AQSh–Eron kelishuvida nimalar bor?

Video tagso‘zi, Trampning Versal saroyida Eron bilan kelishuvni imzolash lahzalari
    • Author, Bernd Debusmann (kichik)
    • Role, BBCning Oq uydagi muxbiri
  • Published
  • O'qilish vaqti: 6 daq

AQSh va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini uzaytirish haqidagi bitim imzolandi va kuchga kirdi. Bu haqda BBC'ga Oq uy rasmiysi ma’lum qildi.

Prezident Donald Tramp kelishuvni Frantsiyaning Evian-le-Ben shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammiti chog‘ida rasman imzoladi. Hujjat jahon savdosi uchun strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozini qayta ochishni nazarda tutadi.

O‘zaro anglashuv memorandumi (Memorandum of Understanding) deb ataladigan 14 bandli kelishuvga ko‘ra, Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi. Shuningdek, mamlakatni "qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish" uchun 300 milliard dollarlik jamg‘arma tashkil etish ko‘zda tutilgan. Biroq AQSh ushbu jamg‘armaga mablag‘ ajratishi shart emas.

Kelishuv AQSh va Eron o‘rtasidagi, shuningdek Isroil ishtirok etgan mojaro boshlanganidan to‘rt oy o‘tib tuzildi.

Tramp ma’muriyati bu kelishuvni "natijaga asoslangan" deb ta’riflamoqda. Ya’ni Eron faqat o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajargan taqdirdagina undan manfaat ko‘radi.

Kelishuv matni ko‘plab savollarni ochiq qoldirmoqda va muhim masalalarning aksariyati hali hal etilmagan. Shunga qaramay, uning asosiy bandlari haqida hozirning o‘zida ma’lum bo‘lgan jihatlar bor.

1-band: Barcha jabhalarda urushni to‘xtatish

Kelishuvning birinchi bandiga ko‘ra, AQSh, Eron va ularning ittifoqchilari barcha frontlarda, jumladan Livanda ham harbiy harakatlarni "darhol va doimiy" to‘xtatadi.

AQSh nuqtai nazaridan qaralganda, prezident Donald Tramp Isroilning Hizbullohga qarshi harbiy amaliyotlari Eron bilan erishilgan kelishuvga putur yetkazishidan tobora ko‘proq xavotirda.

Tehron esa Livan ham sulh kelishuvi qamroviga kirishini kutayotganini bir necha bor ta’kidlagan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi chorshanba kuni bayonot berib, Isroilning Livanda harbiy amaliyotlarni davom ettirishi "kelishuv ruhiga zid harakat" bo‘lishini va bunday holatda "zarur choralar ko‘rilishini" aytdi.

Hujjatga ko‘ra, endi tomonlar bir-biriga qarshi harbiy harakat boshlamaslik, tahdid qilmaslik hamda Livanning "hududiy yaxlitligi va suverenitetini" hurmat qilish majburiyatini oladi.

Kelishuv matnida qayd etilishicha, yakuniy bitim mojaroga doimiy ravishda barham berishi kerak.

Biroq Isroil bu bandga qanday munosabat bildirishi hozircha noaniq.

2-band: Bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik.

AQSh rasmiylari jurnalistlarga o‘qib eshittirgan hujjat matniga ko‘ra, AQSh va Eron bir-birining "suvereniteti va hududiy yaxlitligini" hurmat qilish hamda bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatini oladi.

Bu band Erondagi muxolifat guruhlari tomonidan salbiy qabul qilinishi mumkin.

Joriy yil boshida Eron shaharlarida hukumatga qarshi namoyishlar avj olgan paytda prezident Donald Tramp namoyishchilarga "yordam yo‘lda" deb va’da qilgan edi.

3-band: Muddati uzaytirilishi mumkin bo‘lgan 60 kunlik davr

Hujjatning uchinchi bandiga ko‘ra, AQSh va Eron eng ko‘pi bilan 60 kun ichida muzokaralar o‘tkazish va yakuniy kelishuvga erishish majburiyatini oladi. Biroq tomonlar rozi bo‘lgan taqdirda, bu muddat uzaytirilishi mumkin.

Ikki davlat rahbari O‘zaro anglashuv memorandumini (MoU) rasman imzolagach, 60 kunlik hisob boshlandi.

Oq uyning BBC'ga ma’lum qilishicha, Tramp chorshanba kechasi Frantsiyadagi Versal saroyida G7 sammitidan keyingi kechki tadbir chog‘ida Eronga oid hujjatni imzolagan.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, hujjatni Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham imzolagan.

Bundan avval Tramp ham, Eron rasmiylari ham shu hafta oxirida Jenevada rasmiy imzolash marosimi o‘tkazilishini bildirgan edi. Biroq bu marosim hali ham rejaga muvofiq o‘tadimi-yo‘qmi, hozircha ma’lum emas.

4-band: AQSh qamalini bekor qiladi

To‘rtinchi bandga ko‘ra, O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangach, AQSh Eronga qarshi joriy etilgan dengiz blokadasini bekor qilishni hamda Eron portlari faoliyatiga xalal beruvchi "har qanday harakatlar va to‘siqlarni" bartaraf etishni boshlaydi.

Kelishuv va Eron Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, dengiz blokadasi 30 kun ichida to‘liq bekor qilinadi. Bu davr mobaynida AQSh Eron portlariga kirishiga ruxsat beradigan kemalar soni Eronning Hurmuz bo‘g‘ozida qayta tiklayotgan dengiz qatnovi hajmiga mutanosib bo‘ladi.

Yakuniy kelishuv imzolanganidan keyingi 30 kun ichida AQSh o‘z harbiy kuchlarini "Eron yaqinidan" olib chiqish majburiyatini ham olgan.

Amalda bu AQSh armiyasi 28 fevral kuni harbiy harakatlar boshlanishidan avvalgi joylashuvi va kuchlar tarkibiga qaytishini anglatadi.

5-band: Hurmuz bo‘g‘ozi

Kelishuvga ko‘ra, O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangach, Eron Hurmuz bo‘g‘ozi orqali tijorat kemalarining xavfsiz va bepul harakatlanishini ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.

Urush boshlanib, Hurmuz bo‘g‘ozi yopilganidan keyin jahon neftь narxlari keskin oshib ketgan edi. Shu bois bo‘g‘ozdagi qatnovni qayta tiklash AQShning asosiy maqsadlaridan biri bo‘lib kelgan.

Hujjatda qayd etilishicha, texnik va harbiy "to‘siqlar"ni bartaraf etish hamda minalarni tozalash ishlarini hisobga olgan holda, bo‘g‘oz orqali qatnov "darhol" qayta yo‘lga qo‘yiladi.

Rasmiylar avval o‘tkazilgan brifingda Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan tranzit haqi olinmasligini bir necha bor ta’kidlagan.

Uzoq muddatli istiqbolda esa Eron Ummon va boshqa Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlikda Hurmuz bo‘g‘ozini boshqarishga oid kengroq kelishuv ishlab chiqish ustida ishlaydi.

Rasmiylardan biriga ko‘ra, AQSh Eron Hurmuz bo‘g‘ozidagi o‘z huquqlarini qat’iy tarzda talab qiladi, deb hisoblaydi. Biroq Fors ko‘rfazi davlatlari Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun haq undiriladigan tizim joriy etilishiga hech qachon rozi bo‘lmaydi.

6-band: Eronni qayta qurish uchun mablag‘ ajratish masalasi

O‘zaro anglashuv memorandumining oltinchi bandiga ko‘ra, AQSh va mintaqadagi hamkorlari Eronni qayta tiklash va iqtisodiy rivojlantirish uchun kamida 300 milliard dollarlik "aniq va o‘zaro kelishilgan reja" ishlab chiqadi.

Ushbu mexanizmning yakuniy shakli yakuniy kelishuv imzolanganidan keyingi 60 kun ichida kelishib olinadi. Barcha litsenziyalar, imtiyozlar va ruxsatnomalar esa AQSh tomonidan beriladi.

Biroq bu AQSh loyihani moliyaviy jihatdan mablag‘lashtiradi, degani emas.

Rasmiylardan birining ta’kidlashicha, AQSh Eronga "bir sent ham" to‘lash yoki mazkur jamg‘armaga mablag‘ qo‘shish majburiyatini olmagan.

Rasmiy misol tariqasida shunday dedi: agar Eron o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga amal qilsa, Birlashgan Arab Amirliklari Eronda AQShning roziligi bilan elektr stantsiyasi qurishi mumkin.

Tramp va boshqa rasmiylar AQSh jamoatchiligiga Vashington Eronga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul to‘lamasligini qayta-qayta ta’kidlab kelmoqda. Ma’muriyat fikricha, bu jihat Eron bilan Obama ma’muriyati davrida tuzilgan 2015 yilgi yadroviy kelishuvdan keskin farq qiladi.

7-band: Sanksiyalarni bekor qilish

AQSh Eronga qarshi joriy qilingan barcha iqtisodiy sanksiyalarni, jumladan, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalari doirasidagi hamda AQSh tomonidan bir tomonlama joriy etilgan sanksiyalarni bekor qiladi.

Biroq buning qachon amalga oshirilishi hozircha aniq emas.

Hujjatda qayd etilishicha, sanksiyalarni bekor qilish jadvali yakuniy kelishuv doirasida kelishib olinadi. Shu bilan birga, har ikki tomon bu masalani keyingi muzokaralarda "darhol" muhokama qilish niyatida ekanini bildirgan.

Sanksiyalar Eron iqtisodiyotiga qattiq zarba bergan. Shuningdek, AQShning "Operation Economic Fury" ("Iqtisodiy g‘azab" operatsiyasi) kampaniyasi Tehronni jahon moliya tizimidan uzib qo‘yishga qaratilgan edi.

8-band: Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi

Eron yadroviy qurolni qo‘lga kiritmaslik yoki sotib olmaslikka rozilik bergan. Shuningdek, ikki tomon Tehron ixtiyorida mavjud bo‘lgan boyitilgan uran masalasini hal qilishga kelishgan.

Mavjud boyitilgan uran bilan qanday yo‘l tutilishi hozircha aniq emas. Hujjatda qayd etilishicha, buning mexanizmi keyingi muzokaralarda o‘zaro kelishib olinadi. Biroq kamida boyitilgan uran Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) nazorati ostida joyidayoq pastroq darajada boyitilgan uranga aylantiriladi.

AQShning yuqori lavozimli rasmiylaridan biri buni "eng kam talab" va AQSh uchun "katta yutuq" deb atadi.

Trampning aytishicha, joriy yil boshida boshlangan "Operation Epic Fury" ("Epik g‘azab") operatsiyasidan ko‘zlangan asosiy maqsad Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Bu u ko‘zlagan natijaning "99 foizi"ni tashkil etgan.

AQSh kelishuvni "natijaga asoslangan" deb ta’riflagani uchun, 7-bandda nazarda tutilgan sanksiyalar yengillatilishi Eronning ushbu band shartlariga rioya qilishiga bog‘liq bo‘ladi.

Status-kvo saqlanadi

Kelishuvning keyingi ikki bandida AQSh va Eron boyitilgan uran masalasi hal etilgunga qadar Eronning yadroviy dasturi bo‘yicha mavjud status-kvoni saqlab qolishga kelishgani qayd etilgan.

Amalda bu AQSh Eronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilmasligini anglatadi.

Shu bilan birga, Vashington neftь, neft mahsulotlari va ular bilan bog‘liq xizmatlar, jumladan bank operatsiyalari hamda transport xizmatlarini eksport qilish uchun istisno va ruxsatnomalar berishni davom ettiradi.

11-band: Muzlatilgan mablag‘lar

Bu masala muzokaralardagi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib kelgan.

Eron uzoq vaqtdan beri muzlatilgan aktivlarini qaytarishni talab qilib kelgan. Bu mamlakat iqtisodiyoti uchun qo‘shimcha moliyaviy tayanch bo‘lishi mumkin.

Hujjatning o‘n birinchi bandida qayd etilishicha, O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangach, AQSh "muzlatilgan yoki cheklangan mablag‘lardan to‘liq foydalanish imkonini ta’minlash" majburiyatini oladi. Buning tartib-taomillari esa keyingi muzokaralar davomida kelishib olinadi.

Chorshanba kuni AQSh rasmiylaridan biri jurnalistlarga aytishicha, memorandum imzolanganidan keyingi muzokaralar davom etar ekan, kelishuv shartlariga rioya qilgani uchun Eronni rag‘batlantirish maqsadida ayrim muzlatilgan aktivlarga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, bu yuqori darajada boyitilgan uran masalasini hal qilish bo‘yicha amaliy qadamlar tashlash kabi harakatlarni o‘z ichiga oladi.

12–14-bandlar: Nazorat va yakuniy muzokaralar

Hujjatning so‘nggi bir necha bandi kelishuv qanday amalga oshirilishining tashkiliy jihatlarini belgilab beradi.

Unga ko‘ra, AQSh va Eron O‘zaro anglashuv memorandumi ijrosini hamda kelajakda tuziladigan yakuniy kelishuvga rioya etilishini nazorat qilish uchun maxsus "mexanizm" yaratadi. Biroq bu mexanizm amalda qanday ishlashi hozircha aniq emas.

Shundan so‘ng, memorandum imzolanib, uni amalga oshirish boshlangach, AQSh va Eron yakuniy kelishuv bo‘yicha muzokaralarni boshlaydi.

Nihoyat, memorandumda qayd etilishicha, yakuniy kelishuv BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy kuchga ega rezolyutsiyasi bilan tasdiqlanadi.