"O‘zbekistonda konvertatsiya yo‘qligidan manfaatdor guruhlar bor"

Kutilgan kun keldimi? Bu surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda
Сурат тагсўзи, Kutilgan kun keldimi? Bu surat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda
Published

O‘zbekiston qora bozorida dollar besh ming so‘mga chiqib ketgan. Ayni damga kelib dollar narxi biroz tashlagan bo‘lsa-da, kuzatuvchilar uning bahosi 5,5 ming so‘mga chiqishini taxmin qilishmoqda.

O‘zbekistonda erkin konvertatsiyaning yo‘qligi qora bozor shakllanishiga asosiy sabab qilib ko‘rsatiladi.

17 may kuni O‘zbekiston qora bozorida haqiqiy qora kun bo‘lgani aytilmoqda.

Dollar narxi bir vaqtning o‘zida 500 so‘mga qimmatlab 5000 so‘mga ko‘tarilib ketdi.

Dollar ortishi ortidan shu onning o‘zidayoq chetdan keladigan tovarlarning narxi ko‘tarildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr qoldirgan foydalanuvchi muzlatgich sotib olganini, dollar ko‘tarilishi ortidan 185 ming so‘m qimmatiga sarflashiga to‘g‘ri kelganini yozdi.

Jurnalist Sanjar Said dollarning ortishiga e‘tibor qaratib blogpost yozdi.

Bloggerning izlanishiga ko‘ra, O‘zbekistonda konvertatsiya yopilgan 1994 yildan boshlab davlat kursi va qora bozor kursi o‘rtasida farq ikki barobar bo‘lib kelgan.

"1995 yilning 14 iyulida dollarning rasmiy kursi 26 so‘m 50 tiyin bo‘lgan, "ko‘mir bozor"da esa 1 shaytonqog‘oz 47-49 so‘m atrofida baholangan", - deydi blogger.

Unga ko‘ra, dollar 20 yilning ichida qariyb 100 barobarga qimmatlagan

O‘zbekiston dollarning davlat, birja va qora bozor kursi mavjud bo‘lgan kam sonli davlatlar sirasiga kiradi.

90 yillarda iqtisodiy jihatdan qiyin vaziyatni boshdan kechirayotgan hukumat dollarning erkin ayirboshlanishini cheklab qo‘ydi.

O‘sha vaqtida bunday amal mashaqqatli mehnat evaziga qo‘lga kiritilayotgan xorijiy valyutaning chetga oson yo‘llar bilan chiqib ketmasligi oldini olish bilan izohlandi.

O‘zbekistonda korruptsiyadan xoli bo‘lgan soha borligiga ishonadiganlar kam
Сурат тагсўзи, O‘zbekistonda korruptsiyadan xoli bo‘lgan soha borligiga ishonadiganlar kam

Hukumatdagilarga ko‘ra, davlat kursidagi dollar mamlakatga strategik muhim tovarlar olib kiruvchi ma‘lum odamlargagina berilishi iqtisodni qutqarib qolishga kafil bo‘ladi.

Lekin bugungi kunda ushbu imtiyozdan bir guruh odamlarga katta foyda bo‘lmoqda, deydi Toshkentdan mustaqil jurnalist Sergey Yejkov.

"Menimcha, bundan foydalanayotgan bir guruh odamlarga imtiyoz bo‘lmoqda. Bundan tashqari ma‘lum barqarorlik va iqtisodiy o‘sishni ta‘minlash uchun mamlakat iqtisodi uchun ham foyda bo‘lmoqda", - deydi Sergey Yejkov.

Ushbu imtiyozdan foydalanayotgan bir guruh odamlar 20 yildan beri O‘zbekistonga birlamchi oziq ovqat mahsulotlarini olib kirish bilan shug‘ullanadi.

Oddiy shakarni olib kelgan tadbirkor, uni mahalliy bozorda so‘mda sotadi. Biroq ushbu mahsulot strategik ahamiyatga ega bo‘lgani uchun, kelgan so‘mlarni davlat kursida dollarga aylantiradi.

Lekin ushbu mahsulotlarning narxlari monopoliya sabab boshqa davlatlar bilan solishtirganda qimmat.

Natijada bunday imtiyozga ega bo‘lgan bir guruh odamlarning 20 yil ichida juda katta boylikka ega bo‘lgan, deydi Toshkentdan Jahongir Shosalimov.

"O‘zbekiston hukumati pul emissiya siyosati orqali qonuniylashtirilgan o‘g‘rilik, qonuniylashtirilgan bosqinchilik siyosati olib boryapti. 1994 yilning 1 iyunida o‘zbek so‘mi muomalaga kiritilgan bo‘lsa, qariyb shuncha yildan beri konvertatsiya yo‘q", - deydi Jahongir Shosalimov.

Valyutaning erkin konvertatsiya qilinishi bozor iqtisodiyotiga qo‘yilgan jiddiy qadamligi ta‘kidlanadi. Biroq sho‘rolarning iqtisod yuritish uslubini meros qilib olgan O‘zbekiston erkin konvertatsiya borasida jiddiy o‘ylab ko‘rmayapti.

Bir vaqtlar valyuta ayirboshlashning cheklanganligi mamlakatda iqtisodiy barqarorlikni ushlab turish uchun amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ushbu amal hukumatga yaqin doiraning yengil pul topish manba‘iga aylandi.

Jurnalist Aleksey Volosevich imtiyozli dollar olishga imkoni bor qatlam havodan pul qilayotganini aytadi.

"O‘zbekistonda buning hammasi bir-biri bilan qarindoshlik va quda-andachilik bilan bog‘langan hokimiyat tepasida turgan shaxslarga borib taqaladi. Ularda arzon dollar olish imkoniyati bor va birortasi ham vaziyatning o‘zgarishiga yon bosmaydi", - deydi Aleksey Volosevich.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio