, keng ko‘lamli dron hujumi o‘tgan hafta Rossiyaning Kievga qilgan zarbasiga javob bo‘lgan. O‘shanda shaharning muhim diniy obidalaridan biri yong‘in ichida qolgan edi.

"Biz bu urushni xohlamaymiz va hech qachon xohlamaganmiz", — dedi Volodimir Zelenskiy.

"Agar Ukraina yonsa, Moskva ham yonadi".

Moskva janubi-sharqidagi Kapotnya neftni qayta ishlash zavodiga bir oy ichida uchinchi, bir hafta ichida esa ikkinchi marta zarba berilgach, yong‘inlar kelib chiqqan va osmonni qora tutun qoplagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ko‘plab videolarda kuchli portlash ta’sirida yirik neft saqlash rezervuarlaridan birining qopqog‘i o‘nlab metr balandlikka uchib ketganini ko‘rish mumkin.

Xabarlarga ko‘ra, dron qoldiqlari binoga tushganidan keyin yaqin atrofdagi savdo markazida ham yong‘in chiqqan. Bir nechta ko‘p qavatli turar joy binolari evakuatsiya qilingan.

Moskvadagi to‘rtta aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, 500 dan ortiq reys bekor qilingan yoki kechiktirilgan.

Rossiyaning turli hududlarida mahalliy hokimiyatlar dron hujumlaridan keyingi oqibatlar aks etgan tasvirlarni e’lon qilishni taqiqlagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda kunduzi osmonda uchayotgan dronlar va Moskva chekkasidagi sanoat hududlaridagi portlashlarni aks ettiruvchi o‘nlab videolar tarqatildi.

Moskva Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlaganiga to‘rt yarim yil bo‘ldi. Ukraina frontidagi mashaqqatli urush esa ko‘plab oddiy rossiyaliklarning nazaridan chetda davom etmoqda.

Kievning Rossiya bo‘ylab, jumladan Moskva va Sankt-Peterburgdagi nishonlarga uzoq masofadan bergan zarbalari Zelenskiyning urush oqibatlarini rossiyaliklarning o‘ziga ham his qildirish maqsadini ko‘rsatadi.

Moskvaga dron hujumlari Kievning uzoq masofaga zarba berish imkoniyatlari oshgani sari tez-tez takrorlanmoqda. Ukraina dronlari Rossiya poytaxtiga birinchi marta 2023 yil bahorida yetib borgan. O‘shanda hujumlarda odatda bir nechta dron ishlatilgan, xolos.

Shundan buyon Moskva atrofida kuchli havo mudofaa tizimlari o‘rnatildi. Biroq Ukraina hujumlarda qo‘llayotgan dronlar soni ham keskin oshdi va ularning ayrimlari ushbu mudofaa tizimlarini yorib o‘tmoqda.

Kiev bergan ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya ham bir kechada Ukrainaga 200 dan ortiq dron va bir nechta ballistik raketa uchirgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin hozir Qozonda Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokidagi sammitda qatnashmoqda. U Moskvaga qilingan keng ko‘lamli hujum haqida hozircha izoh bermagan.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiga X tarmog‘ida shunday deb yozdi:

"Bugun ertalab moskvaliklar eng ko‘p berayotgan savollardan biri: 'Nima bo‘lyapti?'"

"Men bunga javob bera olaman. Mamlakatingiz bizning mamlakatimizga qarshi bosqinchilik urushi boshlagan. Bu urush yillar davomida odamlarimizning hayotiga zomin bo‘lib kelmoqda", - deb yozdi Sibiga.

"Endi nima bo‘layotganini bilganingizdan keyin, Putindan bu urushni qachon tugatmoqchiligini so‘rang."