Gaz yo'q, elektr qimmat. Odamlar qishdan qanday chiqmoqchi?

tappi
Сурат тагсўзи, Tappi qishloq joylarda qishdan eson-omon chiqish uchun asosiy vosita bo'lib qolmoqda
    • Author, Yulduz Abdurashidova
    • Role, Samarqand viloyati
  • Published
  • Ўқилиш вақти: 4 дақ

O‘zbekistonda kunlar sovib, ayrim tog‘larga qor yog‘di. O'zgidromet ham sovuq ob-havo kuzatilishini prognoz qilgan. Odamlarning qish oldi tashvishi ikki karra ortgan: oziq-ovqat zaxiralash kerak, ko'mir, tappi, o'tinni to'plash lozim, shahardagilar gaz quvurlari bilan bog'liq muammolarini to'g'irlashi kerak. Gazga ishonish qiyin, ko'p joylarda elektr energiyasi ham sal yomg'ir ko'proq yog'ib yuborsa o'chib qoladigan sharoitda qishdan sog'-salomat chiqish qiyin, axir.

Bi-bi-si o'zbekistonliklar qishda uyini isitish uchun nimalar qilayotgani bilan qiziqdi.

Aloqador mavzular:

"Gaz bor, ozgina o'tin olamiz, gazni o'zi isitmagan paytlar o'tin qo'shib yoqamiz. Ovqat uchun 500 ming so'mga gaz balon sotib oldik, mahallaniki emas. Bazida elektr pechda ovqat qilamiz, uy isitamiz. Gohida konditsionerdan foydalanamiz. O'tgan yili qish biroz iliq kelishiga qaramasdan juda qiyin o'tdik, o'tin yetmadi, gaz past, ko'mir yoqishdan qo'rdik: yosh bolamiz bor zaharlanib qolmaylik deb. Eski kiyim-kechaklarimizni yoqdik", deydi samarqandlik ikki farzandning onasi Go'zal.

perashki

Sovuq kunlarda yosh bolasi bor oilalar ikki karra qiynalishadi. Qishloqda tabiiy gaz yetib bormaganlarning joniga oro kiradigan yagona yoqilg'ilar bu tappi, ko'mir va hovlisidagi mevali daraxt. Ruxsora ismli suhbatdoshimning so'zlariga ko'ra, qishloqqa gaz olib kelishgani bilan qishda aytarli darajada yonmaydi.

O'tin

"Bizda har yili qaysi gaz manbaiga ulash muammo bo'ladi. Million pul sarflab gaz ulaymiz. Lekin afsuski qishda umid qilganimizdek gaz baland yonmaydi. Kunlar isigan mahalda 1-2 soat yonganini aytmaganda, qolgan vaqt o'tin yoqamiz, elektr pechlardan foydalanamiz. Gaz olib kelish uchun sarflanadigan pullarga o'tin va oziq-ovqat qilish foydali. Tappi-tezaklar ham yoqadi qo'shnilar, ammo men o'tin yoqishni afzal ko'raman", deydi u.

Iqtibos

O'zim ham oddiy qishloqda tug'ilib o'sganman. Biz tuman markazidan uncha uzoqda yashamasakda qishlog'imizda gaz yo'q. O'qishdan uyga qaytganimda albatta dimog'imga goh tappining, goh ko'mir va tutunning hidi urilardi. 7-8 yil avval akam qishdan ammallab chiqishimiz uchun sovuqda o'tin topib kelardi. Onam ikkimiz esa tappi qilardik. Ba'zida qo'shnimiz bilan tut kesib kelgani uchun ortidan militsiya izlab kelgani ham yodimda.

Hozir ahvol ancha o'zgargan, elektr energiyasi orqali isitish yo'lga qo'yilgan edi. Albatta ayrim joylarda transformator va simyog'ochlar eski hamda bosim bilan ishlashini aytmaganda.

tandir

Hozir tut, saksovulni yashirincha kesib kelishga hojat qolmagan. Biroq onam va yangam to bahorning issiq kunidan boshlab kuzning sovuq nafasi boshlangunga qadar tappi qilish an'anasiga sodiq. Ular aprel va may oyida qishda yig'ilgan go'ngni ivitib tappi qilishadi, tezakka ajratadi. Chunki ham arzon, ham ishonchli zaxira bu. Ayrim qishloqdoshlarim esa ko'mirning maydalanganini ivitib, yumaloqlaydi. Qishda yoqish qulay bo'lishi uchun.

"Ona qishlog'imda har yili yangi yilgacha gaz bo'lib turadi. Undan keyin o'tin ko'mir yoqishadi. Elektr bosimi pasayib ketgani sabab qishda tok pechkalarga isimaydi uylar. Gaz bo'lsa mazza, gaz quvurlari qaynoqqina bo'lib turadi", deydi Facebook foydalanuvchisi Dilya Karimova.

Pechka

O'zbekistonda 1-maydan boshlab elektr va gaz uchun tariflar oshirildi, energiya iste'moli uchun ijtimoiy normalar joriy etildi. Endi tadbirkorlarning ham oddiy odamlarning ham elektr uchun to'lovi avvalgilariga nisbatan ikki barobar yuqori. Oddiy aholi elektr va gaz narxi qimmatlashganidan xavotirda.

Qishloqlardagi aksariyat odamlarning aytishicha, ular tappi, ko'mir muammolaridan charchab uylarini elektr bilan isitishni qulay va oson deb hisoblashadi, shahardagilarning ham ayrimlari elektr energiyasi bilan uyni isitishga moslashgan edi, ammo bu yil hammasi biroz o'zgaradigandek. Facebook ijtimoiy tarmog'ida qishda uyni isitish rejalari bog'liq savolimga quyidagicha izohlar qoldirildi.

"Bu yil gazni ham svetni ham narxi baland. O'tin yoqadigan davrga kelib qoldik menimcha", deb yozgan Facebook'da qoldirgan savolim izohiga Xoliqova Xurshida ismli foydalanuvchi.

"Elektr energiyadan foydalanardik endi o'tin, ko'mir yoqsak kerak", deydi Munojat Ergasheva.

"Shahar qishloq barobar bo'lib qolgan. Qishloq tugul shaharda ham pechka yoqadiganlar bor", yozdi Fotima Adilova.

non

"Shaharni o'rtasida turamiz, qishloq joylar bizdan yaxshi hozir. Tok bilan isitamiz hozir qishda. Bu yil hayronmiz nima qilamiz. O'tgan ikki yilda elektr ko'p o'chmadi", dedi Madina Mahmudova.

"Uyimdagilar ko'mir, o'tin g'amlab qo'yishadi, keyin uzoq vaqtda bir keladigan suyultirilgan gazdan foydalanadi, tabiiy gaz 25 yildan beri yo'q", ta'kidladi Dina Ilhamovna.

"Qishloqni qoʻyaturing men shaharni markazida turib oʻtin koʻmir yoqaman. Qishda gaz yoʻqolib qoladi bilmadim qarindoshlarinikiga ketvoradimi", deydi Holaa Qumri.

Energiya tariflari bilan bogʻliq muammo ayniqsa tabiiy gaz yetib bormagan joylarda dolzarb. Chunki qishda elektr energiyasiga ehtiyoj yuqori. Choy ham, ovqat ham elektr pechlarda tayyorlanadi. Ko'pchilik ta'riflar oshirilgan vaqt qishki mavsumda elektr energiya uchun ko'proq imtiyoz berilishini so'ragandi.

Hukumat qabul qilgan qarorga ko'ra, isitish mavsumida (noyabr - fevral oylarida) ehtiyojmand oilalarga noyabr oyida 270 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam oʻtkazib beriladi.

"Tuman markazida yashayman. Hozir kechasiga konditsioner yoqishni boshladik. Sovuq boshlansa, "otopleniya" bor: gaz, tok, oʻtin-koʻmirga ham ishlaydi. Tok boʻlsa boʻldi. Suvi elektrga aylanadi", deydi Nargiza Bo'stonova.

Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi "Mustaqillikning 25 yilligi" gaz konida zaharli vodorod sulfid gazi sizib chiqishi ayrim insonlarni havotiriga havotir qo'shgan.

"Bu yil shaharlarda ham gaz bo'lishi qiyin masala bo'lib qolmasa. Boysunda qancha gaz havoga uchib ketdi" deya yozib qoldirgan Dilya Karimova Facebook sahifasida.

Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002