Paxta dalalaridan ommaviy tadbirlargacha: O‘zbekistonda majburiy mehnat haqidagi bahslar nega yana qaytdi?

Khivada odamlar o'tiripti

Surat manbasi, Getty Images

Published
O'qilish vaqti: 3 daq

O‘zbekiston bir necha yil avval xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan muhim yutuqqa erishdi. Mamlakat paxta yig‘im-terimi bilan bog‘liq tizimli majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etishga muvaffaq bo‘ldi. Xalqaro Mehnat Tashkiloti va boshqa kuzatuvchilar bu islohotlarni ijobiy baholagan, natijada yillar davom etgan "o‘zbek paxtasi boykoti" ham bekor qilingan edi.

Ammo so‘nggi kunlarda Samarqand va Andijonda yuz bergan ikki hodisa ijtimoiy tarmoqlarda yangi savollarni o‘rtaga tashladi. Bu voqealar majburiy mehnat muammosi to‘liq ortda qoldimi yoki uning ayrim ko‘rinishlari hanuz boshqaruv amaliyotida saqlanib qolganmi, degan muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Samarqanddagi tashabbus nega bahsga saba bo‘ldi?

Bahs Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboevning oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan uchrashuvidagi taklifidan boshlandi.

Viloyat rahbari universitetlarga shahardagi ayrim ko‘chalarni biriktirish, professor-o‘qituvchilar esa bu hududlarni muntazam kuzatib borishini taklif qildi.

"Hamma OTMga bittadan, ikkitadan, uchtadan ko‘cha beramiz. Sizlar o‘sha ko‘chaning egasi bo‘lasizlar. Har kuni ertalab bitta o‘qituvchi aylanib keladi o‘sha ko‘chani", — degan edi hokim.

Mazkur bayonot tarqalishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlar kuchaydi. Ko‘plab foydalanuvchilar ko‘chalar holatini nazorat qilish, daraxtlarni kuzatish yoki obodonlashtirish bilan bog‘liq vazifalar pedagoglarning emas, kommunal xizmatlarning mas’uliyati ekanini ta’kidladi.

Ko‘p o‘tmay Davlat mehnat inspektsiyasi ham masalaga munosabat bildirdi. Idora amaldagi qonunchilikka ko‘ra pedagog xodimlarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanganini eslatib, Samarqand viloyati hokimiga rasmiy ogohlantirish yuborilganini ma’lum qildi. Inspektsiya bunday tashabbus amalda qo‘llansa, majburiy mehnat holatlariga sabab bo‘lishi mumkinligini qayd etdi.

Hokimlik nima deydi?

Jamoatchilikdagi munozaralardan so'ng Samarqand viloyati hokimligi rasmiy izoh berdi.

Unda qayd etilishicha, tashabbusning maqsadi talaba yoki o'qituvchilarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni yo'nalishlaridagi olimlar hamda talabalar ilmiy salohiyatidan foydalanishdan iborat.

Hokimlikka ko'ra, yosh tadqiqotchilar va professor-o'qituvchilar daraxtlarni kuzatish, kasalliklarni aniqlash va tavsiyalar ishlab chiqish bilan shug'ullanishi mumkin, barcha agrotexnik va jismoniy ishlar esa kommunal xizmatlar tomonidan bajariladi. Shuningdek, idora har qanday tashabbus qonunchilik doirasida amalga oshirilishi va majburiy mehnatga yo'l qo'yilmasligini ta'kidlagan.

Shunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlardagi bahslar to'xtamadi. Muhokamalarda asosiy e'tibor tashabbusning mazmunidan ko'ra, uning ta'lim tizimiga aloqadorligi masalasiga qaratildi.

Andijondagi fojia

Majburiy safarbarlik haqidagi bahslar davom etayotgan bir paytda Andijonda yana bir voqea jamoatchilik e’tiborini tortdi.

"Andijon polkasi" raqsi bilan bog‘liq yirik tadbirga tayyorgarlik ko‘rayotgan maktab o‘quvchilari yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Oqibatda bir nafar o‘quvchi vafot etdi.

Viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, tadbir ishtirokchilari uchun maxsus avtobus ajratilgan bo‘lgan. Biroq ayrim o‘quvchilar o‘z tashabbusi bilan Damas avtomobilida yo‘lga chiqqan va transport vositasi yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Natijada bir o‘quvchi halok bo‘lgan, boshqalari shifoxonaga yotqizilgan.

Rasmiy izohlar hodisa tafsilotlariga qaratilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar boshqa masalani kun tartibiga olib chiqdi. Foydalanuvchilar bolalar ommaviy tadbirlarga jalb etilganda ularning xavfsizligi uchun mas’uliyat kimning zimmasida bo‘lishi kerakligi haqida savollar berdi.

Aynan mana shu jihat voqeani oddiy YTHdan kengroq jamoatchilik muhokamasiga aylantirdi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Eski muammo, yangi shakllar

O‘zbekistonda majburiy mehnat mavzusi jamiyat uchun alohida sezgir masala hisoblanadi.

Buning sababi mamlakatning yaqin tarixida yotadi. Paxta kampaniyalari davrida o‘quvchilar, talabalar, o‘qituvchilar va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarining safarbar qilinishi ko‘p yillar davomida tanqid qilingan edi.

Shu bois ta’lim xodimlari yoki bolalar davlat va mahalliy hokimiyat tashabbuslarida ishtirok etadigan har qanday holat jamoatchilik tomonidan alohida e’tibor bilan kuzatiladi.

Bu bejiz emas. So‘nggi yillarda ham o‘qituvchilarni obodonlashtirish, ta’mirlash yoki boshqa ishlarga jalb qilish bo‘yicha turli hududlardan xabarlar chiqib turibdi. Ayrim holatlarda tekshiruvlar o‘tkazilib, mansabdor shaxslarga nisbatan choralar qo‘llangan.

Kun.uz tomonidan 2025 yilda e’lon qilingan surishtiruvda ham o‘qituvchilarning ta’til vaqtida obodonlashtirish va ta’mirlash ishlariga jalb qilinayotgani haqida murojaatlar keltirilgan edi. Suhbatda qatnashgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi vakili Sardor Rahimboev vazirlikning majburiy mehnatga qarshi ekanini bildirgan.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova joriy yil aprel oyida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishga oid holatlar ko‘pincha mahalliy hokimliklar tashabbusi bilan yuz berishini ta’kidlagan edi. Vazirlik bunday amaliyotlarni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qilgan.

Jamoatchilik nimalardan xavotirda?

Samarqanddagi tashabbus va Andijondagi fojia aslida bir-biridan farqli voqealar.

Biri - oliy ta’lim muassasalarining shahar infratuzilmasi monitoringidagi ehtimoliy roli haqidagi bahs. Ikkinchisi esa ommaviy tadbir bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi.

Ammo ijtimoiy tarmoqlardagi munozaralarda ikkala voqea ham bitta umumiy savol atrofida birlashdi: ta’lim tizimi vakillari va bolalar davlat yoki mahalliy darajadagi tashabbuslarda qanday chegaragacha ishtirok etishi mumkin?

Davlat mehnat inspeksiyasining Samarqanddagi holat bo‘yicha tezkor munosabati amaldagi qonunchilik pedagoglar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini nazarda tutishini ko‘rsatdi.

Biroq kuzatuvchilar fikricha, jamoatchilikning keskin reaksiyasi majburiy mehnat mavzusi O‘zbekiston jamiyatida hanuz dolzarbligicha qolayotganini namoyish etdi. Samarqanddagi tashabbus haqida yozgan ayrim nashrlar ham bu holat odamlar orasida majburiy mehnatga oid eski xavotirlarni qayta jonlantirganini ta’kidlagan.

Samarqand va Andijonda yuz bergan voqealar bo‘yicha yakuniy bahoni tegishli tekshiruvlar va rasmiy xulosalar beradi. Ammo bir narsa aniq: bu holatlar majburiy mehnat masalasi O‘zbekistonda faqat tarixiy mavzu emasligini, balki ayrim holatlarda hanuz dolzarb muhokama mavzusi bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Shu bois, davlat idoralari va ta’lim muassasalarida fuqarolarning mehnat huquqlariga rioya etilishi jamoatchilik e’tiborida qolishda davom etmoqda.