Toshkentning "Abu Saxiy" bozorida "tekshiruvlar boshlangan"

"Abu Sahiy"
Published

Toshkentdan kelayotgan xabarlarga ko'ra, soliq idoralari poytaxtning yirik ulgurji bozori "Abu Saxiy"ning moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirishni boshlagan.

Sputnik agentligining O'zbekiston kuch tizimlaridagi manbadan iqtibos keltirishicha, tekshiruvlar bozorda valyuta qonunchiligining buzilayotgani, mahsulotlar O'zbekistonga bojxona qonunchiligini chetlagan holda olib kelinayotgani va ularning savdosidan soliq to'lanmayotgani haqidagi ma'lumotlar ortidan boshlangan.

Agentlik manbasining qayd etishicha, bu kabi ma'lumotlar "so'nggi bir necha yil mobaynida "josuslik tarmoqlari" orqali etib kelgan.

Ammo BBCning "Abu Saxiy"ga yaqin manbasi tekshiruvlar boshlanganini rad etdi.

Uning aytishicha, bozor bugun ochiq va odatdagidek faoliyat ko'rsatmoqda.

"Abu Saxiy" marhum prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning turmush o'rtog'i Temur Tillaevga tegishli deb ishoniladi.

2013 yilda Lola Karimova-Tillaeva bilan opasi Gulnora Karimova o'rtasidagi kelishmovchilik matbuotga sizgan payt ham "Abu Saxiy" da tekshiruvlar boshlangani haqida xabarlar olingan, ammo bozor o'z faoliyatini davom ettirgandi.

Lola Karimova-Tillaeva

Сурат манбаси, Lola Karimova-Tillaeva

Сурат тагсўзи, Temur Tillaev qaynotasining janozasida ko'rinmagan

2013 yilda BBCga gapirgan Karimova-Tillaeva xonim turmush o'rtog'ining o'z biznes manfaatlariga ega ekanini e'tirof etgan, ammo uning davlat tenderlari va soliq imtiyozlariga aloqasi yo'qligini ta'kidlagan

"Uning biznesi soliqlar yoki qandaydir bojxona to'lovlaridan soqit qilinuvchi davlat imtiyozlariga ega emas, va O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa shirkatlardan farqli o'laroq, monopoliya emasdir. Mening turmush o'rtog'imning biznesi to'laligicha xususiy mablag' va sarmoyalarga qurilgan, va boshidanoq uning o'zi shu shirkatga asos solgan. Uning biznesining hech qachon mening qarindoshlarim bilan bog'lig'lik joyi bo'lmagan", deb aytgan Lola Karimova-Tillaeva xonim.

U 29 avgust kuni Instagram dagi sahifasida otasining kasalligi haqidagi xabariga turmush o'rtog'i Temur Tillaev ham bo'lgan oilaviy suratni ilova qilgan.

Ammo janob Tillaev qaynotasining Samarqanddagi dafn marosimida ko'rinmagan.

Shuningdek, marosimda marhum prezidentning to'ng'ich qizi Gulnora Karimova hamda nabiralari ham ishtirok etmagan.

BBC manbasining aytishicha, Temur Tillaev Toshkentni Islom Karimovning vafoti rasman e'lon qilinishidan avval tark etgan.

•◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•◾ Instagram - BBC UZBEK

•◾ Twitter - BBC UZBEK

•◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾ Facebook - BBC UZBEK

•◾ Google+ - BBC UZBEK

•◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾ Skype - bbcuzbekradio

•◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring